Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    May 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
16.04.2019

AVLODIMGA SO‘Z QOLSIN...

Qozoq adabiy tili va yozma adabiyotining asoschisi, buyuk shoir, mashhur oqin va jamoat arbobi Abay (Ibrohim Qo‘nonboyev) 1845 yilning 10 avgustida Qozog‘istonning Yettisuv viloyati Chingiztog‘ (hozirgi Abay) tumanida boy chorvador xonadonida dunyoga keldi. U 10 yoshida Ahmad Rizo madrasasiga kirib, u yerda uch yil ta’lim oladi. Keyinchalik «Prixodnaya shkola»da o‘qib, rus tili va adabiyotini o‘rganadi va rus tili orqali rus hamda g‘arb adabiyoti vakillarining ijodi bilan yaqindan tanishadi.

Otasining xohishi bilan Ibrohim 15 yoshida el biylatish mansabiga o‘tirib, el-ulusni boshqaradi. El-ulus tashvishi bilan yashayotgan yosh Ibrohim otasidan yashirib, she’rlar yozib yuradi. U 1886 yilda she’rlarini «Ko‘kboy yozgan she’r» nomi bilan, biroz vaqt o‘tib Abay taxallusi ostida e’lon qila boshlaydi. Keyinchalik esa u «Mas’ud» (1887), «Iskandar» (1901) nomli chuqur didaktik va ma’rifiy mazmundagi dostonlarini, «Qobusnoma», «Guliston», «Mahbub ul-qulub» kabi axloqiy, falsafiy xarakterdagi «Nasihatlar» asarini yaratadi. Xalq kuylarini sevgan Abayning o‘zi ham o‘lanlariga xalqona uslubda bir qator kuylar bastaladiki, shoirdan qolgan 27 ta kuy qozoq musiqa merosining oltin xazinasidan mustahkam o‘rin olgan. U kuyga solgan o‘lanlar oqinlar tomonidan sevib ijro etilayapti.

Hayot va ijod mashaqqatini birday ko‘tarishga intilgan oqinning 1895 yili Peterburgdagi harbiy maktabda o‘qib yurgan iste’dodli o‘g‘li Abdurahmon bevaqt vafot etadi. Qattiq qayg‘uga botgan ota jigarbandini yangi yilga mengzab, o‘zini esa eski yilga qiyoslab, ramziy ma’noda og‘riqli bayt yozgan:

Yangi yilning boshi edi,

Men eskining so‘ngi edim.

1904 yilda shoirning yana bir sevimli o‘g‘li Mag‘aviya ham olamdan o‘tadi. Oilada ro‘y bergan bu fojiali yo‘qotishlar sabab, u to‘shakka mixlanib qoladi va tabiblar nazoratidan, olam va odamlardan voz kechib, «Yuragim mening qirq yamoq, Xiyonatkor olamdan» deya oh chekkan Abay 1904 yilning 23 iyulida vafot etadi. Ammo ulug‘ oqindan o‘zi bir she’rida umid va ishonch bilan «Avlodimga so‘z qolsin» deb yozganidek, so‘z, o‘lanu nasihatlari, tarjimalari yodgor bo‘lib qoldi, uning ushbu bebaho merosini dunyo xalqlari o‘qib-o‘rganmoqda.

Abay Alisher Navoiy «Majolis un-nafois»da malik ul-kalom deb sharaflagan Abulqosim Firdavsiy ijodi bilan madrasa tahsili davrida yaqindan tanishadi, bu holat keyingi ijodiga o‘rinli ta’sir qiladi. O‘zining e’tirof etishicha, u «Shohnoma»ni o‘qib-o‘rgangan. Xususan, bu muazzam asardagi «Aql vasfi» nomli dastlabki bob ta’siri Abayning she’r, doston, nasihatlarida yaqqol seziladi, hatto, bir she’rida oqinlarga qarata «Oqinlarga yalinaman aqlga kir» degan murojaati ham berilganini ko‘ramiz. Fikrimiz isboti uchun komilligu xislatlar boshi bo‘lmish aqlning poetik talqini berilgan ayrim baytlariga murojaat qilsak:

Sezgisi chuqur hamda aqli borga,

Bari aniq ko‘rinar o‘ylaganda.

***

Aqlli qora qilni qirqqa bo‘lar,

Har narsaga o‘ziday baho berar.

***

Uch narsa odamzodning xosiyati,

Zo‘r g‘ayrat, yorqin aql, iliq yurak.

