Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
08.04.2019

O‘RGANISHLAR MUAMMOLARGA YECHIM BO‘LA OLAYAPTIMI?

Joriy yil 27-31 mart kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 83-Parkent saylov okrugida saylovchilar bilan muloqotlar o‘tkazdi. Undan oldin hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari o‘rganib chiqildi. Jumladan, Novdak qishlog‘idagi yangi qurilayotgan qishloq oilaviy poliklinikasi tuman hokimligi tomonidan mebellar bilan jihozlanadigan bo‘ldi. So‘qoq qishloq oilaviy poliklinikasi ta’mirtalabligidan aholi shikoyat qilgandi. Tuman hokimligi homiylar topgan, bugungi kunda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ikki maktabni 2020 yil dasturiga kiritish. Eski maktabgacha ta’lim muassasasini maktabgacha ta’lim vazirligi balansiga olish va faoliyatini tiklash masalalarida taklif tayorlandi. Umuman uchrashuvlarda 87 masala ko‘tarilgan, shundan 64 tasi joyida ijobiy hal etilgan.

Yuqori Chirchiq tumanida xotin-qizlar qo‘mitasi, yoshlar ittifoqi faollari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, qonunlar muhokama qilindi. Faollardan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha tadbirkorlikka oid takliflar olindi. Dasturning ijrosi o‘rganildi.

— Hududlarga borib, aholi orasidagi muammolarni o‘rganyapmiz, ularga yechim topishga ko‘maklashyapmiz. Biroq tizimli ravishda yondashilmas ekan, kamchiliklar bartaraf bo‘lmaydi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Tursunboyev. — Masalan, aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish kechiktirib bo‘lmas masaladir. Sog‘liqni saqlash sohasini, eng avvalo, aholiga tibbiy va ijtimoiy-tibbiy xizmat ko‘rsatish qulayligi hamda sifatini oshirishga qaratilgan dastlabki bo‘g‘ini, shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada isloh qilish, aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash talab etiladi. Oila salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam ko‘rsatish, chaqaloqlar hamda bolalar o‘limini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni kuchaytirish muhim sanaladi.

Bular haqida ko‘p va uzoq gapirish mumkin. Ammo quruq gap bilan hech nima hal bo‘lmaydi. Hududlardagi muammolar o‘rganilib, umumiy masalalarda o‘zaro kelishilgan holda yechim topish zarur.

— Qo‘qon shahar Istiqlol ko‘chasida joylashgan 1-o‘rta ta’lim maktabida 2200 nafar o‘quvchi bo‘lib, 62 ta sinf mavjud, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi No‘mon Akbarov. — O‘quvchilar ikki smenada o‘qitiladi. Sinflarda me’yordagidan ortiq o‘quvchi o‘qiydi, maktabning sport maydonchasi ta’mirga muhtoj. Bu kabi holatni boshqa maktablarda ham uchratish mumkin.

Masalan, 3-o‘rta ta’lim maktabi kapital ta’mirlangan, binoning ikkinchi qavatidagi 4 ta sinf qarovsiz ahvolda, ya’ni akfa romlar o‘rnatilmagan. Ta’mirlash ishlari Yozyovon tumanidagi «Mustaqil qurilish trans» MChJ tomonidan olib borilgan. Loyiha qiymati 225 million so‘mni tashkil etadi. Maktab va shahar xalq ta’limi bo‘limi raxbariyatining murojaatlari hozirgi kungacha hech qanday natija bermagan.

Joriy yilning 28–31 yanvar kunlari Qo‘qon shahrining Muqimiy shaharchasida joylashgan Muruvvat uyida o‘rganishlar jarayonida aniqlandiki, u yerdagi suv inshooti bir necha yildan beri nosoz holatga kelib qolgan. Kanalizatsiya tizimida ham ko‘plab muammolar borligi haqida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.Saliyevga 12 fevral kuni murojaat etilgandi. Vazirlikning 20 martdagi javob xatida barcha kamchiliklar bartaraf etilgani haqida ma’lumot berilgan edi. Mart oyining oxirida Muruvvat uyiga borib, bajarilgan ishlar sifatini ko‘rmoqchi bo‘ldik. Biroq umuman hech qanday ish bajarilmagani, vazirlik soxta ma’lumot berganiga guvoh bo‘ldik.

Xalq vakillari yuborgan so‘rovlarga ayrim mutasaddilarning beparvo munosabati hamon davom etmoqda. Aslida deputat ko‘tarayotgan muammo tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari mas’ulligidagi sohaga bevosita daxldor. Ularning yechimidan deputatdan ko‘ra avvalo mas’ullar manfaatdor bo‘lishi kerak emasmi?

Deputatlik vakolatini amalga oshirishga to‘siq bo‘lgan har qanday mansabdor shaxs qonun oldida javobgardir.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: