Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
25.02.2017

XALQ BILAN MULOQOT

odamlarning dardiga darmon bo‘lmoqda, qadr-qimmatini joyiga qo‘ymoqda, davlatga ishonchini mustahkamlamoqda

Har qanday taklif, tashabbus, boshqacha aytganda, g‘oya hayotiy bo‘lgandagina uni odamlar qabul qiladi, qo‘llab-quvvatlaydi. 2017 yil — Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi jamoatchilik tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olingani ham jamiyatda bunga ehtiyoj bo‘lganini bildiradi.

Buni Prezident Shavkat Mirziyoyev shunday izohladi: «Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi».

Bunday xulosaga kelinishi sababini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga qisqa to‘rt oy orasida 400 mingdan ortiq murojaat tushgani, Prezident saylovi oldidan o‘tkazilgan uchrashuvlarda berilgan savollar bilan bog‘lab, chegaralansak, yarim haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Haqiqatning ikkinchi tomoni shundaki, katta hayotiy tajribaga ega, odamlar issiq-sovug‘idan yaxshi xabardor, ularning dardini yuragidan o‘tkazgan rahbargina bunday nozik va o‘tkir muammolarni tan olishi, ochiq aytishi mumkin.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari himoyasiga qaratilgan bunday dadil qaror Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida inson haq-huquqini ta’minlash yo‘lida olib borilgan ulug‘ ishlar qat’iylik bilan davom ettirilayotganini ham bildiradi.

Bugun odamlar joylarda deputatu senatorlar, davlat idoralari rahbarlari bilan o‘tkazilayotgan muloqotlardan o‘z savollariga javob topilayotgani, muammolari tezkor hal bo‘layotganidan mamnunlik izhor etishmoqda. Bu muloqotlarni o‘zlariga ko‘rsatilgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik timsoli sifatida qabul qilishmoqda.

Darhaqiqat, «muloqot» so‘zi arabcha bo‘lib, uchrashish, suhbatlashish ma’nosini bildiradi. Kimdir kimnidir yo‘qlab kelib, uchrashsa — bu avvalo e’tibor, hurmat. Davlat idoralari vakillari, rahbarlari odamlar bilan uchrashsa, muloqot qilsa — bu fuqaro huquqi, erkinligi, sha’nini himoya qilish, muammolarini hal etish degani, insonni qadrlash degani. Muloqotlardan maqsad ham odamlarni tashvishga solayotgan muammolarni o‘rganish, yechish, ya’ni inson manfaatini ta’minlash.

Biroq shu o‘rinda savol tug‘iladi: Inson manfaatini ta’minlash qamrovi qayerdan boshlanib, qayerda tugaydi? Uning chegarasi bormi? Bu savolga javob bitta: Insonning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati bilan bog‘liq nimaiki bo‘lsa, hammasi inson manfaati hisoblanadi. Konstitutsiyamizda belgilangan barcha tamoyillar ijrosi inson manfaatlariga xizmat qiladi. Demak, inson manfaati deganda, avvalo, insonni qadrlash, uning hurmat-izzatini joyiga qo‘yish, munosib yashashi uchun sharoit yaratib berish tushuniladi. Hech kim mute bo‘lmasin, turli idoralar eshiklari oldida rangi sarg‘ayib yurmasin, o‘z tashvishi bilan o‘zi yolg‘iz qolmasin. Inson bo‘lib tug‘ilgan inson insondek yashasin.

Shu o‘rinda oylab, yillab adolat izlab sarson-sargardon bo‘lib yurgan odamning ruhiy holatini, tortgan azoblarini tasavvur qilib ko‘raylik... Kecha-yu kunduz xayolini band etib, asabini kemirib kelgan muammosi hal etilgan kishining yelkasidan tog‘ ag‘dariladi, ko‘ngli obod, ruhiyati ozod bo‘ladi, g‘ayrati oshadi, ishida unum bo‘ladi. Endi u yugur-yugurga ketgan vaqtini, kuchini, aqlini kasbi-koriga sarflaydi, katta orzu-havas, tashabbus bilan mehnat qiladi, jamiyatga, davlatga foydasi ko‘proq tegadi, hayotdan rozi bo‘lib yashaydi. Gap ming-minglab odamlar haqida ketayotganini hisobga olib fikrlasak, xalq bilan muloqotlar fuqarolarga, jamiyatga, davlatga behisob foyda keltirishiga iqror bo‘lamiz.

Bugun o‘zaro suhbatlarda, matbuotda ham «Endi xalqning orasiga kirib borishimiz kerak», degan da’vat tez-tez aytilmoqda. Bu ezgu maqsad, albatta. Ammo xalq orasiga kirib borish nimadan iborat bo‘ladi, tartibi qanaqa?

Prezident bu haqda ham keng tushuncha berdi. Muloqot degani joylarda odamlarni to‘plab, majlisbozlik qilish bilan belgilanmaydi. Eng avvalo, chekka qishloqlargacha, shu paytgacha tuman yoki viloyat rahbarlari qadami yetmagan hududlargacha kirib borish vazifasi qo‘yilmoqda. Ikkinchidan, «Odamlar bilan ularning tilida gaplashish kerak», deb uqtirilmoqda. Ya’ni, osmondan kelmay, pastga tushib, g‘o‘ddaymay, ochiq chehra bilan, mehr bilan, samimiy gaplashish zarurligi aytilmoqda. Prezidentimiz odamlar dardini eshitish, muammolarini o‘rganish mexanizmini ko‘rsatib berish barobarida ularga yechim topishning yangi yo‘llarini ham taklif etdi.

