O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
08.01.2019

Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oidchora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Turizm tarmogʻini rivojlantirish, shu jumladan, bugungi kun standartlari va talablariga javob beradigan zamonaviy mehmonxonalar va shu kabi joylashtirish vositalarini (keyingi oʻrinlarda – mehmonxonalar) qurish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, respublikada mehmonxona xoʻjaligini rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019 yil 5 yanvardagi PF5611-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida mehmonxonalar qurishning maqsadli parametrlari1-ilovaga muvofiq;

mehmonxonalar tashkil etish boʻyicha istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxati2-ilovaga muvofiq;

zamonaviy axborot texnologiyalari tatbiq etiladigan madaniyat obyektlari va muassasalari roʻyxati3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2.Madaniyat obyektlari va muassasalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish boʻyicha ishchi guruh(keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh) 4-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:

madaniyat obyektlari va muassasalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish boʻyicha minimal talablarni belgilash;

ikki oy muddatda tadbirkorlik subyektlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida madaniyat obyektlari va muassasalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish boʻyicha eng yaxshi takliflarini tanlab olish va ular bilan shartnomalar tuzilishini taʼminlash;

2019 yil 1 iyulga qadar 3-ilovada koʻrsatilgan madaniyat obyektlari va muassasalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini oʻrnatishni taʼminlash.

3. Shunday mexanizmlar joriy etilsinki, ularga muvofiq:

a) mehmonxona qurish uchun ajratilgan yer uchastkasi qurilish tugallangandan soʻng investorga mulk huquqi asosida sotilishi mumkin, moddiy madaniy meros obyektlarining hududi va muhofaza zonasi hamda qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yer uchastkalari bundan mustasno;

b) 3 yulduzli toifa uchun 50 ta xonadan kam boʻlmagan va 4 yulduzli toifa uchun 100 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega mehmonxona 2022 yil 1 yanvargacha foydalanishga topshirilgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti (keyingi oʻrinlarda Davlat byudjeti) mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bunda, investorlar xarajatlarining bir qismini Davlat byudjetidan moliyalashtirish miqdori qoʻshimcha ravishda tashkil etilayotgan xonalar soni 50 mingtaga yetguniga qadar kelgusi yil uchun Davlat byudjeti parametrlarini tasdiqlash jarayonida ushbu miqdorni har yili indeksatsiya qilgan holda:

3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million soʻm;

4 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million soʻmni tashkil qiladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarini qoplash uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. Belgilansinki, dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan (mehmonxona brendlarining top-50 reytingiga koʻra) foydalanish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan tashkilotlar uchun royalti franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi hajmda qisman moliyalashtiriladi:

dastlabki 50 ta 3 yulduzli toifaga ega mehmonxona har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 200 AQSH dollari ekvivalentida;

dastlabki 30 ta 4 yulduzli toifaga ega mehmonxona har bir mehmonxonaning bitta xonasi uchun yillik 400 AQSH dollari ekvivalentida.

Bunda tashkilotlar uchun royaltini moliyalashtirishning umumiy hajmi koʻpi bilan 10 million AQSH dollari ekvivalentiga teng boʻladi.

6. Qonunchilikka binoan mehmonxona xizmatlari yashash joyi (propiska), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qatʼi nazar koʻrsatilishi lozimligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

xostellarni mehmon uylari va xostellar reyestriga oʻrnatilgan tartibda kiritish talabini belgilagan holda xostellarning mehmonxona xizmatini majburiy sertifikatsiyalash talabi bekor qilinadi;

hududida turizm infratuzilmasi obyektlari, shu jumladan, joylashtirish vositalari joylashgan yoki barpo etiladigan moddiy madaniy meros obyektlari oʻttiz yilga, biroq oʻn yildan kam boʻlmagan muddatga ijaraga beriladi. Bunda ijarachilar besh yillik ijara haqiga teng miqdorni oʻzlari joylashgan moddiy madaniy meros obyektlarini restavratsiya va konservatsiya qilishga yoʻnaltirish hamda moddiy madaniy meros obyektlarini saqlash qoidalariga rioya qilish sharti bilan dastlabki besh yil uchun ijara haqi toʻlashdan ozod etiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kichik tadbirkorlik subyektlariga turizm infratuzilmasi obyektlari, mehmonxonalar va sanitar-gigiyenik shoxobchalar barpo etish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratilgan tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim qiladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi turizm loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 2019-2021 yillar davomida har yili 1 fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga 5 million AQSH dollari ekvivalentidagi pul mablagʻlarini oʻtkazib borsin.

9. Belgilansinki, tadbirkorlik subyektlariga namunaviy, shu jumladan, tarmoqli loyihalar asosida zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish uchun 80-100 kvadrat metr oʻlchamda yer uchastkalarini elektron auksionga qoʻymasdan olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining iltimosnomasiga koʻra ustuvorlik huquqi taqdim etiladi.

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ularning negizida mehmonxonalar tashkil etish uchun foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini shakllantirsin;

ikki hafta muddatda tegishli hududda qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan mehmonxonalarni inventarizatsiyadan oʻtkazsin;

bir oy muddatda oʻtkazilgan inventarizatsiya va oʻrganishlar yakunlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan holda ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlarga muvofiq yer uchastkalarini ajratish va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari bazasida mehmonxonalar tashkil etish oylik tarmoq jadvallarini tasdiqlasin;

bir oy muddatda mehmonxonalar qurish uchun ajratilayotgan yer uchastkalari va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari roʻyxatini, ularga muhandislik kommunikatsiyalarining yetib borganligi darajasidan kelib chiqib toifalarga (toʻliq, qisman taʼminlangan va muhandislik kommunikatsiyalari mavjud boʻlmagan) ajratgan holda shakllantirishni hamda uni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining axborot maydonlarida va saytlarida joylashtirilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda yer uchastkalari va davlat mulki obyektlarining taqdimot (planshet)ini tayyorlashni, loyihalar roʻyxatini batafsil maʼlumoti bilan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining saytiga (invest.gov.uz) joylashtirishni taʼminlasin;

investorlar tomonidan mehmonxona qurish uchun yer uchastkalari va davlat mulki obyektlarini E-IJRO AUKSION elektron savdo maydonida auksionga qoʻyilishini taʼminlasin;

har chorakda sotilmagan yer uchastkalari va davlat mulki obyektlari roʻyxatiga ularni investorlar uchun jozibador boshqa yer uchastkalariga almashtirish orqali oʻzgartirishlar kiritib borsin;

har yili xostellar va mehmon uylarini tashkil qilish dasturini tasdiqlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda shaharlar va aholi punktlarini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda respublikaning har bir yirik shahrida xostellar va mehmon uylari tarmogʻining mavjud boʻlishini nazarda tutsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda investorlarni izlashni amalga oshirsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ikki yil davomida investorlar tomonidan zamonaviy talablarga javob beradigan, sanitar-gigiyenik shoxobchalarga ega savdo nuqtalari va turizm infratuzilma obyektlarining yagona tarmogʻini qurish, bunda ularni birinchi navbatda koʻp tashrif buyuriladigan turizm namoyishi obyektlari va turizm marshrutlari oʻtadigan avtomagistrallar yoqasida joylashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.

11. Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyati hokimliklari Madaniyat vazirligi, Qurilish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YUNSKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya bilan birgalikda Buxoro, Samarqand, Shahrisabz va Xiva shaharlarining tarixiy va qoʻriqlanadigan hududlarida rejalashtirilgan bino va inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha ishlarni YUNSKOning Butunjahon merosi markazi bilan avvaldan kelishsin.

12. Quyidagilarga:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari zimmasiga mehmonxonalar qurish uchun yer uchastkalarini oʻz vaqtida ajratish, investorlar arizasiga asosan ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosarlari zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda xorijiy investorlarni izlash va jalb qilish, shuningdek, ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida tegishli investitsiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida amaliy yordam berishni samarali taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

13. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mehmonxona qurilishi uchun yer maydonlarining oʻz vaqtida ajratilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R.Xolmurodov zimmasiga tijorat banklari tomonidan kredit mablagʻlarining oʻz vaqtida ajratilishi, investitsiyalarni jalb qilish va investitsiya masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosarlari faoliyatining samaradorligi ustidan nazorat oʻrnatish vazifasi yuklansin.

14. Belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq 2022 yilning 1 yanvariga qadar olib kiriladigan, turistlar tashrif buyuradigan joylarga oʻrnatiladigan antivandal sanitariya-gigiyena shoxobchalari, shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlari, muzeylar, teatrlar, galereyalar va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar uchun moʻljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, dasturiy taʼminot, toʻlov-maʼlumot terminallari, videokuzatuv tizimlari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

Davlat soliq qoʻmitasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qaror doirasida olib kiriladigan tovarlardan maqsadli foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

Belgilansinki, tovarlardan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda imtiyozlar berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi qonun hujjatlarida belgilangan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Davlat byudjetiga undirib olinadi.

15. Quyidagilar:

a) mehmonxonalar olishi kerak boʻlgan:

mehmonxonaga tegishli boʻlgan va uning ichida joylashgan alkogol mahsulotlari sotuvi bilan shugʻullanadigan har bir chakana savdo nuqtalari va umumiy ovqatlanish obyektlari (bar, mini-bar, kafe, restoran) uchun alohida ruxsat guvohnomasi;

aeroportdan, temir yoʻl/avtoyoʻl vokzallaridan mehmonxonaga va undan qaytishga, shuningdek, turizm obyektlariga oʻzining ijarachilariga transport xizmatlarini koʻrsatish uchun litsenziya;

b) shahar va shaharlararo yoʻlovchi tashuvchi tadbirkorlik subyektlaridan mahalliy va xorijiy fuqarolarga mamlakat boʻylab nomuntazam, shaharlararo yoʻlovchi tashish uchun tegishli litsenziyaga ega avtobus yoki kichik avtobus xizmatlarini koʻrsatish uchun qoʻshimcha litsenziya olish talablari bekor qilinsin.

16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalariga ijtimoiy reklama sharti bilan mamlakatning turizm salohiyatini targʻib qilishga oid tashqi reklama joylashtirilishi uchun har bir tumanda uchtadan kam boʻlmagan, shaharlarda beshtadan kam boʻlmagan joylar ajratilishi va qurilishini taʼminlasin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yilning 1 fevraliga qadar foto va videotasvirga olish mumkin boʻlmagan obyektlar, jamoat joylari va hududlarning roʻyxatini tasdiqlasin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq 2019 yilning 1 martiga qadar foto va videotasvirga olish taqiqlangan tegishli koʻrsatkich belgilarni ikki va undan ortiq (ingliz, rus va boshqa) tillarda oʻrnatilishini taʼminlasin. Bunda, tegishli koʻrsatkich belgilari boʻlmagan taqdirda foto va videotasvirga olishga toʻsqinlik qilinmaydi.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bir oy muddatda madaniyat obyektlari va muassasalariga kirish chipta narxlarini belgilash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Vazirlik va idoralar bir oy muddatda qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 5 yanvar



Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: