Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
15.02.2018

Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jamoat tartibini saqlash, avvalambor, voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning buzg‘unchi tahdidlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yakdil harakatlarni, ularni hamkorlikda va sifatli bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Quyidagilar Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini kelgusida tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari deb hisoblansin:

birinchidan, taraqqiy etayotgan poytaxt xavfsizligining garovi sifatida harakatlar yakdilligi asosida barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishning amaliy mexanizmini joriy etish;

ikkinchidan, «Jaholatga qarshi ma’rifat» ezgu g‘oyasi asosida har bir mahalla kesimida diniy-ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishga, birinchi navbatda, ekstremistik oqim mafkurasi ta’siri ostiga tushib qolgan shaxslarni tuzatishga alohida e’tibor qaratish;

uchinchidan, prokuratura organlari tomonidan kundalik asosda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, shu jumladan, ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, aniqlangan qonunbuzarliklar, sun’iy to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;

to‘rtinchidan, aholiga eng yaqin bo‘lgan joylarda kuch va vositalar faoliyatini bevosita boshqarish va muvofiqlashtirishning samarali tizimini yaratish maqsadida Toshkent shahar ichki ishlar organlarining amaldagi tuzilmasini takomillashtirish;

beshinchidan, Toshkent shahar ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining intellektual va kasbiy darajasini oshirish, ularga qo‘shimcha tadbir va ishlardagi ishtiroki tufayli ortiqcha vazifalar yuklanishini bartaraf etish maqsadida sohaviy xizmatlar o‘rtasidagi vazifalarning aniq chegaralarini belgilash;

oltinchidan, jinoyatlarga choralar ko‘rish va ularni fosh etishda, birinchi navbatda, tezkorlik va muvofiqlashgan hamkorlikni ta’minlash maqsadida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlarini «Xavfsiz shahar» apparat-dasturiy kompleksi imkoniyatlaridan keng foydalanishga yo‘naltirish.

2. Toshkent shahridagi tuman ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limi) negizida tumanlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar (keyingi o‘rinlarda — sektorlar) hududlari doirasida kuch va vositalarni maqsadli taqsimlagan holda ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda — muvofiqlashtirish boshqarmalari) tashkil etilsin.

Muvofiqlashtirish boshqarmalarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

ichki ishlar organlari bo‘linmalari faoliyatini tahlil qilish, rejalashtirish va tashkil etish, sektorlarga bo‘lish tamoyili asosida tuman hududi doirasida real vujudga kelgan tezkor va kriminogen vaziyatni hisobga olgan holda mavjud kuch va vositalarni taqsimlash;

xalq bilan manzilli muloqotni, fuqarolarning eng muhim muammolarini hal etishda har tomonlama ko‘maklashishni, sektorlarga biriktirilgan davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan uzviy hamkorlikni tashkil etish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishi, jamoat tartibi samarali saqlanishi, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va oldi olinishi, sodir etilayotgan jinoyatlarga tezkor choralar ko‘rilishini ta’minlash.

3. Toshkent shahridagi shahar ichki ishlar bo‘limlari ichki ishlar bo‘limlari sifatida qayta tashkil etilsin va ular zimmasiga sektorlar hududlarida jamoat tartibi saqlanishi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni amalga oshirish uchun javobgarlik yuklatilsin.

Ichki ishlar bo‘limlari rahbarlariga quyidagi huquqlar berilsin:

biriktirilgan hudud doirasida ichki ishlar bo‘limi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha mustaqil qarorlar qabul qilish;

qo‘l ostidagilar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan ta’sirchan choralar ishlab chiqish, biriktirilgan patrul-post xizmati naryadlarining kundalik dislokatsiyasini belgilash;

biriktirilgan hududdagi tezkor va kriminogen vaziyatni hisobga olgan holda hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda ichki ishlar bo‘limi kuch va vositalarini joylashtirishni amalga oshirish.

4. Quyidagi lavozimlar kiritilsin:

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda — Bosh boshqarma) boshlig‘i, unga jamoat tartibini samarali saqlashni, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni ta’minlash maqsadida Toshkent shahrining barcha ichki ishlar organlari faoliyatini, shu jumladan, biriktirilgan kuch va vositalarni muvofiqlashtirish huquqi berilsin;

Bosh boshqarma boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — profilaktika inspektorlarining, eng avvalo, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi samarali faoliyatini tashkil etish, ushbu yo‘nalishda barcha sohaviy xizmatlarning o‘zaro muvofiqlashgan hamkorligini ta’minlash uchun javobgar;

muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi — jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida katta amaliy ish tajribasiga hamda ushbu organlar tizimida obro‘ va hurmatga ega bo‘lgan ichki ishlar organlarining pensionerlari orasidan jamoatchilik asosida jamlanadi
va unga to‘lanayotgan pensiyasining 30 foizi miqdorida byudjet mablag‘lari hisobidan oylik ustama haq belgilanadi.

