Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Aprel 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 1 2 3
25.02.2020

O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari xalqlarimiz uchun kelajak ko‘priklarini bunyod etmoqda

Bu haqiqat Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga tashrifi davomida yaqqol namoyon bo‘ldi

Suleyman MERDANO‘G‘LI, O‘zbekiston «Oltin meros» xalqaro jamg‘armasining Anqara shu’basi raisi:

— O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining kelajagini bashorat qilish uchun, bu aloqalarning o‘tmishiga ham ko‘z tashlash lozim. Chunki, mashoyixlar aytganidek, «o‘tmishni bilmagan, kelajagini ham ko‘rolmaydi». Bugungi O‘zbekiston, tarixdagi nomi bilan «Ulug‘ Turkiston» Markaziy Osiyo mintaqasining o‘rtasidan joy olgan, bu hududlar qariyb barcha turkiy xalqlarning ota yurtidir. Anado‘ludagi turklar avvallari Usmoniylar saltanati, keyinchalik Turkiya Respublikasida istiqomat qilib kelganlar va ayni paytda tarix davomida ota yurtdagi qardoshlari bilan doimiy do‘stlik aloqalarida bo‘lib kelganlar, hatto sho‘rolar davrida ham bu aloqalar saqlanib qoldi.

Avvalo Imom Moturudiy, Imom Termiziy, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Ulug‘bek, Bahouddin Naqshband, Imom Buxoriy, Ibn Sino kabi ko‘plab turk-islom ilm-fani va madaniyatining buyuk vakillari umumiy qadriyatlarimizdir. Turkiyada bu buyuk shaxsiyatlar yuksak qadrlanadi hamda ularning xotirasiga atab ko‘plab ijtimoiy-madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.

Turkiyaning ozodlik urushi (1919-1922) davom etar ekan, 1920 yil 26 aprelda Mustafo Kamol posho (Otaturk) Buyuk Millat Majlisi tashkil topgandan keyin yozgan maktubida sho‘rolar ­ittifoqidan moddiy va qurol-aslaha yordami so‘ragan. Mustafo Kamol hukumatiga sho‘ro davlati tomonidan berilgan bu yordam qardosh Buxoro Xalq Respublikasining oltinlari hisobidan yuborilgan edi. Bu yordamni Buxoro xalqi xayriya yordami sifatida to‘plagandi.

Turk armiyasining Sakarya g‘alabasidan keyin Buxoro Xalq Respublikasidan (1920-1923) bu respublikaning rahbari Usmon Xo‘jao‘g‘li (Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev) tomonidan 1921 yil 17 yanvarda diplomatik aloqalarni o‘rnatish va Otaturkni g‘alaba bilan qutlash uchun Buxorodan maxsus bir hay’at yuborilgan. Hay’at 1921 yil yanvar oyida Anqaraga kelgan, Mustafo Kamolga uch oltin sopli qilich va Amir Temurga tegishli Qur’onni sovg‘a qilgan edi. (Bu Qur’on bugungi kunda Turkiya Buyuk Millat majlisi kutubxonasida saqlanadi).

1991 yil 1 sentabrda O‘zbekiston istiqlolga erishgach, uning mustaqilligini ilk bor tan olgan Turkiya Respublikasi edi. Bu davrdan keyin o‘zbek – turk munosabatlari turli o‘zgarishlar bilan davom etib kelgan bo‘lsa-da, 2016 yil oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘anning Samarqanddagi uchrashuvidan keyin o‘zaro munosabatlarda keskin ijobiy o‘zgarishlar yuz bera boshladi.

2018 yilda Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga qilgan vizitidan keyin ikki o‘lka o‘rtasidagi tijoriy, bank, tog‘-kon, o‘rmonchilik, ilm-fan, texnologiyalar, arxiv ishi, metereologiya, madaniyat, adliya va huquq sohalarida hamkorlikni kuchaytirish borasida shartnomalar imzolandi.

Shavkat Mirziyoyevning shu yil 19-20 fevral kunlari Turkiyaga qilgan rasmiy viziti chog‘ida ikki taraflama munosabatlarga yangicha sur’at berish uchun Turkiya – O‘zbekiston Oliy darajadagi Strategik hamkorlik Kengashining majlisi o‘tkazildi. Bu Kengashdagi muzokaralarda aviatsiya, aloqa, diplomatiya, investitsiyalar, ta’lim, madaniyat, tijorat, bank sohalaridagi hamkorlik bo‘yicha jami 26 shartnoma imzolandi. Turk-o‘zbek biznes-forumi ham tashkil etildi. O‘tgan yillarda mamlakatda o‘z faolligini susaytirgan turk biznesi keyingi yillarda o‘zbek bozoriga investitsiya kiritish bo‘yicha harakatlarini faollashtirdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda qayddan o‘tgan va faoliyat ko‘rsatayotgan shirkatlar soni bo‘yicha Turkiya Rossiya va Xitoydan keyin uchinchi o‘rinda turibdi.

2018 yilda 1,7 milliardlik tijoriy aloqalar hajmi 2019 yilda 26, 6 foiz oshib, 2 milliard 212 million dollarga yetdi. Turkiya o‘tgan yili 19,4 foiz o‘sish bilan O‘zbekistonga 1 milliard 135,7 million dollarlik mol eksport qildi. O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti 35,3 foiz ortdi va 1 millard 76,2 million dollarga yetdi.

Turk sarmoyasining qardosh o‘lkaga kirib kelishi ham kuchaydi. 1993 yilda tuzilgan O‘zbek-Turk qo‘shma bankining hissalarini sotib olgan turk Ziroat banki Toshkentda 3, Samarqandda bitta sho‘basini ochib, o‘zbek fermerlari va agrar sektorning boshqa mansublarining ishlarini sarmoyalashtirishni boshladi.

Turkiya – O‘zbekiston Oliy darajadagi Strategik hamkorlik Kengashining yig‘ilishlarida har ikkala taraf o‘z tashabbus va maqsadlarini ochiq va samimiy shaklda ifoda etgani va shu bois ko‘plab sohalarda ikki taraflama foydali bitimlarga imzo qo‘yilgani ko‘zga tashlandi.

Mustafo Kamol Otaturk bir vaqtlar sho‘rolar tarkibidagi qondosh xalqlarning mustaqillikka erishishi va bu holga Turkiyaning tayyor turishi haqida dohiyona bashorat qilgan edi: Bir kun bugungi sovetlar xuddi Usmoniylar va Avstriya–Vengriya kabi parchalanishi mumkin, O‘sha paytda Turkiya nima qilishi lozimligini bilishi kerak. Tayyor turish kerakdir. Bunga qanday tayyorlanish kerak? Ma’naviy ko‘priklarni sog‘lom ushlab turish bilan. Til bir ko‘prikdir. Din bir ko‘prikdir. Tarix bir ko‘prikdir... Ularning bizga yaqinlashishini kutmay, biz ularga yaqinlashishimiz kerak» (29 oktabr, 1933 yil).

Ana shu Otaturk bashorat qilgan davrdamiz. O‘zaro munosabatlarimizni doimo sog‘lom tutib, rivojlantirib borish, buyuk ajdodlarimizning o‘tmishda o‘rnatgan do‘stona aloqalarini kelajakka yetkazish asosiy vositamizdir.

Mustafa UG‘URLU, Mug‘la Sitki Kochman universiteti, professori:

 — Turkiya va O‘zbekistonda yashovchi va umumturkiy tilning turli tarmoqlarida so‘zlashuvchi insonlar tarixda yagona til va madaniyat doirasida edi. Masalan, Markaziy Osiyoda qurilgan Xun, Ko‘kturk davlatlarida bizning ota-bobolarimiz yagona siyosiy birlik ichida edi. 1040 yilda Saljuqiylar davlatining barpo etilishidan keyin ham Anado‘luda, ham bugungi O‘zbekiston hududlarida ham ana shu holat ko‘zga tashlanadi. Saljuqiylar saltanatining tarqalib ketishi natijasida ota vatanda Xorazmshohlar davlati barpo bo‘ldi, Anado‘luda esa Saljuqiylar davlati o‘z borligini davom ettirdi.

