Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
20.12.2018

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2019 YILGA MO‘LJALLANGAN INVESTITSIYA DASTURINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda investitsiya siyosatini tubdan takomillashtirish va isloh qilish, uni amalga oshirish yuzasidan zamonaviy, samarali yondashuv va mexanizmlarni joriy etish, shuningdek, investitsiya jarayonlarini jadallashtirish va umuman ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, avvalambor, iqtisodiyot tarmoqlarini, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilishni, sanoat ishlab chiqarishni kompleks diversifikatsiya qilish va uning raqobatbardoshligini oshirishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Faol investitsiya siyosatini davom ettirish, amaldagi ishlab chiqarishlarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash va yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha strategik va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish hamda samarali o‘zlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni inobatga olgan holda sa’y-harakatlarni jamlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, buning asosida aholi bandligini, ularning turmush darajasi va sifati oshirilishini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan Moliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan, quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi:

2019 yilda kapital qo‘yilmalarning asosiy parametrlari 1-ilovaga* muvofiq;

2019 yilda ijtimoiy, uy-joy, muhandislik va transport infratuzilmasi ob’ektlarini ishga tushirish prognozi 2-ilovaga muvofiq;

2019 yilda ob’ektlar va ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish manzilli dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, 2019 yilda ob’ektlar qurish va ularni rekonstruksiya qilish manzilli dasturi 4-ilovaga muvofiq;

b) markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan:

2019 yilda melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, texnikalar xarid qilish manzilli dasturi 5-ilovaga muvofiq;

2019 yilda avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, ob’ektlarni jihozlash va texnikalar xarid qilish manzilli dasturi 6-ilovaga muvofiq;

2019 yilda oliy ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, tibbiy, ilmiy-tadqiqot, umumta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalari ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash manzilli dasturlari 7, 7a, 7b, 7v, 7g, 7d va 7e-ilovalarga muvofiq;

2019 yilda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlari ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi 8-ilovaga muvofiq;

2019 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida loyihalarni moliyalashtirishni tashkil qilgan holda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish manzilli dasturi 9-ilovaga muvofiq;

v) 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolati bilan xorijiy kreditlarni jalb qilgan holda amalga oshiriladigan ­investitsiya loyihalarining manzilli dasturi 10-ilovaga muvofiq;

g) 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli dasturi 11-ilovaga muvofiq;

d) 2019 yilda tarmoq investitsiya loyihalari doirasida investitsiyalarni o‘zlashtirish yig‘ma manzilli dasturi 12-ilovaga muvofiq;

ye) markazlashtirilmagan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan:

2019 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilgan holda amalga oshiriladigan tarmoq investitsiya loyihalarining manzilli dasturi 13-ilovaga muvofiq;

2019 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda amalga oshiriladigan hududiy investitsiya loyihalarining manzilli dasturi 14-ilovaga muvofiq;

j) quyidagilar:

2019 yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlashni jadallashtirish talab etiladigan investitsiya loyihalari ro‘yxati 15-ilovaga muvofiq;

2019 yilda ko‘rib chiqiladigan istiqbolli investitsiya va infratuzilma tarmoq loyihalari ro‘yxati 16-ilovaga muvofiq;

2019 yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishlab chiqiladigan hamda tasdiqlanadigan, qurilishi va rekonstruksiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilayotgan ob’ektlar ro‘yxati 17-ilovaga muvofiq;

2019 yilda loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan, markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilayotgan ijtimoiy soha ob’ektlari ro‘yxati 18-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

3. Belgilansinki:

loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish natijalari bo‘yicha loyihalar (ob’ektlar) yuzasidan ro‘yxatlarga va kapital qo‘yilmalar limitlariga (qiymatiga) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksi rahbarining qarorlari bilan aniqlik va tuzatishlar kiritilishi mumkin;

loyihalar (ob’ektlar) bo‘yicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan kiritiladi;

qurilish hamda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonlariga tegishli vakolatga ega bo‘lmagan shaxslarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

4. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda — Rivojlanish jamg‘armasi) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘larini o‘tkazish mazkur qaror bilan ma’qullangan manzilli dasturlarga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun avval ajratilgan mablag‘lar sarflanganligi Rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tasdiqlanishiga qarab amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar Rivojlanish jamg‘armasiga moliyalashtirish jadvali asosida o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlash yuzasidan javobgarlik yuklansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda jalb etilayotgan kreditlarning garov ta’minoti uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqi qarzlarining va davlat kafolatlari summasining cheklangan hajmi me’yorlarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — mazkur qaror bilan ma’qullangan manzilli dasturlarga kiritilgan loyihalar buyurtmachilari (keyingi o‘rinlarda — loyihalar buyurtmachilari):

ikki hafta muddatda — yildan-yilga o‘tib kelayotgan loyihalarni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning kalendar jadvallari bilan uzviy bog‘liqlikda aniqlashtirgan holda, ular bo‘yicha 2019 yilga mo‘ljallangan qurilishlarning manzilli ro‘yxati ishlab chiqilishini hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligiga taqdim etilishini;

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda — markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan, 2019 yilda yangidan boshlanadigan loyihalar bo‘yicha loyiha hujjatlarini tasdiqlash ishlari yakunlanishini;

ikki oy muddatda tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida — tender (tanlov) hujjatlari kompleks ekspertizadan o‘tkazilishini, belgilangan tartibda yangi boshlanadigan loyihalar bo‘yicha xarid qilish tartib-taomillari yakunlanishini va tender (tanlov) g‘oliblari bilan pudrat shartnomalari tuzilishini;

xarid qilish tartib-taomillari yakunlanganidan so‘ng bir hafta muddatda — yangidan boshlanadigan loyihalar bo‘yicha qurilishlarning yakuniy manzilli ro‘yxatlari kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligiga taqdim etilishini;

ikki hafta muddatda — mazkur qarorning 10, 11, 12, 13 va 14-ilovalariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishning kompleks tarmoq jadvallari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga taqdim etilishini;

bir oy muddatda — mazkur qarorning 15-ilovasiga kiritilgan loyihalar yuzasidan loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha «yo‘l xaritalari» O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

respublika shaharlari va shahar posyolkalarining ishlab chiqilgan va bugungi kunga qadar tasdiqlanmagan bosh rejalari loyihalarini ularning asosiy qoidalari va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari asoslantirilganligi nuqtai nazaridan o‘rganib chiqilishini;

shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tartibini, ularni ishlab chiqish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, xususiy loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini rag‘batlantirish, ushbu sohaga innovatsion yechimlarni va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlanishini;

ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini oshirishga, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini va umuman tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy ­mexanizmlarini joriy etishni inobatga olgan holda, avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sohasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini ta’minlasin.

8. Vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari zimmasiga:

O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha qurilish-montaj ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini, mablag‘larning to‘liq hajmda o‘zlashtirilishini hamda ob’ektlar va ishlab chiqarish quvvatlari belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini ta’minlash;

mazkur qarorning 17 va 18-ilovalariga kiritilgan loyihalar bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini 2019 yilda ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. Rivojlanish jamg‘armasi kuzatuv kengashi loyihalar buyurtmachilari bilan birgalikda:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining ijobiy xulosalari mavjud bo‘lgan holda, 2019 yilning 6 va 9 oyligi yakunlari bo‘yicha kapital qo‘yilmalarning tejab qolingan yoki foydalanilmagan limitlarini, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga kiritilayotgan tegishli hududdagi suv ta’minoti, kanalizatsiya tizimi, shuningdek, sog‘liqni saqlash va ta’lim ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga maqsadli yo‘naltirgan holda belgilangan tartibda qayta taqsimlashni;

har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 10 sanasiga qadar mazkur qaror bilan ma’qullangan manzilli dasturlarga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etishni;

zarur hollarda, xarid qilish tartib-taomillari yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida nazarda tutilgan mablag‘larning amalda o‘zlashtirilishini hisobga olgan holda va kapital qo‘yilmalarning parametrlari doirasida qurilishlarning manzilli dasturlariga aniqlashtirish va tuzatishlar kiritilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda mazkur qaror bilan ma’qullangan manzilli dasturlarga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli tahlil hamda monitoring o‘tkazilishini hamda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ma’lumotlar kiritilishini ta’minlasin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri ­A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2018 yil 19 dekabr


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: