16.04.2019

Kvon Yon U: FAOL MADANIY ALOQALAR VA AMALIY IQTISODIY MUNOSABATLAR MANFAATLI HAMKORLIK RUHIDA RIVOJLANMOQDA

O‘zbekiston va Janubiy Koreyani tarixiy aloqalar, mustahkam do‘stlik, strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari bog‘lab turadi. Ushbu mamlakat O‘zbekistonning asosiy xorijiy hamkorlaridan biri sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayoni va eksportni oshirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga oliy darajadagi tarixiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va aniq amaliy mazmun bilan boyitish imkonini berdi.

Shu kunlarda Koreya Respublika Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Ushbu tashrif arafasida Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon U O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

— Elchi janoblari, O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi tarixiy, madaniy hamkorlik, uning istiqbollari haqida suhbatlashsak.

— Zamonaviy davlatchiligimiz tarixida Koreya Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1992 yil 29 yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. O‘tgan 27 yil mobaynida hurmat va ishonchga asoslangan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlandi va mustahkamlandi.

Do‘stlik rishtalari tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, ikki tomonlama munosabatlar bundan 1 ming 400 yil muqaddam o‘rnatilganiga guvoh bo‘lamiz. Afrosiyob devorida aks etgan suratlarda VII asr o‘rtalarida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya — Choson elchisini qabul qilish marosimi mamlakatlarimiz o‘rtasida azaldan bordi-keldilar bo‘lgani, hamkorlik va savdo aloqalari rivojlanganidan dalolat.

Yaqin tarixdan ma’lum, davr taqozosi bilan 75 ming nafardan ziyod koreys millatiga mansub inson O‘zbekistonga ko‘chirilgandi. O‘sha kezlarda mehmondo‘st O‘zbekiston xalqi koreys diasporasini o‘z og‘a-inisidek qabul qilgan. Shu tariqa odamiylik va mehr-oqibat asosida mustahkamlangan rishtalar sabab koreys hamyurtlarimiz ham O‘zbekistonni vatan tutib, uning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga intildilar. Bugungi kunda diplomatik munosabatlarda kuzatilayotgan faollikka ushbu diaspora vakillarining ham munosib hissasi bor.

Xalqlarimizning madaniyati o‘xshash, ota-ona va yoshi ulug‘ insonlarga hurmat, ilm olishga bo‘lgan e’tibor, urf-odat va an’analardagi yaqinlik, mehnatsevarlik har ikki xalq tabiatida insoniylikning oliy mezoni sifatida baholanadi. Hozirgi kunda qariyb 70 ming nafar o‘zbekistonlik ta’lim olish, mehnat faoliyatini olib borish asnosida Koreya Respublikasida istiqomat qilmoqda. O‘zbekistonda esa koreys tili va madaniyatini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish yuqori. Bu kabi omillar sabab, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi faol madaniy aloqalar va amaliy iqtisodiy munosabatlar manfaatli hamkorlik ruhida rivojlanib boraveradi.

— Mamlakatlarimiz munosabatlarining bugungi holatidan kelib chiqib hamkorlikning qaysi yo‘nalishlarini ustuvor deb hisoblaysiz?

— Diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan shu kunga qadar tashkil etilgan oliy darajadagi uchrashuvlar, ular natijasida imzolangan manfaatli loyihalar tufayli ikki tomonlama munosabatlarning mustahkam asosi yaratildi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz investitsiyalar, sanoat, savdo, sog‘liqni saqlash va ta’lim, davlat boshqaruvi kabi sohalar, shuningdek, uzoq muddatli taraqqiyotni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Bugungi kunda Koreya Respublikasi Yevroosiyo mintaqasida tinchlik va farovonlikni ta’minlashga o‘zining munosib hissasini qo‘shish maqsadida Shimoliy iqtisodiy hamkorlik siyosatini ilgari surmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi uning muhim sherigi sifatida qayd etiladi. Chunki, mamlakatimiz Koreya yarimorolida yadro qurolidan xoli hudud va hamkorlik muhitini yaratayotgan bir sharoitda, O‘zbekiston Respublikasi ham Markaziy Osiyo mintaqasida qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yish orqali o‘zining tinchlikparvar siyosatini namoyish etmoqda. Afg‘on muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surmoqda. Shu bois mamlakatlarimiz Yevroosiyo mintaqasida tinchlik va farovonlikni o‘rnatishda ideal hamkorlar bo‘la olishiga ishonchim komil.

