Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
09.08.2018

SARHISOB, REJALAR, TAKLIFLAR

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari o‘tgan 6 oy yakunlari hisoboti va kelgusidagi ishlar haqida matbuot anjumani o‘tkazmoqda

Senatda ko‘rib chiqish uchun xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish bilan bog‘liq 9 qonun, Respublikamizning xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarni lavozimga tayinlash yuzasidan 23 masala, Senatning xalqaro faoliyatini rivojlantirish sohasida xorijiy hamkorlar bilan 50 dan ortiq uchrashuv...

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov shu va boshqa masalalar bo‘yicha hisobot berdi.

Qayd etildiki, Qo‘mita tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalar ijrosi yuzasidan tashqi ishlar vazirining axborotini eshitdi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyati monitoringi doimiy olib borilmoqda. Xususan, sohani rivojlantirish, mamlakatimizning turizm salohiyatini dunyoga keng targ‘ib qilish, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, turistlarni jalb etish imkoniyatini keskin oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan xulosalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, yurtimizda investitsiya muhitini takomillashtirish bo‘yicha axborot-tahliliy materiallar tayyorlanib, tegishli davlat organlariga yuborilmoqda. Senat tomonidan jahonning yirik banklari hamda moliyaviy institutlari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar natijasida investitsiyalarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishga, mamlakatimizda investitsiyaviy faoliyatni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan takliflar tayyorlandi.

Anjumanda har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlandiki, shu yilning sentabr oyida Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Bu borada Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Tashrif doirasida yurtimizda «O‘zbekiston-Belarus mintaqalari forumi» o‘tkaziladi. Mazkur forum davlatlararo parlamentning kelishuvi asosida amalga oshirilmoqda. Unda mintaqa hayotiga oid iqtisodiy-ijtimoiy masalalar ko‘rib chiqiladi. Forumni tashkil etish ishlari parlament nazoratiga olingan.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari uchun yagona «Silk road visa»sini joriy etish bo‘yicha ish olib borilayotgani qayd etildi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida muhokama qilinmoqda. Qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari ham bunga katta qiziqish bildirgan. Yaqin kelajakda ular bilan ham muzokaralar olib borish rejalashtirilgan. Bunga qadar esa, ichki tashkilot va idoralar o‘rtasidagi kelishuvlar yakunlanishi, yo‘l xaritasiga ega bo‘lish talab etiladi. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan qadimiy shaharlar bilan yaqindan tanishish imkoni turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi sarhisobida esa «O‘rmon to‘g‘risida»gi va «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi qonunlar ko‘rib chiqilgani ta’kidlandi. «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun ijrosini o‘rganish davomida veterinariya sohasida 1300 dan ziyod oliy ma’lumotli kadrga ehtiyoj mavjudligi, respublikada chorvachilikka ixtisoslashgan besh mingdan ortiq fermer xo‘jaligida va ikki mingga yaqin parrandachilik xo‘jaligida veterinariya vrachi shtat birligi joriy etilmagani aniqlangan. Urug‘ yetishtirish, dehqon-fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va yana qator masalalarda huquqiy asosni takomillashtirish borasida ham chora-tadbirlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

O‘tgan davrda joylarda dehqonlar bilan faol ish olib borildi. Xususan, hosildorlikni oshirish va aholining tomorqa yerlardan foydalanishi o‘rganildi. Mart oyida Qashqadaryo viloyatiga safar vaqtida viloyatda tashkil etilgan ishchi guruhlar bilan birgalikda 2064 fermer xo‘jaligiga ajratilgan dalalarda kuzgi boshoqli ekinlar yetishtirish, 65000ga yaqin aholining tomorqa yeridan foydalanish holati o‘rganilib, tahlil qilindi. Ulardan 899 holatda samarasiz foydalanilayotgani aniqlandi. Bu masalalar yuzasidan fermerlar va aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borildi, muammolarni yechishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan Shovot, Yangiariq, Qo‘shko‘pir va Xiva tumanlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi atroflicha o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ta’sirchan choralar qo‘llanildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar Senat a’zolariga turli savollar bilan murojaat qilishdi. Oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq masala qizg‘in bahs-munozaraga aylandi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida yetishtirilayotgan har qanday mahsulotga oxirgi narxni iste’molchi belgilaydi. Bu esa asosiy e’tibor hajmga emas, sifatga qaratilishi zarurligini bildiradi. Dehqon va fermer eksportyorlar ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etsa, mahsulotlarni xalqaro talab darajasida qadoqlash, sotuvga tayyorlash, uni qutilarga joylashni o‘rgansa, eksportga yo‘naltirilayotgan mahsulotlarning narxi oshadi, dedi anjumanda ishtirok etgan mutaxassislar.

Bundan tashqari, eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun majburiy talablar eskirgan usul ekani qayd etildi. Yurtimizda 20 million tonnadan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ayni paytda mamlakatimizda mavjud sovitgichlar 600 ming tonna sig‘imga ega ya’ni, umumiy mahsulotlarning 3 foizini uzoq muddat saqlash imkoniyatiga ega. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 40-60, rivojlanayotgan davlatlarda esa 8-12 foizni tashkil etadi. Yetishtirilayotgan mahsulotlarni sifatli saqlash, dehqon-fermerlar daromadini oshirish maqsadida 2017-2021 yillarda 450 ming tonna sig‘imga ega sovitgichlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu esa qariyb 2 million tonna mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi ham matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda joriy yil birinchi yarim yilligidagi faoliyat yakunlari va kelgusi 6 oyga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Jurnalistlar qo‘mita hamda ular bilan doimiy ish olib boruvchi tashkilotlar vakillari va mutxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari kelishib olindi.

Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiya o‘tkazgan anjumanda sarhisob, rejalar hamda takliflar qizg‘in muhokama etildi. Joylardagi muammolar, aholini o‘ylantirayotgan masalalar bo‘yicha OAV vakillari savollariga komissiya a’zolari batafsil javob berdi.



Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.