Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
06.06.2017

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORIGA SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga

SHARH

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratildi, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va maqsadli tayyorlash ishlarini tizimli tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Yurtimizda o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida tobora ommalashib borayotgan, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimiz uchun chinakam chiniqish va mahorat maktabiga, katta hayot yo‘liga parvoz maydonchasiga aylanib ulgurgan «Umid nihollari», «Barkamol avlod», Universiada sport musobaqalarini o‘zida mujassamlagan uch bosqichdan iborat yaxlit tizim yaratildi. Mazkur tizim orqali bugungi kunda nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilar yetishib chiqmoqda. Eng muhimi, ushbu musobaqalar yoshlarimizni ommaviy tarzda sportga, sog‘lom turmush tarziga oshno qilish vositasiga aylandi.

Faqat so‘nggi besh yil ichida respublikamizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shuningdek, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan 1 trillion 230 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan qamrab olish, mamlakatimizning barcha hududlarida jismoniy tarbiya va ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma’naviy sog‘lomlik hamda yetuklikning asosiy shartlaridan biri ekanligini faol targ‘ib etish, yoshlarga o‘z qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular orasidan sport sohasida alohida iqtidor egalarini saralab olish va maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi masalalar tizimli asosdagi yechimini kutmoqda. Qator sport muassasalarining moddiy-texnik bazasi zamon talablariga javob bermaydi, sport inshootlaridan samarali foydalanish darajasi pastligicha qolmoqda.

Mazkur sohada to‘planib qolgan muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlanib, unga muvofiq keng ko‘lamli, aniq maqsadli ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, dasturga muvofiq:

jismoniy tarbiya va sport sohasini tashkil etish va boshqarish tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish;

jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport komplekslarini qurish, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, mazkur sohada xususiy sektorni rivojlantirish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sport maktablarini yuqori malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlash;

ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etish, kompleks sport musobaqalarini o‘tkazish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularni maqsadli tayyorlash kabi yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Dastur ijrosi doirasida sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktablari va bolalar-o‘smirlar sport maktablarining shtatlar jadvaliga «Sportchi» lavozimi joriy etilishi O‘zbekiston milliy terma jamoalari a’zolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan muhim qadam vazifasini o‘taydi.

Dasturda, shuningdek, barcha ta’lim muassasalari sport inshootlarida darsdan so‘ng o‘quvchi va talabalar uchun sport to‘garaklari hamda sport klublari faoliyatini tizimli tashkil etish va boshqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida hamda bolalar-o‘smirlar sport maktablarida «Sport to‘garagi va seleksiya bo‘yicha trener» lavozimini kiritish belgilangan. Mazkur lavozimni joriy etish orqali ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan sport to‘garaklari bilan qo‘shimcha ravishda minglab o‘quvchi va talabalarni qamrab olishga erishiladi va ularga sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishlariga qulay imkoniyatlar yaratiladi.

Bundan tashqari, dasturda jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari va sport klublari faoliyatini olimpiya, milliy va boshqa sport turlari kesimida reyting baholash tizimini joriy etish belgilangani ularning faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining «Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi» ko‘krak nishonining ta’sis etilishi esa soha fidoyilari mehnatini yanada munosib rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Dasturga ko‘ra, o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan uch bosqichdan iborat «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada sport o‘yinlari dasturlarini sportning ommaviy turlari hisobiga kengaytirish, nufuzini oshirish va musobaqa g‘oliblarini munosib rag‘batlantirish tizimini tubdan takomillashtirish nazarda tutilgan.

Yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, ularni maqsadli tayyorlash ishlarini tizimli ravishda tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha Respublika va hududiy kengashlar faoliyatining tashkil etilishi, jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari va sport klublariga iqtidorli sportchilarni saralab olish va qabul qilish jarayonida shaffoflik va xolislikni ta’minlash choralarining amalga oshirilishi pirovardida xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz yutuqlari salmog‘ini oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir.

Qarorda o‘z yechimini topgan muhim masalalardan yana biri –hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida sport tibbiyoti bo‘limlarining tashkil etilishi va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilab qo‘yilganidir.

Dastur doirasida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida jami 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi nazarda tutilgan bo‘lib, shundan 706,2 milliard so‘mdan ortiq qismi ushbu yillarda jami 167 ta sport inshooti, jumladan, 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash va qayta jihozlashga yo‘naltiriladi.

Qaror va dastur doirasida belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi jismoniy tarbiya va ommaviy sportning jamiyatimiz hayotidagi rolini yanada kuchaytirish, aholining barcha qatlamlari orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarga o‘z qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish orqali ularni ommaviy tarzda sportga, sog‘lom turmush tarziga oshno qilish, qolaversa, nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilarimiz saflarini tobora kengaytirishga xizmat qiladi.



DB query error.
Please try later.