02.03.2017

YUKSALAYOTGAN QASHQADARYO

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi voha ahlini yangi marralar sari ruhlantirmoqda

Kitob tumanida yashayotgan tajribali bog‘bon do‘stim G‘ulomjon Ernazarov shunday deydi:

— Bir necha kundan buyon televizordan ko‘z uza olmaymiz. Nabiralarim «Ana, Prezidentimiz yangi uyga bordilar, bitta qizaloqni qo‘llariga ko‘tarib, erkaladilar», deyishadi chug‘urlashib. Bola qalbi beg‘ubor. Yaxshilikni ham, mehrni ham darrov his qiladi... Men uzoq yillar xo‘jalikda ishladim, don ekdim, paxta yetishtirdim, bog‘lar yaratdim. Hozir o‘g‘lim Oybekjon fermer xo‘jaligini boshqarayapti. Yaxshi niyat bilan 34 sotix yerda terak o‘stirayapmiz, bir-ikki yildan keyin 3-4 ming dona qurilishbop yog‘och bo‘ladi. Davlatimiz rahbari nimaga da’vat etyapti? Astoydil mehnat qilib, yanada farovon yashashga, yangi, yaxshi uylarda istiqomat qilishga... Shunchalik ulkan rejalar tuzib berganlarini gazetadan o‘qib, qalbimda cheksiz faxr uyg‘ondi. Uyda o‘tirolmadim, olma nihollari uyg‘onayotgan bog‘imizga yo‘l oldim...

Ertalab Qarshi tumanida edik. Bozor kuni bo‘lsa-da, atrofda ish qaynaydi. Yo‘l-yo‘lakay daraxtlarga shakl berayotgan, ko‘chat ekayotgan, issiqxonasida mehnat qilayotgan odamlarni ko‘rib, rosti, sevindim.

Mirmiron massiviga bundan uch yil burun kelgandim. Bu yerda qurilgan namunali uylar 400 dan ortiq, zamonaviy qishloq. Davlatimiz rahbari Qarshi tumanida bo‘lganida ko‘plab istiqbolli loyihalar, jumladan, shu massivda istiqomat qiluvchi aholi uchun 25 gektar maydonda tashkil etiladigan issiqxona rejasi bilan ham tanishgan edi. Limon, mandarin, papaya kabi sitrus mevalar, pomidor, bodring, gulkaram, har xil ko‘katlar ekiladigan issiqxonada har yili 3 milliard so‘mgacha mahsulot yetishtirish mo‘ljallangan.

Shu massivdagi o‘nlab kichik, ammo yaxshi issiqxonalarni ko‘rsatishdi. Tadbirkor Dilbar Ikromova 17 sotixli issiqxonasida pomidor ko‘chatlari yetishtirayotgan ekan. Uning yonida «Turdi-Muazzam servis» oilaviy korxonasi rahbari Adhamjon Egamberdiyev 12 sotix yerda issiqxona qurib, bodring ko‘chatlari o‘stiryapti.

— Prezidentimiz tumanimizga kelganidan juda sevindik. U kishi tadbirkorlarga hamma sharoitni yaratib berayapti. Ilgari har xil qurilish ashyolari yetkazib berardik. Qiziqib, hovlimizda 2 sotixli issiqxona qurdim. Limon ekkanman. Yana bankdan 40 million so‘m kredit olib, xuddi shunday issiqxona barpo etish niyatim bor, — deydi Adhamjon.

— Kredit masalasi hal bo‘lgan, — darrov izoh beradi hamrohim, Qarshi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Hasan Turdiyev. Uning mulohazalariga quloq tutaman. — Tuman aholisi 232 ming kishiga yaqin. Jami 717 fermer xo‘jaligi tuzilgan. Hozirgacha 187 gektar maydonda 483 ta kichik issiqxona tashkil etilgan. Rivojlanish dasturiga ko‘ra, 174 istiqbolli loyiha amalga oshadi. Kichik sanoat korxonalari, parrandachilik, qo‘ychilik, baliqchilik rivojlanayotganidan barcha manfaatdor.

