08.04.2019

FUQAROLAR YIG‘INLARI RAISLARI (OQSOQOLLARI) SAYLOVIGA TAYYORGARLIK MASALALARI MUHOKAMA ETILDI

Joriy yilning 6 aprel kuni fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uni Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Tadbirda Respublika komissiyasining a’zolari, senatorlar, deputatlar, vazirlik va davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, oqsoqollar saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi hududiy komissiyalar raislari va a’zolari, nomzodlarni saralab olishga ko‘maklashuvchi mintaqaviy respublika ishchi guruhlari rahbarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman (shahar) komissiyalari raislari va a’zolari, mahallalarda tuzilgan Ishchi guruhlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosarining oqsoqollar lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarni saralab olishga ko‘maklashuvchi mintaqaviy respublika ishchi guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda joriy yil may oyida bo‘lib o‘tadigan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi ijrosi masalalari muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, oqsoqollar saylovini ochiq-oshkora, shaffof va adolatli o‘tkazish maqsadida hukumat darajasida aniq vazifalar belgilab olindi. 7 ta mintaqaviy Ishchi guruhi tuzilgani, saylovni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasining a’zolari hududlarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun biriktirilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, saylovni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi 214 ta hududiy komissiya, ishchi guruhlar bugungi kunda saylovni yuksak darajada o‘tkazish uchun muayyan ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Shu kunga qadar mahallalarda 1 mln. 700 ming nafar kishi ishtirokida yangi tahrirdagi Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risidagi qonun mazmun-mohiyatini keng ommaga tushuntirishga qaratilgan 26 mingdan ortiq tadbir o‘tkazildi. Respublika komissiyasi tashabbusi bilan mamlakat bo‘yicha 11 ming nafardan ziyod saylov tashkilotchilari uchun mintaqaviy seminar-treninglar tashkil etildi. Mahallalar kesimida saylov huquqiga ega bo‘lgan 20 mln. 812 ming nafardan ziyod fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi.

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini tizimli ravishda yoritib bormoqda. Tele- va radiokanallarda, bosma va internet nashrlarida 2 mingdan ziyod materiallar e’lon qilindi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda Senat Kengashi tomonidan tuzilgan Respublika komissiyasi sa’y-harakati bilan ana shunday ishlar amalga oshirilganiga qaramasdan, ayrim mutasaddilarning sustkashligi, mas’uliyatsizligi O‘zbekiston fuqarolari uchun muhim hisoblangan tadbirga tayyorgarlik ko‘rishda kamchiliklar mavjudligiga sabab bo‘layotganligi qayd etildi.

Xususan, deyarli barcha hududlarda saylov bevosita o‘tkaziladigan manzil va ob’ektlar ro‘yxatini shakllantirish ishlari sustkashlik bilan olib borilmoqda. Saylovni tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan viloyat va tuman, shahar darajasidagi komissiyalarning e’tiborsizligi oqibatida aksariyat ishchi guruhlar rahbarligiga saylov qonunchiligidan, bu tadbirning mohiyatidan deyarli bexabar shaxslar tayinlanganligi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, ba’zi viloyat va tuman, shaharlarda shu paytga qadar tegishli komissiyalarning mas’ul kotiblari ham tayinlanmagan. Bu masalaga Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida hamda To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Amudaryo, Kegeyli, Beruniy, Nurobod, Urgut, Paxtachi tumanlari va Samarqand shahrida mutlaqo e’tibor qaratilmagan.

Ayrim hududiy komissiyalar yangi tahrirdagi Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risidagi qonunning mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan. Xususan, bunday holatlar Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlarida kuzatilmoqda.

Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini tanqid va tahlil qilish ruhida o‘tgan tadbirda har bir komissiya a’zosiga joylarda aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun zudlik bilan zarur choralar ko‘rish hamda amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida Respublika komissiyasini joriy yil 15 aprelga qadar xabardor qilish topshirig‘i berildi.

Yig‘ilishda aholini saylov haqida xabardor qilishda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish ishlarini yanada faollashtirish maqsadida boshqa aniq vazifalar ham belgilandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati.



DB query error.
Please try later.