Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
15.02.2018

FARMATSEVTIKA TARMOG‘INI JADAL RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oxirgi bir yarim yil davomida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning arzonligi va erkin muomalasini ta’minlashga qaratilgan o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Farmatsevtika tarmog‘ining davlat boshqaruvi tizimi qayta ko‘rib chiqildi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

«Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalari tashkil etilib, ularning hududida 41,7 million AQSh dollari miqdoridagi beshta loyiha amalga oshirilmoqda.

Mamlakatda ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatida davlat-xususiy sheriklik shartlarida 75 ta ijtimoiy dorixonalarni qurish va joylashtirish bo‘yicha ishlar boshlangan.

Shu bilan birga, o‘rganishlar qabul qilingan qonun hujjatlarini o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq ijro etish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayotganligini, mas’ul organlar rahbarlarida yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbuskorlik yo‘qligini ko‘rsatdi. Xususan:

birinchidan, erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarini shakllantirish ta’minlanmagan, ular faoliyatini moliyalashtirishning aniq manbalari va mexanizmlari belgilanmagan, ishlab chiqarish ob’ektlarini joylashtirish uchun yer uchastkalarini ajratish masalalari hal etilmagan;

ikkinchidan, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan erkin iqtisodiy zonalarning ishini samarali tashkil qilish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayapti;

uchinchidan, erkin iqtisodiy zonalarning rivojlangan transport, yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi mavjud emasligi ularning hududida yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish imkonini bermayapti, zonalarning bosh rejalarini ishlab chiqish joylardagi haqiqiy holatni va investorlarda yuzaga kelayotgan muammolarni e’tiborga olmagan holda amalga oshirilmoqda;

to‘rtinchidan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish va faoliyat yuritishining huquqiy tartibi belgilanmagan, ularning joylashuvi tasdiqlanmagan, bu esa O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga shunday dorixonalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilmasligiga olib kelgan;

beshinchidan, dorixonalarda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlarning harakatini hisobga olish, shuningdek, dorixonalarning joylashuvi, dori vositalarining assortimenti va narxi haqida aholini xabardor qilish bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish jarayoni past sur’atlarda bormoqda;

oltinchidan, farmatsevtika tarmog‘i muassasalarining ilmiy-tadqiqot faoliyati zamonaviy talablarga javob bermaydi, malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalariga yetarli e’tibor qaratilmayapti;

yettinchidan, mavjud ilmiy ishlanmalarni amaliyotda sinovdan o‘tkazishning samarali tizimi mavjud emas, ularni ishlab chiqarishga joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqish sohasida yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayapti.

Mazkur holatlar farmatsevtika tarmog‘ini tubdan isloh qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning sustlashishiga olib kelmoqda, aholi va tibbiyot muassasalarini arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish, mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal qilish va investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

1. Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish sohasidagi ishlarni tashkil etish borasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.

Ishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi va lozim darajadagi tashabbuskorlik yo‘qligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmavsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Z.A.Dusanov va mazkur agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari M.M.Dusmuratov egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari «Yo‘l xaritasi»ning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

3. «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo‘stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalaridagi haqiqiy vaziyatni o‘rganish va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha ishchi guruhlar 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Ishchi guruhlar tomonidan ikki oy muddatda:

erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan yer uchastkalarining belgilangan talablarga muvofiqligi, transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish imkoniyatlari mavjudligi nuqtai nazaridan o‘rganilishini;

erkin iqtisodiy zonalar bosh rejalarining joylardagi haqiqiy vaziyatni va ularni amalda ijro etish imkoniyatini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishini;

erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun potensial investorlarni jalb etish choralarini ko‘rishni ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Q.V.Akmalov) ikki oy muddatda ishchi guruhlar faoliyatining yakunlari bo‘yicha quyidagilarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

Dorivor o‘simliklarning plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha tadbirlar dasturi;

Tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlar, yordamchi va o‘rash-joylash materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari ro‘yxati.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, «O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AJ, «O‘zbektelekom» AK boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda erkin iqtisodiy zonalarning bosh rejalari tasdiqlangandan keyin bir oy muddatda erkin iqtisodiy zonalarning transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini ta’minlasin.

