02.05.2017

O‘ZBEKISTON STANDARTLASHTIRISH, METROLOGIYA VA SERTIFIKATLASHTIRISH AGENTLIGI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro standartlarni va texnik reglamentlarni tizimli joriy etish, O‘zbekiston Respublikasi Milliy etalonlar bazasini rivojlantirish asosida mahalliy mahsulotlarning raqobatdoshligini oshirish, shuningdek, «O‘zstandart» agentligining tuzilmasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining ustuvor vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni jadal joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash va tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish;

mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini birinchi navbatda eksport qiluvchi korxonalarda keng joriy etish va sanoat mahsulotlarini xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlashtirishni amalga oshirish;

eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarni sertifikatlashtirish masalalarida qulay sharoitlarni yaratish, milliy sertifikatlar va muvofiqlikni baholash ishlari natijalari asosiy eksport bozorlarida tan olinishiga yo‘naltirilgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish;

texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish, sotiladigan mahsulotlar xavfsizligini tizimli nazorat qilishni ta’minlashda ularning samaradorligini oshirish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, tadbirkorlik subyektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari turlarini kengaytirish;

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohalarida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

2. «O‘zstandart» agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:

a) «Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi» davlat korxonasini, unga:

«Toshkent shahar sinov va sertifikatlashtirish markazi» davlat korxonasini qo‘shish;

«O‘zstandart» agentligi markaziy apparati tuzilmasidan chiqarilayotgan Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosini o‘tkazish yo‘li bilan qayta tashkil etish;

b) «O‘zstandart» agentligi qoshida:

«O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi» davlat korxonasini («O‘zbekakkreditatsiya» DK) tashkil etish;

mavjud «Milliy etalonlar markazi» davlat muassasasi, «Metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi» davlat korxonasi va «Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti» davlat muassasasining metrologik bo‘linmalari negizida «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonasini («O‘zMMI» DK) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.

3. Quyidagilar davlat korxonalari faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:

a) «O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi» davlat korxonasining:

muvofiqlikni baholash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etishi;

muvofiqlikni baholash organlari va metrologik xizmatlarni xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiya qilish, shuningdek, muvofiqlikni baholash organlari va metrologik xizmatlari tomonidan belgilangan shartlar va talablar bajarilishi ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshirishi;

xalqaro va milliy akkreditatsiya organlari bilan faol hamkorlik qilishi;

b) «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonasining:

O‘zbekiston Respublikasi Milliy etalonlar bazasini takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirishi;

etalonlar, eng yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalarini saqlab turishi, ularni xalqaro darajada solishtirishi, shuningdek, o‘lchov birliklarini saqlashi va uzatishi;

o‘lchovlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha normativ hujjatlarni ishlab chiqishi, metrologik nazorat natijalarini o‘zaro tan olish bo‘yicha xalqaro shartnomalarni amalga oshirishi;

metrologik tekshiruvni va metrologiya sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishi.

4. 2017-2020 yillarda «O‘zstandart» agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

5. O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi markaziy apparati boshqaruv xodimlarining 39 nafardan ko‘p bo‘lmagan yangilangan tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar standartlashtirish va metrologiya boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni 4 va 4«a»-ilovalariga muvofiq;

2018-2021 yillarda «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonasi tomonidan xarid qilinadigan etalonlar va eng yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktoriga zarur hollarda markaziy apparat va quyi tashkilotlar tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

6. Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha idoralararo kengash tugatilib, Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirishni rivojlantirish va mahsulot sifatini boshqarish tizimlarini joriy etishni muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh 6-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Maxsus ishchi guruh zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:

standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va mahsulotlar sifatini boshqarish tizimlarini joriy etish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash hamda qonunchilik va normativ hujjatlarni ishlab chiqishni tashkillashtirish;

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiyaning milliy tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish;

respublikamiz korxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan mahsulot sifatini boshqarish tizimlarini joriy etish va sertifikatlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish va ularning tizimli monitoringini amalga oshirish.

7. «O‘zstandart» agentligi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Parij shahrida 1875 yil 20 mayda qabul qilingan Metrik konvensiyaga qo‘shilish masalasini o‘rganib chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tegishli taklif kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda 5-ilovada qayd etilgan etalonlar va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini xarid qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni nazarda tutsin.

9. «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonasi Toshkent shahri, Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasi, 333«a», 333«b» uylarda;

«O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi» davlat korxonasi Toshkent shahri, Olmazor tumani, Forobiy va Harakat ko‘chalarida joylashtirilsin.

10. «O‘zstandart» agentligi yangi tashkil etilgan «O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi» davlat korxonasini yuqori malakali kadrlar, moddiy-texnik va moliyaviy manbalar bilan ta’minlash orqali uning samarali faoliyat yuritishini tashkil etsin.

11. Istisno tariqasida:

«O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, etalonlarni tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi xorijiy metrologik tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali etalonlar va eng yuqori aniqlikdagi o‘lchov vositalarini xarid qilish;

«O‘zstandart» agentligi va uning tashkiliy tuzilmalariga «Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi» davlat korxonasi bilan texnik va tizimli xizmat ko‘rsatish, jumladan, server va telekommunikatsiya uskunalariga, komputer va tashkiliy texnikaga xizmat ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va kuzatib borish, shuningdek, axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tender (tanlov) o‘tkazmagan holda shartnomalar tuzish ruxsat etilsin.

12. «O‘zstandart» agentligi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda «O‘zstandart» agentligi va uning bo‘linmalari shtat jadvallari va xarajatlar smetasiga 2017 yil uchun smeta xarajatlarida nazarda tutilgan shtat birliklari va byudjet ajratmalari doirasida, mazkur qarordan kelib chiqadigan tegishli o‘zgartishlar kiritsin;

belgilangan tartibda «O‘zbekiston muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish markazi» va «O‘zbekiston milliy metrologiya instituti» davlat korxonalari nizomlarini tasdiqlasin va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.U.Rozuqulov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2017 yil 28 aprel



DB query error.
Please try later.