19.03.2019

«DEPUTATLIK SO‘ROVLARIGA MUNOSABAT O‘ZGARGANI YO‘Q!»

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari vazirliklar mutasaddilariga shu masalada qattiq e’tiroz bildirdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining saylov okruglarida o‘tkazgan uchrashuvlarida ko‘tarilgan masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unga vazirlik va idoralar mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.

 

Deputatlar joriy yil 26 fevral – 2 mart kunlari saylov okruglarida o‘tkazgan uchrashuvlari erkin muloqot, amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Uchrashuvlarda 550 ga yaqin masala ko‘tarilgan bo‘lsa, shularning 180 tasini joyida hal etishga erishildi. Fuqarolarni ish bilan ta’minlash, bank kreditlarini olish, pensiya va nafaqalar to‘lovi, pasport olish kabi masalalar shular jumlasidandir. 192 ta masala tuman-shahar miqyosida hal etilishi mumkinligidan kelib chiqib, tegishli mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi. Viloyat darajasidagi 70 dan ziyod masalani esa viloyat hokimliklari va boshqa mutasaddilar bilan hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Kengaytirilgan yig‘ilishda respublika darajasida hal etilishi kerak bo‘lgan 80 masala vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa markaziy tashkilotlar mutasaddilari bilan atroflicha muhokama etildi. Ayniqsa, deputatlar tomonidan fuqarolar bandligini ta’minlash, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy nafaqalar tayinlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquq va manfaatlarini muhofazalash, uy-joy, aholi turmush tarzi bilan bog‘liq boshqa qator dolzarb masalalar ko‘tarilayotgani qayd etildi. Umumiy mazmundagi ma’lumotlar berilganidan keyin yig‘ilish ancha qizib ketdi.

 

No‘mon AKBAROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— To‘g‘ri, joylarda amaliy ishlar qilinayotgani juda yaxshi. Ammo hanuz ko‘zbo‘yamachilik, belgilangan vazifani muddatidan kechiktirish holatlariga, yolg‘on va’dalarga barham berilgani yo‘q. Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Dasht qishlog‘idagi QVP optimallashtirish hisobiga tugatilgan. Bu esa aholiga turli qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Ularning murojaatiga ko‘ra, vazirlikka so‘rov yuborgandik. Parlament so‘roviga patronaj va tez tibbiy yordam xizmatlari ko‘rsatilayotgani haqida javob keldi. Ammo joyiga borib o‘rganilganda bularning hech biri yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rdik. Parlament so‘roviga noto‘g‘ri axborot berilgan. 2018 yilda matbuotda e’lon qilingan tanqidiy maqolalar, fikr-mulohazalarga nisbatan tushuntirish so‘rab yozilgan xatimiz ham e’tiborsiz qoldirilgan.

Shuningdek, Qo‘qon shahridagi oilaviy poliklinikalarda elektron ro‘yxat shakllantirilgan bo‘lishiga qaramay, ular tizimga ulanmagan. Natijada ovoragarchiliklar hamon davom etmoqda. Yoki joriy yil yanvar oyida Qo‘qon shahridagi «Muruvvat» uyiga borganimizda suv quvurlari, inshootlari ishlamayotganini ko‘rdik. Bu masalada Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga hududdagi rahbarlar muammoni hal qilolmagani sabab xat yuborayotganimni tushuntirib, so‘rov yubordim. 12 fevraldagi ushbu so‘rovga hali javob ololganim yo‘q.

Ta’lim tizimida hamon qog‘ozbozlik, byurokratiya davom etyapti. 8-son maktabgacha ta’lim muassasasiga kirdik. Bolalarning kiyinish xonasida yillar davomida chiroq yo‘q. Yoki 25-bog‘chada issiqlik suvi yo‘q. «Ariston» buzilib qolgani sababli bolalar qish mavsumida sovuq suvdan foydalanyapti. Ammo bu muammolar hech kimni qiziqtirmaydi.

 

Tursunpo‘lat NORBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Vazirlik va mutasaddi idoralar rahbarlarining ko‘ziga qarab aytish kerakki, hali-hanuz deputatlarning so‘rovlariga, murojaatlariga e’tiborsizlik, bepisandlik va loqaydlik davom etmoqda. Masalan, Jarqo‘rg‘on tumanidagi tibbiyot birlashmasi hududiy bo‘limi 2015 yilda kapital rekonstruksiya bo‘ldi. Mablag‘ yetishmagani sababli poliklinika, oshxona, kir yuvish xonasi chala qolib ketdi. Shundan beri vazirlikka murojaat qilaman, javob esa doim bir xil «belgilangan investitsiya dasturi asosida amalga oshiriladi». O‘tgan yilgi so‘rovga Yusuf Aliyev imzosi bilan 2018-2019 yillarda investitsiya dasturiga ko‘ra amalga oshiriladi, degan javob keldi.

Yana bir so‘rovga «Avtoyo‘l» qo‘mitasidan ham 5 yildan buyon bir xil mazmundagi javob keladi. Surxon-Sherobod, Jarqo‘rg‘on-Qizil yo‘llarini ta’mirlash bilan bog‘liq so‘rov kiritaman. Unga viloyat avtomobil yo‘llari boshqarmasi rahbarining vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxsdan «belgilangan tartibda muammo hal etiladi», degan mazmunda javob keladi.

Joylarga borganimizda fuqarolarga order olishda yordam beramiz. Birgina misol, kam ta’minlangan oila a’zosi amal-taqal qilib, yo‘lkira topib, poytaxtdagi respublika onkologiya markaziga davolanishga keladi. Markazdagilar bir-ikki oydan keyin kelishini aytadi. Axir bunga o‘sha shaxsning imkoni yo‘q-ku. Agar kasalligi xuruj qilgan bo‘lsa, u bir necha oy kuta oladimi?..

Bu kabi muammolar har bir sohada topiladi. Gap uning qanchaligida emas, asosiysi, muammoga mutasaddilarning munosabatida. Bizga saylovchilar dardini aytib kelsa, vazirliklarga so‘rov yuboramiz. Iltimosimiz ham, talabimiz ham shuki, ularga e’tiborliroq bo‘lish kerak. Hech bo‘lmasa, bir muammo yuzasidan avvalgi bergan javoblaringizni eslab, qarab qo‘yinglar. Bir-biriga zid bo‘lgan javoblar bilan xalqimiz oldida bizning ham, sizning ham yuzingiz shuvut bo‘lib qolmasin. Ular sizu bizga ishonmasa, suyanmasa, kimga borsin, dodini kimga aytsin?..

 

Avaz O‘RINBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Buvayda tumanidagi 5-sonli o‘rta maktab 1977 yilda qurilgan. Oxirgi marta 2006 yilda ta’mirlangan. Maktab hovlisida sport zal uchun maydon kovlangan, beton quyilgan, armaturalar chiqib turibdi. Biroq 3 yildan beri holat shu bo‘yicha o‘zgarmasdan qolmoqda. Bolalarning to‘plari chuqurga tushib ketsa, ular tushib olib chiqishga majbur bo‘lmoqda.

3-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lganimizda bir hamshira ayol murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamshiralar oyligi bir necha yillardan buyon oshirilmay kelmoqda. Bog‘chadagi hamshiralar sog‘liqni saqlash tizimiga kirmasligi sababli ularning oyligi oshirilmas ekan. Ta’lim sohasidagi oylik ish haqining oshirilishi ham ularni chetlab o‘tarkan. Ushbu masalada ham chora ko‘rilishi kerak, deb o‘ylayman.

Yig‘ilishda, shuningdek, boshqa turli masalalarda so‘z yuritildi. Joylarda tadbirkorlarga bo‘layotgan sun’iy to‘siqlar, sohalar bo‘yicha uchrayotgan kamchiliklar muhokama qilindi. Parlament nazoratining barcha shakllaridan samarali foydalanish muammolar kelib chiqishining oldini olishga, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Yakunda fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.