05.07.2018

ERTASINI O‘YLAGAN MAMLAKAT YOSHLARINI E’TIBORSIZ QOLDIRMAYDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri, siyosiy partiyalar rahbarlari, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, har bir yosh jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Xususan, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi. Yoshlar bilan ishlashda yangi tizim va yondashuvlar amaliyotga joriy etilmoqda. Mamlakatimizda 30 iyun Yoshlar kuni sifatida birinchi marta keng nishonlandi.

Ammo yoshlar bilan ishlashda hamon kamchiliklar mavjud. Jumladan, katta maqsadlar bilan tuzilgan Yoshlar ittifoqi yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarlicha e’tibor bermayapti. Tashkilot o‘tkazayotgan ayrim tadbirlar dabdababozlik, o‘zini «ko‘z-ko‘z» qilishga o‘xshab qolayapti. Joylardagi 4 sektor rahbarlarining aksariyati hali yoshlar masalasi bilan faol shug‘ullanmayapti. Ichki ishlar idoralari, mahalla qo‘mitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ta’lim muassasalarining bu boradagi ishlari qoniqarsiz. Tuman va shahar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari jonbozlik ko‘rsatayapti, deb bo‘lmaydi. Aksincha, bu mas’ul lavozimlar ayrim hollarda vakant bo‘lib qolmoqda.

Buning oqibatida yoshlar jinoyatga qo‘l urishining oldi olinmayapti. Joriy yilning o‘tgan davrida sodir etilgan 17,5 ming jinoyatning qariyb 31 foizi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelishi buning tasdig‘idir. Mamlakat bo‘yicha jinoyat sodir etgan 22 ming shaxsning 11 ming nafarini yoshlar tashkil etib, bu ko‘rsatkich Andijon, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida, ayniqsa, yuqoriligicha qolmoqda.

Qashqadaryo viloyatida jinoyat sodir etgan yoshlarning 70 foizini o‘qimaydigan va ishlamaydiganlar tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Andijon viloyatida 57, Surxondaryo viloyatida 43, Jizzax viloyatida 42 foizga teng.

Afsuski, nafaqat uyushmagan yoshlar, balki kollej va maktab o‘quvchilari orasida ham jinoyatlarni sezilarli darajada kamaytirish ta’minlanmayapti. Joriy yilning o‘tgan davrida jami 371 o‘quvchi jinoyat sodir etgan. Kollej o‘quvchilari jinoyatlari soni Sirdaryo, Jizzax, Namangan va Samarqand viloyatlarida keskin oshgan. Maktab o‘quvchilari jinoyati asosan Jizzax, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi.

Xorazm, Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida voyaga yetmaganlar tomonidan qotillik jinoyatlari sodir etilgani yanada ayanchlidir.

Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida boshqa viloyatlardan kelib, qarovsiz va nazoratsiz yurgan 1 ming 700 ga yaqin voyaga yetmaganlar aniqlangan, ularning 500 nafari maktab va 670 nafari kollej o‘quvchilaridir.

Shu munosabat bilan Yoshlar ittifoqi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbarlariga yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish, qarovsizlik va nazoratsizlikning oldini olish, ular o‘rtasida jinoyatlarni keskin qisqartirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Ayni paytda ichki ishlar idoralarida profilaktika hisobida turuvchi voyaga yetmaganlar uchun tashkil etilayotgan «Tarbiya-sport oromgohlari» ishini tubdan qayta ko‘rib chiqish va natijadorligini ta’minlashga qaratilgan aniq tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Yoshlar o‘rtasidagi muammolar, jumladan, jinoyatchilikning ildizi aksar hollarda ishsizlikka borib taqaladi. Joylarda yoshlarning bandligini ta’minlash borasida jiddiy muammolar mavjud. 1 ming 700 dan ziyod mehnat yarmarkasi o‘tkazilganiga qaramay, ularda ishtirok etgan yoshlarning atigi 5 foizigina ishga joylashtirilgani, so‘nggi bir yilda 509 ming nafar yoshlar uzoq muddatga chet ellarga chiqib ketgani ishga mas’uliyatsiz yondashuvdan dalolat beradi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Ayni vaqtda yoshlarni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish uchun sharoit yaratish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumani va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yangi tizim sinovdan o‘tkazilmoqda. Buning uchun mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan tuman pasportlari ishlab chiqildi.

Quyi Chirchiq tumani misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda yoshlarning hisobotlarda ko‘rsatilganidek 2,5 mingi emas, balki 6,3 mingdan ziyodi ishsiz ekani aniqlangan. Tuman yoshlarini qiynab kelayotgan muammolarning aksariyati joyida hal etilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va yoshlarning ijtimoiy faolligidan kelib chiqqan holda, tumandagi 37 ta mahallaning 13 tasi «og‘ir», 18 tasi «qoniqarsiz» va 6 tasi «qoniqarli» toifaga ajratilib, ularni bosqichma-bosqich «yaxshi» toifasiga o‘tkazish bo‘yicha manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, «Yoshlar mehnat guzarlari» tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratildi, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi va boshqa tadbirlar natijasida 1 ming 200 dan ziyod ishsiz yoshning bandligi ta’minlandi, tadbirkorlik faoliyati uchun yoshlarga 2,3 milliard so‘m kredit ajratildi.

Ushbu tajriba asosida Yoshlar kuni arafasida «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi tasdiqlandi va uni barcha tuman va shaharlarda amalga oshirish boshlandi. Dastur ijrosi uchun Yoshlar ittifoqi huzurida «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi hamda uning tuman va shahar filiallari tashkil etildi. Bu tuzilma mablag‘laridan yoshlarning biznes loyihalari uchun yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit beriladi. Dasturda har bir tumanda ajratiladigan kredit hajmi va uni oluvchilar soni, kredit beriladigan faoliyat yo‘nalishlari, buning natijasida yaratilishi zarur bo‘lgan ish o‘rinlari miqdori aniq belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, har bir fermerga bittadan band bo‘lmagan yoshni biriktirish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari muvaffaqiyatga erishgan yosh tadbirkorlar orasidan 2 hafta muddatda Jamg‘armaning tuman va shahar filiallari rahbarlarini tayinlash, Investitsiya va Ijtimoiy masalalar komplekslarining respublika va hududiy organlari hamda tijorat banklari xodimlarining 30 foizini lavozimi va ish haqini saqlagan holda, yangi tuzilmaga, uning tuman va shahar filiallariga biriktirish lozimligini ta’kidladi.

Dastur ijrosini samarali muvofiqlashtirib borish uchun Bosh vazirga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi a’zolarini har bir hududga shaxsan mas’ul etib biriktirish hamda ular boshchiligida davlat idoralari, jamoat tashkilotlari rahbar xodimlari va viloyat prokurorlaridan iborat tarkibda ishchi guruhlar tashkil etish vazifasi topshirildi.

Hokimlar va sektor rahbarlari har hafta kamida ikki kun uyushmagan, hech qayerda ishlamaydigan yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganishi, eng avvalo, bandligini ta’minlash choralarini ko‘rishi lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda yoshlarni ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularni turli oqimlar va yot g‘oyalar ta’siridan asrash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Buning uchun yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni yanada jonlantirish, ularni muzey, teatr va boshqa madaniy-ma’naviy maskanlar, sport musobaqalari, ilm-fan, sport va amaliy san’at to‘garaklariga faol jalb etish orqali bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini tashkil etish zarur.

Farzand tarbiyasi va yurish-turishidan ogoh bo‘lmasak, ularni ilmu-hunarga o‘rgatmasak, ko‘zi mehnatda qotmasa, munosib ish topib bermasak, ularni zararli ta’sirlardan himoya qilish qiyin bo‘ladi, dedi Prezidentimiz.

Shundan kelib chiqqan holda Yoshlar ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga yoshlarni ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirish va yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olishga qaratilgan ta’sirchan, amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda ushbu dolzarb ishga senatorlar, Oliy Majlis va mahalliy Kengashlar deputatlarini faol jalb etish zarurligi alohida ta’kidlandi. Zotan, xalq vakillari sifatida deputatlar korpusi yoshlar kelajagi uchun hammadan ham ko‘proq jon kuydirishi lozim. Ular joylarda siyosiy partiyalarning yoshlar qanotlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, amaliy uchrashuv va tadbirlar orqali mazkur Dastur ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishi, hududlarda faoliyat olib boradigan ishchi guruhlarga amaliy yordam ko‘rsatishi zarur.

Voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta turmush va tug‘ruqlar soni ko‘paygani bilan bog‘liq muammolar ham muhokama qilindi. Afsuski, erta turmush qurish va ajrashish muammosi bo‘yicha joylarda faqatgina ota-onalarni aybdor qilish bilan cheklanish hollari kuzatilmoqda. Aslida bo‘lar ish bo‘lganidan keyin emas, balki salbiy holatlarni yuzaga keltirmaslik uchun oldindan manzilli ishlash tizimini joriy etish kerak.

Shu munosabat bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi vazirliklariga bu yo‘nalishdagi ishlarni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va ta’sirchan chora-tadbirlarni belgilash vazifasi topshirildi.

Videoselektorda mutasaddi va joylardagi rahbarlar jam bo‘lgani bois ayni kunlardagi yana bir dolzarb masala — g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bu yil ob-havoning quruq va salqin kelishi sababli g‘o‘za rivoji 10-15 kunga, ba’zi joylarda 20-25 kunga kechikkani qayd etildi. G‘o‘za parvarishidagi qoloqlikni bartaraf etish, kafolatlangan hosil yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda 5 iyuldan 5 sentabrga qadar «Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi» e’lon qilindi. Bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

 

O‘zA



DB query error.
Please try later.