Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
13.05.2017

O‘zbekiston – Xitoy: STRATEGIK SHERIKLIK VA DO‘STLIK MUNOSABATLARINI YANADA RIVOJLANTIRISH YO‘LIDA

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 11 may kuni davlat tashrifi bilan Xitoyga keldi.

O‘zbekiston — Xitoy hamkorlik munosabatlari keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilmoqda. Mamlakatlarimizning milliy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, jahondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan bu aloqalar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov boshlab bergan o‘zaro do‘stlik, mustahkam ishonchga asoslangan hamkorlik negizida taraqqiy etmoqda.

O‘zaro manfaatli hamkorlikning huquqiy bazasini 2005 yilda imzolangan Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, 2010 yildagi Do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish va rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2012 yildagi Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya, 2013 yildagi Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi Qo‘shma deklaratsiya, 2014-2018 yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi hamda 2016 yilda imzolangan Qo‘shma bayonot tashkil qiladi.

Mazkur hujjatlarning qabul qilinishi ulkan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, nihoyatda keng ko‘lamlidir. Ular uzoq muddatli istiqbolda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston va Xitoy davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Prezidentimizni Xitoyga birinchi davlat tashrifi bilan samimiy qutladi.

Siz bilan Pekinda uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin yaratadi. 2016 yilda Buxoroda bo‘lganimda menga hamrohlik qilganingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi, dedi Si Szinpin.

XXR Raisi Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev taklif uchun Si Szinpinga minnatdorlik bildirdi va bugungi muzokaralar muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.

O‘zbekistonning qadimiy tarixi va madaniyatiga yuksak hurmat ko‘rsatib, 2016 yil Buxoroga borganingiz, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosga katta qiziqish bildirganingizdan xursandmiz. O‘zbekiston Xitoyni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining yetakchilaridan bo‘lgan va o‘z maqsadlari yo‘lida qat’iy borayotgan mamlakat sifatida biladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralarda o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.

Xitoy O‘zbekistonning hayot sinovidan o‘tgan ishonchli hamkoridir. Xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar Buyuk ipak yo‘li tarixi bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, milliy qadriyat va an’analarimiz jahon madaniyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan, savdo aloqalarimiz dunyo ahliga o‘z davrining noyob buyumlarini taqdim etgan. Bugun insoniyatning kundalik ehtiyojlariga aylangan choy, paxta, ipak, qog‘oz kabi mahsulotlar ularning bir qismi, xolos.

Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ziyod kompaniya va korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yillar davomida xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qariyb 7,8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritgan.

2016 yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil qildi. Xitoy bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari, plastmassa buyumlar, qishloq xo‘jaligi va boshqa tovarlarga talab katta.

Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va sanoatning eksport salohiyatini yuksaltirishda faol ishtirok etmoqda.

XXRning yetakchi sanoat kompaniyalari bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli aloqalarni, birinchi navbatda, yuqori texnologiyaga asoslangan tarmoqlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Neft-gaz va telekommunikatsiya tarmoqlarida, transport, to‘qimachilik, kimyo sanoati va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xitoy biznes subyektlari O‘zbekistondagi ko‘plab yangi sanoat korxonalari, jumladan, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar, Qo‘ng‘irot soda zavodlari qurilishida ishtirok etdi. XXR tadbirkorlari ko‘magida mamlakatimizda elektr texnikasi mahsulotlari, mobil telefonlar, qurilish texnikasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. “Huawei” kompaniyasi tomonidan Toshkent shahri va O‘zbekiston mintaqalarining telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 20 loyiha amalga oshirildi. ZTE korporatsiyasi bilan hamkorlikda chiqarilayotgan modem, smartfon hamda boshqa uskunalarga ichki va xorij bozorlarida talab yuqori.

Markaziy Osiyo — Xitoy gaz quvurining barcha to‘rt tarmog‘i O‘zbekiston hududidan o‘tgan. XXR Milliy neft-gaz korporatsiyasi mamlakatimizda istiqbolli uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol qatnashmoqda. Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik qilib kelinmoqda.

Muzokaralarda iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar. Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimlar, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o‘simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpinning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Imzolangan hujjatlar, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

 

Abu Bakir O‘ROZOV,

O‘zA maxsus muxbiri

Pekin shahri.



DB query error.
Please try later.