16.04.2019

O‘ZBEKISTONDA QOZOG‘ISTON YILI OChILDI

u qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017 yilda oliy darajadagi muloqotlar so‘nggida 2018 yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili va 2019 yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilini o‘tkazishga kelishib olgan edi.

Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik tarixida noyob voqea sifatida qardoshlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 15 aprel kuni O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayev nutq so‘zladilar. Davlat rahbarlari Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida faollashgan madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirganini ta’kidladilar. Mazkur yirik tadbir xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, azaliy do‘stlikni ulug‘lashdek mushtarak maqsadlarga erishishda muhim o‘rin tutishini qayd etdilar.

O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ochilishi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu muhim voqea xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy va samimiy do‘stlik, madaniy va ma’naviy yaqinlik ramzidir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar qardosh xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashini qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasida Qozog‘iston yili ochiq, deb e’lon qilindi.

Ma’lumki, Qozog‘istonda 2018 yilda keng nishonlangan O‘zbekiston yili doirasida iqtisod, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘plab tadbirlar, ma’rifiy uchrashuvlar, turli festival va ijodiy kechalar o‘tkazildi. Ikki mamlakat san’at namoyandalarining o‘zaro tashriflari amalga oshirildi. O‘zbek Milliy akademik drama teatri, Navoiy viloyati ijodiy jamoalarining gastrol safarlari qo‘shni Qozog‘iston viloyatlarida katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz oliy ta’lim tizimida hamkorlikka oid 50 dan ziyod bitim va kelishuvlar amal qiladi. Mamlakatimizdagi 400 ga yaqin maktabda qozoq tili o‘qitiladi, oliy ta’lim muassasalarida qozoq tili, matematika, fizika va boshqa fanlar bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlanadi. Chimkent shahrida 2018 yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va Qozog‘iston xalq assambleyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Bu ikki mamlakat hududida o‘zbek va qozoq tillarini o‘rganishdagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish imkonini berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 13 martda "Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Shuning barobarida Qozog‘istonda so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi katta tantana qilindi. Bu adabiyoti va madaniyati bir daryodan suv ichgan, azaldan qavmu qarindosh bo‘lgan xalqlarimiz hayotidagi muhim voqeadir. Mamlakatimizda Qozog‘iston adabiyoti va madaniyati markazining ochilishi esa ushbu sohadagi hamkorlik bardavomligining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Do‘stona munosabatlarni mustahkamlashda O‘zbekiston — Qozog‘iston parlamentlararo do‘stlik guruhlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2018 yil noyabr oyida ikki mamlakat parlamentlari quyi palatalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi qonun ijodkorligi munosabatlarida yangi davrni boshlab berdi. Bu, o‘z navbatida, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotir.

Mamlakatimizda Qozog‘iston yiliga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Uning doirasidagi tadbirlar san’at, fan, ta’lim va tadbirkorlik sohalari vakillariga o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochadi. Madaniyatlarimiz bir-birini boyitishiga, xalqlarimiz yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qiladi.

— Bu yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining keng nishonlanishi hududlar o‘rtasidagi madaniyat, ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi, — dedi Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli. — Ko‘plab madaniy tadbirlar, ikki mamlakat san’at ustalari va teatr jamoalarining gastrol safarlari tashkil etiladi.

Butun dunyoda mamlakatlarimizning boy tarixi bilan tanishish, betakror urf-odat va an’analarini o‘rganish, me’moriy yodgorliklari misolida asriy tamaddun yutuqlaridan bahramand bo‘lish istagida bo‘lgan sayyohlar soni yil sayin ortib bormoqda. Shu bois ham bugun turizm sohasidagi hamkorlik biz intilayotgan muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirlar va loyihalar ayni shu kabi hamkorlik uchun ham mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ochilish marosimi katta konsert dasturi bilan davom etdi.

Shu bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.

 

Z.JONIBEKOV,

U.ShONAZAROV,

O‘zA muxbirlari.



DB query error.
Please try later.