Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 1 2 3
10.05.2017

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORIGA SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga

SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligi va samaradorligini oshirishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasidan kelib chiqadigan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qabul qilingan qaror yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishda ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq yo‘naltirilgan va tizimli ishlar olib borishda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish, shu asosda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq 2017 yilning 1 iyulidan boshlab joylardagi rahbarlarni moddiy rag‘batlantirish va ularning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirishning prinsipial jihatdan yangi tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlariga aholi bandligi o‘sishining tasdiqlangan har chorak prognoz ko‘rsatkichlarini bajarganligi yoki bajarmaganligi uchun lavozim maoshining 15 foizi miqdorida mos ravishda mukofot beriladi yoki jarima solinadi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga hamda iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlariga esa ular lavozim maoshlarining 20 foizi miqdorida huddi shunday mukofotlash yoki jarima solish choralari qo‘llaniladi.

Qarorning muhim jihati shundan iboratki, unda aholi bandligi o‘sishining mezoni sifatida aholini davlat ijtimoiy sug‘urta hamda mehnat va pensiya qonunchiligi tizimlari bilan qamrab olingan doimiy, barqaror ishga joylashtirilishi belgilangan. Aynan shunday bandlik shakli mehnat kafolatlarini himoyalash, pensiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun mehnat stajini hisobga olish, uy-joy sotib olish va oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun olingan kreditlarni to‘lashda soliq imtiyozlariga ega bo‘lish hamda aholining kundalik hayotida zarur bo‘ladigan boshqa amaldagi qonunchilik me’yorlaridan fuqarolarimiz to‘laqonli foydalanishiga barcha imkoniyat yaratadi.

Shu munosabat bilan qarorda joylardagi rahbar xodimlarga mukofot berish yoki ularning lavozim maoshlaridan jarima undirish miqdorini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘layotgan aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi hisobga olinishi belgilab qo‘yilgan.

Aholi bandligi o‘sishining mamlakatimiz hududlari, tuman va shaharlari kesimida prognoz ko‘rsatkichlari 2018 yildan boshlab har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan Aholi bandligi dasturi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari bilan tasdiqlanadigan aholi bandligining manzilli hududiy dasturlari bilan belgilanadi. 2017 yilning uchinchi va to‘rtinchi choraklarida aholi bandligi o‘sishining O‘zbekiston Respublikasi hududlari kesimida prognoz ko‘rsatkichlari qabul qilingan mazkur qaror hamda mahalliy ijro hokimiyati organlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlanadi.

Qayd etish muhimki, mazkur qaror bilan Aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlarini bajarganligi uchun mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi va ushbu nizomda aniq va tasdiqlangan ma’lumotlarga asoslangan holda tegishli rahbarlarga nisbatan rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash choralari qo‘llashning aniq, ravshan va shaffof mexanizmini joriy etish ko‘zda tutildi.

Shuningdek, nizomda band bo‘lgan aholi soni va uning o‘sishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq xizmati organlari va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ma’lumotlar bazasidagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallarini to‘lovchi jismoniy shaxslarning identifikatsiya raqami (STIR) asosida shakllantiriladi.

Nizomga muvofiq mehnat hududiy boshqarmasi, davlat soliq boshqarmasi va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi aholi bandligi o‘sishi prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorakda shakllantirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga taqdim etadilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari olingan ma’lumotlar asosida uch ish kuni davomida tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning birinchi o‘rinbosarlarini mukofotlash yoki ularning lavozim maoshlaridan jarima undirish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi olingan ma’lumotlar asosida uch ish kuni davomida aholi bandligi o‘sishining prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi axborotni har bir hudud bo‘yicha shakllantirib, mazkur qaror bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida maxsus tashkil etilgan Mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini aholi bandligini oshirish uchun moddiy rag‘batlantirish va shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyaga taqdim etishlari lozim.

Nizomga ko‘ra Komissiya olingan ma’lumotlar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini va ularning birinchi o‘rinbosarlarini moddiy rag‘batlantirish yoki ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, tasdiqlangan nizomga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Markaziy bankga bir oy muddatda aholi bandligi o‘sishini ta’minlash uchun iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlarini moddiy rag‘batlantirish va ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirig‘i yuklatilgan.

Bunda iqtisodiy kompleksning tegishli hududiy organlari rahbarlari uchun aholi bandligi o‘sishining ko‘rsatkichlari va mezonlari sifatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida ishga tushirilgan loyihalari, xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirishning «yo‘l xaritalari» va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikni, shaxsiy tomorqa va dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha ishga joylashtirilgan fuqarolar hamda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini kreditlash, kasb-hunarga qayta o‘qitish va jamoat ishlariga jalb etish hisobiga ishga joylashgan aholi soni qabul qilinishi lozim.

Alohida qayd etish lozimki, qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, iqtisodiy kompleksning hududiy organlari rahbarlari o‘z ish faoliyatida iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari hamda tadbirkorlik subyektlariga ular faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni, jumladan, joylarga chiqqan holda tizimli hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish, shu asosda band bo‘lmagan aholini, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalarini hal qilishga qat’iy va so‘zsiz rioya etish to‘g‘risida topshiriqlar berilgan.

Shu bilan birga, qarorda mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlarining aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish to‘g‘risida me’yor ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlari uzluksiz ikki chorak davomida yoki yil davomida uch chorakda bajarilmagan taqdirda ularning egallab turgan lavozimlariga noloyiqligi masalasi ko‘rib chiqiladi.

Mazkur qarorning amalga oshirilishi natijasida quyidagilarga:

birinchidan, aholining barqaror bandligini ta’minlashda tizimli va aniq yo‘naltirilgan ishlarni amalga oshirish uchun mahalliy ijro hokimiyati va iqtisodiy kompleks hududiy organlari rahbarlariga kerakli rag‘batlantirish choralarini yaratish va ularning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirishga;

ikkinchidan, davlat ijtimoiy sug‘urtasi, mehnat va pensiya qonunchiligi tizimining barcha afzalliklari bilan to‘liq qamrab olingan doimiy ish o‘rinlari hisobiga aholi bandligi o‘sishiga;

uchinchidan, barqaror bandlikni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish orqali aholi daromadlari oshishiga va turmush darajasi sifati yaxshilanishiga, soliq tushumlari va pensiya ajratmalari bazasini kengaytirishga imkon yaratiladi. 



DB query error.
Please try later.