18.03.2017

O‘ZBEKISTON VA QOZOG‘ISTON – MARKAZIY OSIYONING LOKOMOTIVLARI

Xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 22-23 mart kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining hisob bo‘yicha ikkinchi xorijiy tashrifi ham qo‘shni mamlakatga amalga oshirilayotgani O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik munosabatlariga ustuvor ahamiyat qaratilishi belgilangan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasiga hamohangdir. Bu haqda mamtakatimiz yetakchisi o‘zining saylovoldi kampaniyasi chog‘ida bir necha bor aytib o‘tgan edi.

Ma’lumki, Qozog‘iston Respublikamizning muhim strategik sherigi sanaladi. Markaziy Osiyoning ikkala yirik davlati o‘rtasidagi hamkorlik xalqlarning tarixiy-madaniy yaqinligi, o‘zaro manfaatlar asosida izchil rivojlanayotgan ko‘p tomonlama aloqalar asosiga qurilgan.

O‘zbekistonning haqiqiy do‘sti sifatida Qozog‘iston rahbari mamlakatimizning Birinchi Prezidenti hayotdan bevaqt ko‘z yumgan chog‘da o‘zbek xalqining qayg‘usiga sherik bo‘ldi. 2016 yil 12 sentabr kuni Samarqandda Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirar ekan, Prezident Nursulton Nazarboyev uning vafoti butun mintaqa, jumladan, Qozog‘iston xalqi uchun ham katta yo‘qotish bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi xayrli an’analarni davom ettirgan holda, Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev bir necha bor telefon orqali muloqotda bo‘lishdi, turli muhim sanalar munosabati bilan o‘zaro tabriklar almashishdi. Bunday suhbatlar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston — Qozog‘iston aloqalarining barcha jabhalarida konstruktiv, ishonchli muloqotni davom ettirishdan birdek manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi  munosabatlarning turli xususiyatlariga ega bo‘lgan 182 ta hujjatdan iborat shartnoma huquqiy bazaning shakllanishi mustahkam hamkorlik va izchil mehnatlar natijalaridan biri bo‘ldi. Ayni paytda, 1998 yil 31 oktabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda 2013 yil 14 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomada ikki tomonlama aloqalarning asosiy tamoyillari o‘z aksini topgan.

BMT, ShHT, MDH, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi hamda boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamfikrlik va doimiy muloqotlar mintaqaning muhim muammolarini muhokama qilish, ularni bartaraf etishda umumiy yondashuvni ishlab chiqish, shuningdek, hamkorlikning turli sohalaridagi mavjud salohiyatdan samarali foydalanish imkonini bermoqda.

Ayni shu o‘rinda O‘zbekiston Qozog‘istonni 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik kengashining muvaqqat a’zosi etib saylanishini qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlash lozim. Do‘st davlatning muvaffaqiyatli saylanishi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tabrik maktubi yo‘lladi va unda jumladan, shunday deyiladi: «Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy bo‘lgan ustuvor masalalarni BMTning Xavfsizlik kengashidek vakolatli organi doirasida muhokama qilish bo‘yicha Qozog‘iston tomonidan qabul qilingan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz».

O‘zbekiston va Qozog‘istonning ShHT kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha yondashuvlari bir-biriga yaqin yoki o‘zaro uyg‘undir. Ta’kidlash muhimki, Toshkent Ostonaning ushbu mintaqaviy tuzilmaga raisligidagi faoliyatini va Qozog‘iston poytaxtida 2017 yilning iyun oyiga mo‘ljallangan sammitning muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga tayyorgarlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Mamlakatimiz Qozog‘iston bilan MDH doirasidagi hamkorlikka muhim ahamiyat qaratadi. Ma’lumki, Hamdo‘stlikning Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi shu yilning aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston tomoni, hech shubhasiz, yaqin qo‘shnisi va hamkorining qo‘llab-quvvatlovini his etib turadi.

Shu bilan bir qatorda, yaqin qo‘shnichilik siyosati va ikki davlat o‘rtasidagi hurmat — savdo-iqtisodiy hamkorlikning mustahkam poydevorini shakllantirish, so‘nggi yarim yil davomida turli darajalarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar esa ushbu sohadagi munosabatlarni faollashtirish imkonini berdi. Jumladan, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Asqar Mamin rahbarligidagi Qozog‘iston hukumat delegatsiyasining 2016 yil 20-22 sentabr kunlari Toshkentga tashrifi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi protokol imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakatning foydalanilmayotgan mavjud ulkan salohiyatini amalga oshirishga qo‘shimcha turtki bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasining o‘tgan yil oktabr oyida Qozog‘istonga amalga oshirgan javob tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat hududida neft va neft mahsulotlari, kimyo hamda neft-kimyo, yengil sanoat va farmatsevtika korxonalariga mahsulotlar, mamlakat xalqiga oziq-ovqat mollari yetkazib beruvchi savdo uylarini barpo etish to‘g‘risidagi hujjatlarning imzolanishi rivojlanib kelayotgan muloqotning davomi bo‘ldi.

