Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
25.08.2018

BYUDJET MA’LUMOTLARINING OCHIQLIGINI VA BYUDJET JARAYONIDA FUQAROLARNING FAOL ISHTIROKINI TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ta’kidlash lozimki, mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini isloh qilish doirasida iqtisodiy va moliyaviy statistika ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va byudjet jarayoni ochiqligini oshirishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, byudjet ma’lumotlarining ochiqligi va sifati, ularni xorijiy investorlarga va boshqa manfaatdor sub’ektlarga yetkazish, shuningdek, parlament vakillari va fuqarolik jamiyatining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini (keyingi o‘rinlarda Davlat byudjeti deb yuritiladi) shakllantirish va ijro etish jarayonidagi ishtiroki darajasi yetarli emas.

Byudjet ma’lumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘larining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etishning shunday tartibi o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

2019 yildan boshlab byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutadigan mexanizmi joriy etiladi;

2020 yildan boshlab Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari axborotlar batafsil bayon etilgan, ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlangan qonun bilan tasdiqlanadi;

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari, shuningdek, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etilishidan oldin majburiy jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi shart;

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari loyihalari hamda ularning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan «Fuqarolar uchun byudjet» axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari, shuningdek, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot yuzasidan tashqi audit va baholash natijalari bo‘yicha xulosalari majburiy e’lon qilinadi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutadigan «Ochiq byudjet» axborot portalining (keyingi o‘rinlarda — Portal) ishga tushirilishini va faoliyat yuritishini ta’minlasin:

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosalarini joylashtirish orqali byudjet xarajatlarining manzilliligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun tuman (shahar)lar byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilish taklif etilayotgan tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni joylashtirish;

byudjet qonunchiligini buzish holatlari to‘g‘risida xabardor qilish va byudjet jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish imkoniyatini o‘z ichiga olgan fuqarolar bilan qayta aloqani tashkil etish.

3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari, shuningdek, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqishda fuqarolarning Portal orqali kelib tushgan fikr va takliflarini tahlil qilish tavsiya etilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar muddatda Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2014 yilgi davlat moliya statistikasi bo‘yicha qo‘llanmasiga muvofiq ishlab chiqilgan yangilangan byudjet tasnifini tasdiqlasin;

bir oy muddatda byudjet hisobi tartibini Davlat sektorida xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (IPSAS) uyg‘unlashtirish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

byudjet shaffofligi bo‘yicha xalqaro reytingda yetakchi o‘rinlarni egallab turgan ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida Portalni doimiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jahon banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarish samaradorligini Jahon bankining davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari bo‘yicha baholashdan o‘tkazish choralarini ko‘rsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining Byudjet ochiqligi indeksi bo‘yicha reytingga erishishi, jumladan, Portalning yaratilishi yuzasidan zarur tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, byudjet shaffofligini baholash uchun xalqaro moliya institutlarining ekspertlari va texnik ko‘magi jalb etilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ikki hafta muddatda baholashni o‘tkazish muddatini belgilagan holda davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlikni Jahon banki mezonlari asosida baholashni ta’minlash bo‘yicha ishchi guruh tarkibini tasdiqlasin;

2018 yil 1 oktabrga qadar Portalga joylashtiriladigan ma’lumotlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ro‘yxatini va ularni joylashtirish muddatlarini tasdiqlasin;

2019 yil 1 martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga ushbu qaror talablariga muvofiq qonun bilan tasdiqlanadigan 2020 yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari loyihalarining shakllarini kelishish uchun kiritsin;

2019 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasining 2020 yildan boshlab Xalqaro byudjet hamjamiyatining Byudjet ochiqligi indeksida ishtirok etishini ta’minlash uchun «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlasin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

tuman (shahar)lar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan mahalliy byudjetlar parametrlari va ijrosi haqidagi hisobotlarning ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishi jarayonining ommaviy axborot vositalarida har tomonlama yoritilishini;

tuman (shahar)lar mahalliy byudjetlari qo‘shimcha manbalaridan kamida 10 foizining Portal orqali jamoatchilik fikri asosida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida 5 ta shtat birligidan iborat Davlat moliyaviy statistikasini yuritish va byudjet ochiqligini ta’minlash bo‘limi tashkil etilsin hamda uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:

davlat moliyaviy statistikasini takomillashtirish va byudjet shaffofligini ta’minlash sohasida islohotlarni amalga oshirish;

byudjet jarayoni va byudjet ma’lumotlarining shaffofligini, xorijiy investorlar va boshqa manfaatdor sub’ektlarning ulardan foydalanish imkoniyatini, byudjet jarayoniga fuqarolarning jalb etilishini, shuningdek, «Fuqarolar uchun byudjet» axborot nashrining e’lon qilinishini ta’minlash;

Portalni axborot, uslubiy, texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va boshqarish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

uch oy muddatda Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti tomonidan aholi o‘rtasida uning byudjet savodxonligi va byudjetning ochiqligi darajasini o‘rganishga qaratilgan tegishli so‘rovlar o‘tkazilishini ta’minlasin;

so‘rovlar natijalariga ko‘ra, Jahon bankining uslubiyotiga muvofiq aholining byudjet savodxonligini oshirish ishlarini amalga oshirish uchun texnik ko‘mak jalb etilishini, shuningdek, loyiha doirasida umumta’lim maktablari uchun oila byudjeti va davlat byudjeti bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar yaratilishini ta’minlasin;

boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV



Toshkent shahri,

2018 yil 22 avgust



DB query error.
Please try later.