6. Har bir erkin iqtisodiy zonaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tegishli viloyatlar prokurorlari biriktirilib, ularning mazkur sohadagi asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:

erkin iqtisodiy zonalar bosh rejalarining o‘z vaqtida ishlab chiqilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

loyihalar tashabbuskorlariga loyiha-smeta hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqishda yordam ko‘rsatish;

yangi tashkil etilayotgan quvvatlarni transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash hamda ularning suv, gaz va elektr ta’minotiga ulanishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

loyihalar tashabbuskorlariga ruxsat beruvchi va boshqa hujjatlarni olishda, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni hal etishda har tomonlama ko‘maklashish;

loyihalar tashabbuskorlariga loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirishda to‘sqinlik qilayotgan, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni yaratayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish.

Belgilansinki, viloyat miqyosidagi mas’ul davlat organlari va tashkilotlar har oyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tegishli viloyatlar prokurorlariga erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida hisobot taqdim etadi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

ikki kun muddatda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalari, shuningdek, qishloq vrachlik punktlarida ijtimoiy dorixonalarni joylashtirish imkoniyatlarini joylarga chiqqan holda o‘rganish uchun ishchi guruhlarni tashkil etsin;

o‘tkazilgan o‘rganishni inobatga olgan holda, 2018 yil 1 aprelga qadar muddatda ijtimoiy dorixonalarning joylashuvini tasdiqlasin;

bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Ijtimoiy dorixonalar to‘g‘risidagi nizom loyihasini kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2018 yil 1 iyunga qadar muddatda 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:

a) 2018 yil 1 dekabrga qadar muddatda quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadigan Internet tarmog‘ida axborot portalini, shuningdek, mobil ilovalarni yaratsin:

asosiy axborot indikatori sifatida litsenziya mavjudligini aks ettirgan holda dorixonalarning joylashuvini aniqlash;

dori vositalari va tibbiy buyumlarni, zarur hollarda sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni tegishli dorixonalar tomonidan aholiga yetkazib berishni ta’minlagan holda real vaqt rejimida sotib olish;

b) 2018 yil 1 mayga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasida dori vositalari va tibbiy buyumlarni hisobga olish va hisobot jarayonini avtomatlashtirish, shuningdek, ular haqidagi zarur axborotni taqdim qilgan holda dori vositalari va tibbiy buyumlarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maxsus markirovka tizimini joriy etish mumkinligi masalasini o‘rgansin;

v) 2018 yil 1 aprelga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat tibbiyot muassasalari va ijtimoiy dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning hisobini olib borishning, shu jumladan, byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishini tezkor aniqlash va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni yaratish bo‘yicha takliflar kiritsin.

9. Aholini dori vositalari bilan ta’minlashdagi muammolarni o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha jamoatchilik komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) tarkibi va hududlarda har haftalik uchrashuvlarni tashkil etish grafigi 3 va 4-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.

Komissiya (K.M.Rafikov):

har 10 kunda hududlarga borish va joylarda uchrashuvlar o‘tkazish orqali dori vositalari bilan ta’minlashda aholining eng muhim muammolari hal etilishi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini tashkil qilsin;

farmatsevtika tarmog‘ida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va manzilli bo‘lishi, ularning mazkur sohadagi ishlar holatini yaxshilashga real ta’sir ko‘rsatishi masalalari bo‘yicha fuqarolarning fikr, mulohaza va tavsiyalarini o‘rganish orqali aholi bilan aks aloqani ta’minlasin;

fuqarolarni, ayniqsa, ijtimoiy ehtiyojmand va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashaydigan fuqarolarni ijtimoiy ahamiyatga ega va arzon dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlarning haqiqiy holatini puxta o‘rgansin;

aholini dori vositalari bilan ta’minlash va uning aholi yashash joylarida yetarliligi, shuningdek, ijtimoiy dorixonalarning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha mavjud infratuzilmani tanqidiy o‘rgansin;

dori vositalari narxining oshishiga va boshqa huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlasin, aniqlangan muammolarni bartaraf etish, aholini dori vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha prokuratura organlari bilan birgalikda tezkor choralar ko‘rsin;

mazkur qaror ijro etilishi jarayonini muntazam o‘rgansin, ushbu masala bo‘yicha mas’ul davlat organlari rahbarlarining hisobotini eshitsin, yuklatilgan vazifalar ijrosining buzilishi holatlari va sabablarini aniqlasin hamda huquqbuzarlik holatlari haqida prokuratura organlarini o‘z vaqtida xabardor etsin;

kreditlar berish, yer uchastkalari ajratish, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar olish, infratuzilmaga ulanishda mavjud muammolarni tezkor hal etish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari va potensial chet el investorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazsin;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va «O‘zavtosanoat» AJ bilan birgalikda olis joylarda yashovchi aholiga, eng avvalo, ijtimoiy ahamiyatga ega va eng zarur dori vositalarini sotishni ta’minlaydigan «Damas» avtomashinalarida ko‘chma dorixonalarni tashkil etish choralarini ko‘rsin;

ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniyeda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi va natijalari muntazam yoritilishini tashkil etsin;

o‘tkazilgan har bir joyiga chiqib o‘rganish va uchrashuvlar yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot kiritsin.

10. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Komissiya faoliyati doirasida uning raisi talabnomasi bo‘yicha har yili mahalliy qatnovdagi poyezdlarning barcha turlariga temir yo‘l chiptalari zaxira qilib qo‘yilishini va bepul rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

11. Respublikada yaratiladigan va ishlab chiqariladigan ustuvor dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini aniqlash bo‘yicha ishchi komissiya 5-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Ishchi komissiya uch oy muddatda:

farmatsevtika bozorini o‘rganishni hamda tashxis qo‘yish va davolash standartlarini hisobga olgan holda sog‘liqni saqlash uchun ustuvor bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxatini aniqlashni;

o‘rta muddatli istiqbolda joriy etish uchun istiqbolli dori vositalari va tibbiy buyumlarning mahalliy ishlanmalarini aniqlashni;

ehtiyoj uchun zarurligi, ijtimoiy ahamiyati, ishlab chiqarishga joriy etishning maqsadga muvofiqligi va mumkinligidan kelib chiqib, dori vositalari va tibbiy buyumlarning toifalarini aniqlashni ta’minlasin.

12. Innovatsion rivojlanish vazirligi Bosh prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, «Sharq tabobati» ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini tanqidiy o‘rgansin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mazkur sohadagi faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha, shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarning o‘quv-ilmiy laboratoriyasi va tajriba-ishlab chiqarish majmuasini tashkil etishni nazarda tutgan holda takliflar kiritsin.

13. Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda 2018 yil 1 aprelga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish uchun xomashyoni import qilishda qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash mexanizmini soddalashtirish yuzasidan takliflar kiritsin, bunda tasdiqlangan ro‘yxat asosida imtiyoz qo‘llash tartibi istisno qilinib, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash uchun olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqariladigan xomashyo va substansiyalarga qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilmasligi nazarda tutilsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga dori vositalari va tibbiy buyumlar tayyorlash uchun respublikada ishlab chiqariladigan xomashyo va substansiyalar ro‘yxatini taqdim etsin.

14. Bosh prokuratura (O.B.Murodov), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari xizmati (R.S.Kasimov), Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati (B.M.Mavlonov), Hisob palatasi (M.M.Ikramov) va Vazirlar Mahkamasi (Q.V.Akmalov):

har chorakda grafiklarni tasdiqlasin va ular asosida ishchi guruhlar, mas’ul vazirliklar va idoralar vakillari, farmatsevtika korxonalari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, investorlar ishtirokida «Yo‘l xaritasi» va mazkur qarorda belgilangan boshqa vazifalarning bajarilishi jarayoni har hafta muhokama qilinishini tashkil etsin;

muhokama yakunlari bo‘yicha yuklatilgan vazifalar ijrosining buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralarini qo‘llasin.

15. Sog‘liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi R.S.Kasimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi K.M.Rafikov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2018 yil 14 fevral



DB query error.
Please try later.