5. Quyidagicha tartib o‘rnatilsin:

a) O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i:

har o‘n kunda Toshkent shahar aholisi bilan poytaxt ichki ishlar organlari faoliyati masalalari bo‘yicha mahalliy telekanallar efirlarida maxsus ko‘rsatuvlarni berib borish orqali ochiq muloqotni o‘tkazadi;

har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga poytaxtda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;

b) muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlari har chorakda, ularning o‘rinbosarlari esa har oyda Toshkent shahri tumanlari xalq deputatlari Kengashlari majlislarida hisobot beradilar, bunda ular tomonidan yuklatilgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy ruhda muhokama qilinadi, ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi, shuningdek, egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi to‘g‘risida tavsiyalar qabul qilinadi;

v) ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari har oyda aholi oldida biriktirilgan hududlarda, har olti oy davomida ushbu hududda istiqomat qiluvchi barcha oilalarni qamrab olgan holda, ular tomonidan jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida qabul qilinayotgan choralar yuzasidan hisobot beradilar;

g) ichki ishlar bo‘limlarining profilaktika inspektorlariga:

xizmat o‘tash vaqtida agarda biriktirilgan hududda tezkor-profilaktik xizmat ko‘rsatilmay qolishiga olib keladigan bo‘lsa, hududni tashlab ketishga ruxsat berilmaydi;

ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun, birinchi navbatda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda respublika miqyosida bir-birlariga ijro etilishi majburiy bo‘lgan, tadbirlarni o‘tkazish va ma’lumot to‘plash bo‘yicha topshiriqlar berish huquqi beriladi.

6. Belgilansinki:

ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari lavozimlari ustuvorlik asosida profilaktika katta inspektorlari orasidan jamlanadi;

intizomiy jazo chorasi sifatida yoxud boshqa salbiy holatlarga ko‘ra, ichki ishlar organlarining boshqa bo‘linmalaridan o‘tkazilayotgan xodimlarni Toshkent shahri profilaktika inspektorlari lavozimlariga tayinlashga yo‘l qo‘yilmaydi;

Toshkent shahri profilaktika inspektorlari lavozim bo‘yicha biriktirilgan hududdagi fuqarolar yig‘ini kengashlari tarkibiga kiradi;

yangi tayinlangan Toshkent shahri profilaktika inspektorlarini mahalla fuqarolar yig‘ini oldida tanishtirish majburiy tartibda tuman hokimi va prokurori, muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi;

Toshkent shahri profilaktika inspektorlarining hududlararo rotatsiyasi faqatgina O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Bosh boshqarma boshlig‘i bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

Bosh boshqarmaga xizmatga, istisno tariqasida, Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar orasidan ham nomzodlarni tanlash va qabul qilishga ruxsat beriladi.

7. Toshkent shahri ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari zimmasiga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifalar bilan bir qatorda, quyidagilar ham yuklatilsin:

biriktirilgan hududda istiqomat qiluvchi shaxslarni o‘rganish va kelgusida ularning har biriga g‘ayriijtimoiy yoki boshqa huquqqa xilof xulq-atvor ehtimoli nuqtai nazaridan individual tashxis qo‘yish hamda profilaktik ahamiyatga ega ta’sirchan choralarni ko‘rish;

mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilashning eng muhim omili sifatida biriktirilgan hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish va aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlashga yo‘naltirilgan choralarni amalga oshirish.

8. 2018 yil 1 apreldan quyidagilar amaliyotga joriy qilinsin:

ichki ishlar bo‘limlari tomonidan jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini reyting tizimida baholashni o‘tkazish va bunda yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar bo‘limlarini, shu jumladan, ularning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmaganlik uchun jazo choralarini nazarda tutish;

Bosh boshqarmaning ?02» yagona telefon raqami bo‘yicha kelib tushayotgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni tergovga qadar tekshiruv yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish;

ichki ishlar bo‘limlarida o‘tkaziladigan yo‘riqnoma berishda Toshkent shahar mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi rahbarining kundalik ishtirok etishi.

