Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
15.04.2017

AHOLI BILAN MULOQOT

o‘tkazishda boshlang‘ich partiya tashkilotlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozim

Partiyaning odamlar bilan muloqotini ta’minlashda, elektorat muammolarini o‘rganishda boshlang‘ich tashkilotlarning o‘rni muhim ahamiyatga ega. Aholini o‘ylantirayotgan masalalarni avvalo boshlang‘ich tashkilot yaxshi biladi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ular zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklanadi.

Bugungi hayot boshlang‘ich partiya tashkilotlaridan nimani talab etmoqda? Elektorat manfaatlarini himoya qilishda quyi bo‘g‘inlar mas’uliyatini kuchaytirish uchun yana nimaga e’tiborni qaratish lozim? O‘zbekiston XDP viloyat kengashlaridagi mas’ul xodimlarning bu masaladagi fikri qanday?

Sardorbek QOSIMOV, O‘zXDP Andijon viloyat kengashi boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash sektori mudiri:

— Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini izchil kuchaytirib bormasdan turib, partiya nufuzini, ta’sir kuchini oshirib bo‘lmaydi. Bu borada ijobiy tajribalarni ommalashtirish, yangi tashabbuslar ustida o‘ylash kerak.

Har oyning oxirgi shanbasida joylarda «Boshlang‘ich partiya tashkilotlari kuni» o‘tkazib kelinyapti. Partiya kengashi mas’ullari, targ‘ibotchilar va faxriylar hamda mahalliy Kengash deputatlari boshlang‘ich partiya tashkiloti a’zolariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jahonda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar, qabul qilinayotgan yangi qonunlar, qaror va farmonlar mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berishadi. Ammo biz faqat tadbirlar o‘tkazish bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Quruq ma’ruzalardan iborat seminarlar bilan partiya a’zolarining vaqtini bekorga sarflashga haqqimiz yo‘q. Aksincha, ulardan hayotiy takliflar olishimiz, hududlarda biz bilmagan kamchiliklar, muammolarni o‘rganishda boshlang‘ich tashkilotlar kuchidan samarali foydalanishimiz kerak.

Elektorat manfaati ifoda etilgan masalalar, avvalambor, partiyamizning boshlang‘ich tashkilotlarida, xalq deputatlari tuman, shahar va viloyat Kengashlaridagi partiya guruhlarida, shundan so‘ng ularning tashabbusi bilan doimiy komissiyalar majlislari, sessiyalarda muhokama qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu hayotiy takliflar shakllanishida yaxshi samara beradi.

Mavlonjon SHOKIROV, O‘zXDP Farg‘ona viloyat kengashi boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash sektori mudiri:

— Quyi bo‘g‘inlarimiz Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan qabul qilingan Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda har qachongidan faol ishtirok etmog‘i kerak. Chunki bu vazifalar ijrosi amalga oshsa, bundan birinchi navbatda partiyamiz elektorati manfaat ko‘radi.

Viloyat kengashimiz kuchli boshlang‘ich tashkilotlarga ega. Masalan, «Farg‘onaazot» AJ korxonasidagi boshlang‘ich partiya tashkilotini olaylik. Bu yerda 645 nafar a’zo bor. Ular partiyamiz g‘oyalarini keng targ‘ib etishda faol ishtirok etib kelishyapti. Shahar kengashi bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. Faol a’zolar elektorat manfaatlariga oid qator takliflar bilan chiqishadi. Yana bir misol. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari tashabbusi bilan xalq deputatlari Quva tuman kengashi doimiy komissiyasiga dorixonalar tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning ahvoli yuzasidan masala kiritildi.

Biroq barcha hududlardagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini ham qoniqarli deb bo‘lmaydi, albatta. Ayrim quyi bo‘g‘inlarning partiya tashkilotlari bilan aloqalari mustahkam emas, ba’zilari partiya ishiga yuzaki yondashadi. Shundan kelib chiqib, tuman partiya kengashlari, deputatlar va boshlang‘ich partiya tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirishimiz kerak bo‘ladi.

Sayfiddin QURBONOV, O‘zXDP Surxondaryo viloyat kengashi boshlang‘iya partiya tashkilotlari bilan ishlash sektori mudiri:

— O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat, shahar va tuman kengashlari tarkibida 650 dan ortiq boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Hududlardagi elektoratimizni o‘ylantirayotgan masalalar boshlang‘ich partiya tashkilotlarining kuch va imkoniyatlarini birlashtirish orqali yechilmoqda. Bu o‘rinda ko‘p masalalar yechimi BPT yetakchilari salohiyatiga bog‘liq.

Biz quyi tashkilotlar faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish uchun, avvalo, yetakchilarning siyosiy-huquqiy bilimini yuksaltirish, ilg‘or boshlang‘ich tashkilotlarni rag‘batlantirish mexanizmlari haqida o‘ylashimiz zarur. Menimcha, quyi bo‘g‘in faoliyatini kuchaytirish uchun birinchi navbatda ularga amaliy yordam ko‘rsatishimiz, birorta boshlang‘ich tashkilotni e’tibordan chetda qoldirmasligimiz lozim. Boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan ko‘tarilayotgan har bir taklifni qo‘llab-quvvatlash talab etiladi. Partiya tashkilotlari, deputatlar ularni chuqur tahlil etib, hayotga tatbiq qilish uchun kurashishi kerak. Tashabbusi amalga oshayotgani, qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rgan kishining faolligi, ijtimoiy mas’uliyati yanada ortadi.

Jasurbek RO‘ZIMOV, O‘zXDP Xorazm viloyat kengashi boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash sektori mudiri:

— Viloyatda partiyamizning 720 boshlang‘ich tashkiloti faoliyat yuritadi. Joylarda aholi bilan uchrashish va ular tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni muhokama qilish ishlari ko‘proq partiyaning boshlang‘ich bo‘g‘inlarida bo‘lib o‘tmoqda. Shu o‘rinda aytish mumkinki, quyi tashkilot yetakchilari bevosita mahalliy Kengash deputatlari bilan birgalikda asosiy e’tiborlarini hududlarda yechimini kutayotgan masalalarni o‘rganishga qaratib kelmoqda.

Viloyatning Bog‘ot tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxonadagi BPT faollari tuman aholisini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan qanday ta’minlangani, dori-darmon vositalari bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga oid masalani partiya guruhi yig‘ilishida muhokama qilish taklifini bildirishdi. Taklif O‘zbekiston XDP guruhining joriy yil fevral oyidagi yig‘ilishida atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Faoliyatimizni kuchaytirishga oid bir taklifim bor: Har bir tuman, shahar va viloyatda «Eng yaxshi boshlang‘ich tashkilot» tanlovi izchil, yuqori saviyada tashkil etilsa, ularni rag‘batlantirish yo‘llari topilsa, boshlang‘ich tashkilotlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratiladi...

Boshlang‘ich partiya tashkilotlariga oid muammolar, kamchiliklar oz emas, albatta. Ular faoliyatini kuchaytirish uchun zamon talabiga mos taklif va tashabbuslar kerak bo‘ladi. Partiyadoshlarimizning bu boradagi fikr-mulohazalarini kutamiz.

 

Gulruh ODASHBOYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.