Homilador ayollar va bolalarning ovqatlanishi bilan bog‘liq muammolar nimada hamda ularning yechimi qanday? Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida mazkur savol deputatlar diqqat markazida bo‘ldi. «Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilinar ekan, avvalgi o‘qishdagi takliflar, fikr-mulohazalar inobatga olingani ta’kidlandi.
Sattor RAHMATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilishining qator omillari mavjud. Avvalo, mazkur yo‘nalishdagi masalalarni yaxlit ravishda tartibga soluvchi yagona hujjat yo‘qligidir. Bolalar ovqati (xomashyo)ga «ishlab chiqarish-olib kelish-saqlash-sotish» zanjiri bo‘yicha hamda mahsulotning qadoqlanishi, sifati va xavfsizligiga talablar o‘rnatilmagan. Shu bilan birga, ushbu tizim ustidan nazoratni amalga oshirishning huquqiy asosi belgilanmagan. Demak, shu va boshqa sabablarga ko‘ra loyiha dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qonun loyihasidan ko‘zlangan asosiy vazifalar bolalarimizning sog‘lom ovqatlanishi uchun sharoit yaratish, ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilishdan iborat. Shuningdek, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning oziq-ovqat mahsulotlariga, ularning reklamasiga, o‘ramiga (idishiga), shuningdek, tamg‘alanishiga, ularni tashish, saqlash va ishlatishga doir talablarni belgilash nazarda tutilyapti.
Loyihadagi kamchiliklar tuzatilgani, havola me’yorlar o‘rni aniq tushunchalar bilan to‘ldirilgani maqsadga muvofiqdir. Masalan, loyihada tizimdagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qisqa shaklda aytib o‘tilgan edi. Ikkinchi o‘qishda esa onalar, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning hayoti hamda sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy hamda tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Homilador ayollar, emizuvchi onalar, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish belgilanmoqda. Bu kabi to‘ldirish va tuzatishlarni deyarli har bir moddada ko‘rish mumkin. Ana shularni inobatga olib, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlayman.
Aksavli TUMISHOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari ular organizmining fiziologik xususiyatlari hamda ehtiyojlariga javob beradigan bo‘lishi shartligi belgilanmoqda. Ona suti bilan oziqlantirish imkoni bo‘lmaganda, uning o‘rnini bosuvchi ozuqa maxsus sanoat asosida ishlab chiqarilgan, kimyoviy tarkibi va ozuqalik qiymati bo‘yicha ona sutiga yaqinlashtirilgan bo‘lishi qayd etilmoqda.
Asosiysi, sohada mas’ul organ mavqei va vakolatlari hamda boshqa tashkilotlar, xususan, jamoat tashkilotlarining vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, ona suti bilan boqishni targ‘ib qilish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanmoqda.
Go‘daklarni olti oygacha istisnosiz ko‘krak suti bilan boqishni targ‘ib etish masalasi muhim sanaladi. Tabiiy oziqlantirish sog‘lom avlodni tarbiyalashga xizmat qilib, bolaga insoniylik, mehr-oqibat, sadoqat tushunchalari go‘dakligidanoq singadi. Boshqa har qanday mahsulot qanchalar sifatli bo‘lmasin, ona suti eng yaxshi ozuqa ekanini unutmasligimiz, yoshlarga buni uqtirib borishimiz zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Fraksiya a’zolari Oliy Majlis tomonidan ko‘rib chiqilayotgan, qabul qilinayotgan qator hujjatlarda Hisob palatasining alohida o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Qahramon MIRZAYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Nomlanishidan ko‘rinib turibdiki, mazkur qonun loyihasi Hisob palatasi faoliyatini tartibga solishni nazarda tutadi. Unda palataning huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyat yuritish tamoyillari qamrab olingan.
Jumladan, Soliq va byudjet siyosati konsepsiyasi va kelgusi yilga mo‘ljallangan Davlat byudjeti loyihasi, yil yakuni bo‘yicha uning ijrosi yuzasidan tayyorlanadigan hisobot har tomonlama pishiq, puxta bo‘lishi muhim.
Shundan kelib chiqib, taklif etilayotgan qonun loyihasi va unda nazarda tutilgan me’yorlar bugungi kun talablariga har tomonlama mos bo‘lishi lozim.
Hisob palatasi mustaqil ravishda, xolis, shaffof, muhimi, qonunga tayangan holda faoliyat olib borishi zarur. Loyihada ushbu jihatlar inobatga olingan va qator xorijiy mamlakatlar tajribalari o‘rganilgan. O‘ylaymizki, mazkur loyiha kuchga kirgach, palata ishini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Bahs-munozara, fikrlar xilma-xilligi asosida o‘tgan yig‘ilishda yana qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Havola me’yorlardan butunlay voz kechish, qonunlar matnini o‘qilganda aniq tushunadigan tarzda yozish kerakligi alohida ta’kidlandi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.