Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
19.06.2018

SUV — MARKAZIY OSIYO DAVLATLARI UCHUN MUHIM STRATEGIK RESURSDIR

Markaziy Osiyo hududida joylashgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston respublikalarining umumiy yer maydoni 3.882000 km2 bo‘lib, ularda aholi soni 60 million kishidan ortiq. Mintaqaning 30 foiziga yaqin hududi baland va o‘rtacha balandlikdagi tog‘lardan iborat bo‘lib, suv bilan ta’minlanganlik darajasi yaxshi. Qolgan 70 foiz hududi tekislik va past tog‘lardan tashkil topgan cho‘l va chalacho‘l hududlariga suv yirik tranzit daryolar orqaligina keladi.

Orol dengizi havzasiga kiruvchi bu hududda jami daryolarning umumiy suv hajmi 116 km2 ni tashkil qiladi. Shundan 79,4 km2 Amudaryoga va 36,6 km2 suv Sirdaryoga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkich bo‘lib, sernam va qurg‘oqchilik yillarida daryolarda suv miqdori keskin o‘zgarib turadi. Masalan, Amudaryoda sernam yillari 109,9 km2 gacha suv to‘planadi va qurg‘oqchilik yillari 58,6 km2 ga kamayadi. Sirdaryoning suv miqdori shunga o‘xshash sernam yillari 51,1 km2, qurg‘oqchillik yillari 23,6 km2 gacha o‘zgaradi. Raqamlardan ko‘rinib turubdiki, qurg‘oqchillik yillari o‘rtacha ko‘p yillik miqdoriga nisbatdan suv 30 foizgacha kamayadi.

Marakaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida suv taqsimoti o‘rtacha ko‘p yillik suv miqdoriga nisbatan amalga oshiriladi. Tabiiyki suv kam bo‘lgan yillarda suv taqsimoti mavjud suv miqdoriga nisbatan bo‘linadi.

Daryo suvlaridan oqilona foydalanish maqsadida, ya’ni qish oylarida suvni to‘plash va yoz oylarida ulardan sug‘orishda foydalanish uchun Orol dengizi havzasida 100 dan ortiq turli kattalikdagi suv omborlari qurilgan. Shulardan 55 tasi O‘zbekiston Respublikasida joylashgan. Suv omborlari sug‘orishda suv ta’minotini yaxshilashda katta yordam bermoqda. Bundan tashqari, suv omborlari baliqchilikni rivojlanishida, rekreatsiya maskanlarini tashkil qilishda ham muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekistonning ichki daryolari o‘rtacha ko‘p yillik suv resurslari yiliga 11,5 km3 ni yoki suv ehtiyoji umumiy miqdorining 18 foizini tashkil qiladi. Respublikamiz suv ehtiyojining 82 foizga yaqini qo‘shni davlatlardan keladigan Amudaryo va Sirdaryo resurslari hisobidan olinadi. Bu bir yilda 63,02 km3 ni tashkil qiladi.

Ushbu suvning 85 foizga yaqini sug‘orma dehqonchilikda ishlatiladi. Daryolardan kanallar orqali ekin dalalariga borguncha 40-70 foiz suv yerga singish va bug‘lanish tufayli yo‘qotiladi.

Markaziy Osiyoning quruq, issiq iqlim sharoitida suv havzalari yuzasidan bir yilda 1000-1200 mm qalinlikdagi suv bug‘lanadi. Bu juda katta miqdordagi chuchuk suvning yo‘qotilishidir. Qadimda bug‘lanadigan suvni mumkin qadar kamaytirish maqsadida usti yopiq hovuzlar — sardobalardan foydalanishgan. Yopiq sardobalarda yozning issiq oylarida ham bug‘lanish juda kam bo‘lganligi uchun ularda suv yil davomida saqlangan.

Shaharlar, sanoat korxonalari va boshqa ob’ektlardan chiqariladigan oqova hamda zovurlardan chiqariladigan suv juda katta miqdorni tashkil etadi. Mutaxassislar fikricha, turli iste’molchilar va foydalanuvchilardan qaytgan suvning umumiy miqdori yiliga 28,3 km3 dan iborat. Bu miqdor jami ishlatiladigan toza suvning 30 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. Katta miqdordagi suv kollektor, zovurlar orqali tabiiy chuqurlikda to‘planmoqda. Shunday suv ob’ektlariga Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Dengizko‘l, Sariqamish, Sho‘rko‘l, Qoraqir va Quyi Amudaryo, Quyi Zarafshon hududida hosil bo‘lgan yuzlab ko‘llar kiradi. Ularda 50 km3dan ortiq sho‘rligi 2,5 g/litrdan 9,0 g/litrgacha bo‘lgan suv to‘plangan. Bu — O‘zbekistonning 55 suv omborlari to‘lganda yig‘iladigan suvga nisbatan ham ko‘p. Suv taqchilligi ko‘payib borayotgan hozirgi davrda buncha katta miqdordagi obihayotni tozalab qayta foydalanish hozirgi va yaqin kelajakning eng dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi.

2050 yilga borib, Markaziy Osiyo davlatlarida aholi soni keskin oshishi kutilmoqda. Tabiiyki, bu suv iste’molining ortishiga, ayniqsa, yangi sug‘oriladigan yerlarning hozirgiga nisbatan 30 foizga oshishiga olib keladi. Uzoq kelajakni, ya’ni 2100 yillarni hisobga olsak, Markaziy Osiyo 150 million kishidan ortiq aholi yashaydigan dunyoning yirik iqtisodiy mintaqalaridan biriga aylanadi.

Yaqin va uzoq kelajakda ham Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivojlanishi va aholi salomatligi suv ta’minoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lib qoladi.

Mutaxassislar fikricha, iqlim o‘zgarishi dunyoning boshqa mintaqalari qatorida Markaziy Osiyoda ham aniq sezilmoqda. O‘zbekiston gidrometeorologlari fikricha, keyingi yuz yil ichida havoning o‘rtacha harorati 10 dan oshgan, ya’ni 10 isigan. Qozog‘istonlik iqlimshunos-mutaxassislar hisobi bo‘yicha o‘rtacha yillik harorat 1,40 oshgan, yog‘in miqdori 17 mm kamaygan. Ularning fikricha, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham havo harorati ko‘tarilishi va yog‘in miqdorida kamayishi shu miqdorlarda kuzatilmoqda.

Mutaxassis olimlarning hisoblari bo‘yicha Markaziy Osiyoda 2100 yilga qadar havo harorati 20 dan 70 (S) ga qadar oshishi va yog‘in miqdori 8-17 foiz kamayishi taxmin qilinmoqda. Global iqlim o‘zgarishi natijasida 2050 yillarda Sirdaryo havzasida oqim hajmi 6-10 foiz, Amudaryo havzasida 10-15 foiz kamayishi mumkin.Aholining jon boshiga suv bilan ta’minlanganlik bir yilga O‘zbekistonda 1646 m3 ni tashkil qiladi. Taqqoslash uchun quyidagi raqamlarni keltiramiz: aholini jon boshiga bir yilda suv bilan ta’minlanganlik Osiyo materigida 5600 m3 ni, dunyo bo‘yicha o‘rtacha 5996 m3 ni tashkil qiladi. Bu raqamlardan ham ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonda suv bilan aholi jon boshiga ta’minlanganlik dunyo ko‘rsatkichidan 3,5 baravar past.

Kelajakda mamlakatimizning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirib borish va aholini sifatli ichimlik suv bilan ta’minlash uchun hozirdan suvdan oqilona foydalanish, ifloslangan oqova suvlarni tozalab qayta ishlatish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish zarur.

Birinchidan, sug‘orishda suvdan foydalanish koeffitsiyentini 90-95 foizga yetkazish kerak. Hozirgi paytda bu ko‘rsatkich 65-70 foizini tashkil qiladi. Juda katta miqdordagi suv singish, bug‘lanish hamda ortiqcha suv sarfi orqali yo‘qotiladi.

Ikkinchidan, sug‘orishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish (beton ariqlar, egiluvchan shlanglardan, tomchilab sug‘orish va boshqa). Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi, mutaxassislar fikricha, jo‘yak yoki bostirib sug‘orishga nisbatan suvni 2,-3,0 baravar tejaydi. Buni keng joriy qilish rel’efi notekis yerlarni o‘zlashtirish imkoniyatini kengaytiradi, tuproqning yuvilish va qayta sho‘rlanishi keskin kamayadi.

Uchinchidan, mamlakatimizning tog‘li hududlarida mingdan ortiq kichik daryolar bo‘lib, ularda suv hajmi 20 million m3ni tashkil etadi. Bu suvlardan unumli foydalanish maqsadida suv omborlari qurish zarur. Tog‘li hududlarda suv ombori qurish uchun tor vodiyli soylarning qulay joylari tanlanishi lozim. Suv yuzasi kichik suv havzalarida suvning bug‘lanish hisobiga yo‘qotiladigan suvlar kamayadi. Suv omborlarni qurish bilan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida tog‘larda va tog‘ oldi tekisliklarida minglab gektar yerlarda mevali bog‘lar, uzumzorlar tashkil qilish imkoniyatlari kengayadi.

To‘rtinchidan, tabiiy chuqurliklarda to‘plangan katta miqdordagi sho‘r suvlarni (Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Dengizko‘l, Sariqamish, Sho‘rko‘l, Qoraqir va boshqalar) tozalab ulardan dehqonchilikda foydalanish choralarini ko‘rish kerak. Hozir ko‘p davlatlarda dengiz suvi chuchuklashtirilib aholi tomonidan iste’mol qilinmoqda. Saudiya Arabistoni, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kipr, Italiya va boshqalar) Isroilda 86 foiz oqova suvlar tozalanib, qayta ishlanib qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishda foydalaniladi. Ispaniyada oqova suvlarni 17 foizi tozalanib, ekinlarni sug‘orishda ishlatiladi. Isroil davlatida bir m3 dengiz suvini chuchuk suvga aylantirish 5 sentni tashkil qiladi. Agar sho‘r ko‘llardagi suv tozalanib, sug‘orishga ishlatilsa, ko‘llar atrofidagi minglab gektar yerlar o‘zlashtirilgan bo‘lar edi.

Beshinchidan, yer osti suvlari suv zaxiralarining asosiy qismini tashkil qiladi. Kelajakda yer osti suvlaridan ichimlik suvi va sug‘orish maqsadlarida foydalanish ko‘payadi. Yer osti suvlarini yer yuziga tortib chiqarish elektr energiya bilan bog‘liq. Davlat elektr energiya tarmoqlari yetib bormagan joylarda muqobil elektr energiya olinadigan manbalardan, ya’ni quyosh va shamol energiyalaridan foydalanish mumkin. Serquyosh mamlakatimizda 1m2 kattalikdagi quyosh paneli yil davomida o‘rtacha soatiga 1kVt elektr energiya beradi. Xuddi, shuningdek, cho‘l hududlarida shamol energiyalaridan ham foydalansa bo‘ladi. Shamol tezligi 3,0 m/sek.dan boshlab samarali elektr energiya bera boshlaydi. Respublikamizning 70-75 foiz hududlarida shamolning o‘rtacha tezligi 3,0-4,0 m/sek.dan oshadi. Tekislik cho‘l hududlarida shamol tezligi yanada katta. Shamol qurilmalari va quyosh batareyalari yonma-yon qurilsa, ular bir-birini to‘ldiradi va ikkita muqobil manbalardan olinadigan elektr energiya bilan yer tagidan katta miqdorda suv tortib olsa bo‘ladi. Shu yo‘l bilan ya’ni yer osti suvlarini yer yuziga chiqarish orqali minglab gektar yerlarni o‘zlashtirib, sug‘orma dehqonchilikni, parnik xo‘jaliklarini rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.

Hozirgi global iqlim o‘zgarishi aniq sezilayotgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal rivojlanishi, tez o‘sayotgan ko‘p millionli aholining salomatligi suv resurslaridan oqilona foydalanish bilan chambarchas bog‘liq. Buni unutmaslik lozim.

 

Orzimurod RAHMATULLAYEV, Subhon ABBOSOV,

Samarqand davlat universiteti professorlari.



DB query error.
Please try later.