30.04.2019

INFLYATSIYANI PASAYTIRISHGA IMKONIMIZ BORMI?..

Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha hukumat a’zolarining hisoboti eshitildi

O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishida joriy yilga mo‘ljallangan Davlat dasturining birinchi chorak yakunlari bo‘yicha ijrosi haqidagi hisobot dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish davomida Davlat dasturining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Bosh vazirning o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hisobot berdi.

— Hisobdorlik har bir rahbarni hushyorlikka chorlaydi,— dedi u. — O‘z faoliyatimizga ming bor nazar tashlab, haqiqiy bahoni olish imkonini beradi.

Hisobot davrida mamlakatimizda iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy barqarorlik, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsiya muhitini yaratishga erishildi. Yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 5,3 foizga, xususan, sanoat sohasi 6,8 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 11,1 foizga, chakana savdo aylanmasi 5,9 foizga va qishloq xo‘jaligi 2,5 foizga o‘sgan.

Davlat byudjetining 2019 yil birinchi choragidagi daromadlari 23,0 trillion so‘m, xarajatlari esa 24,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning ushbu davriga nisbatan mos ravishda 1,6 va 1,7 barobarga oshgan.

 Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini moliyalashtirish bo‘yicha birinchi chorak davomida umumiy qiymati 3412,2 million AQSh dollari bo‘lgan 32 ta ishlab chiqarish va ijtimoiy tuzilma ob’ektlari ishga tushirilib, 1806 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida jami 1 213 ta ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga 3,8 trillion so‘m miqdorda mablag‘ ajratilishi belgilab olingan. Jumladan, sog‘liqni saqlashga 972,3 miliard so‘m, umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga 975 milliard so‘m, maktabgacha ta’lim muassasalariga 1 654 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar natijasida birinchi chorakda bolalarni qamrab olish darajasi 38,4 foizga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich o‘tkan yili 37,7 foiz edi. Shuningdek, tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahrida bolalarni boshlang‘ich ta’limga bir yillik tayyorlash uchun jami 486 ta majburiy bepul guruhlar tashkil etilib, 11,1 ming nafar 6 yoshli bola qamrab olindi.

Ayni vaqtda ko‘pchilikni inflyatsiya darajasi qiziqtirishi tabiiy. Inflyatsiya darajasi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan u qadar o‘zgarmaydi. Ammo buni muvozanatda ushlash uchun ma’lum harakatlarni amalga oshirish lozim bo‘ladi. O‘rni kelganda aytishim kerakki, inflyatsiyani keskin pasaytirish imkoniga ham ega emasmiz.

Yaqin-yaqingacha iqtisodiy o‘sish modelini «yoqilg‘isi», aylantiruvchi kuchi ikki omilga asoslangandi. Birinchisi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga narxni kam belgilash va bu orqali sanoatda foyda yaratilib, iqtisodiy o‘sishga erishilgan. Ikkinchidan, energitika resurslariga narxni past belgilash va yillar davomida narxni o‘zgartirmaslik hisobiga amalga oshirilgan. Shu bilan birga neft-gaz, energitika, qishloq xo‘jaligi sohalariga investitsiyaga bo‘lgan defetsit keskin oshib ketgan. Buning oqibatida oxirgi yillarda respublikamizning aksariyat hududlariga gaz, elektr energiyasi yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarga duch kelingan. Yana qaysidir hududda yer sho‘rlangan. Bugungi kunda mazkur muammolar ketma-ketlikda bartaraf etilmoqda. Narx-navolar o‘rtasidagi disproporsiyalarni to‘g‘irlash lozim bo‘ladi. Bu albatta ko‘pchilikka yoqmaydi. Shu masalada ham deputatlardan yordam so‘rab, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishda ko‘maklashishini istardik.

Jahon ekspertlarining fikriga ko‘ra, inflyatsiya darajasini ushlab turishda iqtisodiyotga berilayotgan kreditlar hajmi o‘sishini cheklash ham muhim hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda 52 foizni ko‘rsatgan.

Joriy yildan yangi Soliq konsepsiyasi amalga kiritildi. Ko‘pgina ma’nosi yo‘q soliqlar bekor qilindi, stavkalar kamaytirildi. Qisqa qilib aytganda, adolatli soliq tizimiga o‘tildi. Rosti, katta xavotirimiz bor edi. Negaki, bu juda keskin o‘zgarish hisoblanadi. Ammo natija kutilganidan ham yaxshi bo‘lyapti. O‘tgan yilda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi sub’ektlar bor yo‘g‘i 7 mingta edi. Qolganlari esa yagona soliq to‘lovini to‘lardi. Joriy yil yangi soliq tizimiga o‘tilayotganda hisob-kitoblarga ko‘ra, 17 ming korxona qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashi kutilgandi. Birinchi chorak natijalariga ko‘ra, ularning soni 25 mingtaga, aprel oyiga kelib esa 31 ming, umumiy hisobda 38 mingtaga yetdi.

Soliq to‘layapti deganda, ba’zan «quloqni kesadigan gapdek» tuyiladi. Joylarda qo‘shilgan qiymat solig‘ining mazmun-mohiyati afzalligini tushuntirish ishlarini yanada ko‘paytirsak, ko‘proq natijaga erishishimiz mumkin. Mana shunday tadbirlar natijasida 2 mingga yaqin korxona o‘z xohishi bilan shu soliq turiga o‘tish istagini bildirdi.

Hisobot davomida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, respublikamizning turli hududlarini iqtisodiy tomondan rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Kamchilik va muammolarni bartaraf etish haqida ham so‘z bordi.

Shundan so‘ng deputatlarni qiziqtirgan savollarga Jamshid Qo‘chqorov va hukumatning boshqa a’zolari javob berishdi.

Savol:

— Bugungi kunda aholining bo‘sh turgan mablag‘lari hajmi yuzasidan Hukumatda aniq tahliliy ma’lumotlar bormi? Bu mablag‘larni iqtisodiyotga faol jalb etish, ya’ni, ichki investitsiyani rivojlantirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?

— Bizda xususiy mulkka hurmat azal-azaldan mavjud, aslida shunday bo‘lishi ham kerak. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bugungi kunda xufyona iqtisodiyotda 30 milliard AQSh dollariga teng mablag‘ aylanadi. Yiliga chet elda mehnat qilayotgan fuqarolarimizdan 5 milliard AQSh dollariga yaqin mablag‘ bank hisoblariga kelib tushmoqda. Tahlillarimizga ko‘ra, bugungi kunda aholining bo‘sh turgan mablag‘lari umumiy hajmi taxminan 10 milliard AQSh dollarini tashkil etadi...

Savol:

— «Har bir oila — tadbirkor» dasturi bo‘yicha aholida ishonchsizlik paydo bo‘lmoqda. Tadbirkor ish boshlayman, deb bankka murojaat qilganda, limitni bohona qilib, kredit berolmasliklarini aytishyapti. «Markaz hal qiladi», deya turli vajlar keltirilmoqda. Bank xodimlarining tadbirkorlarga muomalasi ham tabni biroz xira qilyapti. Shu masalada nima deya olasiz?

Javob:

— «Har bir oila —tadbirkor» dasturiga mas’ul shaxsman. O‘tgan haftada shu masalada barcha viloyatlardagi mas’ullar ishtirokida selektor o‘tkazdik. Albatta, muammolar yo‘q, deya olmayman. Lekin bajarilayotgan ishlarni ham unutmaslik kerak. Keling, deputatlar bilan birga shaxsan o‘zim va mas’ul shaxslardan bir jamoa tuzsak. Dastlab uch viloyatni tanlab, shu dastur bo‘yicha davra suhbati o‘tkazsak. Joylarda aholi duch kelayotgan muammolarni o‘zlaridan eshitib, masala yechimini birgalikda hal qilishga urinsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shu vaqtga qadar mazkur dastur doirasida 700 milliardga yaqin kredit berildi. Buning kam yoki ko‘pligini hech kim aytolmaydi. Eng asosiysi, uning samaradorligini ta’minlashimiz lozim, deb o‘ylayman.

Deputatlar tomonidan Davlat dasturining keyingi choraklardagi ijrosi natijadorligini oshirish borasida taklif va tavsiyalar berildi. Hisobot yakunlari bo‘yicha fraksiyaning qarori qabul qilindi.

 

Mahliyo ALIQULOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.