26.03.2019

CHAQALOG‘INI EMIZMAGAN ONALARGA CHORA KO‘RILISHI ROSTMI?..

O‘tgan haftada Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘ldi. Unda bir qancha qonun loyihalari muhokama etildi.

Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini rad etish haqidagi axborot tinglandi.

Mazkur loyihada Davlat soliq qo‘mitasi markaziy apparatining tuzilmasida Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi tugatilganligi hamda uning o‘rnida Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tashkil etilgani sababli, Jinoyat-protsessual kodeksidagi ayrim jumlalarni almashtirish tak­lifi bildirilgan.

Shuningdek, qonun loyihasida «dav­lat soliq xizmati mansabdor shaxs­lari» tushunchasini kiritish, ya’ni, yangi institutni joriy qilish taklifi berilgan. Lekin tushunchaga aniqlik kiritilmagan. Bu esa «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasiga zid kelgan. Ana shu va boshqa sabablarga asosan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi loyihani Qonunchilik palatasi reglamentiga muvofiq rad etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblashini bildirdi. Bu masala yalpi majlisda ko‘riladigan bo‘ldi.

Yig‘ilishda «Go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning ovqatlanishi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, bolalarni ko‘k­rak suti bilan boqish haqidagi targ‘ibot ishlari samaradorligini faqat tibbiyot xodimlari orqali oshirib bo‘lmaydi. Bu borada go‘daklar hamda kichik yoshdagi bolalarni ovqatlantirish haqida ob’ektiv ma’lumot bilan ta’minlashda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlarning ham ishtiroki muhimdir. Shu sababli, ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlar xizmatchilari bolani ko‘krak suti bilan boqishning ahamiyati, ratsional ovqatlanish, noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq muammolar haqidagi ma’lumotlarni omma orasida targ‘ib qilishda Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tavsiyalariga asoslanishi kerak bo‘ladi.

— Bundan tashqari, ko‘krak suti o‘rnini bosuvchi vositalarni tarqatuvchi distribyutorlar «Ko‘krak suti o‘rnini bosuvchilar marketingi xalqaro kodeksi» shartlariga mos ravishda harakat qilishi muhimdir, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Tursunpo‘lat Norboyev. — Milliy qonunchilikda xalqaro kodeks tavsiyalarini joriy qilish masalasini ko‘rib chiqish zarur.

Ya’ni, ushbu qonun qabul qilingandan keyin ko‘krak suti bilan ovqatlantirmaganlarga chora ko‘rish amaliyoti joriy etilishi nazarda tutilmoqda. Lekin onaning to‘yib ovqatlanmagani, uning farzandli bo‘lgandan keyin 2-3 oyga qolmasdan ishga chiqib ketishi sababli bolani ko‘krak suti bilan ovqatlantira olmasligi mumkin. Ushbu holatda qanday yo‘l tutish lozim?

Bugungi kunda «Oila» ilmiy-amaliy markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va boshqa shu kabi bir qator bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Ularni ham ushbu masala yuzasidan mas’uliyati va faolligini oshirish lozimdir. Ushbu qonunning qabul qilinishi bolalarning sog‘ligi, ularning genofendini asrab avaylash nuqtai-nazaridan judayam keraklidir. Qonun loyihasining konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlayman. Lekin qonunning o‘zbek tilidagi matnida juda ko‘p g‘aliz jumlalar, xatoliklar mavjud. Buni ikkinchi o‘qishgacha to‘g‘rilash lozim.

— Qonun loyihasi judayam dolzarb, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Zulayho Akromova. — Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Bugungi kunda qancha bola ona suti bilan, qancha bola sun’iy ozuqa bilan ovqatlantiriladi? Shu bo‘yicha qonun tashabbuskorlarida aniq statistika mavjudmi?

Bola huquqlari konvensiyasining 24-bobiga asosan go‘daklarni 6 oygacha istisnosiz ko‘krak suti bilan boqishni muhofaza qilish, qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar jamiyat salomatligini saqlashdagi muhim vazifadir. Jamiyatning barcha a’zolariga, ayniqsa, ota-onalarga ko‘krak suti bilan boqishning afzalliklari haqida ma’lumot berish zarur.

— Bolalar ovqatini ishlab chiqarishda ham aniq me’yorlarni tartibga solish kerak, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Sattor Rahmatov. — Ayrim joylarda reklamalarda bolalarning sun’iy ovqatlari ona sutidan ham yaxshiroqdir, deya targ‘ib qilinish holatlarini uchratamiz. Ona sutidan ham yaxshiroq sun’iy ozuqa bo‘lishi mumkinmi? Ushbu holatni ham tartibga solish lozim. Kerak bo‘lsa, ushbu qonun loyihasi bilan birgalikda «Reklama to‘g‘risidagi qonun»ga ham o‘zgartirish kiritish lozim, deb o‘ylayman.

Fraksiya a’zolari tomonidan berilgan savollar va bildirilgan takliflarga qonun tashabbuskorlari, mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.

Muhokamalar so‘nggida, qonun loyihasini ma’qullab, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi muhokamasiga kiritish to‘g‘risida taklif tushdi va fraksiya a’zolaridan 18 nafari qonun loyihasini ma’qullab, 2 nafari qarshi, 1 nafari betaraf bo‘lib ovoz berdi. Shunga ko‘ra, qonun loyihasi fraksiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.



DB query error.
Please try later.