15.01.2019

FRAKSIYA O‘Z FAOLIYATIDAN QONIQADIMI?..

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fraksiya rahbari Hotamjon Ketmonovning ma’lumoti tinglandi.

 

Ta’kidlandiki, partiya fraksiyasi o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, davlat rahbarining Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasidagi deputatlar ishini takomillashtirishga qaratilgan ko‘rsatma va takliflari asosida yangicha yo‘nalishda tashkil etdi. Qonun ijodkorligi jarayoni sifat va son jihatdan sezilarli ravishda o‘sdi. Xususan, o‘tgan yili fraksiya yig‘ilishlarida 175 qonun loyihasi ko‘rilgan. Ularning 17 tasiga fraksiya tashabbusi bilan konseptual o‘zgartirishlar kiritilgan.

Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalari bo‘yicha fraksiya a’zolari ishlab chiqqan 315 taklifning 220 tasi qonunlarni qabul qilish jarayonida inobatga olingan. «Markaz-viloyat-tuman» tizimi orqali 145 ta qonun loyihasi partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlariga muhokama uchun yuborilib, 500 ga yaqin taklif olingan. Fraksiyaning 12 nafar a’zosi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tayyorlangan 17 ta qonun loyihasini ishlab chiqishda tashabbuskor bo‘lishgan. Fraksiya a’zolari puxta ishlanmagan, deb baholagan qonun loyihalari bildirilgan fikr-mulohazalar asosida qayta ko‘rib chiqilib, muhokamalarga kiritilgan.

Shuningdek, «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasiga, «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunning 37-moddasiga o‘zgartishlar kiritish, «Issiqlik ta’minoti to‘g‘risida»gi hamda «Imkoniyati cheklangan bolalarning ta’lim olishi va ijtimoiy integratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihalari partiya fraksiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgani alohida ta’kidlandi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, mazkur sohada davlat siyosatini yuritishda amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, Nogironlar, Ko‘zi ojizlar, Karsoqovlar jamiyatlari bilan hamkorlik yanada yaxshilangan. Jumladan, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi chuqur o‘rganilgan va mazkur soha bo‘yicha hududlardagi uchrashuvlarda aniqlangan 100 ga yaqin muammo fraksiyada muhokama qilingan. Natijada 50 dan ortiq taklif ishchi guruhiga taqdim etilgan.

Prezident Murojaatnomasida Oliy Majlisning nazorat-tahlil faoliyatiga ham alohida to‘xtalib, samarasiz nazorat yoki quruq majlislarning keragi yo‘qligi qayd etilgan edi. Shundan kelib chiqib, partiya fraksiyasi tashabbusi bilan o‘tgan davr mobaynida Sog‘liqni saqlash vazirining parlament eshituvi, Bandlik va mehnat munosabatlari, Sog‘liqni saqlash hamda Qurilish vazirlari ishtirokida 3 marta «Hukumat soati» o‘tkazilgan. Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi bilan hamkorlikda 5 marta, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan bir marta tegishli vazirliklarning axborotlari eshitildi. Eshituvlar deputatlarning o‘z saylovchilari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlari davrida ko‘tarilgan dolzarb muammolar asosida tashkillashtirilgan bo‘lib, ularda mahalliy Kengash deputatlarining ishtirokini ta’minlash amaliyoti joriy qilingan.

Joylarda aniqlangan muammolar yuzasidan 24 deputatlik so‘rovi yuborilgan. Nazorat-tahlil ishlari davomida fraksiya a’zolari aralashuvi bilan 100 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxsning murojaatlari hal etilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida 8122 xonadonga kirib borilgan va 50206 nafar fuqaro bilan muloqot o‘tkazilgan. Mazkur uchrashuvlarda 10295 ta masala ko‘tarilgan. Ularning asosiy qismi uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish, transport va yo‘l qurilishi, sog‘liqni saqlash, bandlik, bank-kredit, ta’lim, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalariga taalluqlidir. Murojaatlarning aksariyati (90 foizga yaqini) hududlarning o‘zida mahalliy mutasaddilar bilan muhokama qilinib, amaliy yordam berish choralari ko‘rilgan. Qolganlari Qonunchilik palatasida tegishli vazirlik-idoralarning rahbar va mas’ullari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilishlarda muhokama qilingan. Ayrim masalalar yuzasidan tushuntirish so‘rab, tegishli sohalar rahbarlariga deputatlik so‘rovlari yuborilgan. Deputatlar ko‘magida 156 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirilgan, 125 nafar fuqaroning tibbiy-ijtimoiy xizmatdan foydalanish huquqi ta’minlangan, 568 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilgan, 56 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti bank terminallari bilan ta’minlangan.

O‘zbekiston XDP fraksiyasining 2018 yildagi faoliyati bilan bog‘liq asosiy ko‘rsatkich va raqamlar shulardan iborat.

Anjumanda, shuningdek, joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ustuvor vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jurnalistlar parlament nazorati, ishlamayotgan qonunlar, davlat dasturlarining ijrosida deputatlarning roli hamda yana boshqa qator masalalarda o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Savollarga fraksiya rahbari va a’zolari javob berdi.

Matbuot anjumanida O‘zXDP fraksiyasi a’zolari o‘z faoliyatidan qoniqmayotgani, oldinda juda muhim vazifalar turgani alohida ta’kidlandi.



DB query error.
Please try later.