2020 yil 24 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov ishtirok etdi.
Parlament a’zolariga qonun loyihasi bilan birga 2022–2023 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi ham taqdim etildi.
Yig‘ilishda qonun tashabbusi subyektlari sifatida ishtirok etgan Moliya vazirligi va boshqa vazirlik hamda idora rahbarlari qonun loyihasining mazmun-mohiyati hamda konsepsiyasiga to‘xtalib o‘tdilar.
Parlamentga taqdim etilgan qonun loyihasi makroiqtisodiy siyosatning 2021 yil uchun asosiy yo‘nalish va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi ehtimoli borligidan kelib chiqib shakllantirilgan. Bunda asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga, ya’ni yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 5,1 foiz miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 5,8 foiz, qurilishda 6,5 foiz, qishloq xo‘jaligida 2,7 foiz va xizmatlar sohasida 6,4 foiz ko‘payishi nazarda tutilmoqda.
2021 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 688,9 trillion so‘mni, Davlat byudjeti daromadlari 147 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,3 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.
Davlat byudjetining xarajatlari esa, 165,7 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu 2020 yildagiga nisbatan 24,0 foizga ko‘p bo‘lib, bunda Davlat byudjet xarajatlarining yarmidan ortig‘i ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi.
Qonun loyihasida byudjet sohasiga oid qator o‘zgartirishlar nazarda tutilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasiga koronavirus pandemiyasi davrida birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun respublika byudjetidan obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga ajratiladigan mablag‘larni boshqa birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish vakolati berilmoqda. Shuningdek, mahalliy hokimliklarga yuqori turuvchi byudjetlardan ajratilishi rejalashtirilgan byudjetlararo transfertlar miqdorlarini inobatga olib, tegishli mahalliy byudjetlar loyihalari balansliligini ta’minlagan holda navbatdagi yil uchun tegishli mahalliy byudjetlarning daromadlar va xarajatlar prognozlariga teng miqdorda o‘zgartirishlar kiritish huquqi taqdim etilmoqda.
Byudjet jarayoni shaffofligini yanada oshirish maqsadida, Davlat byudjeti ijrosiga doir ma’lumotlarni vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinmagan taqdirda tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul rahbar xodimlariga jarima qo‘llash taklif qilinmoqda.
2021 yilda byudjet xarajatlarida ta’lim sohasida Davlat dasturlarini amalga oshirish xarajatlariga salkam 2,2 trillion so‘m, shu jumladan, ilk bor chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash xarajatlari uchun 30 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda. Yana bir muhim jihat: nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘i kengayganligini inobatga olgan holda Davlat byudjetidan Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga 600 milliard so‘m, ya’ni joriy yilga nisbatan 2 barobar ko‘p subsidiyalar ajratish rejalashtirilmoqda.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sh.Nazarovning qo‘shimcha ma’ruzasi ham eshitildi.
Xalq vakillarining Davlat byudjeti loyihasi yuzasidan bergan savollariga Hukumat a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ullari atroflicha javob qaytardilar.
Majlisda parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari va vakillari so‘zga chiqar ekan, Hukumat tomonidan taqdim etilgan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdilar.
Ulug‘bek INOYaTOV, O‘zXDP fraksiyasi rahbari:
— Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarining o‘sishini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish 2021 yilda Davlat byudjetining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilanmoqda. Ayniqsa, byudjet xarajatlarida chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash xarajatlarini ko‘paytirish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalalari pedagog xodimlarining sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlarini 1,5 barobarga oshirish, sog‘liqni saqlash tizimida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish uchun mablag‘lar ajratilayotganini alohida etirof etishimiz joiz.
2021 yil uchun mo‘ljallangan pandemiyadan keyingi tiklanish davrida Davlat byudjeti loyihasining ijtimoiy ahamiyatini hisobga olib, fraksiyamiz a’zolari byudjet loyihasiga bir qator yo‘nalishlarda taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Chunonchi, byudjet ijrosi bo‘yicha nazoratning yangi mexanizmlarini joriy etish, byudjet ijrosi haqidagi axborot va ma’lumotlar soha hamda tarmoqlar darajasida ochiq bo‘lishi, buning uchun jamoatchilik nazoratiga sharoit yaratish zarur.
Shuningdek, Byudjet ijrosida kamomad va samarasiz xarajatlarning oldini olishning huquqiy asosini yaratish maqsadida “Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risi”dagi qonunni qabul qilish lozim. Bu qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan edi.
Bundan tashqari, fraksiyamiz xalq ta’limi tizimidagi muassasalarni jihozlash uchun byudjet loyihasida ko‘zda tutilgan mablag‘ni 2 barobarga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Ayni chog‘da umumta’lim muassasalari xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha direktor jamg‘armasiga kelgusi yil uchun ajratilishi ko‘zda tutilayotgan mablag‘larning tahliliga e’tiborni qaratish bo‘yicha takliflarimizni bildirdik...
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mas’ul qo‘mitaga qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida loyihani mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida muhokama qilib, maromiga yetkazish topshirildi.
Oliy Majlis
Qonunchilik palatasi
Axborot xizmati.
(Axborot biroz qisqartirilgan
holda e’lon qilinmoqda)