E’tibor bering, har bir hududda odamlar manfaatini himoya qilish masalasiga hokim, prokuror va ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i bevosita mas’ulligi ta’kidlanmoqda. Bu ko‘rsatma jamoatchilik tomonidan katta minnatdorlik bilan kutib olindi. Endi masala butunlay boshqacha qo‘yilmoqda: odamlar davlat idoralari eshiklari oldida sarg‘ayib o‘tirishiga yo‘l qo‘yilmaydi, balki mansabdor shaxslar odamlarning huzuriga borishi, ularning holidan xabar olishi, dardini eshitishi kerak bo‘ladi. Bundan buyog‘iga yuzakichilik, rasmiyatchilik, ko‘zbo‘yamachilik, qog‘ozbozlik kabi illatlarga qarshi murosasiz kurash boshlanadi. Endi rahbarlar faoliyatiga qog‘ozdan-qog‘ozga, hisobotdan-hisobotlarga ko‘chib yuradigan raqamlar, ma’lumotlarga qarab emas, xalq manfaati yo‘lida nima ishlar qilayotganiga qarab, jamoatchilikning fikriga qarab ularning faoliyatiga baho beriladi.

Xalq bilan muloqot masalasi faqat deputatlar, rahbar shaxslar yoki davlat idoralari vakillarigagina daxldor vazifa emas, albatta. Bu masalada jamoat tashkilotlari, ayniqsa, siyosiy partiyalar, deputatlar zimmasiga katta vazifalar yuklanadi. Ilgarigidek silliq uchrashuvlar o‘tkazib, hisobot yozishni endi zamon ko‘tarmasligini deputatlar ham anglab yetmoqda. Deputatmisan, vazifangni chin yurakdan bajar, e’tiqod, mas’uliyat bilan bajar, degan talab qo‘yilmoqda. Deputatni xalq saylagan, u xalq vakili, u o‘ziga ishonch bildirgan saylovchilarning chinakam xizmatkori bo‘lmog‘i lozim. Aksariyat muammolarni birinchi bo‘lib deputat bilmog‘i, o‘rganmog‘i, ularning yechimi bo‘yicha davlat idoralari oldiga taklif va talablar qo‘ymog‘i lozimligi aytilmoqda. Qonunlar qachon pishiq-puxta, hayotiy bo‘ladi? Qachonki deputatlar hayot haqiqatlarini yaxshi bilsa, vijdoni qiynalsa... Yil-o‘n ikki oy xonada o‘tirib, har zamonda bir aylanib, hisobot uchun uchrashuv o‘tkazib kelish mutlaqo yaroqsiz tajriba bo‘lganini bugun ko‘pchilik tan olayapti. Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolari ham buni ta’kidlashmoqda.

— Ilgari ellik-yuz nafar odamni bir joyga to‘plab berishardi. Biz ma’ruza qilardik, bir-ikki savol yoki taklifni eshitib, uchrashuv yaxshi o‘tdi, degan kayfiyat bilan qaytardik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Tursunpo‘lat Norboyev. — Endi mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq, uyma-uy yurib, joylarda muammolar qanchalik to‘planib qolganiga iqror bo‘layapmiz. To‘g‘risi, Prezidentimiz bu talabni bekorga qo‘ymaganini uchrashuvlar paytida chuqurroq angladik.

— Muammolar bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Yillar davomida to‘planib kelgan. Ammo biz ularga endi chinakamiga e’tibor qaratayapmiz, — deydi xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashidagi partiya guruhi a’zosi, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Topvoldi Xoldorov. — To‘g‘risi, biz deputat sifatida endi uyg‘ondik, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Har bir hududda yutuqlar bilan birga o‘ziga yarasha muammolar borligini, odamlar bunday muloqotlarga muhtojligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik...

Odamlar bilan muloqot masalasi jurnalistlar, yozuvchi va ijodkorlarimizga ham bevosita daxldor. Biz nima deyapmizu, odamlar nima deyapti? Hayot haqiqatlarini qay darajada yoritayapmiz? Bizning gaplarimizga odamlar ishonayaptimi, aytganlarimiz ularga qanchalik ta’sir qilayapti?.. Bu savollar bugunning savollari, o‘tkir savollar, xulosalar so‘rayotgan savollar...

Hayot o‘zgarib boraveradi, kechagi katta yangiliklar bugun oddiy voqealarga aylanib qolaveradi. Inson yanada ulkan marralarni ko‘zlab intilaveradi. Har bir kun — yangi kun. Uning o‘z vazifalari, talablari bo‘ladi. Bunga moslasholmagan odam yutqazadi. Bugun hayot ilgari surayotgan vazifalar mas’uliyatni, g‘ayratni, javobgarlikni ikki barobar, ehtimol, uch barobar oshirishni talab etmoqda. Qaysi darajadagi rahbar bo‘lishidan qat’i nazar, endi sidqidildan ishlashiga, xalqqa xizmat qilishiga to‘g‘ri keladi. Bilgan odam uchun aslida bu — katta sharaf. Muqaddas kitoblarda qayd etilishicha, rahbarlar odamlarni baxt-saodatga yetaklaydigan kishilardir. Ular shu tariqa elning duosini oladi, o‘zidan yaxshi iz qoldiradi.

Bu imkon, bu baxt hammaga ham nasib etavermaydi.

 

Safar OSTONOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.



DB query error.
Please try later.