O'zb  
 
29.04.2017

Asosiy maqsadimiz mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishdir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27 aprel kuni Jizzax viloyatida bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida viloyat har tomonlama rivojlandi, shahar va qishloqlar obod bo‘lib, aholining turmush farovonligi oshdi. Hududda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

2016 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulotning o‘sish sur’ati 9,6 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 17,8 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,3, qurilish ishlari 11,8, chakana tovar aylanmasi 15,2 foizga o‘sdi.

O‘tgan yili sanoat sohasini rivojlantirishga doir 304, qishloq xo‘jaligida 696 loyiha amalga oshirildi.

Tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqiy manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar samarasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 2016 yilda 80,3 foizni tashkil etdi.

Hududiy tasarrufdagi korxonalar tomonidan 38 million dollarlik mahsulotlar va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.

«Jizzax» erkin iqtisodiy zonasi viloyat sanoatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2016 yilda bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan 163 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Birinchi Prezidentimizning 2013 yil 18 martdagi «Jizzax» maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida»gi Farmoni asosida tashkil etilgan ushbu maxsus hududda o‘tgan yillarda 20 (Jizzax viloyatida 15 ta, Sirdaryo viloyatida 5 ta) korxona ishga tushirildi.

Zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan korxonalarda 1000 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Ish o‘rinlarining 60 foizini oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari band etdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturida viloyatda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini izchil davom ettirish, viloyatni har tomonlama rivojlantirish, aholi manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha katta reja va maqsadlarni bayon etgan edi. Prezidentimiz Jizzaxga tashrifi davomida ana shu rejalar ijrosi, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari tashrifini Zafarobod tumanidan boshladi. «Chimqo‘rg‘on» qishloq fuqarolar yig‘ini hududida Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi.

Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

— 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali uning raqobatbardoshligini oshirishga alohida ahamiyat berilgan, — dedi Prezidentimiz. — Ana shu ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishda hozirgi kunda va istiqbolda yurtimiz aholisi va sanoat korxonalarini sifatli neft mahsulotlari bilan ta’minlash, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Jizzax viloyati katta sanoat salohiyatiga, ilmiy-texnikaviy va intellektual imkoniyatlarga ega. Bu o‘z navbatida yangi zavodni samarali ishlatish uchun zamin tug‘diradi. Yangi korxona viloyat iqtisodiyoti uchun o‘ziga xos lokomotiv bo‘libgina qolmasdan, butun mamlakatimizni neft mahsulotlari bilan ta’minlash tizimini tubdan yaxshilash imkonini beradi.

Hech shubhasiz, bu yangi zavod nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi noyob sanoat obyektlaridan biriga aylanadi. Qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyiha yiliga 5 million tonna neft xomashyosini qayta ishlash imkonini beradi.

Ushbu majmua uchun Qozog‘iston Respublikasi hududidan tortib kelinadigan quvurning umumiy uzunligi 95 kilometrni tashkil etadi. Bu energiya resurslarini yetkazish xarajatlarini keskin kamaytiradi va loyihaning iqtisodiy samaradorligini oshiradi. Neft narxining arzonlashishi mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmog‘iga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Majmuaning geografik joylashuvi ishlab chiqarilgan mahsulotlarni mamlakatimizning barcha hududiga va eksportga minimal xarajatlar evaziga yetkazish imkoniyatini ta’minlaydi.

Zavodda uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha eng zamonaviy, ekologik toza va energetik jihatdan samarador texnologiyalar o‘rnatiladi. Ular asosida Yevro-5 standartidagi yuqori sifatli motor va aviatsiya yoqilg‘isi, benzol, mazut, bitum va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Aviatsiya kerosini ishlab chiqarish mamlakatimiz aviatsiya sohasini yanada rivojlantirish, havo kemalarimizning parvoz geografiyasini kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalar, turizm salohiyati ortishiga xizmat qiladi.

Majmuaning ishga tushirilishi 2 mingdan ziyod, sohaga aloqador va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida yana 14 mingdan ortiq kishining bandligini ta’minlash imkonini beradi.

Majmuaga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yildi.

Tadbir ishtirokchilari hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yanada oshirishga qaratilayotgan alohida e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Prezidentimiz Jizzax shahridagi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazi faoliyati bilan tanishdi. Markazda tadbirkorlarga barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi kunda komputer, internet va boshqa aloqa vositalari olis qishloqlarda ham kundalik turmush tarzining ajralmas qismiga aylanib borayotir. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish samaradorligi yildan-yilga oshib, komputer texnikasi va elektron hujjat aylanish tizimi rivojlanyapti. Barcha sohada ilg‘or kommunikatsiya texnologiyalari qulay va tezkor ma’lumot almashish va xizmat ko‘rsatish vositasiga aylanmoqda.

