Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
22.02.2018

MAHALLIYLASHTIRISH DASTURI VA IMPORTNI QISQARTIRISH REJASI TAHLIL QILINDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni import hajmini qisqartirish va mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish ishlarini tahlil qilish, bu boradagi eng muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma’lumki, 2017 yil 19 aprel kuni shu masalada videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va unda mahalliylashtirishni kengaytirish hisobidan import hajmini oshirish va turlarini maqbullashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq, o‘tgan yili muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 9,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 512 million dollarlik yoki 2016 yilga nisbatan 20 foiz ko‘p mahalliylashtirilgan mahsulot eksport qilindi. 100 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani, bazaviy tarmoqlarda import 353 million dollarga qisqartirilgani ham bu boradagi ishlarning ijobiy natijalari bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari Mahalliylashtirish dasturi va importni qisqartirish rejasi ijrosini chuqur tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tanqidiy baholadi. 2017 yilda 948 ta mahalliylashtirish loyihasidan 176 tasi bo‘yicha ishlab chiqarish boshlanmagani, 218 tasi bo‘yicha esa ishlab chiqarish prognozi bajarilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 77 ta loyihasi bo‘yicha 206 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan. «O‘zbekoziqovqatxolding» tomonidan 12 ta, «O‘zavtosanoat» tomonidan 17 ta, Toshkent shahrida 65 ta, Toshkent viloyatida 65 ta loyiha yetarli darajada bajarilmagan.

Importni qisqartirish rejasi 88 foizga bajarilgani qayd etildi. «O‘zagrotexsanoatxolding»da bu reja atigi 3 foiz, «O‘zpaxtasanoat»da 30 foiz bajarilgani tanqid qilindi. Joriy yil yanvar oyida mamlakatimiz bo‘yicha import hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 403 million dollarga oshgani sabablari atroflicha tahlil qilindi.

Prezidentimiz shu kabi kamchilik va sustkashliklar yuzasidan mutasaddi rahbarlardan izoh so‘radi. Jumladan, O‘zbekistonda bir yilda oziq-ovqat importi uning eksportidan 1,5 barobar ko‘p bo‘lgani tanqid ostiga olindi.

Yig‘ilishda bir qator xo‘jalik birlashmalari tomonidan o‘z faoliyatiga mos bo‘lmagan yoki mamlakatimizda ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan tovarlarni import qilish holatlari kamayish o‘rniga ko‘payayotgani qayd etildi. 2017 yilda 185 million dollarlik, joriy yil yanvar oyida esa 65 million dollarlik shunday mahsulotlar import qilingan.

Masalan, o‘tgan yili «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan 9 million dollarlik svetodiod chiroqlar, projektorlar va boshqa tovarlar, «O‘zbekneftgaz» tizimiga 2 million dollarlik po‘lat quvur, kabel, isitish qozoni, elektrodlar, «O‘zbekenergo» tomonidan 800 ming dollarga po‘lat sim va yengil avtomobil olib kelingan.

Yig‘ilishda shu va boshqa sanoat tarmoqlarida uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.

Tarmoqlar uchun zarur uskunalar va tez ishdan chiquvchi butlovchi qismlarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish to‘g‘risida 10-15 yildan buyon gapiramiz. Lekin tashabbus va amaliy harakat yo‘q. Bir qator soha rahbarlari mahalliylashtirishni o‘ylamayapti, zarur mahsulotni osongina chetdan keltirib qo‘ya qolyapti. Bunga hozirgi raqobat sharoitida mashaqqat bilan topilayotgan, iqtisodiyotning tayanchi bo‘lgan valyuta mablag‘lari sarf bo‘lib ketmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

Mahalliylashtirishni rag‘batlantirish uchun berilgan soliq va bojxona imtiyozlarining natijadorligi ham tahlil qilindi.

Ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari asossiz tayinlangani natijasida yurtimizda ishlab chiqarilgan ba’zi tovarlar narxi import bahosidan yuqori bo‘lmoqda. Masalan, to‘qimachilik sanoati uchun import qilinadigan tayyor uskunalar barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Ammo shu uskunani ishlab chiqarish uchun butlovchi qism import qilinadigan bo‘lsa, 20 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lanadi.

Soliq imtiyozlarida ham shu kabi nomukammalliklar mavjud. Shu bois 2018 yil 1 apreldan boshlab, mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha imtiyozlar to‘xtatiladi. Endi har xil nopok korxonalarning Mahalliylashtirish dasturiga kirib, soliq to‘lashdan qochishiga imkon bo‘lmaydi. Mahalliylashtirish dasturiga iqtisodiyot uchun haqiqatan zarur bo‘lgan loyihalar kiritilib, qat’iy nazoratga olinadi.

Yig‘ilishda Prezident sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, mahalliylashtirishni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Iqtisodiyot va Tashqi savdo vazirliklariga pishiq-puxta ishlangan yangi Mahalliylashtirish dasturini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berildi. Mahsulot ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan, raqobatbardosh narxda mahalliylashtirish imkoni bo‘lmagan ayrim butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to‘lovlarini bekor qilish yuzasidan aniq takliflar kiritish zarurligi ta’kidlandi.

Yirik korxonalar va kichik biznes uchun uskunalar, tez ishdan chiquvchi qismlar, shtamplangan mahsulotlar, kichik gidrogeneratorlar ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi. Shuningdek, qo‘shimcha 16 ming tonna granula ishlab chiqarib, ichki bozorga yetkazib berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va xo‘jalik birlashmalari rahbar va mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda Import hajmi va tarkibini tizimli ravishda tahlil qilish asosida yangi mahalliylashtirish quvvatlari tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzish vazifasi qo‘yildi.

Mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona to‘lovlari stavkalarini optimallashtirish yuzasidan topshiriq berildi.

Asosiy maqsadimiz, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlash, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buning uchun, avvalo, iqtisodiyotimiz raqobatbardosh bo‘lishi, mahsulotlar yurtimizda ishlab chiqarilishi zarur. Barcha rahbarlar shundan qat’iy xulosa qilib, zimmasidagi vazifalarga munosabatini tubdan o‘zgartirishi va mas’uliyatni oshirishi kerak.

 

O‘zA



DB query error.
Please try later.