12.03.2019

YIG‘ILISHDAN SO‘NG MUAMMOLAR HAL BO‘LADIMI?..

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi parlamentda suyultirilgan gaz ta’minotini yaxshilash masalasini ko‘tardi

Suv, elektr energiyasi va suyultirilgan gaz kabi muhim vositalarsiz bir kunni o‘tkazish juda qiyin. Ularning hayotdagi, jamiyat ravnaqidagi ahamiyati haqida uzoq gapirib o‘tirishga hojat yo‘q. Suvsiz hayot bo‘lmaganidek, elektr energiyasi va suyultirilgan gazsiz taraqqiyot ham bo‘lmaydi. Shuning uchun hududlarida muammolar kamayishi, iqtisodiyoti yuksalishini istagan mamlakat hech narsaga qaramay ana shu vositalar ta’minotini kafolatlashga urinadi.

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi, elektr energiyasi bilan bog‘liq uzilishlar bora-bora barham topishi haqidagi xushxabar yurtdoshlarimizni xursand eta boshladi. Garchi tabiiy sharoit murakkab bo‘lsa-da, respublikamizda suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu ikki tarmoqdagi loyihalar katta mablag‘ va resurs talab qiladi. Ammo aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash hal etib bo‘lmaydigan muammolar yaratadigan tarmoq hisoblanmaydi. Shunday ekan, mamlakatda bu yo‘nalishda ishlar qanday ketyapti? Avvalgi yillarga nisbatan o‘zgarish, o‘sish bormi?..

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi shu kabi muhim va o‘tkir savollarga javob olish tashabbusi bilan chiqdi.

Quyi palatadagi «Hukumat soati»ga «Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida»gi masala kiritildi.

Shu haqda axborot berish hamda deputatlar savollariga atroflicha javob olish uchun quyi palataga O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xodjayev taklif etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi «Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori joylarda aholini qiynab kelayotgan dolzarb muammolardan birini hal etishga qaratilgan.

Vazir o‘z axborotida ta’kidlaganidek, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi hamda aholi uchun belgilangan narxlar bo‘yicha iste’mol qiluvchi ijtimoiy soha ob’ektlari ro‘yxati tasdiqlangan. Bu borada hozirgi kunga qadar qator ishlar amalga oshirilgan.

Ayni paytda respublika bo‘yicha jami 3,3 millionta suyultirilgan gaz abonenti bo‘lib, gaz ta’minoti korxonalari tomonidan jami 3,4 million dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berilgan.

Bundan tashqari, aholining shaxsiy 1,1 million dona gaz balloni bor. Ya’ni, abonentlar soniga nisbatan ta’minlanganlik darajasi 137 foizni tashkil etadi.

Qolaversa, shu yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2,1 millionta ijtimoiy soha ob’ektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

2019 yilda suyultirilgan gaz manbalari va taqsimoti balansiga ko‘ra, joriy yilda 806,1 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, shundan 474,7 tonnasi yoki o‘tgan yilga nisbatan 60,7 ming tonna ko‘prog‘i aholining maishiy ehtiyojlari uchun yetkazib berilishi belgilangan.

 Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktabrdagi qarorida suyultirilgan gaz asosan aholining o‘sib borayotgan maishiy ehtiyojlarini qoplash uchun yo‘naltirilishi belgilanganini inobatga olib, suyultirilgan gazni birjada sotish miqdori yildan yilga kamaytirilib borilmoqda.

Qisqa qilib aytganda, sohada amalga oshirilayotgan ibratli ishlar talaygina.

Ammo ayni yo‘nalishda Hukumat darajasida bir qator hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, hududlarda aholi ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib berishda ko‘plab kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilmoqda.

Deputatlar vazirga bu boradagi masalalar, aholini qiynab kelayotgan aniq muammolar xususida savollar bilan murojaat etdi. Ayniqsa, parlament vakillarining e’tiroziga sabab bo‘lgan masala – tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarni o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, gaz ballonlari standartlari va ularning to‘lovi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan izoh so‘raldi.

Ushbu masalaning parlamentda o‘tkaziladigan «Hukumat soati»da eshitilishi bejiz emas. Oliy Majlis quyi palatasi vakillarining saylovchilar bilan o‘tkazayotgan ochiq muloqotlari davomida kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar tahlili aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasida muammolar yuzaga kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, joriy yil yanvar va fevral oyining oxirgi haftasida saylov okruglarida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida deputatlar tomonidan ushbu masala o‘rganilganda, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qancha kamchiliklar aniqlandi.

Masalan, aholi ko‘tarayotgan muammolarga ko‘ra, 20 kilogrammli maishiy gaz ballonlariga ko‘p hollarda me’yordagidan kam quyilayotgani iste’molchilarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Yoki gaz olish uchun kelgan aholi vakillarining bank plastik kartasi orqali to‘lovni amalga oshira olmasligi noqulaylik keltirib chiqarayotganiga doir faktlar ham bor.

Vazir deputatlar savollariga javob qaytarar ekan, bunday salbiy holatlar uchrab turganini, bu masalada vazirlik tomonidan jiddiy nazorat olib borilayotgani, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan choralar ko‘rilayotganini qayd etdi.

O‘z navbatida, vazir bu borada bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar, nazorat qiluvchi va boshqa mutasaddilar mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdi.

«Hukumat soati» doirasida berilgan savol-javoblardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan vazirlik faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi. Shuningdek, ko‘tarilgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan parlament quyi palatasiga qo‘shimcha ravishda ma’lumot taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilish yakunida aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash ishlari yuzasidan samarali parlament nazoratini olib borishga kelishib olindi...

Parlamentda o‘tkazilgan, muhim masalaga bag‘ishlangan «Hukumat soati» haqidagi ma’lumotlarning qisqacha tafsiloti mana shu. Axborot qabul qilindi, savol-javoblar bo‘ldi, muayyan qaror ham chiqarildi, yig‘ilish nihoyasiga yetdi.

Endi natija qanday bo‘ladi? Mamlakatning olis va turmush sharoiti oson bo‘lmagan hududida qora o‘choq yoqayotgan ayollar, onalarning og‘iri ertaga yengillashadimi, yo‘qmi, buni albatta vaqt ko‘rsatadi. Ehtimol buni aniq bilish uchun yana bir yig‘ilish o‘tkazishga to‘g‘ri kelar...

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axboroti asosida

To‘lqin To‘raxonov tayyorladi.



DB query error.
Please try later.