Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Yanvar 2021   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
03.12.2020

TOShKENT ShAHAR XALQ QABULXONASI:

eng xolis baho – xalq bahosi

Keyingi to‘rt yil ichida mamlakatimizda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratildi. O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi ishlar boshqarmasining Fuqarolar qabulxonasi negizida O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonasi va virtual qabulxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Unda ko‘rilayotgan va hal etilayotgan har bir masala fuqarolar huquq va manfaatlari bilan bog‘liq.

2020 yilning 28 dekabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmon qabul qilinib, unda mamlakatimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, har bir tuman va shaharda Prezidentning Xalq qabulxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan edi.

Hozirgi paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda (tumanga bo‘ysunuvchi shaharlardan tashqari) esa O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalq dardini eshitish, og‘irini yengil qilish, ularning yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarini hal etish mamlakatimizda davlat siyosatiga aylandi. «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», – degan g‘oya ilgari surildi.

Yashirishning hojati yo‘q, yaqin o‘tmishda yoshlarni ish bilan ta’minlash, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy, kommunal va yo‘l-transport xizmatlari masalalarini yaxshilash ishlari asosan qog‘ozdagina amalga oshirilardi. Sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining faoliyati yuzasidan shikoyatlar avj oldi, davlat idoralarida shikoyat va murojaatlarni ko‘rib chiqishda rasmiyatchilik, byurokratizm va sansalorlik holatlari odatiy holga aylandi.

Xalq qabulxonasiga qilinayotgan murojaatlardan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, fuqarolar hali hanuzgacha qonunchilikka zid bo‘lgan idoraviy qarorlar tufayli sarson-sargardon bo‘lmoqda, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, bank kreditlaridan erkin foydalanish, uy-joy-kommunal va yo‘l-transport xizmatlari sifati, mahalliy davlat hokimiyati, organlari, sud-huquq idoralari faoliyatidan norozilik holatlari uchramoqda. Shuning uchun poytaxtimiz tumanlarida to‘rtta sekor rahbarlari ishtirokida o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda aholining uzoq yillardan buyon yechimini topmay kelayotgan muammolari iloji boricha o‘sha joyning o‘zida bartaraf etilyapti.

Xalq qabulxonalari tomonidan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlisga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasiga, Hukumatga, davlat boshqaruvi organlariga, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati, barcha davlat tashkilotlariga va xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoit yaratildi. Murojaatlarni to‘liq, xolis va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi ta’minlanayapti. Bundan tashqari, Xalq qabulxonalari davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlariga yuborilgan murojaatlar ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirayapti.

Xalq qabulxonasiga aksariyat hollarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami tomonidan murojaatlar kelib tushayapti. Aholi murojaatlari bilan ishlashni uzluksiz, bir me’yorda tashkil etish, muammolarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va ularni hal etish maqsadida Xalq qabulxonasi qoshida tezkor ishchi guruhi shtabi tuzildi. Ko‘makka muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar, ko‘p farzandli oilalar, boquvchisi bo‘lmagan insonlar Xalq qabulxonasiga “Ishonch telefoni” orqali murojaat qilish imkoniga ega bo‘lib, ularga oziq-ovqat, tibbiy yordam, dori-darmon, elektr, suv, gaz ta’minoti borasida xayriya yordamlari ko‘rsatilmoqda. Xalq qabulxonalari faoliyat ko‘rsata boshlaganidan keyin aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot, ularning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning yangi va samarali tizimi paydo bo‘ldi. Xususan, Prezident Xalq qabulxonalari vakillari va mutasaddi tashkilotlar mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilayotgan sayyor qabullar yaxshi natija berish bilan birga xalq ichiga kirib borish, uning tashvish va muammolarini chuqur o‘rgangan holda tegishli idora va tashkilotlar bilan bamaslahat hal etishning amaldagi mexanizmiga aylandi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bilan o‘rnatilgan o‘zaro ishonchli aloqalar natijasida, mahalla fuqarolar yig‘inlari va Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan ijtimoiy og‘ir ahvoldagi oilalarga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali plastik kartochkalar ochilib, moddiy yordam ko‘rsatildi. Xalq qabulxonalari hamkorligi va tavsiyasi bilan 35649 oilaga plastik kartochka ochildi va ularga mablag‘ o‘tkazildi, 690 oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Nogironligi bo‘lgan, surunkali kasalligi sababli yotib qolgan insonlarga homiylar ko‘magida 27 turdagi dori-darmon bepul tarqatildi.

Fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli davlat organlariga taqdimnoma, ko‘rsatma xatlari kiritilayapti. Murojaatlarda ko‘rsatilgan asosiy muammolardan yana bir qismi – uy-joy, oilaviy nizolar, tayinlangan jazolarning og‘irligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining noqonuniy xatti-harakatlari, ma’muriy ishlar bo‘yicha jarima miqdorlarining kattaligi va boshqa masalalar bo‘lib, ular Xalq qabulxonasi va tumanlardagi to‘rtta sektor vakillari tomonidan joyiga borib o‘rganilmoqda hamda tegishli xulosalar chiqarilmoqda. Fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatlarini shakllantirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va tuman Xalq qabulxonalari hamkorligida manzilli huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalar faoliyati shaffofligini ta’minlash maqsadida murojaatlar bilan ishlash natijalari ommaviy axborot vositalarida tizimli yoritib borilishi lozimligi ta’kidlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi Toshkent shahar Matbuot va axborot boshqarmasi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, “Toshkent” teleradiokanali, Toshkent shahar davlat xizmatlari boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi, “Sevimli TV” telekanali, “Uzreport TV” AJ rahbariyati hamkorligida aholi bilan muloqotni tashkil etish, murojaatlar bilan ishlash jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, faoliyatni ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha 2019-2021 yillar uchun mo‘ljallangan dastur asosida ish olib bormoqda. Har bir murojaatning ijobiy hal etilishida ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda.

Xo‘sh, odamlarni yana qanday muammolar tashvishga solmoqda? Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari poytaxt tumanlarini 2020-2021 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha tuzilgan Respublika ishchi guruhi, to‘rtta sektor rahbarlari hamkorligida joylarda aniqlangan muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishini nazorat qilib bormoqda. Aniqlangan kamchiliklarning tezkor bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida sohaviy idora va tashkilotlarda mas’ullar belgilandi. Ishchi guruhlar tomonidan jami 13.969 xonadon va 18.123 ko‘p qavatli uy, ijtimoiy soha va boshqa obyektlar o‘rganilib, 10.616 muammo aniqlandi, ularning 6.874 tasi, ya’ni, 65 foizi joyida bartaraf etildi. Shu bilan birga, aniqlangan 310 muammoni bartaraf etish uzoq muddat talab etishi hamda mablag‘ bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli tegishli “Yo‘l xarita”lariga kiritildi va ijrosi nazoratga olindi.

Ishchi guruhlar tomonidan aniqlangan muammolar “O‘zbekiston-24” telekanali va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borildi, 585 ta obyekt bo‘yicha 549 marotaba tanqidiy lavha efirga uzatildi. O‘rganishlar davomida aholini qiynab kelayotgan quyidagi muammolar hal etildi:

915 ta obodonlashtirish, 356 ta elektr energiya, 295 ta tungi yoritish, 189 ta ichimlik suvi, 259 ta issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq muammolar joyida hal etildi. 748 ta moddiy yordam, 831 ta tibbiy yordam, 19 ta pasport, 50 ta kadastr bilan bog‘liq murojaatlar o‘z yechimini topdi. 28 ta uy-joyi ta’mirga muhtoj, o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan fuqarolarning turar joylari ta’mirlab berildi. 81 ta holatda murojaatchilarga bank kreditlari ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatildi. 60 ta oiladagi notinch vaziyat jamoatchilik aralashuvi bilan bartaraf etildi. 258 nafar fuqaro, jumladan 148 nafar yosh va 110 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi, 317 nafar shaxs jamoat ishlariga jalb qilindi. 1.486 ta boshqa turli ijtimoiy-maishiy muammolar hal etildi.

O‘rganishlar davomida yolg‘iz yashayotgan hamda yolg‘iz keksalar va nogironlarga yashash joyidagi tuman tibbiyot birlashmalari va tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sho‘balari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning ahvoli o‘rganilib, bu borada qator tizimli kamchiliklar aniqlandi. Ularni bartaraf etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdimnoma yuborildi.

Qarovchisi yo‘q yolg‘iz yashovchi qariyalar, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yganlar, nogironlar, ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar yashayotgan 2.394 xonadon (995 nafar yakka-yolg‘iz qarovchisi yo‘q qariyalar, 1.328 nafar nogiron, 677 ta ruhiy kasallikka chalingan, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan 50 ta oila o‘rganildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 3.217 oilaga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar tashkil etildi.

Aholi turar-joylari, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa bino-inshootlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini o‘rganish va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish davomida 348 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi joriy ta’mirlandi, 206 tasining fasad qismi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. 1020 ta ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasidagi kommunikatsiya tizimi ta’mirlandi. 748 km. ichimlik suvi tarmoqlari kapital ta’mirlanib, 1550,4 km. yangi oqava suv tarmoqlari qurildi, 395 ta yangi quduq (lyuk-oboyma) o‘rnatildi, 345,7 km. oqava suv tarmoqlari profilaktik ta’mirlandi. Ko‘p qavatli uylarda 37 ta yangi lift o‘rnatildi, 166 ta liftlar joriy ta’mirlandi. 899 tasining yerto‘la qismidagi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari ta’mirlandi. 410 ta elektr taqsimlovchi shitlarni ta’mirlash ishlari yakunlandi, 444 ta videokuzatuv moslamasi o‘rnatildi. 117 ta bolalar maydonchasi qurildi, 188 ta maydoncha ta’mirlanib, jihozlandi. 112 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 109 ta maktab, 11 ta shifoxona, 22 ta poliklinikada kuz-qish mavsumi bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi. Kuz-qish mavsumi uchun 277 ta konteyner, 234 ta maxsus avtomashina shay holatga keltirilib, 1.291 tonna qum va 1.122 tonna tuz zahirasi yaratildi.

Shaharda hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida respublika darajasidagi vazirlik va idoralar bilan bog‘lik bo‘lgan quyidagi yirik muammoli masalalar mavjud:

– Respublika Ishchi guruhi tomonidan 2018 yildagi o‘rganishlar davomida Mirzo Ulug‘bek tumani va Toshkent viloyati Qibray tumanlari kesishmasida aniqlangan muammo – “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAKga qarashli temir yo‘lining Munavvarqori va Boyjigit mahallalari aholisi qatnoviga xavf solmoqda. (Mas’ul tashkilot: “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAK). Bunday muammoli masalalar Bektemir tumanida 24 ta, Yashnobodda 10 ta, Uchtepada 2 ta, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida 9 tadan, Olmazor va Yunusobodda 5 tadan, Mirobod, Sergeli va Shayxontohurda 3 tani tashkil etadi.

Aniqlangan mavjud muammoli masalalar quyidagi sohalar bo‘yicha tahlil qilindi:

1. Xalq ta’limi muassasalari bo‘yicha:

– Shayxontohur tumani Zarqaynar ko‘chasida joylashgan “Barkamol avlod” bolalar maktabi 2005 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lsa-da, o‘sha yilning oktabr oyidayoq yaroqsiz ahvolga kelgan. Binoning tom qismidan suv oqadi. Bino butunlay ta’mirtalab ahvolda (Mas’ul tashkilot: Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi).

Bu kabi muammoli masalalar Yakkasaroy tumanida 8 ta, Mirzo Ulug‘bekda 7 ta, Yashnobodda 5 ta, Mirobod va Olmazor tumanlarida 3 tadan, Sergeli va Chilonzor tumanlarida 2 tadan, Uchtepa, Bektemir, va Shayxontohur tumanlarida 1 tadanni tashkil etadi.

2. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘yicha:

– Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini mukammal ta’mirlash. Maktabgacha ta’lim tashkiloti 1972 yil qurilgan bo‘lib, 420 o‘ringa mo‘ljallangan. Shu kunga qadar mukammal ta’mirlanmagan.

Bu kabi muammoli masalalar Mirzo Ulug‘bek tumanida 14 ta, Yakkasaroy va Olmazor tumanlarida 6 tadan, Chilonzorda 3 ta, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnobod tumanlarida 2 tadan hamda Bektemir, Mirobod, Sergeli va Uchtepa tumanlarida bittadan ekani hisobga olinsa, qilinadigan ishlar oz emas.

3. Madaniyat muassasalari bo‘yicha:

– Mirzo Ulug‘bek tumani “Shukur Burhonov” mahallasida joylashgan tuman Madaniyat markazi joriy ta’mirga hamda “Oltintepa” mahallasida joylashgan 2-son Madaniyat markazining binosi buzilganligi sababli yangi binoga muhtoj (Mas’ul tashkilot: Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi). Bunday muammoli masalalar Mirzo Ulug‘bek tumanida 2 ta, Olmazor, Mirobod va Shayxontohur tumanlarida bittadanni tashkil etadi.

4. Sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha:

– Chilonzor tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi binosini mukammal ta’mirlash va to‘liq jihozlash lozim. Markaz binosi 1964 yilda qurilgan bo‘lib, hozirga qadar mukammal ta’mirlanmagan (Mas’ul tashkilot: Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi).

Bu sohadagi muammolar Yashnobod tumanida 11 ta, Chilonzorda 7 ta, Olmazorda 5 ta, Yakkasaroyda 4 ta, Mirzo Ulug‘bekda va Shayxontohurda 3 tadan, Mirobod va Sergeli tumanlarida bittadanni tashkil etadi. Bundan tashqari, aholining kommunal sohada Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Toshkent shahar Xalq qabulxonasida muntazam tahlillar olib borilishi va murojaatlarni uch kundan oshmagan holda ko‘rib chiqilishi yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Buning natijasida birgina kommunal sohada Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 1.815 ta murojaatning 1.341 tasi yoki 73,8 foizi ijobiy hal etilishiga erishildi. Poytaxt tumanlarida qish mavsumini betalofat o‘tkazilishi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

Ommaviy qabul odamlarning siyosiy va ijtimoiy qarashlari o‘zgarib borayotganini, aholi jamiyat, ko‘pchilik manfaatini ko‘zlagan masalalarni, taklif va mulohazalarni ko‘tarib chiqayotganini ko‘rsatmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida tashkil etilgan yoshlar murojaatlarini qabul qilish markazi 1250 qisqa raqami orqali Prezident virtual qabulxonasiga integratsiya qilingan. Yoshlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar asosan bandlik, o‘qishga kirish, o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash, yer maydoni ajratish, kredit olish kabi ko‘plab hayotiy zarur masalalarni o‘z ichiga qamrab oladi. 1250 qisqa raqami orqali qilinayotgan murojaatlar mas’ul ijrochilar tomonidan qabul qilinib, ularning ijrosi nazorat qilib borilmoqda.

Xalq qabulxonasi bugungi kunda fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun tegishli sharoitlar yaratib bermoqda. Shu bilan birga, tegishliligi bo‘yicha sudlar va boshqa mas’ul idoralar orqali hal etiladigan masalalarda ham fuqarolarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, yordam bermoqda.

Biroq xalq qabulxonalarining murojaatlar bilan ishlash holati, sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar o‘tkazish yuzasidan hisoboti shuni ko‘rsatadiki, murojaatlar bilan ishlash jarayonlarida ochiqlik va oshkoralik bo‘lmasa, ularning faoliyati ommaviy axborot vositalarida yoritib borilmasa, bu ishda xolislik yo‘qoladi. Doimiy nazorat bo‘lmagan joyda qabulxonalarga xalq ishonchi kamayadi va jamiyat rivojlanmaydi. Xalq qabulxonalari hali yangi tizim va mazkur yo‘nalishni ilmiy va amaliy jihatdan tadqiq etish juda muhim hisoblanadi. Bunda Xalq qabulxonalari tomonidan doimiy ravishda aholi muammolari amalda hal etilib borilishi lozim. Raqamlashtirilgan texnologiyalardan foydalanish, shu asosda so‘rovnomalar o‘tkazish hududlardagi ijtimoiy muhitni ochiqlik, shaffoflik va xolislik asosida har tomonlama to‘liq o‘rganish imkonini beradi. Bunday holatlar Xalq qabulxonalarining xalqchilligini yanada oshiradi.

Hozirgi paytda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 200 dan ziyod Xalq qabulxonalari jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishda eng xalqchil demokratik institutga aylandi. Har bir murojaat tegishli tashkilotlar, davlat idoralari bilan hamkorlikda hal etilmoqda. Elektr energiyasi, gaz, suyultirilgan gaz, suv, issiqlik ta’minoti, aloqa xizmatlari yuzasidan yo‘llanayotgan murojaatlar zudlik bilan ko‘rib chiqilmoqda va aniqlangan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Mamlakatimizda yangi davr boshlanmoqda. Hayotga tiyrak nazar tashlash, xalq bilan muloqot qilish, muammolarning yechimini topish orqali odamlar dardiga malham bo‘lish, inson manfaatlarini eng oliy qadriyat deb bilish bugun jamiyatimizning, Prezidentimizning, hukumatimizning asosiy shioriga aylandi. Xalqimiz jamiyatda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni o‘z hayoti misolida ko‘rayapti, ularga baho berayapti. Xalq bahosi esa eng xolis baho hisoblanadi.

 

Tohir MULLAJONOV,

O‘zbekiston Prezidentining Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: