18.02.2017

Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishida akademik fanning ahamiyatini yanada oshirish, Fanlar akademiyasining nufuzini yuksaltirish va faoliyatini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni boshqarish va tartibga solishning yagona tizimini shakllantirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilm-fanning o‘rnini oshirish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining asosiy vazifa va faoliyati yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin: 

tabiiy, texnik va ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish; 

ilm-fanning ta’lim va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish; 

iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda, fan va texnologiyalarni rivojlantirishning, davlat ilmiy-texnik dasturlarining ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirishga doir takliflar ishlab chiqish; 

jahon va respublika ilm-fan yutuqlarini o‘rganish va tahlil qilish, ulardan O‘zbekiston Respublikasi manfaatlari yo‘lida foydalanish borasida tavsiyalar ishlab chiqish; 

mamlakatimiz ilm-fani, ilmiy salohiyati, fan va texnika yutuqlarini ommalashtirish va targ‘ib qilish; 

xorijiy mamlakatlarning fanlar akademiyalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va jamg‘armalari bilan xalqaro hamkorlik qilish, xalqaro ilmiy forum va konferensiyalar tashkil etishda va o‘tkazishda ishtirok etish; 

Fanlar akademiyasi muassasalarining ilmiy salohiyati va moddiy-texnik bazasidan foydalangan holda, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda ishtirok etish. 

2. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Tarix institutini Fanlar akademiyasi tasarrufiga o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarkibida: 

O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Matematika instituti negizida V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutini; 

O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetining tegishli laboratoriyalari va noyob obyektlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Radiatsiya xavfsizligi markazi negizida Yadro fizikasi institutini; 

Toshkent davlat texnika universiteti Muhandislik-fizika fakultetining tegishli laboratoriyalari negizida U.A.Arifov nomidagi Ion-plamza va lazer texnologiyalari institutini; 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Inshootlar seysmik mustahkamligi instituti va Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Tarmoq mashinasozligi muammolari ilmiy-tadqiqot markazi negizida M.T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutini; 

O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi negizida Polimerlar kimyosi va fizikasi institutini; 

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari markazi negizida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutini; 

Samarqand shahridagi Arxeologiya instituti va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Toshkent bo‘limi negizida Ya.G‘ulomov nomidagi Arxeologik tadqiqotlar institutini; 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti negizida O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutini; 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi negizida Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligining Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi jamoatchilik kengashini Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi jamoatchilik kengashiga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz Fanlar akademiyasi tasarrufiga o‘tkazilsin, u Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashining ishchi organi etib belgilansin. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi, Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin. 

Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limini saqlash, shuningdek, uning amaliy va innovatsion tadqiqotlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan xarajatlari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasining hisobidan, shu jumladan, tegishli ilmiy-texnologik ishlanmalarni joriy etish natijasida olingan sof foydaning 10 foizi miqdori evaziga qoplanishi belgilab qo‘yilsin. 

5. Belgilansinki, qayta tashkil etilgan Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari yuridik shaxs maqomiga ega davlat muassasasidir, ular avval o‘zlari tasarrufida bo‘lgan vazirlik va idoralar negizidagi ilmiy muassasalarning huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadilar. 

6. Ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari rivojlanishini ta’minlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati tuzilmasida fizika-matematika va texnik fanlar, kimyo-biologiya fanlari, ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha bo‘limlar tashkil etilsin. 

Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi va Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi raisi o‘z maqomiga ko‘ra Fanlar akademiyasining vitse-prezidentiga tenglashtirilsin. 

7. Amaliyotga shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari Fanlar akademiyasining assotsiatsiyalashtirilgan a’zosi bo‘lishlari mumkin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tashkiliy hamda boshqaruv apparati tuzilmalari 1 va 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 

9. Fan va texnologiyalar bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. 

10. Quyidagilar Davlat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin: 

ilmiy-texnik faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish; 

davlat ilmiy-texnika va innovatsion siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini va ushbu sohalarda davlat siyosatini amalga oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni belgilash; 

fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning grant asosidagi davlat ilmiy-texnika dasturlarini tasdiqlash; 

bajarilayotgan loyihalar va ularni joriy etish tadbirlarining amalga oshirilishi yuzasidan davlat organlari rahbarlari va mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitish va shaxsiy javobgarligi masalalarini ko‘rib chiqish. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi faoliyati tugatilayotgan Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining bosh direktoriga, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining asosiy vazifa va faoliyati yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin: 

mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish vazifalari va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini inobatga olgan holda, fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish tadbirlarini bajarish; 

davlat ilmiy-texnika dasturlarini shakllantirish, amalga oshirish va ular ijrosining, hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilmiy-tadqiqot ishlari natijalaridan foydalanishning tizimli monitoringini olib borish; 

muhim tarmoqlararo ilmiy-texnik dasturlar ijrosini ta’minlash; 