O‘zbekiston Respublikasi bilan yaqin o‘zaro munosabatlarga asoslangan barcha muhim tarmoqlardagi aloqalar jadal rivojlanib, ikki tomonlama hamkorlik xalqaro maydonda ham ishonchli sheriklik ruhida amalga oshiriladi, degan umiddaman.

— O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohani modernizatsiya qilish, ushbu sohada mamlakatlarimiz hamkorligini yanada kengaytirish borasidagi imkoniyatlarni qanday baholaysiz?

— Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan vaqtdan boshlab mamlakatning yangilangan tashqi va ichki siyosatidagi muhim yo‘nalishlar qayta belgilab olindi. Davlatning raqobatbardoshligini ta’minlaydigan mustahkam asos barpo etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda 2019 yil — Faol ivestitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili, deb e’lon qildi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish o‘rtasidagi manfaatli, shu bilan birga, mutanosib davriylikni yaratish imkonini berdi. Ushbu sa’y-harakatlar mamlakatni o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan oqilona qadamdir.

Qayd etish joiz, O‘zbekistondagi islohotlar siyosati xorijiy investitsiyalar, xususan, koreys sarmoyadorlarini mamlakatingizga jalb qilishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Aksariyat koreys tadbirkorlari amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, davlat boshqaruvidagi, valyuta siyosati va viza tartibidagi o‘zgarishlar natijasida yurtingizda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanayotganini alohida e’tirof etmoqda. Mazkur chora-tadbirlar Koreya Respublikasi kompaniyalarining O‘zbekistonga yanada ko‘proq kirib kelishiga turtki berishiga ishonaman.

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida umumiy qiymati 10 milliard AQSh dollaridan ortiq 60 dan ziyod hujjat imzolangandi. Ushbu kelishuvlarning bugungi kundagi ijrosi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi tarixiy va muvaffaqiyatli bo‘ldi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu tashrif yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlari ishtirokida 9 ta hujjat imzolandi. Bu ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi me’yoriy-huquqiy asosni yanada mustahkamladi.

Buning samarasida mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiyot sohadagi hamkorlik munosabatlari yanada rivojlanmoqda. Hamkorlik, ayniqsa, avtomobilsozlik, energetika, shaharsozlik sohalarida yanada faollashdi. 2018 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar aylanmasi hajmi 2 milliard AQSh dollaridan ortdi. Bunda O‘zbekiston hududida faoliyat yuritayotgan 600 ta koreys kompaniyasining ham munosib o‘rni bor. Raqamlarda aytganda, O‘zbekistonga 2018 yilda investitsiya kiritgan xorijiy kompaniyalar orasida koreyalik ishbilarmonlar 4-o‘rinni qayd etdi.

— Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Ushbu tashrifdan qanday natijalar kutilyapti.

— Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga kutilayotgan davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikni, energetika, transport, AKT, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi muhim sohalardagi sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Milliy siyosat falsafasi borasida hamfikr bo‘lgan ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik rishtalari o‘zaro manfaatli bo‘lgan sohalardagi munosabatlarni har tomonlama taraqqiy ettirish uchun asos bo‘ladi.

Ushbu tashrif xalqlarimiz o‘rtasida qaror topgan hurmat va o‘zaro ishonchni madaniy almashinuvlar orqali mustahkamlash uchun ham muhim poydevor yaratish imkonini beradi.

 

O‘zA muxbiri

Ulug‘bek ShONAZAROV

yozib oldi.



DB query error.
Please try later.