Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Aprel 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 31 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 1 2 3 4 5 6
28.11.2017

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING BIRINCHI PREZIDENTI, BUYUK DAVLAT VA SIYOSAT ARBOBI ISLOM ABDUG‘ANIYEVICH KARIMOV TAVALLUDINING 80 YILLIGINI NISHONLASH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olib hamda u kishining xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda keng jamoatchilikning O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tavalludining 80 yilligini nishonlash (keyingi o‘rinlarda yubiley tadbirlari deb ataladi) to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda Tashkiliy qo‘mita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mita ushbu sanani nishonlash bo‘yicha tadbirlar rejasini ikki hafta muddatda ishlab chiqsin.

Tadbirlar rejasida quyidagilar nazarda tutilsin:

2018 yil yanvar oyida Samarqand shahrida Islom Karimov xotirasiga atab bunyod etilgan maqbara majmuasini ochish;

Qarshi shahrida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab haykal o‘rnatish va tantanali ochilish marosimini o‘tkazish;

«O‘zbekkino» Milliy agentligi tomonidan Islom Karimov hayoti va faoliyati haqida hujjatli film yaratish;

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (solnoma)» kitobini, «Ma’naviyat» nashriyotida Islom Karimovning «Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir», «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asarlarini, shuningdek, «Prezidentga maktublar» kitobini nashr etish hamda belgilangan tartibda ta’lim maskanlari, axborot-resurs markazlari, madaniy-ma’rifiy muassasalar va mahallalarga yetkazish;

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi bilan birgalikda «Islom Karimov — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoschisi» mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;

2018 yilning I choragida «Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola» tanlovini yakunlash va uning g‘oliblarini taqdirlash;

ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, turli soha mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etish.

4. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan «Islom Karimov — mustaqil O‘zbekiston asoschisi» kitob-albomi nashrga tayyorlangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yubiley tadbirlarida xorijiy mehmonlar, olimlar va ekspertlar ishtirokini ta’minlashda hamda ularga respublikaga kirish vizalarining konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishida amaliy yordam ko‘rsatsin.

6. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati yubiley tadbirlariga taklif etilgan xorijiy mehmonlar uchun respublika ichki qatnovlariga yo‘l chiptalarini band qilish va sotib olish, ularni mamlakatimizdagi xalqaro aeroport va temir yo‘l vokzallarining VIP zallari orqali kutib olish va kuzatishni ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yubiley tadbirlarini o‘z vaqtida va uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun zarur mablag‘ ajratsin.

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan yubiley tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha zarur tashkiliy chora-tadbirlarni ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va ularning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga yubiley bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2017 yil 27 noyabr



DB query error.
Please try later.