1220 yilda Chingizxonning Turkistonda o‘z hukmronligini o‘rnatishi va 1243 yilda Anado‘lu ham Ilxoniylarning qo‘liga o‘tishi, 1402 yilgi Anqara jangi yakunlariga ko‘ra ham o‘zbeklar va turklarning ajdodlari yagona siyosiy tuzilma tarkibida bo‘lganiga tarix guvohlik beradi. Rossiya imperiyasi 19-asrda Turkistonni ishg‘ol qilishiga qadar o‘zbek xonliklari bilan Usmoniylar davlati o‘rtasida yaqin siyosiy hamkorlik hukm surgani ma’lum.

1991 yilda O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi Turkiya — O‘zbekiston aloqlarida yangi davrni boshlab berdi. Bu davrni do‘stlik va hamkorlik davri deb atash mumkin. Keyingi yillarda esa ikki mamlakatning Prezidentlari — Shavkat Mirziyoyev hamda Rejep Tayyip Erdog‘anning sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq bugungi kunda davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar haqiqiy qardoshlik va do‘stlik aloqalariga aylandi.

Tarixda siyosiy aloqalarning turlicha shakl va mazmunda bo‘lishiga qaramay, Anado‘lu (Turkiya) va Markaziy Osiyo (O‘zbekiston)da yashagan va bir tilning turli lahjalarida gaplashgan insonlar o‘rtasida madaniy aloqalar kuchli va samarali bo‘lgan. Buyuk shoir Alisher Navoiy faqat o‘z yurtida emas, balki Anado‘luda ham barcha shoirlarning ustozi bo‘lib keldi. Navoiy ijodini anglash uchun Usmoniy saltanatida ko‘plab lug‘atlar tuzilgan, o‘nlarcha usmoniy shoirlar Navoiyga ergashib eski o‘zbek tilida (chig‘atoychada) g‘azallar yozgan. Faqtgina Navoiy emas, yana ko‘plab shoirlar, olimlar, ulamolar Turkistondan Anado‘luga, Anado‘ludan Turkistonga kelib, madaniy aloqalarni davom ettirganlar. 19-asrdagi chorizm istilosidan keyin bu aloqalar biroz zaiflagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, har jabhadagi aloqalar kuchaydi, rivojlandi. Bugungi kunda 20 ga yaqin Turkiya universitetlarida o‘zbek tili o‘rganilmoqda, hozirgi o‘zbek adabiyotining namunalari turk tiliga tarjima qilinib, turk kitobxonlari tomonidan sevib o‘qilmoqda.

Bundan tashqari, har ikki xalq va davlat o‘rtasidagi ilm-fan sohasidagi aloqalar tarixan mavjud bo‘lib kelgan. Islom sivilizatsiyasi yuksak nuqtaga ko‘tarilgan Abbosiylar xalifaligi davrida Bag‘dod bilan bir qatorda Turkistonning Urganch, Marv, Balx, Termiz, Buxoro, Samarqand, Shosh (Toshkent) kabi shaharlarida islom tamaddunining shoh asarlari yaratildi. Bu shaharlardagi yuksalish aslida Islom renessansini boshlab bergan edi.

Amir Temur va temuriylar davri turkiy xalqlar tarixidagi eng nurafshon davr edi. Bu davlatda yetishgan olimlar dunyoning turli burchaklariga Turkiston ilm-fani va madaniyatining namunalarini tarqatdilar. Birgina Ali Qushchining Istanbulga Ulug‘bek davri madarasalarining an’anasini olib borganini eslash kifoya.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya Respublikalarida yashagan va ayni madaniyat va til vakillari bo‘lmish kishilar – o‘zbeklar va turklar o‘rtasidagi munosabat har taraflama rivojlantirilishi va u samarali bo‘lishi lozim. Yaqinda Samarqand davlat universitetiga bir dissertatsiyaning hakami sifatida tashrif buyurdim. Universitetdagi o‘qish-o‘qitish, ilmiy tadqiqotlar borasidagi yangilanish va o‘zgarishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bundan keyingi davrda bu universitetga dars berish, ilmiy konferensiyalar, mushtarak ilmiy loyihalar yuritish uchun yana albatta kelaman. Chunki, har qanday aloqalar avvalo birinchi qadamni qo‘yishdan boshlanadi. Turk va o‘zbek olimlarining hamkorligi madaniy va ilmiy aloqalarimizning kuchayishiga xizmat qiladi. Aynan do‘stlik, birlik, ilmiy, madaniy hamkorlikda va birgalikda baxtli va oydin kunlarga yetishamiz

Ali Riza O‘ZKAN, «Yurt» gazetasi muharriri:

— Tarixda til, din, ma’naviyat va madaniyat kabi umumiy qadriyatlarga ega bo‘lgan xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishining o‘ziga xos taraflari bor. Ikki taraflama aloqalarda 2016 yilda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning O‘zbekistonga qilgan rasmiy tashrifi bilan boshlangan yuksalish va Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Turkiyaga qilgan ziyorati natijasida strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilgan aloqalar O‘zbekiston va Turkiya xalqlari o‘zaro bir-biriga nisbatan his qilgan samimiy do‘stona va qardoshlik tuyg‘ularining siyosat va iqtisodiy munosabatlar yangi dinamizm bergani shu jihatdan aslo tasodifiy emas.

Turkiya va O‘zbekiston dunyo konyukturasida juda o‘xshash jihatlarga egadir. Bu o‘lkalar mushtarak qadriyatlar bilan birga bugungi dunyodagi murakkab geosiyosiy va geostrategik vaziyatda bir-birlari bilan taqdirdosh xalqlar va mamlakatlar maqomidadirlar. Juft qutbli dunyoning bir qutbli dunyoga aylanishidan keyin dunyoda barqarorlik o‘rniga kichik va katta urushlar, ochlik va beqarorlik yoyildi. Ana shu chayqalib turgan dunyoda qo‘lni-qo‘lga berib tinchlik, hamjihatlik va hamkorlikni saqlab turish uchun mamlakatlarimiz barcha ishlarni qilmoqdalar.

Turkiya va O‘zbekiston dunyodagi muammolar bo‘yicha, xalqaro tinchlik va hamkorlikni saqlashda hamfikr ekanligi Shavkat Mirziyeyovning tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz rahbarlari so‘zlagan nutqlarda ochiq-oydin ko‘rinib turdi.

Prezidentlarimiz matbuot anjumanida tez-tez takrorlaganlari kabi, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning tamali qardoshlik huquqida yotibdi. Bu qardoshlik siyosiy, iqtisodiy, madaniy, tijoriy, diplomatik, harbiy hamkorlikligimizni yanada rivojlantirishning asosida yotadi.

Turkiyaning zamonaviy dunyo ishlarida orttirgan tajribalarini, o‘rtaga chiqargan siyosiy va iqtisodiy modellarini, siyosiy va iqtisodiy aloqalardagi tajribalarini O‘zbekistonnning taraqqiyoti uchun sarflashga tayyorligini O‘zbekistonning yosh va dinamik nufusi bilan, Yevroosiyoning qoq markazidagi muhim geopolitik maqomi bilan zamonaviy sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizmni rivoji uchun katta salohiyatga ega ekanligi bilan uyg‘unlashtirsak, umumiy porloq kelajagimizni barpo etish uchun har ikkala mamlakatda katta imkoniyatlar mavjudligi ma’lum bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyeyovning Turkiyaga tashrifi qardoshligimiz tarixiga muhrlanadi. Bir so‘z bilan aytganda bu tashrif kelajakda minnatdorlik bilan eslanadigan tarixiy burilish nuqtasidir.

 

Juliboy ELTAZAROV,

Farrux HAMROYeV tayyorladi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: