07.05.2019

YANGI TASHABBUS VA KENG IMKONIYATLARDAN SAMARALI FOYDALANISH – BARQAROR IQTISODIYOT VA YUQORI DAROMAD MANBAI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish maqsadida 6 may kuni Farg‘ona viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili 12-13 iyun kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Shu davr mobaynida mazkur masalalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

2018 yilda viloyatga 152,7 million AQSh dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Natijada qo‘shma korxonalar soni 80 taga ko‘payib, 283 taga yetdi. Joriy yil yanvar-mart oylarida 66 million dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, «Winchemical», «Listem-Fergana» kabi qo‘shma korxonalar ishga tushirildi.

Prezidentimiz dastlab Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdi.

Mazkur korxona o‘z vaqtida Farg‘ona vodiysidagi neft konlarini o‘zlashtirish va mintaqa davlatlariga neft mahsulotlarini yetkazib berish maqsadida bunyod etilgan. U hozirgi kunda ham uglevodorod xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha mamlakatimizdagi yirik majmualardan biridir. 475 gektar yer maydoni, 52 ta texnologik ob’ekt uning ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Lekin texnika va texnologiyalar eskirgani, ishlab chiqarish asosan importga bog‘liq bo‘lgani sababli korxona keyingi o‘n yilda o‘zini oqlamayotgan edi. Yillik loyiha quvvati 6 million 450 ming tonna bo‘lgani holda, ishlab chiqarish bor-yo‘g‘i 30 foizga tushib qolgandi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 21 fevral kuni neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, 10 aprelda «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

Modernizatsiya jarayoni Indoneziyaning «RT Trans Asia Resources» kompaniyasi bilan hamkorlikda uch bosqichda amalga oshiriladi. Sohada katta tajribaga ega jahon bozorida ushbu kompaniyaning o‘z o‘rni bor. Bu zavodni xomashyo bilan barqaror ta’minlash, uni jahon standartlari asosida qayta ishlab, ichki va tashqi bozorga yetkazib berishga xizmat qiladi. Kelgusida yetakchi xalqaro kompaniyalardan iborat bo‘lgan konsorsium tashkil etish rejalashtirilgan.

Zavodga joriy yilning o‘zida kamida 300 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etiladi. Bu mablag‘ evaziga ikki oy davomida hozirda ishlamay turgan 11 qurilmaning 7 tasidan foydalanish tiklanadi. Buning natijasida 7 ming 100 ta ish o‘rni saqlab qolinadi. Shuningdek, zavod ikki barobar ko‘proq xomashyo bilan ta’minlanadi. 2020 yildan boshlab «Evro-4», «Evro-5» kabi yuqori sifatli dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishga erishiladi. Mahsulotlar tannarxi tushib, sifati oshirilishi natijasida viloyatning eksport salohiyati yanada yuksaladi.

Umuman, loyiha doirasida 2022 yilgacha kamida 875 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi. Bu 60 yildan buyon ishlab kelayotgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va 110 yillik tarixga ega Oltiariq neftni qayta ishlash korxonasini zamonaviy majmualarga aylantirish, ularda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

Eng muhimi, yana ko‘plab odamlar, ayniqsa, yoshlar ish bilan ta’minlanadi. Soliq tushumi oyiga qo‘shimcha 100 milliard so‘mga oshadi.

Shavkat Mirziyoyev zavod ishchilari va investorlar bilan suhbatlashdi.

Asosiy maqsad korxonani to‘liq quvvat bilan ishlatish, odamlarni ish bilan ta’minlash. Bu Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining yangi davri bo‘ladi, dedi davlatimiz rahbari.

Zavodga xomashyo olib kelish, ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Prezidentimiz Qo‘shtepa tumanidagi «Ipak gilamlar» korxonasida bo‘lib, xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta muhim tashabbusdan so‘nggisi ayollarning bandligini ta’minlash orqali ularga to‘laqonli turmush sharoiti yaratishga qaratilgan. Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun har bir tumanda yengil konstruksiyali tikuv-trikotaj korxonalari tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu korxonalarga birinchi navbatda boquvchisini yo‘qotgan, turmushi og‘ir xotin-qizlar, shuningdek, ko‘p bolali ayollar ishga jalb qilinmoqda.

O‘tgan davrda tikuv-trikotaj korxonalariga ishga jalb qilingan ayollar qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitildi. Ularga o‘qish davomida stipendiya berildi, o‘qituvchilar oylik maosh bilan ta’minlandi.

Farg‘ona viloyatida ham beshinchi tashabbus doirasidagi ishlar keng quloch yoymoqda. «O‘zbekpaxtasanoat» AJ tomonidan joriy yilda viloyatda 7 ta, 2020 yilda 8 ta tikuv-trikotaj korxonasi tashkil etiladi. Natijada 4,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, ayollar bandligi ta’minlanadi.

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tomonidan ham viloyatda mavsumiy va doimiy ish o‘rinlari yaratish mo‘ljallangan. Uyushma pilla yetishtirishdan tayyor mahsulot chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni klaster usulida tashkil etish orqali ipak mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishni rejalashtirgan. Uyushma tomonidan 2019 yilda viloyatda xotin-qizlarni kasanachilikka jalb etish orqali 30 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Ahamiyatlisi, bir mavsum davomida pillakorlarga bir yillik mehnat staji yoziladi. Ilgari ularga na maosh to‘langan, na mehnat staji yozilgan. Hozir ayollar buyurtma olib, uyida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunday amaliyot mamlakatimizning barcha hududlarida joriy qilinmoqda.

«Ipak gilamlar» korxonasi Qo‘shtepa tumanidagi «Ismoiljon gilamlari» mas’uliyati cheklangan jamiyatining filiali bo‘lib, bu yerda 200 nafar, jamiyat tarkibidagi 9 ta shunday korxonada jami 2 mingga yaqin xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ushbu korxonalarda atlas, adras va shoyidan 300 ga yaqin turdagi tayyor mahsulot, 400 dan ortiq nusxadagi ipak gilamlar to‘qilmoqda.

Prezidentimiz ipak gilamlar eskizini tayyorlash va to‘qish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mahsulotlar sifati va xaridorgirligi bilan qiziqdi.

Ipakdan to‘qilgan gilamlarning noyobligi shundaki, yillar o‘tsa ham u xususiyatini yo‘qotmaydi, aksincha, rangi yanada ochilib boradi. Shuning uchun bunday gilamlarning o‘lchami kichik bo‘lsa-da, jahon bozorida juda qimmat.

Davlatimiz rahbari qishloqda xotin-qizlar uchun yangi korxona tashkil etib, jahon standartlariga mos ipak mahsulotlar tayyorlanayotganiga yuksak baho berdi. Pillachilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha Farg‘ona tajribasini ommalashtirish, mahallalar huzurida 300-400 kishilik korxonalar, ularning oldida 1-2 gektarlik pillaxonalar ochish kerakligini ta’kidladi.

Bunday korxonalar ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan juda zarur. Birinchidan, yuzlab xotin-qizlar ish bilan ta’minlanadi. Ikkinchidan, yurtimizda bu sohada yaxshi an’ana, keng imkoniyat mavjud. Tashqi bozorga esa yo‘llar ochiq. Shuning uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi tasarrufida ipakdan mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha klasterlar tashkil etish kerak. Shunda xomashyo yetkazish ham barqaror bo‘ladi, tannarx ham tushadi. Pilla boqishdan to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonda minglab xotin-qizlar ishlaydi. Ishlagan ayolning turmushi, dunyoqarashi, farzand tarbiyasiga e’tibori ham boshqacha bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Ismoiljon gilamlari» mas’uliyati cheklangan jamiyati yil oxirigacha yana 15 ta to‘quv sexi tashkil etib, ishchilar sonini 4,5 mingtaga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyatini yanada kengaytirish, bu yerni Farg‘ona turizm yo‘nalishiga kiritish, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda uning rastalarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ipak mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, uni tashqi bozorga arzon narxlarda yetkazish, xotin-qizlar uchun ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berildi.

Prezidentimiz Farg‘ona shahridagi zamonaviy rentgen apparatlari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonada bo‘ldi.

Mamlakatimizda elektrotexnika sanoati jadal rivojlanib, yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Yaqinda faoliyat boshlagan Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi «Listem-Fergana» mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona shulardan biri. Bu nafaqat yurtimiz, balki mintaqada yuqori texnologiyali tibbiy texnika tayyorlaydigan yagona zavod hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili viloyatga tashrifi chog‘ida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, zamonaviy diagnostika asbob-uskunalarini o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Mazkur qo‘shma korxona ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.

Shavkat Mirziyoyev korxona ishchi-xizmatchilari bilan muloqot qildi.

Ushbu zamonaviy qo‘shma korxona loyihasining umumiy qiymati 8 million dollar bo‘lib, yiliga ikki turdagi 300 dona rentgen apparati ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Birinchi bosqich doirasida 35 kishi ish bilan ta’minlangan. Ayni paytda keyingi bosqichni hayotga tatbiq etish ustida ish olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 100 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

«O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» brendi ostida eksportbop mahsulotlar tayyorlash, avvalo, ichki bozor talablarini qondirish maqsadida qo‘shma korxonada yillik ishlab chiqarish quvvatini 500 donaga yetkazish, mahsulot turini 10 dan oshirish ko‘zda tutilgan. Bu shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinayotgan tibbiy uskunalar o‘rnini to‘ldirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli jihozlar bilan ta’minlash imkonini beradi.

Janubiy Koreyaning dunyoga mashhur «Listem» korporatsiyasi 1960 yilda faoliyat boshlagan, 12 xil rentgen apparati ishlab chiqaradi, ularni 75 ta mamlakatga eksport qiladi. Albatta, mazkur nufuzli korporatsiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Listem-Fergana» qo‘shma korxonasi ham tez orada dunyoda nom qozonadi.

Bunday deyishimizga to‘liq asos bor. «Listem-Fergana»da ishlab chiqarilayotgan rentgen uskunalariga hozirdanoq talab yuqori. Korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, mahsulotning asosiy qismini eksportga yo‘naltirish mo‘ljallangan. Mazkur mahsulotlar O‘zbekiston bozori uchun noyob va innovatsion hisoblanadi. Bu nafaqat aholini diagnostika qilishda tibbiy yordam sifati va darajasini oshiradi, balki mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Farg‘ona shahridagi 5-oilaviy poliklinika ushbu qo‘shma korxonaning ilk mijozi bo‘ldi. Bosh shifokor Feruza Madaliyevaning qayd etishicha, poliklinikaga korxonaning dastlabki «Smart-DR» raqamli rentgen apparati o‘rnatilgan. U boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan shunday uskunalardan uch barobar arzon, energiya tejamkor. Misol uchun, Farg‘onada ishlab chiqarilgan «Smart-DR» raqamli rentgen apparati 50 ming AQSh dollariga sotiladi. «Philips» kompaniyasining shunday rentgen apparati 144 ming dollar, «Siemens» konserniniki esa 168 ming dollar baholanadi.

«Smart-DR» raqamli rentgen apparatida soatiga 12-15 mijozni tekshiruvdan o‘tkazish mumkin. Tekshiruvdan o‘tish va xulosani olish uchun 3-5 daqiqa kifoya. Olingan tasvirlar kompyuter xotirasida 5 yilgacha saqlanadi. Bu, o‘z navbatida, kasallik dinamikasini kuzatishda muhim ahamiyatga ega. Yana bir muhim jihati, nurlanish darajasi 4-5 marta kamaytirilgan. Olinayotgan tasvirni internet orqali davolovchi shifokorga yuborish mumkin. Boshqa shifokorlar bilan masofadan turib konsilium qilish imkoniyati ham mavjud.

Davlatimiz rahbari aholi salomatligini mustahkamlashda, eng avvalo, to‘g‘ri tashxis qo‘yish muhimligi, tibbiy jihozlarni yurtimizda ishlab chiqarish ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan yaxshi samara berishini ta’kidladi. Korxonada mahalliylashtirish darajasini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xodimlar malakasini yuksaltirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan «Farg‘onaazot» va «Qo‘qonsuperfosfat» aksiyadorlik jamiyatlarida azotli va fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish, Vodil ko‘mir konida ko‘mir qazib chiqarish, toshdan ekologik toza qog‘oz ishlab chiqarishga oid rejalar, Farg‘ona viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.

Jumladan, Farg‘ona shahrida Janubiy Koreyaning JEI universiteti filialini ochish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 5,3 million dollar. Uning 3 million dollari xorijiy investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda maktabgacha ta’lim muassasalari, mehmonxona, turizm va kosmetologiya sohalari uchun mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan. 400 talaba tahsil oladigan filialni joriy yilda ochish mo‘ljallangan.

Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasida yiliga 10 ming dona «Hyundai» elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona tashkil etish rejalashtirilgan. 1000 ta ish o‘rni yaratiladi.

Prezident Farg‘ona shahridagi «Temurbeklar maktabi»ni borib ko‘rdi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari jangovar qudratini oshirish jarayonida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni kuchaytirish, harbiylarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun armiya va harbiy ta’lim muassasalari o‘zlikni anglash, milliy g‘urur, mustahkam iroda maktabiga aylandi. Yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval O‘zbekiston tarixi fani va «Temur tuzuklari» kitobi bo‘yicha sinov o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimizning 2017 yil 5 iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoni bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi. Buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning mardligi va vatanparvarligi, jasorati va adolatparvarligini yoshlarimizga o‘rnak qilish maqsadida mamlakatimizdagi barcha harbiy litseylarga «Temurbeklar maktabi» deb nom berildi.

Chunki har bir yigit-qiz, ayniqsa, harbiylik kasbini tanlagan yoshlar jonajon Vatanimiz tarixini, xalq qahramonlari, buyuk sarkarda va qo‘mondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan faxrlanishi kerak. Bu insonda milliy g‘ururni, vatanparvarlik, fidoyilik tuyg‘usini tarbiyalaydi.

Farg‘onadagi «Temurbeklar maktabi»da ta’lim-tarbiya ishlari shu asosda yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda bu yerda 437 o‘quvchi tahsil olmoqda.

Maktab yoshlarni Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy bilim yurtlari va boshqa o‘quv muassasalariga aniq fanlarga chuqurlashtirilgan holda tayyorlashga ixtisoslashgan. O‘quvchilar darsdan bo‘sh vaqtini foydali o‘tkazishi uchun turli fan va sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari harbiy litseylarning nomi o‘zgarganini, endi uning mazmun-mohiyati, ta’lim sifati ham Temur bobomizga munosib bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

«Temurbeklar maktabi» yoshlar ham, ota-onalar ham havas qiladigan maskan bo‘lishi kerak. Buning uchun ularning mavqei, saviyasi, bilim berish darajasi yuqori bo‘lishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Temurbeklar maktablarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tizimni belgilab berdi. Unga ko‘ra, bu maktablarga yoshlar cheklangan miqdorda tanlab olinadi, o‘quvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va kamida ikkita xorijiy tilni puxta o‘rganadi, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanib, har tomonlama barkamol, yoshlar orasida yetakchi bo‘lib shakllanadi. Ushbu maktablar bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi.

Davlatimiz rahbari «Temurbeklar maktabi»da yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz ularni yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi. Nuroniylar yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duo qildi.

«Temurbeklar maktabi»ga avtobus sovg‘a qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona tumanidagi «Komiljon ota Mamajonov» fermer xo‘jaligida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, agrar sohani rivojlantirishda ilg‘or tajriba va innovatsiyalarni, zamonaviy agrotexnik tadbirlarni qo‘llash, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksportini tashkil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ko‘plab ish o‘rinlari yaratish imkonini berayotir.

2005 yili tashkil etilgan «Komiljon ota Mamajonov» fermer xo‘jaligi 72 gektarda dehqonchilik qiladi. Joriy yilda 31 gektar yerdagi g‘alladan 70 sentnerdan hosil olish va 135 million so‘m sof foyda ko‘rish ko‘zda tutilgan. Shunda davlat shartnoma rejasi 110 foizga bajariladi, fermer ixtiyorida 80 tonna don qoladi. Bundan xo‘jalikda mehnat qilayotgan 20 nafardan ortiq ishchi ham manfaatdor. Bundan tashqari, xo‘jalikda 7 gektar uzumzor, 14 gektar bog‘ tashkil etilgan. 9 gektarda chorva uchun ozuqa ekinlari, 11 gektarda esa sabzavotlar ekilib, parvarishlanmoqda.

Fermer xo‘jaligi a’zolari g‘alladan bo‘shagan 31 gektar maydonga takroriy ekin sifatida mosh ekishni rejalashtirgan. Yetishtiriladigan mahsulotning xaridori ham bor, sababi xo‘jalik eksportyor korxona bilan 20 tonna tashqi hamda 45 tonna ichki bozorga mosh sotish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Bundan esa 130 million so‘m foyda ko‘riladi.

Shuningdek, xo‘jalik faoliyatini kengaytirish, daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun tijorat bankidan 1,8 million dollar kredit olinadi va 5 gektar maydonda limonchilik yo‘lga qo‘yiladi.

Dehqonchilikda qishloq xo‘jaligi texnikalarining ham o‘rni katta. Fermer xo‘jaligi hisobidagi «Keys», «Klass Dominator» kombaynlari, «Orion» haydov traktori, bog‘ qator orasiga ishlov beruvchi mini-traktor, ekskavator kabi texnika va agregatlar yer unumdorligi, ish samaradorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyat fermerlari bilan muloqot qildi. Joriy yilda suvdan omilkorlik bilan tejab foydalanish, dalaga takroriy ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish va hosildorlikni oshirish, urug‘ sifatini yaxshilash bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini ta’kidlab, mutasaddilarga bu borada zarur topshiriqlar berdi.

Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani singari Farg‘onada ham hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘p. Ularni ishga solib, qo‘shimcha daromad topish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish mumkin. Buning uchun samarali harakat qilish, odamlarda tadbirkorlik faoliyatiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, tomorqadan unumli foydalanish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerning o‘zida Prezidentimizga Farg‘ona viloyatida 2019-2020 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, issiqxona, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, paxtachilik klasterlari, logistika markazi tashkil etish, sovutgichli omborxonalar qurish kabi 493 loyihani hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar amalga oshirilgach, 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, Quva hamda Oltiariq tumanlarida meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalarini tashkil etish, viloyatda 2019-2020 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 2 ming gektar maydonda bog‘ va tokzorlar barpo etish, Oltiariq tumanidagi «Agro maks dolina» korxonasi tomonidan go‘sht yetishtirish va qayta ishlash klasterini tashkil etish, Qo‘qon shahridagi «Kokand milk quality» MChJ tomonidan sutni qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha investitsiya loyihalari, joriy yilda innovatsion yutuqlarni amaliyotga joriy etgan holda veterinariya xizmatini rivojlantirish, Farg‘ona shahrida «UZ-SEGANG» MChJ tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport logistika markazi tashkil etish, Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish bo‘yicha «Faza-2» loyihasi, parrandachilik va tuyaqush boqishni, chorvachilik va naslchilik ishlarini rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.

2019 yilda Quva tumani va Quvasoy shahrida 300 gektar gilos bog‘i, Oltiariq va O‘zbekiston tumanlarida 200 gektar o‘rikzor va uzumzor tashkil etiladi. 2020 yilda qo‘shimcha 1500 gektar maydonda bog‘ barpo qilinadi. Buning uchun 38,6 million dollar mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Umuman, viloyat oziq-ovqat sanoatida 2019-2020 yillarda 703,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga 81 ta loyiha amalga oshiriladi. 1 ming 500 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Prezidentimizning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

O‘zA



DB query error.
Please try later.