9. Bosh boshqarma Matbuot xizmati Bosh boshqarma Axborot multimedia markazi (keyingi o‘rinlarda — Multimedia markazi) etib qayta tashkil etilsin, uning asosiy vazifalari etib o‘z ichiga quyidagilarni qamrab oluvchi materiallarni ijodiy yondashuv asosida tayyorlash hamda kunlik efirga uzatishni, shu jumladan, Internet tarmog‘iga joylashtirishni ta’minlash belgilansin:

Toshkent shahrida sodir etilgan, ayniqsa, jamoatchilik o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lgan jinoyat va hodisalar to‘g‘risidagi xolis ma’lumotlar;

jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari ish jarayoni va erishilgan natijalar haqidagi ma’lumotlar;

ichki ishlar organlari faoliyatini obro‘sizlantiradigan ishonchsiz va noto‘g‘ri ma’lumotlarga raddiya berish.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan:

Multimedia markazi xodimlariga lavozim maoshining 100 foizi miqdorida oylik ustama to‘lanadi;

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Bosh boshqarma boshlig‘iga Multimedia markaziga mutaxassislar (muxbir, operator, videomontajchi, IT-mutaxassis, studiya-apparat majmuasi muhandisi va boshqalar)ni mehnat bozorining amaldagi kon’yukturasini hisobga olib, to‘lov miqdorini belgilagan holda shartnoma asosida ishga jalb etish huquqi berilsin.

10-19. Maxfiy.

20. Toshkent shahar hokimligi:

a) tumanlar sektorlari rahbarlari bilan birgalikda bir haftalik muddatda ushbu qarorga muvofiq sektorlarga ichki ishlar bo‘limlari biriktirilishini hisobga olgan holda hududlarning taqsimlanishi chegaralari qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

ichki ishlar bo‘limlarini kengaytirish va moddiy-texnik jihozlash, shu jumladan, yangi tashkil etilayotganlarini joylashtirish, shuningdek, xizmat o‘tashning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun zarur boshqa tashkiliy masalalarni hal etish;

Toshkent shahrining yirik bozorlari va savdo majmualarida ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzish choralarini ko‘rsin;

v) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ichki ishlar bo‘limlari xodimlarini, birinchi navbatda, profilaktika inspektorlari va tezkor vakillarini maqsadli dasturiy ta’minot o‘rnatilgan va ichki ishlar organlari elektron axborot tizimlarining ma’lumotlar bazalariga ulangan xizmat uyali telefonlari (planshetlar) bilan bosqichma-bosqich ta’minlasin;

g) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat soliq xizmati, sanitariya-epidemiologiya nazorati, sog‘liqni saqlash va davlat veterinariya xizmati bo‘linmalarining Toshkent shahri bozorlari va savdo komplekslarida xizmat olib borish tartibini, ularning faoliyatini shartnoma asosida tashkil etish imkoniyatini nazarda tutgan holda, tubdan qayta ko‘rib chiqsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tizimli ravishda innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda quyidagilarni tashkil etsin:

a) muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari uchun ularning boshqaruv faoliyatidagi mahoratini oshirishga hamda ishni zamonaviy talablar asosida tashkil etishga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv kurslari;

b) quyidagilarni nazarda tutgan holda Toshkent shahar ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarini maxsus kasbiy tayyorlash bo‘yicha ikki oylik kurslari:

o‘quv mashg‘ulotlariga huquqni muhofaza qiluvchi organlarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida katta ish tajribasiga ega bo‘lgan xodimlarini jalb qilish;

profilaktika inspektorlariga maxsus kasbiy tayyorgarlik kurslarini o‘taganligi to‘g‘risida sertifikatlar berish:

maxsus kasbiy tayyorgarlik kurslari yakunlari bo‘yicha imtihonlarni qoniqarsiz topshirgan profilaktika inspektorlarini egallab turgan lavozimidan ozod qilish;

v) Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti negizida Bosh boshqarma va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarida eng yangi, shu jumladan, «Xavfsiz shahar» apparat-dasturiy kompleksidan samarali foydalanish imkonini beruvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturlari.

22. Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Bosh boshqarma boshlig‘iga — amaliy boshqaruv qarorlarini qabul qilish, tahlil faoliyatini sifatli tashkil qilish, muvofiqlashtirish boshqarmalari ishi samaradorligini tizimli baholash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida qabul qilinadigan choralar nazorati uchun;

muvofiqlashtirish boshqarmalari boshliqlariga — zimmalariga yuklatilgan boshqaruv va muvofiqlashtirish funksiyalarini sifatli va to‘liq amalga oshirish, kuch va vositalarni, shu jumladan, biriktirilgan tuman ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlarini maqsadli taqsimlash va foydalanish uchun;

ichki ishlar bo‘limlari boshliqlariga — eng avvalo, huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi sohasida ko‘rilayotgan choralarning yakuniy natijalari, qo‘l ostidagi shaxsiy tarkib bilan samarali tarbiyaviy ishlarni olib borish, ularning oldiga vazifalarni to‘g‘ri qo‘yish va zimmasiga yuklatilgan xizmat vazifalarining kundalik bajarilishi ustidan ta’sirchan nazorat uchun shaxsiy mas’uliyat yuklatilsin.

