O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda parlament komissiyasi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi raisi A.Saidov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan «Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilining izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani jamiyatimizda demokratik islohotlarni yanada rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va rolini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va ikki yuzdan ortiq qonun hujjatlari bu boradagi tadbirlarni hayotga tatbiq etishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Bugungi kunda mamlakatimizda o‘n mingdan ortiq fuqaroning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 1,4 mingga yaqin ommaviy axborot vositasi, sakkiz yarim mingdan ko‘proq nodavlat notijorat tashkilotlar jamiyatimizning turli sohalarida samarali faoliyat yuritayotir.
Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi tomonidan 2008-2016 yillarda fuqarolik jamiyati institutlari, NNTlar va OAVlarning faoliyatini rivojlantirish, ularning ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha va dasturlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 58,8 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Bunday chora-tadbirlar natijasida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hayotga tatbiq etishda nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining faolligi yildan-yilga oshmoqda. Joriy yilda ham bu yo‘nalishda joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda ikki yuzdan ko‘proq loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Davlat ijtimoiy buyurtma va grant loyihalari natijalarini monitoring qilish va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda shu maqsadda qo‘shimcha tanlovlar e’lon qilinib, jamoat tashkilotlarining qirqdan ziyod loyihalarini moliyalashtirishga davlat granti shaklida bir milliard so‘m yo‘naltirildi. Jamoat tashkilotlari ushbu loyihalar doirasida aholi o‘rtasida keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy-ekologik, ma’naviy-ma’rifiy, oilaviy biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu mahallalarda hamjihatlik muhitini kuchaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotir.
Yig‘ilishda Parlament komissiyasi va Jamoat fondining yangi tahrirdagi nizomlarini tasdiqlash to‘g‘risida, jamiyat hayotidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy masalalarni hal etishda ijtimoiy sherikchilikni mustahkamlash, davlat ijtimoiy buyurtmasi va davlat grantlari ajratish bo‘yicha qo‘shimcha tanlovlarning yakunlari va boshqa masalalarga oid ma’ruzalar tinglandi va istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
B.XIDIROVA,
O‘zA muxbiri.
|