04.09.2018

O‘ZBEKISTON PREZIDENTI TURKIY TILLI DAVLATLAR HAMKORLIK KENGASHI SAMMITIDA ISHTIROK ETDI

Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahridagi «Ruh o‘rda» madaniyat markazida 3 sentabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.

Sammitda ushbu tuzilmaga a’zo mamlakatlar — Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Respublikasi Bosh vaziri Viktor Orban anjumanda faxriy mehmon sifatida qatnashdi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yilda tashkil etilgan. Tashkilot kotibiyati Istanbul shahrida joylashgan. O‘zbekiston mazkur kengash anjumanida birinchi marta ishtirok etdi.

Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Avvalo, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sooronbay Sharipovich Jeenbekovga samimiy mehmondo‘stlik va ushbu uchrashuv yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugun, biz qardosh Qirg‘iziston zaminida, asrlar davomida xalqlarimizni bir-biriga bog‘lab kelayotgan do‘stlik, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari mustahkam ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilmoqdamiz.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi ko‘p tomonlama munosabatlarimizni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Hozirgi vaqtda Kengashning siyosiy kun tartibida biror-bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini alohida qayd etish lozim, dedi Prezidentimiz.

Bizning mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda.

Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan, ta’lim va madaniyat kabi ustuvor sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda.

Davlatimiz rahbari xalqaro vaziyatga to‘xtalar ekan, bugungi kunda xalqaro maydondagi beqaror vaziyat global taraqqiyot jarayonlariga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.

Dunyodagi asosiy markazlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro strategik ishonch yo‘qolib, oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan vaziyatlar vujudga kelmoqda.

Afg‘oniston muammosining hanuzgacha davom etayotgani, shuningdek, Yaqin Sharqda harbiy-siyosiy keskinlik saqlanib qolayotgani mintaqamizdagi vaziyatga bevosita ta’sir o‘tkazmoqda.

Mintaqada tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda global va mintaqaviy tahdidlar, ayniqsa, terrorizm va ekstremizmga qarshi faol kurashish zarurati tobora ortib bormoqda.

Ayni vaqtda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida keyingi yillarda Markaziy Osiyoda muhim ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yil iyun oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy Osiyo bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiya, hech shubhasiz, mintaqa xalqlari hayotida tarixiy voqea bo‘ldi.

O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyodga oshganini bugungi uchrashuvimizda alohida qayd etishni istardim, dedi davlatimiz rahbari. Ammo bu ko‘rsatkichlar va natijalar hali bizning salohiyatimiz darajasida emas, albatta. Biz bundan ancha yuqori marralarga erishishni mo‘ljal qilganmiz va buning uchun barchamizda keng imkoniyatlar mavjud.

Biz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida o‘zaro manfaatli sheriklik uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rib turibmiz.

Shu ma’noda, bizning nuqtai nazarimizga ko‘ra, hamkorligimizning g‘oyat muhim bo‘lgan quyidagi yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchidan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish zarur.

Mamlakatlarimizdagi yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish lozim.

Qo‘shma biznes-loyihalarni muhokama qilish va amalga oshirish maqsadida Turkiy tilli davlatlar ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazishni taklif etamiz.

Ushbu tadbirga mamlakatlarimiz mintaqalarining vakillarini ham keng jalb qilishni muhim, deb hisoblaymiz.

Shu bilan birga, davlatlarimiz o‘rtasida eksport-import hajmlarini keskin oshirish uchun, eng qulay sharoitlar yaratish va mavjud bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida, Kengash doirasida Savdoni rivojlantirish to‘g‘risida ko‘p tomonlama Bitim qabul qilishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz transport yo‘nalishlarining o‘zaro integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratishga qaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Bu mamlakatlarimizning dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqishini ta’minlaydi.

Bu o‘rinda so‘z avvalo xalqaro transport koridorlari, jumladan, mintaqamizni Xitoy, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan avtomobil, temir yo‘llar va havo yo‘llari haqida bormoqda.

Keyingi vaqtda mintaqamizda transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim strategik loyihalar amalga oshirilganini alohida ta’kidlash lozim, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Ozarbayjonda yangi Alyat dengiz savdo porti ochildi, Qozog‘istonda «Do‘stlik» va «Xorgos» transport-logistika komplekslari qurib bitkazildi. Yaqinda Oqtov shahrida Qo‘riq porti ishga tushirildi. O‘zbekistonni ushbu port bilan qisqa yo‘l orqali bog‘lash imkonini beradigan Aqjigit-Beynov yo‘li kengaytirilmoqda.

Turkmanistonda mintaqadagi yirik xalqaro aeroport, Amudaryo orqali o‘tadigan avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari, Turkmanboshi shahrida zamonaviy dengiz porti ishga tushirildi, Turkiyaning Istanbul shahrida yiliga 150 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan dunyodagi eng katta aeroportlardan biri qurilmoqda, Bosfor bo‘g‘?ozi ostidan o‘tgan «Marmaray» va «Evroosiyo» avtomobil va temir yo‘l tunnellari barpo etildi.

Turkiyaning «Mersin» portigacha eng yaqin marshrut ochib bergan Boku—Tbilisi—Kars temir yo‘lining foydalanishga topshirilishi, shuningdek, joriy yilda ishga tushgan Andijon—O‘sh—Irkishtom—Qashqar avtomobil koridorining rivojlantirilishi katta imkoniyatlar yaratadi.

Biz Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi ham boshlanadi, deb umid qilamiz.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston uchun ham muhim bo‘lgan mana shunday strategik transport—kommunikatsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirganligi uchun barcha sheriklarimizga minnatdorlik bildiraman, dedi davlatimiz rahbari.

Uchinchidan, bizning nazarimizda, mamlakatlarimizni innovatsion asosda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Bugungi kunda biz axborot—kommunikatsiya yutuqlari, ilg‘or texnologiyalar hayotga shiddat bilan kirib kelayotgani va barcha sohalarda keng qo‘llanayotganini ko‘rib turibmiz.

Har qanday davlatning uzoq istiqbolda ham raqobatbardosh bo‘lishi va barqaror taraqqiyoti aynan ana shu omillarga bog‘liq.

Shu munosabat bilan biz ushbu yo‘nalishdagi dastur va loyihalarni amalga oshirish maqsadida, innovatsion taraqqiyot uchun mas’ul bo‘lgan idoralar, ilmiy—tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalarimiz o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishni taklif etamiz.

To‘rtinchidan, turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar mavjud.

Biz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining «Turkiy kengash — Zamonaviy Ipak yo‘li» deb nomlangan qo‘shma sayyohlik loyihasini qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘zbekistonning qadimiy Xiva shahrini 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Mintaqamiz xalqlari islom sivilizatsiyasining noyob madaniy-tarixiy merosiga hamda muqaddas ziyoratgohlarga ega, dedi Prezidentimiz. Ushbu durdonalarning katta qismi YuNESKO tomonidan jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Ana shu bebaho boylikni inobatga olgan holda, mamlakatlarimiz o‘rtasida ziyorat turizmini keng rivojlantirishni taklif etamiz.

Beshinchidan, madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni har tomonlama mustahkamlash katta ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan keyingi paytda Markaziy Osiyo mamlakatlarida bu sohada to‘plangan ijobiy tajriba haqida to‘xtalmoqchiman.

Biz o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda mintaqamiz xalqlarining boy tarixi va madaniyatiga, ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga, do‘stlik va hamjihatlik an’analariga tayanib ish olib bormoqdamiz.

Davlatimiz rahbari bu borada amalga oshirilgan ishlarga yorqin misollar sifatida 2018 yilning Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilingani, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonda birgalikda o‘tkazilgan Madaniyat kunlari va qo‘shma konsertlar, festivallar, ko‘rgazmalar va boshqa ko‘plab tadbirlarni aytdi. Ular mamlakatlarimiz xalqlari o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Bunday ijobiy tajribani Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasida, uning barcha a’zolari ishtirokida o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Biz turkiy tilli davlatlarning buyuk adiblari, olim va mutafakkirlari asarlarining yagona elektron katalogini yaratishni ham taklif etamiz.

Oltinchidan, bizning bunyodkorlik ruhidagi dastur va rejalarimiz faqat tinchlik va barqarorlik sharoitida amalga oshirilishi mumkinligini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Shuning uchun ko‘p tomonlama hamkorligimizning poydevorini tashkil etadigan masalalardan biri mamlakatlarimiz huquq-tartibot idoralarining terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi notinch zamonda yoshlarni ilm-ma’rifat asosida tarbiyalash, ularni begona va zararli g‘oyalar ta’siridan himoya qilishda islom sivilizatsiyasining noyob ma’naviy merosi va qadriyatlari g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Turkiy tilli davlatlar kengashiga a’zo mamlakatlar bizning ushbu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaydilar, deb ishonaman.

Ajdodlarimiz qoldirgan boy merosni har tomonlama chuqur o‘rganish, muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish maqsadida biz O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini, islom dinining ezgulik, adolat va insonparvarlik g‘oyalari negizida turli millat va xalqlarni birlashtirishga intilgan buyuk mutafakkir bobomiz Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini, «Jaholatga qarshi — ma’rifat» deb ataladigan muhim tamoyilimizni amalga oshirishda asosiy o‘rin tutadigan xalqaro Islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy tuzilmalarni tashkil etdik.

Biz Turkiy tilli davlatlar kengashiga a’zo mamlakatlarning yetakchi olimlari va mutaxassislarini ushbu tuzilmalar bilan faol hamkorlik o‘rnatishga chaqiramiz va bu borada barcha amaliy yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanimizni ta’kidlab o‘tmoqchiman, dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston bugun, keyingi o‘n yil davomida birinchi marta Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining anjumanida ishtirok etmoqda.

Ta’kidlash lozimki, dedi davlatimiz rahbari, biz keyingi paytda ushbu kengashga a’zo mamlakatlar bilan, avvalo, mintaqadagi yaqin qo‘shnilarimiz bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalar bo‘yicha ikki tomonlama hamkorligimizni yanada kuchaytirmoqdamiz. Bu O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Biz ushbu xalqaro tuzilmaning kelajak istiqboliga va unda O‘zbekistonning faol ishtirok etishiga katta umid va ishonch bilan qaraymiz.

Mazkur kengash doirasida davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz.

Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uyg‘otadigan yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirok etishga tayyor ekanimizni bildiraman, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Biz Kengash doirasida ilgari qabul qilingan ko‘p tomonlama bitimlarga O‘zbekistonning qo‘shilishiga doir masalalarni albatta atroflicha ko‘rib chiqamiz.

Shundan so‘ng bizning Turkiy kengash bilan hamkorlik sohalarimiz va yo‘nalishlarimiz mantiqiy va tabiiy mazmun kasb etadi.

Aminmanki, bugungi sammitimiz natijalari davlatlarimizning samarali hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar ochadi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, qardosh Qirg‘iziston diyorida kuni kecha boshlangan Ko‘chmanchi xalqlarning umumjahon o‘yinlari sermazmun va yuksak saviyada o‘tishini tilayman, dedi pirovardida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.



O‘zA



DB query error.
Please try later.