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar bajarilishi bo‘yicha ilmiy-texnik xizmatlar ko‘rsatishda davlat topshiriqlarini shakllantirish; 

har yilgi Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkazilishini tashkil etish hamda uning doirasida imzolangan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha monitoring olib borish; 

fan va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy loyihalar va innovatsion ishlanmalar bajarilishini tashkil etish; 

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash faoliyatini rejalashtirish va muvofiqlashtirish. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi Davlat komissiyasining ishchi organi hisoblanishi belgilab qo‘yilsin. 

14. Fan va texnologiyalar agentligi respublikaning ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnika dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi etib belgilansin. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi Fanlar akademiyasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda, uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga binolar, inshootlar va boshqa moddiy-texnik bazani saqlash va ulardan foydalanish xarajatlarini bazaviy moliyalashtirish mexanizmini joriy etishni nazarda tutuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalarini moliyalashtirish tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin. 

16. Mamlakatda ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishini ta’minlashga yo‘naltirilgan tadqiqotlarni tashkil etish uchun shart-sharoit yaratish, raqobatbardosh ilmiy-hajmdor mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish maqsadida Davlat komissiyasi qoshida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin. 

17. Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari etib: 

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga patent bojlari, yig‘imlar va boshqa soliq toifasiga kirmaydigan to‘lovlardan kelib tushgan valyuta mablag‘larining 90 foizi; 

xalqaro moliya tashkilotlari va institutlarining grantlari va kreditlari; 

homiylar – yuridik va jismoniy shaxslarning, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining mablag‘lari; 

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar belgilansin. 

18. Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish vazifasi Davlat komissiyasiga yuklansin. 

19. Quyidagilar Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin: 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarida mamlakatda ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishini ta’minlashga, raqobatbardosh ilmiy-hajmdor mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan ilg‘or ilmiy tadqiqotlar va izlanish ishlarini olib borish uchun tanlov asosidagi, mutlaqo yangi tipdagi va zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish; 

davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida yaratilgan intellektual mulk obyektlarini chet elda ro‘yxatdan o‘tkazish (patentlash) xarajatlarini qoplash; 

davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy laboratoriyalari uchun qo‘shimcha zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar, zarur sarflanuvchi materiallar va butlovchi qismlar bilan uzluksiz ta’minlash uchun mablag‘ ajratish; 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining yetakchi ilmiy elektron ma’lumotlar bazasidan erkin foydalanishlari uchun talab etiladigan xarajatlarni qoplash; 

yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda, shu jumladan, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan zamonaviy ilmiy va texnologik asbob-uskunalarda ishlashni o‘rganishlari uchun tashkil etiladigan qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni moliyalashtirish. 

20. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Fan va texnologiyalar agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash va olimlarning xorijiy stajirovkalarini tashkil etish uchun chet el kreditlari va grantlarini jalb etish bo‘yicha xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan tizimli ish olib borsinlar. 

21. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqotlar yakunlari bo‘yicha salmoqli natijalarga erishgan olimlarni taqdirlash uchun Fanlar akademiyasining ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 

Belgilab qo‘yilsinki, Fanlar akademiyasining ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining xo‘jalik va tadbirkorlik faoliyatidan tushgan sof foydaning 10 foizi miqdoridagi chegirma hisobidan shakllantiriladi. 

22. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda mazkur qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin: 

tegishli oliy ta’lim muassasalari bilan chuqur integratsiyani ta’minlagan holda Fanlar akademiyasi tasarrufiga o‘tkazilayotgan hamda uning tarkibida qayta tashkil etilayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish; 

Fan va texnologiyalar davlat komissiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi, Fanlar akademiyasining Navoiy bo‘limi, Fanlar akademiyasining ilmiy xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish. 

23. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar kiritsin; 

idoraviy normativ hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin. 

24. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev 


Toshkent shahri, 

2017-yil 17-fevral 


DB query error.
Please try later.