Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
13.05.2017

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI O‘RMON XO‘JALIGI DAVLAT QO‘MITASINI TASHKIL ETISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Respublikamiz o‘rmon resurslarining boy salohiyatidan to‘la-to‘kis va oqilona foydalanishni ta’minlash, o‘rmon xo‘jaligi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlarini joriy etish, o‘rmon xo‘jaliklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni yanada faol jalb etish va ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘linmalariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tashkil qilinsin.

Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.

2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

o‘rmon xo‘jaligi sohasida o‘rmon boyliklarini har tomonlama kengaytirish va ulardan oqilona foydalanishga qaratilgan yagona davlat siyosatini yuritish;

o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularga rioya etilishini amaliy nazorat qilish;

o‘rmon fondi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarishni tashkil etish, o‘rmon barpo etish, ularni qayta tiklash, qo‘riqlash, muhofaza qilish, o‘rmonlardan oqilona va tejamli foydalanish;

respublikamizda o‘rmonlarni tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, tog‘ yonbag‘irlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlari bajarilishini tashkil qilish;

o‘rmon fondini, fauna va florasini o‘rganish hamda ularning qat’iy hisobini yuritish, o‘rmon xo‘jaligini yuritish amaliyotiga fan yutuqlari va ilg‘or tajribani joriy etish;

o‘rmonlarni yong‘inlardan, zararkunanda va kasalliklardan, noqonuniy daraxt kesishdan va boshqa o‘rmon qonunchiligi buzilishlaridan muhofaza qilish;

manzarali o‘simliklar ko‘chatlari va urug‘larini sertifikatlash va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish hamda joriy qilishni tashkil etish;

o‘rmon xo‘jaliklarida bir-biriga bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish, ko‘chat yetishtirish, dorivor o‘simliklar to‘plash, asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni chuqur qayta ishlash, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etish;

tarmoqqa xalqaro moliya institutlari grantlarini jalb etish va ekologik turizmni keng ko‘lamda rivojlantirish;

o‘rmon xo‘jaligi sohasida o‘rta maxsus va oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir;

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tarkibida quyidagilar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi;

Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari tashkil etilsin.

Belgilansinki, Andijon, Sirdaryo va Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaliklari bevosita O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga idoraviy bo‘ysunadi.

Belgilab qo‘yilsinki:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi va viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga va tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklariga hisobot beradi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining raisi O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;

viloyatlar o‘rmon xo‘jaligi boshqarmalarining boshliqlari, shuningdek, Andijon, Sirdaryo va Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaliklari boshliqlari viloyat hokimlarining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

5. Manzarali bog‘dorchilik va o‘rmon xo‘jaligi respublika ilmiy-ishlab chiqarish markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin.

Quyidagilar O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

ichki va tashqi bozorlar ehtiyojini tizimli o‘rganish asosida respublikada manzarali bog‘dorchilikni rivojlantirishning yagona strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;

manzarali, mevali daraxtlar va buta ko‘chatlari yetishtirish, dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini yaratish, tog‘ yonbag‘irlarida, cho‘l va lalmi yerlarda yetishtiriladigan, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli bo‘lgan o‘simliklar seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish;

o‘rmon fondi yerlarining ekologik holatini yaxshilash, o‘rmonlarni kengaytirish va qayta tiklash, cho‘lga aylanishining oldini olish, ihota o‘rmonlari barpo etish bo‘yicha samarali innovatsion usullarni ishlab chiqish;

manzarali o‘simliklar ko‘chatlari yetishtirishning ilmiy asoslarini hamda istiqbolli texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;

mintaqalarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qurg‘oqchilikka, zararkunanda va kasalliklarga chidamli o‘simliklar turlarini tanlash, manzarali o‘simliklarni rayonlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etishning ilmiy asoslangan texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;

import o‘rnini bosadigan dorivor o‘simliklar urug‘lari, shuningdek, manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari yetishtirishni tashkil etish;

manzarali o‘simliklar ko‘chatlarini sertifikatlash va standartlashtirishning yagona tizimini ishlab chiqish va joriy etishni tashkil qilish.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasini kiritsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat o‘rmon qo‘mitasini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasiga aylantirish to‘g‘risida» 2000 yil 7 fevraldagi PF-2536-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A.Golishev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2017 yil 11 may



DB query error.
Please try later.