23. Ichki ishlar vazirligi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 sentabrga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida «Jamoat tartibini saqlashda fuqarolarning ishtiroki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin;

b) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagi choralarni ko‘rsin:

Bosh boshqarmaning ?02» yagona telefon raqami bo‘yicha kelib tushayotgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni tergovga qadar tekshirish yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlarni rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Axborot markazi tomonidan shakllantiriladigan jinoyatchilik sohasidagi statistik hisobot shakllarini o‘zgartirish va ularda aniqlanadigan latent jinoyatlarga hamda jinoyatlar xususiyatlari va ularni sodir etish joyi, shu jumladan, mahalla hududi kesimida hisobga olishga differensial yondashuvni nazarda tutish.

24. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining, shuningdek, Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

Toshkent shahrining tumanlarida huquqbuzarliklar profilaktikasi, tadbirkorlikni rivojlantirish va muammoli oilalar bilan ishlash ustidan nazorat qilish jamoatchilik kengashlari (keyingi o‘rinlarda — jamoatchilik kengashlari)ni tuzish;

jamoatchilik kengashlari tarkibini Toshkent shahri tumanlari xalq deputatlari Kengashlari deputatlari raisligida mahalla faollari, mehnat faxriylari, fan, madaniyat va san’at vakillari, mashhur sportchilar va boshqa jamoatchilik vakillari hisobidan shakllantirish;

jamoatchilik kengashlarini mahallalar va Toshkent shahri tumanlari xalq deputatlari Kengashlari deputatlari soniga mutanosib ravishda sektorlarga biriktirish.

Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga bir oy muddatda jamoatchilik kengashlari ishini tashkil qilish tartibi, vakolatlari, ularning faoliyatini baholash mexanizmlari va mezonlarni belgilab beruvchi Huquqbuzarliklar profilaktikasi, tadbirkorlikni rivojlantirish va muammoli oilalar bilan ishlash ustidan nazorat qilish jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash tavsiya qilinsin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

ikki hafta muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda Toshkent shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari va ularning ichki ishlar bo‘limlari to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin, unda har bir sohaviy xizmatning aniq vazifa va funksiyalarini, shuningdek, boshqarma va bo‘limlar boshliqlarining har bir o‘rinbosari vakolatlari va javobgarligining aniq doirasini belgilasin;

bir oy muddatda ichki ishlar bo‘limlari tomonidan jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar samaradorligini reyting tizimida baholash to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

bir oy muddatda ichki ishlar bo‘limlarining sektorlararo va tumanlararo, shu jumladan, respublikaning boshqa mintaqalaridagi ichki ishlar organlari bilan o‘zaro hamkorligi bo‘yicha uyg‘unlashgan mexanizmni nazarda tutuvchi tartibni belgilasin;

bir oy muddatda Toshkent shahar patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlari naryadlarining yagona dislokatsiyasini ichki ishlar bo‘limlari faoliyat yuritishini hisobga olgan holda tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin;

2018 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi tomonidan Toshkent shahar ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari faoliyatini maqsadli o‘rganib, ular ishini tashkil etish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan aniq takliflar ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini ta’minlasin;

ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Toshkent shahrida transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtab turish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish to‘g‘risida takliflar kiritsin, bunda haydovchisi bo‘lmaganda ham noto‘g‘ri to‘xtab turish holatini qayd etish va bayonnomalar tuzilishi nazarda tutilsin;

piyodalarda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etish madaniyatini yuksaltirish, shu jumladan, kompleks tushuntirish ishlarini o‘tkazish va ularni ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortish orqali ta’sirchan choralarni amalga oshirsin;

ikki oy muddatda muvofiqlashtirish boshqarmalari va ichki ishlar bo‘limlari xodimlarini bosqichma-bosqich tabel o‘qotar quroli o‘rniga qo‘llashning qat’iy tartibi va shartlarini belgilagan holda elektroshok vositalari bilan ta’minlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Toshkent shahar hokimligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Bosh boshqarma Axborot multimedia markazini joylashtirish, uni zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, keng qamrovli Internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

26. Belgilansinki, ushbu qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslantirilgan hisob-kitoblari bo‘yicha har yili ajratiladigan byudjet mablag‘lari, Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida amalga oshiriladi.

27. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mazkur qaror bilan joriy etilayotgan tizimi samaradorligi yuzasidan tizimli monitoringni amalga oshirsin hamda 2018 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bunday amaliyotni respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.

28. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2018 yil 14 fevral



DB query error.
Please try later.