Mamlakatlarimiz biznes jamoatchiligi Qozog‘iston va O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yirik xalqaro tadbirlarda muntazam qatnashib kelishadi. 2016 yil oktabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan X Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida ham Qizilo‘rda va Aqtobe viloyatlari vakillari ishtirok etishdi. Ikki davlat delegatsiyalari chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlarini atroflicha o‘rgandilar hamda agrosanoat majmuasida, avtomobilsozlik, tog‘-kon tarmog‘i, qurilish materiallari va elektr mexanikasiga oid mahsulotlarni ishlab chiqarish borasida birgalikda faoliyat yuritishning yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

O‘zbekiston shu yilning 10 iyunidan 10 avgustiga qadar Markaziy Osiyoda ilk bor Ostona shahrida o‘tkaziladigan «EKSPO—2017» ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etadi. Ko‘rgazma maydonida O‘zbekistonning milliy pavilyonini joylashtirish uchun 600 kvadrat metrdan ziyod joy ajratilgan.

Davlatlarimizning mintaqalararo aloqalarni o‘rnatish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanligi o‘tgan yil 22-23 dekabr kunlari Toshkent shahar hokimi rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Olmaotaga tashrifi chog‘ida ham namoyon bo‘ldi. Safar dasturi ham shahar ma’muriyati, kompaniyalar va banklar vakillari bilan uchrashuvlar va muzokaralarga boy, mazmunli bo‘ldi. 2017 yil yanvar oyida Qizilo‘rda viloyati hokimi Krimbek Kusherbayev rahbarligidagi delegatsiya mamlakatimizning Navoiy viloyatiga keldi. Safar chog‘ida Qozog‘iston vakillari viloyatdagi «Ayteke Bi» va «Chashma» me’moriy majmualari va yirik korxonalarida bo‘lishdi, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasida samarali uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyati savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojiga bevosita o‘zining munosib hissasini qo‘shmoqda. Komissiyaning joriy yil 23 fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlariga ko‘ra turli yo‘nalishlardagi munosabatlarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, xususan, tomonlar «GM Uzbekistan» kompaniyasi avtomobillarini Qozog‘istondagi Allyur kompaniyalar guruhi ishlab chiqarish negizida yig‘ilishini yo‘lga qo‘yishga kelishdilar.

Ta’kidlash joizki, davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni rivoj-lantirish borasidagi ulkan xizmatlari, temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, mintaqalararo loyihalarni amalga oshirishdagi faol ishtiroki uchun A.Mamin O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi farmoniga asosan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.

Ikkala strategik sherik davlatning munosabatlarida madaniy-gumanitar aloqalar alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston hududida istiqomat qiladigan yuz minglab qozoq millatiga mansub aholi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning davomiyligida bevosita muhim o‘rin tutadi. Ularning o‘z qadriyat va an’analari hamda o‘ziga xosligini rivojlantirish maqsadida qozoq madaniyat markazlari, teatrlari, folklor va estrada guruhlari faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida ushbu millat yozuvchi va publitsistlarining 50 dan ziyod kitoblari chop etildi. Shu o‘rinda mamlakatimizda qozoq tilida respublika ahamiyatiga molik bo‘lgan «Nurlû jol» gazetasi nashr etib kelinishini qayd etish lozimdir.

O‘zbekistonning 386 ta maktabida qozoq tili o‘qitiladi, ulardan 164 tasida ta’lim qozoq tilida yuritiladi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti va O‘zbekistonning boshqa qator oliy o‘quv yurtlarida qozoq tili va adabiyoti kafedralari tashkil etilgan, ta’lim ana shu tilda olib boriladi.

Qozog‘iston xalqlari assambleyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga 2017 yil fevral oyidagi ilk tashrifi ikki tomonlama madaniy-gumanitar aloqalar chuqurlashib borayotganining yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. Tashrif chog‘ida Respublika baynalmilal madaniyat markazi, o‘zbek ilmiy-akademik doiralari va Toshkentda istiqomat qiluvchi qozoq millatiga mansub aholi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar ko‘pmillatli mamlakatimiz xalqining jipsligini namoyon qilgan samimiyat muhitidan bahra oldilar.

Ushbu mulohazalardan shunday xulosa kelib chiqadiki, O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga tashrifi bugungi kunda ikki davlat yetakchilari o‘rtasida ham, biznes hamjamiyati va xalqlari o‘rtasida ham amal qilayotgan konstruktiv va ochiq muloqotning mantiqiy davomi bo‘ladi. Ostona shahridagi uchrashuvlar va erishilgan kelishuvlar hamkorlik salohiyatining yangi ufqlari ochilishi va ulardan yanada samarali foydalanilishiga xizmat qiladi.

 

G.NURJANOVA tayyorladi,

«Jahon» AA.



DB query error.
Please try later.