11.03.2017

QADRI BOR AYOL — ENG BAXTLI AYOL

Gulshan ASATOVA, O‘zXDP Markaziy Kengashi Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish sektori mudiri.

— Poytaxtimizda Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirda men ham ishtirok etdim. To‘g‘risi, bayram tadbiri bo‘ladigan binoga kiraverishda qalbimni o‘zgacha shukuh, hayajon chulg‘ab oldi. Chunki bayram bahonasida mehru nafosatga yo‘g‘rilgan go‘zal, baxtiyor opa-singillarimiz bilan dildan gaplashish, ular bilan bir dasturxon atrofida samimiy muloqot qilish imkoni bor edi. Hamma bir-birini qutlab, tabrikladi, diydorlashdi. Bir so‘z bilan aytganda, bu yil Xotin-qizlar bayrami boshqacha nishonlandi, yanada ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Ayniqsa, uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bildirgan samimiy tilaklardan nihoyatda ruhlandik, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.

 Davlatimiz rahbari ayollarning jamiyatdagi o‘rniga yuksak baho berdi, yurtimizning bugungi taraqqiyotidagi ulkan hissasini alohida e’tirof etdi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz, deya ta’kidlab o‘tganida barcha ayollar kabi men ham nihoyatda to‘lqinlanib ketdim. Ayollari e’zozlangan, ardoqlangan ana shunday yurtda yashayotganimdan g‘ururlandim.

Prezidentimiz nutqida bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida mehnat qilayotganlarning 72 foizi aynan xotin-qizlar ekani alohida ta’kidlandi. Chindan ham, bugun ayollarimizning nafaqat kundalik turmushda, balki barcha sohalarda o‘rni va roli tobora ortib bormoqda. Ular o‘zining bilim va tajribasi, qobiliyati va malakasi bilan ko‘pgina jabhalarda faol mehnat qilib kelmoqda. Davlat miqyosidagi eng muhim masalalarni hal qilishda ham ularning alohida ishtiroki borligi sezilib turadi.

Saylov to‘g‘risidagi qonunchilikda siyosiy partiyalardan deputatlikka ko‘rsatiladigan nomzodlar orasida xotin-qizlar 30 foizdan kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yilganligi ularning siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 5 nafar, mahalliy kengashlarda 450 nafarga yaqin partiyamizdan saylangan deputat ayollar xalq vakili sifatida hududlarda uchrayotgan muammolarni hal etishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Partiyamiz a’zolarining 210 mingga yaqini, ya’ni 49 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Ulardan 300 nafardan ortig‘i mintaqaviy va mahalliy partiya tashkilotlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritadi. Ana shu raqamlar mamlakatimiz siyosiy hayotida xotin-qizlarning o‘rni va faolligi tobora oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Uchrashuvda yon-atrofimda o‘tirgan ayollarga nazar soldim. Opa-singillarimizning hammasi hayotidan xursand, baxtiyor edi. Yuragida bir olam shukronalik bilan yashayotgan xotin-qizlarimizga qarab ko‘nglimdan ko‘p o‘ylar o‘tdi, xotiralar esga tushdi.

O‘zbek ayollarining sovet zamonidagi achchiq turmushi ko‘z oldimda gavdalandi. Xotin-qizlar quyosh chiqmasdanoq saharlab dalaga otlanardi. Yozning jazirama oftobida ham tinim bilmay ketmon chopar, kechga kelib o‘choq boshida pishir-kuydirdan bo‘shamasdi. Mashaqqatli mehnat ortidan kosasi hech oqarmagan. Ularning sog‘lig‘i haqida esa birov o‘ylamagan. Ro‘zg‘oridagi kam-u, kemtiklikni to‘ldiray deb, orzu-umidlari dilidan tiliga ko‘chmagan...

Bugungi ayollarimizning turmushi, yashash tarzi bundan 25 yil oldingisidan tubdan farq qiladi. Hozirgi o‘zbek ayoli hamma qulayliklarga ega namunaviy xonadonlarda, yangitdan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda yashaydi. Uning ro‘zg‘ori but, oilasida shart-sharoitlar yetarli.

Uchrashuvda davlatimiz rahbarining «Qiz bola — bo‘lg‘usi oila bekasi, kelajagimiz egasidir» deya bergan ta’riflari barchaga ma’qul tushdi.

Shundan kelib chiqib, biz yoshlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ayniqsa, qiz bolalar salomatligini asrash, oilaviy hayotga tayyorlash, ular zamonaviy bilim va kasb-hunar egasi bo‘lib voyaga yetishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish uchun qator amaliy loyihalar ishlab chiqishni rejalashtirdik.

Kasb-hunar kollejlari, oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yoshlarimizni, avvalambor, qiz bolalarni, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirib kelinayotgan «Ijtimoiy himoyadan — ijtimoiy faollik sari» loyihasini, shuningdek, ayollar, qizlar, onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash maqsadida «Ayollar sog‘lig‘i — jamiyat boyligi» kabi loyihalarimizni yanada takomillashtirishni rejalashtirdik.

Ijtimoiy hamkor tashkilotlar bilan birga «Farzand tarbiyasida oilaning o‘rni», «Farzand kamoloti — jamiyat baxti» mavzularidagi tadbirlarni eng chekka hududlarda ham o‘tkazish, «Har bir insonga mehr-muruvvat ko‘rsatish — burchimiz!» loyihasi asosida xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha choralar belgilab oldik.

Umuman olganda, xotin-qizlarimizning og‘irini yengil qilish, turmush sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan ishlarga munosib hissa qo‘shish niyatidamiz. 



DB query error.
Please try later.