Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31.03.2018

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING O‘N TO‘RTINCHI YALPI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

2018 yil 30 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.

Boshqaruv raisi M.Nurmuratov o‘z hisobotida pul-kredit siyosati kuchli inflyatsiya bosimi saqlanib turgan hamda iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar faol bosqichga o‘tgan, shu jumladan, valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati erkinlashtirilayotgan bir sharoitda olib borilganini qayd etdi. Shu sababli asosiy e’tibor pul-kredit siyosati vositalaridan samarali foydalanishga qaratildi.

Markaziy bank tijorat banklarining kapitallashuv va likvidlik darajasiga qo‘yilgan talablarni kuchaytirdi hamda 2017 yil iyun oyida qayta moliyalashtirish stavkasini 9 foizdan 14 foizga ko‘tardi. Shu bilan birga, kreditlash hajmlari tez sur’atlarda o‘sishi natijasida likvidlikning taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 2017 yilning ikkinchi yarmida tijorat banklariga qayta moliyalashtirish kreditlarini berish mexanizmlari joriy etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentabrdagi «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonini ijro etish asnosida 2017 yil sentabridan boshlab milliy valyuta ayirboshlash kursini aniqlashning bozor mexanizmi joriy etildi, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun valyuta mablag‘larini sotish, sotib olish va tasarruf etishga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi.

2017 yilda tijorat banklarining jami kapitali 2,3 baravar ortdi va 20,7 trillion so‘mga yetdi. Kapitalning yetarlilik ko‘rsatkichi 18,8 foizga oshdi, bu esa xalqaro normalardan 1,8 baravar ortiqdir. Tijorat banklarining jalb qilingan depozitlari umumiy hajmi 1,6 baravar ortdi va 58,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Banklar aktivlarining umumiy hajmi 2 baravar ko‘paydi va 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 166,6 trillion so‘mni tashkil etdi.

Banklar faol kredit siyosatini amalga oshirishni davom ettirishi natijasida iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlarning jami hajmi 2,1 baravar ortdi va 110,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Xususan, tijorat banklari tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 16,1 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi, bu esa 2016 yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘proqdir.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 19,6 trillion so‘mlik kreditlar, shu jumladan, 4 trillion so‘mlik mikrokreditlar ajratildi. Jumladan, ayollarning tadbirkorlik faoliyati rivojlanishini rag‘batlantirish maqsadida 2,8 trillion so‘mlik, xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish uchun 3,6 trillion so‘mlik hamda oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish uchun 490,3 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.

Qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida tijorat banklari tomonidan qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha uy-joylar qurish uchun 1,8 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari berildi.

2017 yilda bank tizimida amalga oshirilgan chora-tadbirlar Markaziy bank pul-kredit siyosatining samaradorligini oshirish, bank tizimining moliyaviy barqarorligini, uning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi rolini yanada mustahkamlash va investitsiya jarayonlaridagi ishtirokini faollashtirish imkonini berdi, shuningdek, mamlakat makroiqtisodiy barqarorligini mustahkamladi.

Senatorlar hisobot muhokamasi davomida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar va tavsiyalar berdilar. Bank faoliyatini nazorat qilishning xalqaro prinsiplari talablari hamda boshqa chora-tadbirlar asnosida kapitalning yetarliligi, tijorat banklarining likvidligi va barqarorligiga doir talablar bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish tavsiya etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan bank xizmatlarining qulayligi darajasini oshirish, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini tubdan oshirish bo‘yicha vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish zarurligi qayd etildi. Biznes va investitsiya muhitini yaxshilash, pul-kredit siyosati monetar omillarining inflyatsiyaga ko‘rsatadigan ta’sirini kamaytirish orqali narxlar barqarorligini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur.

Muhokama yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axborotini eshitdilar.

Adliya vazirligi tomonidan qonun hujjatlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining ijrosini ta’minlash, normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish tizimini takomillashtirish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilarga hamda aholiga yetkazishning samarali mexanizmlarini yaratish yo‘lida bir qator tadbirlar o‘tkazilayotganligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 fevraldagi «Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq normativ-huquqiy hujjatlar tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish, ijro etuvchilar va aholini huquqiy xabardor qilish sifatini oshirish choralari ko‘rilmoqda. 2017 yil 7 sentabr kuni «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unda davlat organlari, vazirliklar va idoralarning, maxsus vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy axborotni tarqatish borasidagi vakolatlari, huquqiy axborotni tarqatish tartibi va mexanizmlari belgilab berilgan.

Qonun hujjatlarini tezlik bilan tarqatish maqsadida himoyalangan aloqa kanallari (VPN) orqali idoralararo elektron hamkorlik tizimi ishga tushirilganligi qayd etildi.

O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 20 millionga yetganligidan kelib chiqib, Adliya vazirligi qonun hujjatlarini aholiga yetkazish uchun internet imkoniyatlaridan imkon qadar ko‘proq foydalanmoqda. «Feysbuk», «Instagram», «Tvitter», «Odnoklassniki» kabi ommabop ijtimoiy tarmoqlarda vazirlikning sahifalari ochildi. Oxirgi 4 yil ichida 100 mingdan ziyod kishi mazkur sahifalarga kirdi. Bunday sahifalar odamlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish makoniga aylandi. Vazirlikning «Xalq bilan muloqot» sahifasi internetdagi eng yirik loyihalardan biri bo‘ldi, ushbu sahifaga 100 ming kishi qo‘shildi. «Telegram» messenjeridagi «Huquqiy axborot» kanali 4 oy oldin ishga tushirildi va bugun 80 ming obunachiga ega. U orqali 2 500 dan ortiq axborot tarqatildi.

