Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
16.02.2017

YO‘L XO‘JALIGINI BOSHQARISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va foydalanish jarayoniga kompleks yondashish asosida yo‘l xo‘jaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, loyihalashtirish va yo‘l-qurilish ishlari sifatini oshirish imkonini beradigan to‘laqonli buyurtmachi xizmatini yaratish maqsadida:

1. Tugatilayotgan Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi («O‘zavtoyo‘l» DAK) negizida O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkil etilsin.

2. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi:

majburiyatlar va shartnomalar, shu jumladan, xalqaro shartnomalar bo‘yicha Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasining («O‘zavtoyo‘l» DAK) huquqiy vorisi hisoblanadi;

avtomobil yo‘llari sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

3. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:

avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosatini olib borish;

avtomobil yo‘llarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

avtomobil yo‘llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilash;

avtomobil yo‘llarining xalqaro tranzit yo‘laklarini shakllantirish;

zamonaviy transport oqimi sharoitlarida avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olib, avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, ta’mirlash va ulardan foydalanish masalalari kompleks hal etilishini ta’minlash hamda buyurtmachi xizmatining samarali faoliyatini tashkil etish;

avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshirish;

xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmog‘i saqlanishini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish, ularning yuqori transport-foydalanish darajasida bo‘lishini ta’minlash;

ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sohasida innovatsion texnologiyalar va zamonaviy standartlarni joriy etish;

avtomobil yo‘llari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, chet ellarda o‘quv-amaliyot kurslari va seminarlar tashkil etish.

4. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tashkil etilsin.

6. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yo‘l qurilishi ishlarida, yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

qurilishi tugallangan yo‘l obyektlarini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiyalar ishida qatnashish;

yo‘l qurilishi yuzasidan shaharsozlik qonunchiligiga rioya qilinishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish borasida texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar kiritish va unda ishtirok etish;

yo‘l-qurilish materiallari, mahsulotlar va konstruksiyalarni standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini olib borish.

7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysundirilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari tushumi hamda sarfining yillik va choraklik hisobotlarini shakllantirish;

yo‘l xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlashning nomma-nom ro‘yxatlarini belgilangan tartibda kelishish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish va ularni saqlash xarajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, jihozlash hamda ulardan foydalanish borasidagi tadbirlarni tasdiqlangan xarajatlarga muvofiq moliyalashtirish.

8. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga mablag‘larni yig‘ish va tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga, Davlat bojxona qo‘mitasiga va Ichki ishlar vazirligiga yuklanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘laridan asosli va maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklanadi;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga, shu jumladan, investitsiya loyihalari va mukammal ta’mirlash obyektlarini texnik-iqtisodiy asoslashni (texnik-iqtisodiy hisob-kitobni), avtomobil yo‘llarini mukammal ta’mirlash obyektlarining ish hujjatlarini va avtomobil yo‘llarini jihozlash bo‘yicha tanlov hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasiga yuklanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar va yig‘imlar umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy yig‘imlar hisoblanadi, ularning miqdori har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti tasdiqlanishi bilan bir vaqtda belgilanadi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan tartibda:

bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatini tashkil etishni hamda 2017-2018 yillarda hududiy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlarini nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini kiritsin;

bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Hukumat qarorini qabul qilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari qurish va ulardan foydalanishni boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida» 2003 yil 19 avgustdagi PF-3292-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

12. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2017 yil 14 fevral



DB query error.
Please try later.