23.02.2017

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SUD TIZIMI TUZILMASINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH VA FAOLIYATI SAMARADORLIGINI OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi.

O‘tgan yillar davomida sudni hokimiyatning mustaqil va alohida tarmog‘i sifatida tashkil etish, uni o‘tmishdagi jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini muhofaza qiluvchi hamda ishonchli himoya qiluvchi davlatning chinakam mustaqil institutiga aylantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tartibini yanada takomillashtirish zarur. Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi aniq huquqiy maqomga ega emas, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi va cheklangan vakolatlarga ega.

Bundan tashqari, sud hokimiyatining ikki oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining mavjudligi sud tizimini boshqarish vazifalarining takrorlanishiga, yagona sud amaliyoti ta’minlanmasligiga olib kelmoqda.

Harbiy sud sudyalarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiritilganligi, adliya organlari tomonidan umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash tartibi sud hokimiyatining mustaqilligi tamoyiliga muvofiq kelmayapti.

Sudlar tizimining amaldagi tuzilmasi va shtat birligi xizmat vazifalarini oqilona taqsimlash imkonini bermayapti, bu esa ularni zamon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirish va maqbullashtirishni talab etadi.

Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarining ishonchli sud himoyasini ta’minlash, ma’muriy sud ish yurituvini amalga oshirish bo‘yicha konstitutsiyaviy normani, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirish zarurati ma’muriy sudlar tizimini tashkil etishni taqozo etmoqda.

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadigan va O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadigan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tashkil etilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi tugatilib, uning 21 nafar bo‘shayotgan ijro apparati shtat birligi Kengashga o‘tkazilsin.

3. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:

sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalarni tayinlash, shuningdek, rahbar sudyalik lavozimlariga ko‘rsatish uchun tavsiya berish yo‘li bilan sudyalar korpusini shakllantirish;

sudyalar daxlsizligi buzilishining va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

sudyalarni kasbiy tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etish, ularning faoliyati samaradorligini baholash, shuningdek, sudyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish;

ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik olib borish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, sudyalar tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi masalalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish;

sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash;

sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish, shuningdek, ularni jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortishga xulosa berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish.

4. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudining raislari, rais o‘rinbosarlari, sudyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan saylanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlari Kengashning taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, tuman (shahar), tumanlararo sudlari sudyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Kengash tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazini boshqaruv xodimlari cheklangan soni 21 nafar bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazi sifatida o‘zgartirish haqidagi taklifi ma’qullansin.

6. Kengash tarkibini shakllantirishning quyidagi tartibi belgilansin, unga ko‘ra:

Kengash raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tayinlanadi;

o‘n bir nafar a’zo Kengash raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Kengash a’zosi lavozimidagi davrida sudyalik maqomi saqlangan holda sudyalar orasidan tasdiqlanadi;

to‘qqiz nafar a’zo O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan tasdiqlanadi.

7. Doimiy asosda ishlovchi Kengash a’zolariga sudyalar uchun belgilangan kafolatlar, mehnatga haq to‘lash shartlari va imtiyozlar tatbiq etilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi va Mudofaa vazirligining 2017 yil 1 iyundan:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudini birlashtirish, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudini tashkil etish;

ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolarni, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarini, tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlarning 159 ta shtat birligini qisqartirish va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining qo‘riqlash vzvodini tugatish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlar shtat birliklarini sudyalar va harbiy sudlar xodimlaridagi harbiy xizmatchilar huquqiy maqomi, shu jumladan, harbiy xizmatchilar uchun belgilangan huquq, imtiyoz va afzalliklar saqlanmagan holda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Harbiy hay’atini tugatib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atini tashkil etish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari etib o‘zgartirish;

ishlarni birinchi instansiyada ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan 71 ta tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarini tashkil etish;

amaldagi sud majlisi kotibi lavozimini tugatib, belgilangan umumiy shtat birligi doirasida sudlarning tuzilmalariga sudya katta yordamchisi, yordamchisi lavozimlarini kiritish, ularga tegishli ravishda Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning 10 —12 va 8 razryadlarini belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Belgilab qo‘yilsinki, xo‘jalik sudlarining amaldagi sudyalari vakolat muddati tugaguniga qadar Oliy sud va tegishli Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlarining sudyalari sifatida o‘z faoliyatini amalga oshirishni davom ettiradilar.

9. Yangidan tashkil etilayotgan sudlarni to‘ldirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining qo‘shimcha 560 ta shtat birligi, shu jumladan, 318 ta sudyalik shtat birligi ajratilsin.

Boshqaruv xodimlari sonining cheklangan shtati quyidagi miqdorlarda belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uchun 168 ta birlik, shundan sudyalar — 67 ta birlik;

fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari uchun 313 ta birlik, shundan sudyalar — 108 ta birlik, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari uchun 654 ta birlik, shundan sudyalar — 252 ta birlik;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari uchun 128 ta birlik, shundan sudyalar — 58 ta birlik, tuman (shahar) ma’muriy sudlari uchun 408 ta birlik, shundan sudyalar — 204 ta birlik;

jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari uchun 326 ta birlik, shundan sudyalar — 115 ta birlik, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari uchun 898 ta birlik, shundan sudyalar — 321 ta birlik;

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, hududiy harbiy sudlar uchun 28 ta birlik, shundan sudyalar — 10 ta birlik;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari uchun 117 ta birlik, shundan sudyalar — 59 ta birlik, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari uchun 433 ta birlik, shundan sudyalar — 181 ta birlik.