Huquqiy targ‘ibot sohasida foydalanuvchilarning faolligini oshirish maqsadida tanlovlar e’lon qilindi. Ularning g‘oliblari munosib rag‘batlantirilmoqda.

Qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini ijtimoiy tarmoqlar orqali tushuntirish maqsadida uch tilda (o‘zbek, rus va ingliz tillarida) «Huquqiy axborot» videoblogi loyihasi ishga tushirildi.

Ko‘pchilik, ayniqsa, qishloq joylardagi aholi internetdan foydalana olmasligini inobatga olib, Adliya vazirligi respublika mintaqalaridagi ishlar holatini o‘rganib chiqdi. Aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish borasida jiddiy nuqsonlar mavjudligi aniqlandi, bu esa yangi yondashuvlarni izlash va joriy etishni taqozo etmoqda. Shu munosabat bilan qisqa vaqt ichida kodekslar va qonun hujjatlari to‘plamlari 70 ming nusxada chop etildi va joylarda tarqatildi.

Mamlakatimizga investitsiyalar kiritish ehtimoli bo‘lgan sarmoyadorlarni O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan huquqiy shart-sharoitlardan xabardor qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy qonun hujjatlari bazasining ingliz tilidagi versiyasini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

2017 yilda davlat organlarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifatga doir ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengashning yangilangan tarkibi tasdiqlandi, mazkur kengashning hududiy komissiyalari tuzildi.

Biroq Idoralararo kengashning bu yo‘nalishdagi faoliyatida qator muammolar mavjud. Xususan, davlat organlari tomonidan huquqiy targ‘ibot sohasida o‘tkazilgan tadbirlar tahlil qilinmaydi, davlat organlari hududiy bo‘linmalarining huquqiy targ‘ibot sohasidagi ishlari ustidan ta’sirli nazorat o‘rnatilmagan, tadbirlar eskirgan formatda yoki rasmiyatchilik uchun o‘tkazilmoqda.

Axborot muhokamasi davomida senatorlar Adliya vazirligining ushbu sohadagi faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan takliflar va tavsiyalar berdilar. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra senatorlar to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalasini ko‘rib chiqdilar.

To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismi hisoblanib, xalqimizning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettiradi.

Biroq keyingi paytlarda oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, isrofgarchilik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda.

Oilaviy tadbirlar bilan bog‘liq juda katta ortiqcha sarf-xarajatlar oilalarning nafaqat ijtimoiy ahvoliga, balki butun hayotiga, qolaversa, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tahlillarga qaraganda, yosh oilalar o‘rtasidagi aksariyat ajralishlar to‘y-hashamlar bilan bog‘liq holda kelib chiqayotgan mojarolar oqibatida yuz bermoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida OAV orqali Respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondi va «Nuroniy» jamg‘armasi faollarining murojaati e’lon qilindi. Unda davlat, nodavlat tashkilotlari va keng jamoatchilik sa’y-harakatlarini birlashtirgan holda bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga chaqirildi.

Senatda «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ishlab chiqildi va joriy yilning 5-25 mart kunlari keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Bu davrda teleradiokanallar va davriy bosma nashrlarda yuzga yaqin materiallar e’lon qilindi. Yetakchi internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan materiallar 1,6 million marotaba o‘qildi. Keng umumxalq muhokamalari jarayonida faol ishtirok etgan 400 mingdan ortiq fuqaro qarorni yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab taklif va fikrlarni bildirdi.

Oilaviy tadbirlarni tartibga solish jamiyat uchun ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligi bois, aholi tomonidan bildirilgan taklif va fikrlarni inobatga olib, mazkur masalani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni mukammal ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi.

Ushbu qaror bilan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi. Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib ushbu masalaning OAV, shu jumladan, internet nashrlarda faol muhokama qilinishini tashkil etish, mamlakatimizning har bir hududida oilaviy tadbirlarni o‘tkazish borasida shakllangan o‘ziga xos urf-odat va an’analarni aholi ishtirokida chuqur o‘rganib chiqishdan iborat deb belgilandi. Ishchi guruhga muhokamalar yakuni bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqish va loyihani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etish topshirildi.

Shuningdek, qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi, Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlariga to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganib, Ishchi guruhga asoslantirilgan taklif kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi aholi keng qatlamlari o‘rtasida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni ixcham va tartibli o‘tkazish bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazib, Ishchi guruhga umumlashgan tahliliy ma’lumot taqdim etishi topshirildi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

Yalpi majlisda Oliy Majlis Senati vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

O‘n to‘rtinchi yalpi majlis davomida 20 ta masala, shu jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ijro etishga qaratilgan 13 ta qonun ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, senatorlar tomonidan qabul qilingan qarorlar xalqaro hamkorlikni kengaytirishning, mamlakatimiz tevaragida xavfsizlik muhitini yaratishning, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlashning, mamlakatimizda barqarorlik va farovonlikni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati.



DB query error.
Please try later.