Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
11.04.2017

HAQIQIY BAXT — TINCHLIK, XOTIRJAMLIKDA

Hayot tajribasidan ma’lumki, inson keksaygani sari mehrga, e’tiborga ko‘proq ehtiyoj seza boshlaydi. Agar farzandlari ardog‘ida bo‘lsa, yon-atrofdagilar qo‘llab-quvvatlasa, davlat g‘amxo‘rligini his etib tursa, keksalik maroqli o‘tadi.

Prezidentimizning «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi Farmoni hamda «Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori zamirida ham aslida xalqimizga xos bo‘lgan milliy qadriyatlar yotadi.

Farmonga ko‘ra, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 72 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Vatani, xalqi uchun urushga kirgan, qon to‘kkan, mard, jasur, matonatli kishilarni har qancha e’zozlasak, ularga ta’zim qilsak kamlik qiladi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi «Yangi shahar» mahallasida urush va mehnat fronti qatnashchilaridan bir guruhi istiqomat qiladi.

— Yoshim 91 da, — deydi Maqsud Oqilov. — Urush yillarini ko‘rdik. Urushning insoniyat boshiga solgan kulfatlari qalbimda og‘ir jarohatlar qoldirgan. To‘g‘risi, urush haqida ko‘p gapirishni istamayman. Men bilan yelkama-elka turgan ko‘p quroldoshlarimning xoki o‘zga yurtlarda qolib ketdi. O‘sha jang maydonlarida dorilomon, tinch va osoyishta kunlarni orzu qilardik. Lekin ko‘pchilikka bu kunlarni ko‘rish nasib etmadi.

Ilk bor birgalikda jangga kirgan do‘stlarimning aksariyati halok bo‘ldi. Ular endi o‘n sakkiz, yigirma yoshga to‘lgan, ko‘plari oila qurishga ham ulgurmagan yigitlar edi. Urush ana shunday yosh yigitlarning umriga zomin bo‘ldi.

Do‘stlarsiz vatanga qaytish nihoyatda og‘ir edi. Bizning oiladan to‘rt aka-uka urushga ketgan, bir akam halok bo‘lgandi. Qolgan ikkitasining taqdiri noma’lum edi. Urush tugab, uyga qaytgach, o‘g‘lidan qora xat olgan do‘stlarimning onalari bolalari haqida mendan qayta-qayta so‘rashardi. Butun umr eshikning tiq etgan tovushiga ilhaq bo‘lib, bolam kelib qolsa kerak, deb eshikka ko‘z tikib o‘tganlar qancha. Ana shu xotiralar haqida ko‘p o‘ylayman, qiynalaman.

Shukr, bugungi kunlarga ham yetdik. Xalqimiz orasida qadr, e’zoz topib umrguzaronlik qilyapmiz. Hozir patronaj hamshiralari kelib, holimdan xabar oladi. Kollej, maktab o‘quvchilari bilan tez-tez, suhbatlashib turaman. Ularga urush keltirgan kulfatlar haqida so‘zlab beraman. Vatanni, bugungi ozod va nurafshon kunlarning qadriga yetish kerakligini aytaman.

Nevaralar qurshovida sevimli bobo bo‘lib o‘tiribman. Ketma-ket biz kabi keksalarni o‘ylab, qarorlar chiqarilyapti. Prezidentimizning kechagi qarorini nevaram o‘qib berdi. E’tibor bu — katta baxt, ruhiy madad. Bu yashashga ishtiyoqimizni kuchaytiradida, bolam.

— O‘n besh evaram bor, — deydi 89 yoshli Mehri Abzalova. — Bolalarim uyli-joyli. Ularga ko‘rgan qiyinchiliklarimizni so‘zlab beraman. Bugungi yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, ilm olish, hunar egasi bo‘lish kerakligini aytaman.

Kuni kecha televizor qarshisida o‘tirib, davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish bo‘yicha chiqqan farmonini diqqat bilan eshitdim. Bundan boshim osmonga yetdi.

Prezidentimizning Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risidagi qarorini eshitib ko‘zimga yosh keldi. Mahalladoshlarimga g‘ururlanib aytdim. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari uy-xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish hamda o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlariga turar-joy ajratilishi meni to‘lqinlantirib yubordi. Keksalari e’zoz va qadr topgan yurtda yashayotganimdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.

Tong otar-otmas dalaga chiqib, kech tushganda uyga qaytardik. Otam va ikki akam urushga ketgan edi. Ular uyga omon-eson kelishdi. Ammo butun umr urush xotiralari ularni ta’qib etdi, ular urush haqida gapirishni unchalik xush ko‘rmas edi. «Biz ko‘rdik, sizlar ko‘rmanglar», deb xo‘rsinib qo‘yishardi.

— Ayni urush yillarida tug‘ilganman, — deydi mehnat faxriysi Abdulvahob Mavlonov. — Bolaligimizda urushda qatnashgan mahalladoshlarimiz bilan suhbatlashardim. O‘sha paytlarda ularning nigohlarida nimalar aks etganini tushunmasdim. Keyinchalik buni anglab yetganday bo‘ldim. Ular urushning mudhish jabrini, odamlarimiz boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklarni o‘ylar ekan. Biz ularning oldida qarzdormiz. Hozir hayot bo‘lganlarini har qancha e’zozlasak ham kam.

Mamlakatimizda urush qatnashchilari, keksalarga e’tibor katta. Buni chiqarilayotgan qarorlar misolida ham ko‘rib turibmiz.

Prezidentimiz qarori haqida eshitdim. Urush qatnashchilari rag‘batlantirilishidan juda xursand bo‘ldim. Front va front ortida xizmat qilganlar yildan-yilga kamayib borayapti. Ulardan hayotiy tajribalarini o‘rganishimiz, o‘gitlarini eshitib, duolarini olishimiz kerak...

Albatta, har qanday jamiyatning ma’naviyatini yoshi ulug‘ odamlarga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi belgilaydi. O‘z hayotini, oilasini piru badavlat ota-onalar, bobo-buvilarsiz tasavvur qila olmaydigan o‘zbek xalqi uchun ushbu Qarorning ahamiyati va qadri balanddir.

Urush hech qachon insonlarga yaxshilik keltirmaydi. Buni Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Maqsud ota va mehnat fronti ishtirokchisi Mehri buvining xotiralarini tinglab chuqurroq angladim. Tinchlikning qadriga yetib, osoyishta yurtda yashayotganimizga shukronalik keltirdim.

 

Mahliyo ALIQULOVA



DB query error.
Please try later.