Markazda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha masala yuzasidan turli soha mutaxassislaridan javob olishlari mumkin.

Endi tadbirkor muammosini hal qilish uchun turli tashkilotlarga borib yurmaydi. Ushbu markazda barcha soha mutaxassislari ularning talab va takliflarini o‘rganadi va yechimini topadi. Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi tadbirkorlarning haqiqiy ko‘makchisi bo‘lishi lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tumanlarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish markazlari tashkil etilib, ular tomorqadan samarali foydalanish, mikrobiznesni yo‘lga qo‘yish, mikrokreditlarni rasmiylashtirish, ajratilgan kreditlarni monitoring qilish kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Viloyat bo‘yicha 91 ana shunday markaz ochilishi ko‘zda tutilgan.

«Xalqni tadbirkor qilish» shiori ostida tijorat banklari tomonidan qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishda ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, kichik biznes subyektlarini sifatli, qulay, ishonchli resurslar bilan ta’minlashda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Eng olis hududlarda ham tadbirkorlikni rivojlantirish uchun, avvalo, aholiga tadbirkorlik bo‘yicha yetarlicha tushuncha va bilim berishimiz kerak. Tadbirkorlarga imkoniyat va sharoit yaratib bersak, ular o‘zlarini ham, aholini ham ish bilan ta’minlaydi, dedi Prezidentimiz.

Shu yerda viloyat iqtisodiyot kompleksi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi, ishbilarmonlik muhitini shakllantirish va tadbirkorlikka ko‘maklashish tizimi hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Jizzax shahri Sh.Rashidov shohko‘chasi 117-uyda joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasida fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishiga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Ulkan bunyodkorlik ishlari Jizzax qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Odamlar hayotdan, yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlardan rozi ekani ularning ochiq chehralarida aks etgan.

Prezidentimiz Jizzax shahrining bosh rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha shaharlari qatori Jizzaxda ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy uy-joylar, yangi yo‘l va ko‘chalar, xiyobonlar barpo etilmoqda.

Temiryo‘lchilar va Toshkent ko‘chalarining me’moriy yechimi bo‘yicha loyiha shaharda temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, aholini arzon va zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlashga qaratilgan. Loyihaga muvofiq mazkur ko‘chalarni tutashtiruvchi 900 metrli, to‘rt polosali yangi yo‘l quriladi. Bu transport vositalari harakatiga, temir yo‘l vokzaliga kelib-ketuvchilarga qulaylik yaratadi. Yangi ko‘chaning ikki tomonida 5-7 qavatli zamonaviy uy-joylar bunyod etiladi. Mustaqillik ko‘chasida ham 7 qavatli turar joylar quriladi. O‘zbekiston ko‘chasi kengaytiriladi.

Davlatimiz rahbari bu ko‘chalar va yangi uylar shahar qiyofasini o‘zgartirish, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonlarini barpo etish loyihalari bilan ham tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 18 noyabrda Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda xalqimizning fidoyi farzandi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash, u kishi tug‘ilib o‘sgan Jizzax zaminida yodgorlik majmuasi barpo etish taklifini bildirgan edi. Bu tashabbusning ijobati sifatida Jizzax tumani Sharof Rashidov tumani deb nomlandi. 2017 yil 27 mart kuni Prezidentimizning «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bugungi kunda bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Hamid Olimjon va Zulfiya xiyobonini barpo etish, mazmun-mohiyatini boyitish, ularning ijodiy maktablarini tashkil etish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.

Jizzax viloyati tumanlari markazlarida bunyod etiladigan 4 qavatli arzon uy-joylar loyihasi ham namoyish etildi.

Prezidentimiz Sharof Rashidov tumani «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati, profilaktika inspektori yashash joyi bilan tanishib, «Uchtepa» massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 oktabrdagi ?017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida barpo etilgan har biri 16 xonadonli 2 ta ikki qavatli va 10 xonadonga mo‘ljallangan 2, 3 xonali, 2 sotix tomorqa va yordamchi inshootlarga ega bitta bir qavatli uyda 42 oilaning zamonaviy sharoitlarda yashashi uchun barcha qulaylik yaratilgan.

Bunday zamonaviy uylar qishloq ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish va aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, odamlarda davlatimizga va ertangi kunga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda.

Yangi uylar «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini kengashi tavsiyasi bilan birinchi navbatda turar joyga ehtiyojmand yosh oilalarga berildi.

Davlatimiz rahbari aholi bilan muloqotda bo‘ldi.

Joriy yilda viloyatda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha 866 uy-joy qurilishi mo‘ljallangan. «Uchtepa» massivida 6 ta 16 xonadonli arzon uy-joylar qurilishi olib borilmoqda. Mazkur uylarni Mustaqillik bayramigacha foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Prezidentimiz Paxtakor tumanida bo‘lib, Jizzax viloyatida yengil sanoat, charm-poyabzal, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 dekabrdagi ?017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida»gi qarori soha rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Viloyatda 2017-2018 yillarda yengil sanoatni rivojlantirish dasturi doirasida qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Milliy bank tomonidan «Elegans teks», «Paxtakor gold teks», «Forish gold teks», «Zomin tekstil», «Zarbdor tekstil» kabi korxonalarda umumiy qiymati 111 million dollarlik loyihalarni hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Bu 2 ming 890 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

«Asaka» banki, «Ipoteka-bank» va «Aloqa» banki tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish, yetishtirilayotgan paxta tolasini hududning o‘zida qayta ishlash hajmini kengaytirish va aholini sifatli kiyim-kechak bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezidentimiz tashkil etilayotgan har bir ish o‘rni muhim ekani, korxonalarni barpo etishda zamonaviy qurilish materiallaridan keng foydalanish va ishga tushirish muddatlarini tezlashtirish lozimligini qayd etdi.

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tomonidan «Jizzaxulgurjisavdo» mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida agrologistika markazi tashkil etilmoqda. «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan ushbu korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, quritish, qadoqlash, saqlash, issiqxona tashkil etish hamda eksportga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi. Korxona gaz, suv, elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlangan.

Agrologistika markaziga qishloq xo‘jalik maxsulotlarini qayta ishlash uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskunalarni Italiyadan keltirish ko‘zda tutilmoqda. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan 2 ming tonnalik sovutgich, shuncha sig‘imga ega dukkakli mahsulotlarni saqlash omborxonasi, 3 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari, 4 gektarda issiqxona tashkil etiladi. Ishchilar soni 150 nafarga yetkaziladi.

Jizzax shahridagi «Bonu shirinliklari» korxonasi tomonidan qandolat va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim qilindi. 140 ishchi mehnat qilayotgan ushbu korxonada faoliyatni kengaytirish maqsadida eksportga yo‘naltiriladigan qandolat va shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish liniyalarini o‘rnatish mo‘ljallanmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 14 milliard so‘m bo‘lib, shundan 9,8 milliard so‘mi Xalq banki krediti hisobidan amalga oshiriladi. Qo‘shimcha 150 ish o‘rni yaratiladi.

Yangilikka intilib yashash iqtisodiyotimiz taraqqiyotining muhim omilidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bugun jahon bozorida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga talab ortmoqda. Bu iqtisodiyotimiz tobora yuksalib borayotganidan dalolatdir. Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar iqtisodiy samaradorlik bilan birga, mamlakatimiz eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Viloyatda yirik chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish, parrandachilikni rivojlantirish, Zomin tumanida tokzorlar, issiqxona majmuasi barpo etish, asal yetishtirish, Baxmal tumanida 2 ming bosh qoramol boqiladigan va sutni qayta ishlaydigan korxonani ishga tushirish, Forish tumanida naslli echkilarni ko‘paytirish va echki sutini qayta ishlash agrofirmasi tashkil qilish, G‘allaorol tumanida yong‘oqzorlar barpo etish, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida baliqchilikni rivojlantirish loyihalarining taqdimotlari ham o‘tkazildi.

Prezidentimiz ushbu loyihalar bilan tanishib, ularning har biri bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida ham bo‘ldi.

Hozir ushbu erkin iqtisodiy hududda yuk va yengil avtomobillar uchun tormoz kolodkalari, televizor, konditsioner, muzlatkich, kir yuvish mashinalari, mikroto‘lqinli pech, svetodiodli lampalar, polipropilen iplar, video va IP telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari, internet tezligini oshiruvchi butlovchi qismlar kabi turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Istiqbolda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanayotgan yangi mahsulotlar haqida ma’lumot berildi. Bezakli, float va ultrayupqa oynalar ishlab chiqarish loyihasi shulardan biri. Yangi taqdim qilinayotgan loyihada telefon va planshetlar uchun oynalar ishlab chiqariladi.

Sharof Rashidov tumanida mutasaddi rahbarlar va viloyat faollari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta’minlash va turmush darajasini yanada oshirish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zA



DB query error.
Please try later.