Abay barcha ulug‘ ijodkorlar qatori xalq og‘zaki ijodidan boy ma’naviy oziq olgan. Uning ijodida bunday adabiy ta’sir Sharq xalqlari maqollari va afsonalaridan unumli foydalanishida aniq ko‘rinadi. Xususan, maqol adibning she’riy va nasriy asarlarida keng qo‘llangan bo‘lib, har ikki turda ham u irsoli masal san’atining go‘zal namunalarini ijod qilgan. «Ming kun sinmas, bir kun sinar ko‘za», «Ota bilan olishgan — odam emas», «Bir to‘ysang — chala boylik» «Bir Xudodan boshqaning bari o‘zgarar», «Ko‘k Tangri davlati», «O‘zingda yo‘q bo‘lsa, otang ham dushman», «Egan og‘iz uyalar», «Erning moli elda, xohlaganda qo‘lda», «Ishning omadi — o‘z vaqti», «Do‘sti yo‘q bilan sirlash, do‘sti ko‘p bilan siylash», «Yaxshiga yaqin bo‘l, yomondan yiroq» kabi. U «Nasihatlar» asarining «Uchinchi so‘z»ida folklorshunos, elshunos sifatida «Ishi bilan emas, kishisi bilan ulug‘» degan mashhur maqolni saylov jarayoni misolida sharhlasa, «O‘ttiz yetinchi so‘z»da esa Abayning maqolga yaqin ruhni beruvchi 20 ta o‘giti joy olgan. Shu o‘rinda mutafakkir adibning nasihatga yo‘g‘rilgan, xalq she’rlari ohangida yozilgan ba’zi maqolbob baytlariga quloq tutaylik:

Hunari bor hech kimga qaram bo‘lmas,

Erinchak hech qachon ham odam bo‘lmas.

Yoki:

Qasam urgan quvlardan nari yurgin,

Tinib oqmas suvlardan nari yurgin.

Abay ijodida qo‘llangan afsonalarni quyidagicha talqin qilishimiz mumkin: Birinchidan, afsonalarning ma’lum bir ildizlari asosida u «Ma’sud» va «Iskandar» dostonlarini yaratgan bo‘lsa, ikkinchidan esa, u go‘yo afsonalarni she’rlarining mazmun va mundarijasiga sochib yuborgandek tuyuladi.

Jumladan, Abay to‘rtta faslga bag‘ishlab turkum she’rlar yozar ekan, she’rlari ichida sahro bahorini tarannum etgan «Ko‘klam» (1890) nomli she’ri alohida ahamiyatga ega. Oqin ushbu she’rida Chingiztog‘ etaklariga kirib kelgan ko‘klam faslini bor bo‘yi bilan tasvirlar, betakror chizgilar yaratar ekan, she’r mazmuniga mashhur «Quyosh va Yer» afsonasining mazmunini ham mahorat bilan singdirib yuborganini ko‘ramiz. Chunonchi: go‘yo Quyosh Yerga oshiq bo‘lib, uni ko‘p sevar emish, u Yer atrofida o‘rtanib, kuyar emish, Oshiq Quyosh oltin chodiriga kirib, tun bo‘yi Yer visoliga ko‘z tutar emish. Saharda quchoq ochib, sevgani Yerni muhabbat olovida o‘rtar emish. Bu — birinchi lavha. Ikkinchi lavhada esa Quyoshga oshiq Yer ham qish bo‘yi Quyoshni mushtoqlik bilan izlar emish, uni kutaverib sochlari oqarar emish, go‘yo qishda yerni qor bosar emish.

Abay ijodidagi yorqin ramziy obrazlardan biri O‘lan obrazidir. U O‘lan alifbesining asoschisi sifatida «O‘lan alifbesidan boshlay senga» deya, O‘lanning quyidagicha talqinlarini ijod qiladi: «Qozoqqa shirin-shirin o‘lan aytdim», «O‘landa hech kim menga teng kelmadi», «Men o‘lanni yozaman tushunganga, Avlodimga bir saboq bermoq uchun», «Men o‘landa afsona kuylamadim», «O‘lan bor — o‘lanlarning o‘lanidir» singari.

Ma’lumki, Abay o‘z hayoti va ijod yo‘li bilan so‘z iqlimida alohida hurmatga ega so‘z san’atkori bo‘lib, u o‘lan, doston, hikmat janrida samarali qalam tebratdi. Xalq hayotini chuqur bilgan xalqparvar shoir olg‘a surgan tushunchada birlik kabi umuminsoniy g‘oyalari bilan olamga va avlodlarga samimiy so‘zlarini ayta oldi.

 

Burobiya RAJABOVA,

O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi.

O‘zA



DB query error.
Please try later.