10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzurida Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti (keyingi o‘rinlarda — Oliy sud huzuridagi Departament):

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamenti sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash bo‘linmalarining 51 ta boshqaruv xodimi shtat birligini o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlari sudyalari harbiy xizmatchi maqomini yo‘qotganligi munosabati bilan davlat byudjeti mablag‘lari tejalishi hisobiga 17 ta boshqaruv xodimi shtat birligini kiritish yo‘li bilan tashkil etilsin.

Oliy sud huzuridagi Departamentning cheklangan soni 68 ta birlik, shu jumladan, markaziy apparatda — 12 ta birlik, hududiy bo‘limlarda — 56 ta birlik miqdorida belgilansin.

11. Oliy sud huzuridagi Departamentning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash bo‘yicha ishni tashkil etish, shuningdek, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;

sud binolarini qurish va ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning samarali sarflanishini ta’minlash, sudlar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish;

sudyalar va sud apparati xodimlarining mehnat sharoitlarini, moddiy va ijtimoiy ta’minotini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

12. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tuzilmasi, shtat jadvali, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi a’zolari va ijro apparati xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatiga haq to‘lash razryadlari 1—3-ilovalarga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti markaziy apparatining tuzilmasi, uning hududiy bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi 5—6-ilovalarga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlari tizimining tashkiliy-shtat tuzilmasi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining tuzilmasi 7—8-ilovalarga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, shuningdek, tuman (shahar) ma’muriy sudlarining namunaviy tuzilmalari 9—10-ilovalarga muvofiq;

fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining namunaviy tuzilmalari 11—12-ilovalarga muvofiq;

jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining namunaviy tuzilmalari 13—14-ilovalarga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarining namunaviy tuzilmalari, tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarining yurisdiksiya hududlari 15—17-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga zarur hollarda boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida tegishli sudlarning tuzilmalariga Kengash bilan kelishilgan holda o‘zgartirish kiritish huquqi berilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uch oy muddatda:

harbiy sudlar tuzilmalari qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlarining barcha shaxsiy tarkibini haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish masalasi bo‘yicha qaror qabul qilsin;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Harbiy hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, okrug va hududiy harbiy sudlar tomonidan foydalanilayotgan binolar, xizmat turar joylari, transport vositalari, mebellar, komputer texnikalari va boshqa mulklarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda o‘tkazilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi:

Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazi haqidagi nizom, uning tuzilmasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarorlari loyihalari ishlab chiqilishi va kiritilishini;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida sud va boshqa yuridik kadrlarni kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirishning yagona tizimini yaratish bo‘yicha taklif kiritilishini;

Kengash bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudini, yangidan tashkil etilayotgan sudlarni yuqori malakali kadrlar bilan, birinchi navbatda, mazkur Farmonga muvofiq lavozimi qisqartirilayotgan sudyalar va sud xodimlari hisobidan to‘ldirilishini;

yangidan tashkil etilayotgan sudlar, shuningdek, Oliy sud huzuridagi Departament va uning hududiy bo‘limlari joylashtirilishini, mebel, komputer texnikasi va aloqa vositalari bilan jihozlanishini;

Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar, shu jumladan, ma’muriy sudlar tashkil etilishi munosabati bilan fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar, yangidan tashkil etilayotgan iqtisodiy sudlar vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, sudlarning apellatsiya va kassatsiya instansiyalari quyi turuvchi sudning qarorini o‘zgartirgan yoki bekor qilgan taqdirda ishni yangidan ko‘rib chiqishga yubormasdan turib, yakuniy qaror chiqarish bo‘yicha vakolatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishini va kiritilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda bir oy muddatda yangidan tashkil etilayotgan sudlarning joylashtirilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Adliya vazirligi va Mudofaa vazirligi bilan birgalikda tegishli sudlarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarining tasdiqlanishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishini, shuningdek, harbiy sudlarni ta’minlash uchun ajratiladigan pul mablag‘larining qisqarishini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining xarajatlar smetasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlasin;

Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasining kuzatuv kengashi bilan birgalikda yangidan tashkil etilayotgan sudlar, shuningdek, Oliy sud huzuridagi Departament va uning hududiy bo‘limlari joylashtirilishi, mebel, komputer texnikasi va aloqa vositalari bilan jihozlanishi hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan moliyaviy mablag‘larning Jamg‘arma hisobidan ajratilishini ta’minlasin;

ushbu Farmonni amalga oshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar 2017 yilda ajratilsin, 2018 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan byudjet mablag‘lari ajratilishini nazarda tutsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudini ushbu Farmon vazifalari va talablariga mos keladigan ma’muriy binoga joylashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oliy sud bilan birgalikda uch oy muddatda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish holatini tanqidiy o‘rgansin hamda sud tizimi faoliyati samaradorligini va aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgan axborot tizimlari va resurslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar Dasturini tasdiqlash haqidagi tegishli hukumat qarori loyihasini kiritsin.

19. Mazkur Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali, sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF—4947-sonli «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni bilan tashkil etilgan Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2017 yil 21 fevral



DB query error.
Please try later.