Tadbirkor Adhamjon yaratgan qulay moslamani ko‘zdan kechiraman. Kichik ariqdan keladigan suv 10 tonnalik hovuzni to‘ldirar, keyin issiqxonadagi nihollar tomchilatib sug‘orilar ekan. Bu suv Qarshi magistral kanalidan kelarkan.

 Prezidentimiz «Karshi nasos stansiyalar kaskadini qayta ishlash — III faza» loyihasi bilan tanishib, zarur maslahatlar berdi. Bu ulkan loyiha amalga oshsa, suv va energiya sarfi ancha kamayadi.

— Davlatimiz rahbari Qarshi tumanida barpo etilayotgan «LT Tekstil Interneyshnl» O‘zbekiston — Xitoy — Niderlandiya qo‘shma korxonasi loyihasi bilan tanishdi, — deydi «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyatining Qashqadaryo viloyatidagi vakili Ostonaqul Allayorov. — Yiliga 22 ming tonna sifatli ip kalava va 50 million kvadrat metr ip gazlama ishlab chiqaradigan ushbu korxona hademay ishga tushadi. Voha mamlakatda paxta yetishtirishda yetakchi bo‘lsa-da, hozirgacha mavjud 7 ta korxonada 10 foiz tola qayta ishlanardi, xolos. Kelgusida yana o‘nlab yangi korxonalar bunyod etiladi va bu ko‘rsatkich 67 foizga yetadi. Tarmoqda 3 ming ish o‘rni yaratiladi. Bunday korxonalar Yakkabog‘, G‘uzor tumanlari, Qarshi shahrida qurilayapti. Muborak tumanida yiliga 8 million dona paypoq to‘qiydigan korxona qurib bitkazildi. Kitob tumanida yiliga 3 ming tonna kalava tayyorlaydigan fabrika ishlayapti. Kelgusida uning quvvati 2 barobar oshadi.

Ostonaqulning mulohazalarini tinglar ekanman, mamlakatimiz iqtisodiyotida salmoqli o‘rin tutadigan sanoat korxonalari haqida o‘ylayman. Prezidentimiz nazaridan o‘tkazgan, imkoniyatlarini oshirish yuzasidan zarur maslahatlar bergan loyihalar ko‘lamini tasavvur qilishga urinaman. Bundan ancha yil oldin G‘uzor tumanining Sho‘rtan dashtida barpo etilgan «Sho‘rtan gaz-kimyo» majmuasi qurilishini bir necha bor ko‘rgan edim. Endilikda bu joyda «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi ta’sisligida mega loyiha amalga oshadi. Natijada tozalangan metan negizida «Evro-5» talablariga mos 1,5 million tonna sintetik yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Yangi turdagi mahsulotlar tayyorlanishi natijasida kelajakda kimyo, mashinasozlik, farmatsevtika, qurilish va to‘qimachilik tizimi jadal rivojlanadi.

Qashqadaryo viloyatida chorvachilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Fermer xo‘jaliklari, aholining chorva mollari muntazam ko‘payib borayapti. Xorijdan zotli qoramollar keltirilyapti. Ammo terini qayta ishlashga e’tibor berilmas edi. Kitob, Dehqonobod, Nishon tumanlarida charm-poyabzal tayyorlaydigan 5 ta korxona quriladi. Qarshi shahridagi «Qarshi lazer» korxonasining o‘zi yiliga 1 million dona terini qayta ishlab, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlariga aylantiradi.

— Yuring, yangi uylarimizni ko‘rasiz, — deydi «Nuroniy» jamg‘armasi Qarshi tuman bo‘limi rahbari Polvon To‘liyev. — Uning kasbi jurnalist, uzoq yillar tuman gazetasi muharriri bo‘lib ishlagan. Birgalikda ikki qavatli yangi uyga yetib kelganimizda, gapni gapga uladi:

— Bilasizmi, mana shu birinchi qavatdagi uch xonali uyning sohibi Xurshid Sharipov va rafiqasi Mehriniso Haydarovalarning nikoh to‘yi marosimini bir paytlar o‘zim boshida turib o‘tkazib bergan edim. Ko‘zlari ojiz, nogiron, ammo intilib, ikkalalari ham oliy ma’lumot olishgan. Mehriniso kelin hozir Qarshi shahridagi ko‘zi ojizlar maktabida ishlaydi. O‘g‘il va qizlari bor.

— Xush kelibsizlar, — deya xursand kutib oldi Xurshidjon. — Davlatimiz rahbarining uyimizga kelishini xayolimizga keltirmaganmiz. Ko‘zim ojiz, ammo kelib so‘rashganlarida, ularni ko‘rganday bo‘ldim. Rahbarimizning qalbi ezgulikka to‘la, niyatlari — odamlarning hayotiga yorug‘lik, yaxshilik, qut-baraka olib kirish. Farzandlarimizning sevinganlarini aytmaysizmi!..

— Prezidentimiz bizning xonadonimizda ham mehmon bo‘ldi, — deydi bir qavatli yangi uyga ko‘chib kirgan Qashqadaryo viloyati qo‘g‘irchoq teatrining ovoz rejissyori, 32 yoshli Alisherjon Ahmedov. — Keliningiz Feruzaxon viloyat musiqali drama teatrida ishlaydi. O‘g‘il va qizimiz bor. Ochig‘i, olgan maoshimizga uy olishimiz qiyin, yangi uyni orzu ham qilmaganmiz. Mana, shunday kunlar kelarkan, arzonlashtirilgan uyning dastlabki badalini to‘lab, bankdan kredit oldik va yangi uyli bo‘ldik. Mamlakatimiz rahbari shunday samimiy, mehribon ekanki, uyimizga davlat qo‘ndi. Qizchamizni bag‘riga bosib, erkaladi. Biz bu kunni hech qachon unutmaymiz.

Qarshi shahri... Biz shaharning Gulshan mahallasiga yetib kelganimizda, quyosh tikka ko‘tarilgan edi. Mahallaning yangi idorasi oldida odamlar gavjum. So‘rashdik va suhbatlashdik. Ma’lum bo‘lishicha, mahallaning eski binosi o‘rnida 4 qavatli yangi uy qurilibdi. Shu imoratni tiklagan qurilish tashkiloti boshlig‘i O‘tkir Erkaev mahallaning yangi idorasini ham qurib beribdi. Zamonaviy, barcha sharoit hozirlangan. Bir xona profilaktika inspektoriga ajratilgan. Yangilik shundan iborat ekanki, xonaga o‘rnatilgan monitor orqali mahalla ko‘chalarini bemalol kuzatsa bo‘larkan.

— Shu paytgacha ishga Koson tumanidan qatnar edim, — deydi Qarshi shahar ichki ishlar bo‘limi xodimi, kapitan Mirkomil Murodov. — Yaqinda uch xonali xizmat uyiga umr yo‘ldoshim, farzandlarim bilan ko‘chib keldik. Endi mahalla ahli bilan birgamiz. Uyning ikki sotix tomorqasi bor, mevali daraxt, ekin ekamiz. Davlatimiz rahbari mahalla idorasini ko‘zdan kechirib, yangi uyimizda ham bo‘ldi. Ishimiz, turmushimiz haqida so‘radi. Rosa hayajonlandim. G‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdim.

Qarshi shahrida yuz bergan, ahamiyati nihoyatda ulkan voqealarning barchasini aytish oson emas. Mamlakatimiz rahbari avvalo qurilish va obodonchilik bilan tanishib, ko‘plab zarur maslahat va takliflarini bildirdi. Bundan tashqari, aholi salomatligini yaxshilash, tibbiy xizmat ko‘rsatishni zamon talablariga moslashtirish yuzasidan yangi loyihalar muhokama qilindi. Jumladan, shaharda yangi yuqumli kasalliklar, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Qarshi filiallari quriladigan bo‘ldi. Shuningdek, tabiatni asrash, chiqindilarni qayta ishlash, dori-darmon sanoatini rivojlantirish va boshqa sohalarga daxldor muhim loyihalar muhokama qilindi va istiqbolli rejalar belgilandi. Bu borada faollar, soha mutaxassislari, jonkuyarlar o‘z mulohazalarini bildirdilar.

Salomat Komilova, «Qarshimebel» MChJ rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi:

— Faollar yig‘ilishida ko‘nglimdan eng avvalo nima o‘tganini aytaymi? Shukronalik! Mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarimizni yangi davrda jadal rivojlantirish, xalqimizga munosib farovon hayot yaratib berishga bel bog‘lagan davlatimiz rahbaridan minnatdorlik to‘yg‘usi... U kishi Qarshida Birinchi Prezidentimizga yodgorlik o‘rnatish, uning joyini tanlash borasida maslahatlashganida juda hayajonlandim... Xalqiga astoydil xizmat qilgan ulug‘ zotlarning ishi va nomi unutilmaydi.

4 nafar farzandim bor. Hozir korxonamizda 23 kishi mehnat qilyapti. Yangidan alohida mebel sotiladigan do‘kon qurayapmiz. Yana ko‘plab orzularimiz bor.

Ochil Xalilov, «Qashqadaryo Dori-darmon» aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashining raisi:

— El sog‘lig‘i — yurt boyligi. Bu — azaliy haqiqat. Yurtimizda tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash borasida katta ishlar qilinmoqda. Davolash ishlarini zarur dori-darmonlarsiz olib borish qiyin. Prezidentimizning aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori, Qashqadaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish dasturi soha taraqqiyoti uchun asos bo‘lyapti. Masalan, dorivor o‘simliklarni saralash va qadoqlash korxonasi ishga tushirildi. Uskunalar Hindistondan olib kelindi. Viloyat o‘rmon xo‘jaliklari bilan 2 milliard so‘mlik dorivor o‘simliklarni yetkazib berish yuzasidan shartnoma tuzilgan. O‘tgan yili 17 turdagi, jami bir milliard so‘mlik qadoqlangan dorivor o‘simliklarni dorixonalarga yetkazib berdik. Prezidentimiz ana shu ishlar bilan tanishib, yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qimmatli maslahatlar berdi. Turli mevalarning yog‘ini ajratadigan korxona yil oxirigacha ishga tushadi. Uskunalar Xitoy davlatidan olib kelingan. Hozirgi talab qanday? Import o‘rnini bosadigan dori-darmon vositalarini o‘zimizda ishlab chiqarish, ehtiyojdan oshganini eksportga jo‘natish. Antibiotiklar ishlab chiqaradigan ana shunday yangi yirik korxona qurilishi yil oxirigacha tugallanadi.

Karima Yodgorova, Qashqadaryo viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining targ‘ibot bo‘limi mudiri:

— Davlatimiz rahbari taraqqiyot rejalari haqida gapirar ekan, tabiatni asrash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Masalan, vohaning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida shifobaxsh o‘simliklarni o‘stirish loyihasi katta ahamiyatga ega. Bu, o‘z navbatida, o‘rmon xo‘jaliklaridan samarali foydalanish, tabiatni asrab-avaylash ishlarini puxta tashkil etishni talab etadi.

Izzatilla Zayniyev, Qashqadaryo viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya markazi boshlig‘i o‘rinbosari:

— Atrof-muhitning tozaligi inson salomatligi, ayrim xavfli kasalliklar tarqalmasligining ishonchli omilidir. Davlatimiz rahbari Qarshi tumanida quriladigan chiqindilarni qayta ishlash korxonasi ahamiyati haqida gapirdi. «Nishon ko‘zgu» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tomonidan Qarshi shahrida avtomatlashtirilgan qushxona qurildi. Rahbarimiz bunday qushxonalarni boshqa joylarda ham qurish lozimligini ko‘rsatib o‘tdilar. Buning ahamiyati shundaki, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhitni toza saqlash imkoni yaratiladi. Biz bu borada berilgan ko‘rsatmalarni amalga oshirish maqsadida shifokor xodimlarimizni viloyatdagi barcha mahallalarga biriktirib chiqdik. Bu haqiqiy ahvoldan zudlik bilan xabardor bo‘lish, kasallik keltirib chiqaradigan holatlarni tezda bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega.

Shuhrat Qurbonov, Qashqadaryo viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi boshlig‘i:

— Mamlakatimiz rahbari viloyatdagi qurilish hamda obodonchilik ishlari bo‘yicha ko‘plab zarur maslahatlar berdi va takliflarini bildirdi. Jumladan, yangi suv havzasi qurilishi jadal olib boriladi. Qarshi shahridagi Jayxun ko‘chasida 5 qavatli va 45 kvartirali uylar arzonlashtirilgan edi. Endi bunday uylarni qurish yana ko‘payadi. «Yoshlar ko‘li» yoqasida 3 ta 5 qavatli yangi uy quriladi hamda ko‘l atrofi obod qilinadi. Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘ida zamonaviy attraksionlar o‘rnatiladi. Vohada tarixiy obidalar, qadamjolar ko‘p. Shulardan biri Abul-Mu’iyn Nasafiyning Qarshi tumani Qovchin qishlog‘idagi maqbarasidir. Davlatimiz rahbari bu ziyoratgohni obod qilish yuzasidan qimmatli takliflarni berdi.

O‘roz Haydar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari:

— Barchamiz davlatimiz rahbarining Abdulla Oripov xotirasini abadiylashtirish uchun yodgorlik o‘rnatish, alohida muzey va shoir nomidagi yosh ijodkorlar maktabini tashkil etish haqidagi taklifini hayajon bilan eshitdik. Abdulla Oripov ozodlikni, mustaqil O‘zbekistonni yonib kuylagan, nodir asarlar yaratgan buyuk shoir edi. Bunday ulug‘ inson xotirasi adabiylashtirilishi xalqimizning qalbida iftixor, shukronalik tuyg‘ularini kuchaytiradi, yosh avlod tarbiyasida ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi...

O‘zXDP Shahrisabz tuman kengashi raisi, tuman Kengashi deputati Dilshod Yorov «Shahrisabz» logistika markazi haqida gapirib berdi. Uni bunyod etishga tadbirkor Akrom Ahmadjonov bosh-qosh ekan. «Kunchiqar» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan markaz uchun yer ajratilibdi. Meva-sabzavotlar yetishtirish, qayta ishlash va yiliga 25 ming tonna mahsulotni eksport qilish mo‘ljallanmoqda. Bunday rejalar Chiroqchida ham amalga oshayotganini tuman hokimining o‘rinbosari, partiyamizdan viloyat Kengashi deputati Durdona Akbarova ham hayajonlanib hikoya qildi. Ko‘p yangiliklarni ko‘rib, kuzatib, Kitob tumaniga qaytdik.

Xullas, hozir viloyatning qaysi hududida bo‘lmang, kim bilan gaplashmang, yangi rejalar, orzular haqida eshitasiz. Xursand bo‘laman. Tadbirkorlikka qo‘l urayotgan yuzlab, minglab serg‘ayrat hamyurtlarimiz, istiqbolli korxonalar, bunyod bo‘ladigan zamonaviy shifoxonalar haqida o‘ylayman. Jonajon O‘zbekistonimizning yanada yuksalayotgani, uning qudratli tayanchlaridan biri Qashqadaryo ahlining bugungi g‘ayrati, shijoatidan qalbim g‘ururga to‘ladi. Najot — mehnatda, orzu qilishda. Buyuk shoirning aytgani yodga tushadi:

— Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot!..

 

Yunus UZOQOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: