30.01.2018

QASHQADARYO: AHOLI FAROVONLIGINI YUKSALTIRISH YO‘LIDAGI MUHIM ISLOHOTLAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 28 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida Qashqadaryo viloyatining o‘rni katta. Viloyatda 50 yirik sanoat korxonasi, 57 qo‘shma korxona, 14 ming 960 dan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti, 20 ming 333 fermer, 19 ming 917 dehqon xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi. O‘tgan bir yilga yaqin vaqt mobaynida viloyatda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni ishga tushirishni ko‘zda tutuvchi ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi.

Viloyatda 2017 yil yalpi hududiy mahsulot hajmi 17 trillion 366 milliard so‘mni tashkil etdi. Bandlik dasturi doirasida 70 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 2 ming 711, jumladan, sanoatda 776, xizmat ko‘rsatishda 1 ming 115 va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 820 ta loyiha amalga oshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifini Yakkabog‘ tumanidagi meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlashga ixtisoslashgan «Darmon sharbati» korxonasi faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

Qashqadaryo zaminida yetishtirilgan, quyosh nuriga to‘yingan, unumdor va bahavo hududlarda pishib yetilgan sarxil noz-ne’matlar g‘oyat mazali va foydali darmondorilarga boy bo‘ladi. Shu bois bunday mahsulotlar yurtimizda ham, xorijda ham birdek xaridorgir.

«Darmon sharbati» korxonasi 2017 yil avgust oyida ishga tushirilgan. Bu yerda kuniga 12 tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy, energiyatejamkor uskunalar bir kecha-kunduzda 20 tonnagacha meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatiga ega. Asosan olma, oshqovoq va sabzi sharbati tayyorlanmoqda. Kelgusida uzum, anor va boshqa qator sabzavot mahsulotlarini ham qayta ishlab, sharbat tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi. Bu yerda joriy qilingan zamonaviy texnologiyalar samarali ish jarayoni va yuqori sifatli mahsulot tayyorlashni ta’minlamoqda. Meva-sabzavotlarning tabiiy xususiyatlari saqlab qolingan tayyor mahsulot 1,5 va 3 litrli maxsus idishlar – akseptik paketlarga qadoqlanadi. Korxona ishchilari kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir.

Korxonaning tabiiy sharbatlari chet ellik xaridorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yaqinda rossiyalik hamkorlar bilan eksport kelishuvlariga erishildi.

Davlatimiz rahbari viloyatda bu kabi korxonalarni ko‘proq tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirgan yoshlarni tarbiyalash lozimligini ta’kidladi. Buning uchun Qashqadaryoda imkoniyatlar ham, ishchi kuchi ham yetarli.

Shu yerning o‘zida Qashqadaryo viloyatida 2018-2019 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va eksport hajmini oshirish loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kitob tumanidagi «East Agro International» MChJ tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish loyihasi doirasida yiliga 8 million shartli banka sabzavot konservalari va jemlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Korxonani 2018 yilning uchinchi choragida ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Korxona to‘liq quvvat bilan ish boshlagach, 60 yangi ish o‘rni yaratiladi.

«Darmon sharbati» korxonasi tomonidan meva-sabzavotni qayta ishlash va bolalar taomlari ishlab chiqarish, «Sharofat ona Qahramon qizi» agrofirmasi tomonidan muzlatkich omborxonasi qurish loyihalari ham taqdim etildi.

Keyingi manzil Shahrisabz shahri bo‘ldi. Davlatimiz rahbari dastlab «Dor ut-tilovat» majmuasini ziyorat qildi. Taomilga binoan o‘tganlar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

«Dor ut-tilovat» majmuasi Ko‘k gumbaz masjidi, Shayx Shamsiddin Kulol, Gumbazi Sayyidon maqbaralari va hujralardan iborat bo‘lib, ular asosan XIV asr oxiri XV asrning birinchi yarmida bunyod etilgan. «Dor ut-tilovat» so‘zi «Qur’on o‘qiladigan yoki tilovat qilinadigan joy» ma’nosini anglatadi.

Ko‘k gumbaz masjidi buyuk olim va davlat arbobi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tomonidan 1434-1435 yillarda qurilgan. Mirzo Ulug‘bek masjidni otasi Shohrux nomidan bobosi Amir Temur sharafiga bunyod ettirgan. Kirish peshtoqi ravog‘ida ularning nomlari va qurilish sanasi bitilgan.

Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi XIV asr oxirida barpo etilgan. Shayx Shamsiddin Kulol al Foxuriy Amir Temur hamda uning otasi Tarag‘ay Bahodirning ustozi va piridir. U 1370 yilda vafot etgan. Amir Temur ustozi qabri ustiga maqbara qurdirgan.

Gumbazi Sayyidon maqbarasi 1437 yilda Mirzo Ulug‘bek farmoni bilan qurilgan. Maqbara ichida XV-XVII asrlarga oid bir nechta qabr toshlari bor. Bu qabr toshlari termizlik sayyidlarga tegishli. Ma’lumki, sayyidlar Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) avlodidan bo‘lib, ulug‘ zotlar hisoblanadi. Shuning uchun ham maqbaraning nomi Gumbazi Sayyidon, ya’ni Sayyidlar gumbazi deb nom olgan.

Davlatimiz rahbarining diniy ulamolar, mehnat faxriylari bilan muloqotida xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi.

Qashqadaryo viloyatini rivojlantirish bo‘yicha juda katta rejalarimiz bor, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ko‘pgina muammolar yig‘ilib qolgan. Ularni yechish uchun hammamiz bir bo‘lib ishlashimiz kerak.

Amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida Shahrisabz qiyofasi tubdan o‘zgardi. Shaharning tarixiy obidalari qayta ta’mirlandi. Sayyohlik infratuzilmasi rivojlanib, xizmat ko‘rsatish darajasi xalqaro standartlar darajasiga yetkazilmoqda.

Prezidentimiz 2017 yil avgust oyida poytaxtimizdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrifi chog‘ida bir qancha masalalar qatorida Shahrisabz shahrida maqom kechalarini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Ayni vaqtda milliy o‘zligimizni anglash, madaniyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini yuksaltirishda maqom san’atining keng imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, ijrosiga kirishildi.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2018 yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Shahrisabz shahriga tashrifi davomida Oqsaroy maydonida mazkur anjumanni o‘tkazish uchun zarur madaniy infratuzilma inshootlarini barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xalqaro maqom san’ati anjumanining ilmiy-ijodiy konsepsiyasi haqida ma’lumot berildi.

Oqsaroy maydonining tarixiy qismida maqom san’atiga bag‘ishlangan muzey va markaz tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shahar madaniyat saroyini kapital ta’mirlash, Oqsaroy maydonidagi Maqom markazi hamda bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyatini takomillashtirish tadbirlari belgilangan.

Mashhur san’atkorimiz Yunus Rajabiydan keyin, afsuski, hech kim maqom san’atini rivojlantirish bilan jiddiy shug‘ullanmadi. Maqom san’ati ustalari juda kam qolgan. Ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda maqom san’ati ustalari bilan uchrashib, maqom san’ati istiqbollari, xalqaro maqom san’ati anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish haqida suhbatlashdi.

Tashrifi doirasida Prezidentimiz Oqsaroy maydonidagi «Koba» madaniyat majmuasida viloyat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi.

Loyihalar iqtisodiy jihatdan rang-barang bo‘lib, barchasi aholi farovonligi va turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan.

Dastlab Qashqadaryo viloyatida 2018-2019 yillarda turizm infratuzilmasi obyektlarini barpo etish rejasi taqdim qilindi. Rejaga ko‘ra, 167 loyiha amalga oshiriladi. Xususan, zamonaviy mehmonxonalar barpo etish, transport xizmatlari ko‘rsatish, dam olish va ko‘ngilochar hududlar tashkil etish, tarixiy-madaniy obidalarni ta’mirlash ko‘zda tutilgan. «O‘zbekturizm» davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etilayotgan loyihalardan yana biri eko va etnoturizmni rivojlantirish, Amir Temur tug‘ilgan manzilni turizm maskaniga aylantirishga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari bugun dunyoda ko‘plab davlatlar bu sohani o‘zlashtirib, katta daromad olayotganini ta’kidlar ekan, yurtimizda mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yana bir muhim tashabbus Qashqadaryo viloyati ko‘p qavatli uy-joy fondini ta’mirlash dasturini amalga oshirish hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan. Viloyatda jami 1 ming 656 ta ko‘p qavatli uy-joy bo‘lib, ularga 151 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili 346 ta ko‘p qavatli uy-joy ta’mirlangan. Tijorat banklari tomonidan 13 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan. Joriy yilgi dasturda 48,1 milliard so‘m jalb etish ko‘zda tutilgan.

Qashqadaryo viloyati bo‘yicha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar va soliq to‘lovchilar soni, yirik korxonalar tomonidan byudjetga to‘lanadigan to‘lovlar, joriy yilgi prognoz ko‘rsatkichlar haqidagi ma’lumotlar navbatdagi taqdimotda namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyevga jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk obyektlari va yer maydonlarini hisobga olish va soliq undirish hisobidan byudjetga tushumlar, tuman va shahar soliq inspeksiyalarining namunaviy tuzilmalari to‘g‘risidagi loyihalarni soha rahbarlari taqdim qildi.

Viloyatda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihasida ichimlik suvi olish inshootlari qurish, 77 kilometr magistral, 162 kilometr ichki tarmoq tortish, 16 ta suv taqsimlash inshooti qurish rejalashtirilgan. Toshguzar – Shahrisabz – Kitob temir yo‘lini modernizatsiya qilish va elektrlashtirishni nazarda tutuvchi loyiha Shahrisabz shahrigacha tezyurar poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutadi.

Bugungi kunda viloyat aholisi toza ichimlik suvi bilan to‘la ta’minlanmagani achinarlidir, dedi Prezidentimiz. Bu dolzarb masalani qisqa vaqtda hal qilish uchun bor imkoniyatimizni ishga solishimiz lozim.

Shahrisabz shahri va tumanida mehnat bozorini barqarorlashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ga alohida e’tibor qaratildi. Loyihadan vaqtincha ishsizlar haqida ma’lumot, kasbga o‘qitish markazlarini tashkil etish, kasblarga bo‘lgan talab kabi ma’lumotlar o‘rin olgan.

Prezidentimiz vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning muhim masalasi ekanini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari qaysi viloyatga tashrif buyurmasin, albatta, yoshlar, ularning tarbiyasi masalasiga alohida e’tibor qaratadi. Xalqimiz – bolajon. Farzandlari o‘zidan o‘zishini, har tomonlama rivojlangan, barkamol bo‘lib ulg‘ayishini niyat qilib yashaydi. Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga davlat muassasalari bilan birga, nodavlat bog‘chalar ham keng jalb etilayotgani zamirida ana shu ezgu orzu-umidlar mujassam.

Prezidentimiz Shahrisabz shahrida davlat sherikligi asosida tashkil etilgan «Vunderkind» (Bilimdon bola) nomli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishish asnosida asosiy e’tiborni ayni shu masalaga qaratdi.

Ingliz tili va komputer bilimlarini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan mazkur nodavlat bog‘chada maktabgacha ta’limda bola shaxsini rivojlantirishga qo‘yiladigan davlat talablarining asosiy yo‘nalishlari qamrab olingan. Har bir qavatdan kichkintoylarning intellektual, estetik va jismoniy salohiyatini o‘stirish uchun unumli foydalanilgan.

Birinchi qavatda musiqa va raqs, sport zallari, shaxmat-shashka xonasi, mo‘jaz qo‘g‘irchoq teatri joylashgan. Ikkinchi qavatda oshxona, tibbiyot xonalari mavjud. Uchinchi qavatda maktabga tayyorlov guruhi va kichik yoshdagi guruhlar uchun mashg‘ulot xonalari, 2 ta yotoqxona o‘rin olgan. Hovlidagi o‘yin maydonchasida turli attraksionlar o‘rnatilgan.

Prezidentimiz muassasada yaratilgan sharoitni yuksak baholadi. Mazkur bog‘cha misolida Shahrisabz shahrida yana 25 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish, bog‘cha mudirasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofot sovrindori Shahnoza Xolmahmatovaga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobil sovg‘a qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda Qashqadaryo viloyatida xususiy sheriklik asosida hamda davlat tomonidan quriladigan maktabgacha ta’lim muassasalari dasturi taqdimoti bilan tanishdi.

Shu kuni Prezidentimiz raisligida Chiroqchi tumani hokimligi binosida Qashqadaryo viloyati faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili viloyatda bajarilgan ishlarni tahlil qilib, joriy yil va yaqin istiqbolda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb chora-tadbirlarni belgilab berdi. Videoaloqa orqali barcha tumanlar faollari bilan ham muloqot qilindi.

29 yanvar kuni davlatimiz rahbari Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Abu Muin Nasafiy maqbarasini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, buyuk olim asarlarini xalqimizga yetkazish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi.

Ayni paytda mazkur ziyoratgohda keng ko‘lamli ta’mirlash, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Abu Muin Nasafiy kalom ilmining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lib, Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya ta’limotining dunyoda keng tarqalishiga salmoqli hissa qo‘shgan allomalardandir.

U kishi ilmu urfonda yetuk, ziyoli bir oilada ulg‘aygan. Ajdodlaridan aksariyati, ayniqsa, fiqh ilmi sohasidagi ulkan salohiyatlari bilan xalq orasida obro‘ qozongan. Abu Muin Nasafiyning katta bobosi Makhul Nasafiy Imom Moturidiyning shogirdi bo‘lgan. Bobosi Mu’tamid ibn Makhul Nasafiy esa hanafiy olimlar orasida mashhur edi. Abu Muin Nasafiy boshlang‘ich ilmni bobosi va otasidan oladi.

Arab olimi Xayriddin az-Zirikliy «Al-A’lom» asarida va Umar Rizo Kahhola «Mu’jam al-muallifiyn» asarida Abu Muin Nasafiyning 1027 yil Nasaf (hozirgi Qarshi) shahrida tug‘ilganini zikr etgan. Uning vafoti haqida esa aksar manbalarda 1114 yil ko‘rsatilgan.

Jahonning turli kutubxonalarida saqlanadigan Abu Muin Nasafiy asarlari orasida «Tabsirat al-adilla fi usul ad-diyn a’la tariqati Abu Mansur al-Moturidiy», «Bahrul-kalom fi ilm ul-kalom» va «At-tamhid li qova’idit ut-tavhid» kitoblari juda e’tiborli hisoblanadi. Uning «Tabsirat al-adilla fi usul ad-diyn a’la tariqati Abu Mansur al-Moturidiy» (Din asoslarini imom Abu Mansur Moturidiy tariqatiga binoan dalillar bilan sharhlash) asarida moturidiya ta’limoti dalillar bilan sharhlanadi. Olimning «Bahr ul-kalom fi ilm ul-kalom» asari moturidiya maktabining kalom ilmi bo‘yicha asosiy manbalaridan biridir.

Davlatimiz rahbari ulamolar bilan suhbatda buyuk bobokalonimiz asarlari bugungi kun uchun ham g‘oyat ahamiyatli ekani, ularni qayta nashr qilib, mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimiz ziyoratgohda saqlanayotgan qadimiy Qur’on nusxasini ko‘zdan kechirdi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanidagi «Baxt» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga tashrif buyurib, viloyatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi.

2001 yilda tashkil etilgan «Baxt» fermer xo‘jaligi 278 gektar yerda chorvachilik, parrandachilik, tuyachilik, yilqichilik, quyonchilik bilan shug‘ullanadi. 4 gektarda intensiv bog‘, 1 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan. Xo‘jalikda o‘tgan yili 55 tonna go‘sht, 355 tonna sut, 64 ming dona tuxum, parranda go‘shti, baliq yetishtirilgan. Go‘sht va sut shu yerning o‘zida qayta ishlanib, bozorga tayyor mahsulot holida yetkazib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari fermer xo‘jaligida qo‘shimcha tarmoqlarni ishga tushirish hisobiga yangi ish o‘rinlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu yerda viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, achchiq qalampir, kovrak plantatsiyalari tashkil etish, chorvachilik, kurkachilik majmualari, pistazor va yong‘oqzorlar barpo etish, sutni qayta ishlash, asalarichilik loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Prezidentimiz o‘rmon xo‘jaliklarida intensiv usulda ko‘chat yetishtirish hamda o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanishga oid loyiha bilan tanishar ekan, Toshkent davlat agrar universiteti magistraturasini bitirib, Shahrisabz tumanida 4 sotix yerda 6 oyda 50 mingta 1 yoshli limon ko‘chati yetishtirgan Akbar Saidovning innovatsion ishlanmasiga alohida to‘xtaldi.

Intensiv usulda, mikroiqlim sharoitida parvarishlangan bu ko‘chatlar odatdagiga qaraganda ikki marta tezroq o‘sadi.

Limonchilik nafaqat Qashqadaryo vohasi, balki mamlakatimiz uchun serdaromad sohalardan. Bu tarmoqni rivojlantirish iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish, qo‘shimcha daromad manbaini yaratishga xizmat qiladi. Shu bois mazkur istiqbolli yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash, Qashqadaryo misolida limonchilar uyushmasini tashkil etish lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev. Yangi uyushmaning ta’sischisi «Agrobank» bo‘ladi.

Qashqadaryo viloyatida terini qayta ishlash va charm-poyabzal klasterini barpo etish, aholini tuxum va parranda go‘shti bilan ta’minlash, «G‘uzor tekstil impeks» MChJ tomonidan yengil sanoat majmuasi tashkil etish, lalmi yerlarda dorivor o‘simliklar yetishtirish hamda Mirishkor tumanida kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama etildi.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Xonobod harbiy aerodromida bo‘ldi. Uchuvchilar bilan suhbatda mamlakatimizning yangi Mudofaa doktrinasi mazmun-mohiyati, Vatan himoyachilarining burch va mas’uliyati haqida so‘z bordi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qalblarni g‘ururga to‘ldiruvchi, yuraklarni hayajonga soluvchi mamlakatning bosh qo‘shig‘idir. Uni har safar tinglaganimizda ko‘nglimizni shu yurtning farzandi ekanimizdan iftixor tuyg‘ulari qamrab oladi.

Shu hayajonni o‘zining iste’dodi bilan dillarga singdirgan, ona Vatanga muhabbatning so‘zlar orqali ifodasini topgan O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov she’rlari kirib bormagan xonadon yo‘q.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahrida Abdulla Oripov haykalini yaratish loyihasi bilan tanishar ekan, loyihani takomillashtirish, bu yerda Abdulla Oripov nomidagi maktab va uning ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil etish zarurligini ta’kidlagan edi.

Oradan qariyb bir yil o‘tdi. 29 yanvar kuni davlatimiz rahbari mazkur loyiha ijrosi bilan tanishdi.

Takomillashtirilgan loyiha asosida bu yerda O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati barpo etildi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 maydagi «Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida bunyod etilgan ilm dargohi oldida qahramon shoirimizning haykali qad rostladi. Haykal orqasidagi devorga shoirning she’rlaridan namunalar bitildi.

Maktabning birinchi qavatida Abdulla Oripov muzeyi tashkil etildi. Muzeyga shoirning buyumlari, unga qilingan turli sovg‘alar joylashtirildi.

Maktab 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 50 o‘rinli yotoqxona, 50 o‘rinli oshxona, 200 o‘rinli faollar zaliga ega. Maktabga o‘quvchilar 5-sinfdan tanlov asosida qabul qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev maktab faoliyati bilan tanishdi. Muzey, o‘quv xonalarida bo‘ldi, maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashdi.

Maktab o‘quvchilari Ibroyim Yusupov, Muhammad Yusuf, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktablar o‘quvchilari bilan onlayn bog‘lanib, mushoira o‘tkazdi. Abdulla Oripov she’rlari va o‘zlari yozgan she’rlardan namunalar o‘qib berdi.

Davlatimiz rahbari ularga Abdulla Oripovdek buyuk shoir nomiga munosib bo‘lish, o‘z iste’dodlari bilan jahonga mashhur insonlar bo‘lib yetishish tilaklarini bildirdi. Bir guruh o‘quvchilarga sovg‘alar topshirdi.

Qashqadaryo viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, jarayonga xorijiy investorlarni keng jalb qilish, mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017 yil Qarshi tumanida «LT Textile International» xorijiy korxonasi, Qarshi shahrida «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi va boshqa ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Davlatimiz rahbari Qarshi tumani «Qoratepa» qishloq fuqarolar yig‘inidagi Fayzobod qishlog‘ida joylashgan «LT Textile International» xorijiy korxonasida bo‘ldi.

Prezidentimiz o‘tgan yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida ushbu korxonada amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishgan, quruvchilarga o‘z maslahat va tavsiyalarini bergan edi.

Xitoylik investorlar mablag‘i evaziga bunyod etilgan mazkur korxonaning birinchi bosqichi 2017 yil iyul oyida foydalanishga topshirildi. Bu yerga Germaniya va Shveytsariyadan zamonaviy va energiyatejamkor to‘qimachilik asbob-uskunalari keltirib o‘rnatildi. 700 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. 60 nafarga yaqin yoshlar Xitoyda kasb mahoratini oshirib qaytdi.

Korxonada paxta tolasi qayta ishlanib, yiliga 22 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Mahsulotning asosiy qismini eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. O‘tgan davrda 4 ming 600 tonnadan ziyod paxta tolasi qayta ishlanib, 3,5 ming tonnadan ziyod ip-kalava eksport qilindi.

Prezidentimiz ushbu korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchi-xodimlar bilan muloqot qildi. O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shadigan xorijlik investorlarga barcha sharoit yaratilishi aytildi.

Bizning asosiy maqsadimiz eksport faoliyatini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishdir, dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerda Qashqadaryo viloyatida tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish dasturi taqdim etildi. Xususan, «LT Textile International» mas’uliyati cheklangan jamiyatini rivojlantirishning II va III bosqichlari doirasida amalga oshiriladigan ishlar loyihasi haqida ma’lumot berildi. 2019 yil ikkinchi choragida loyiha foydalanishga topshirilgach, ip-kalava va aralash ip-gazlama hajmi oshiriladi, 650 ish o‘rni yaratiladi.

Qarshi shahridagi «Sulton Tex Group» xususiy korxonasida yengil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

O‘zA 



DB query error.
Please try later.