27.12.2018

5 TA VILOYATDA 5 MINGDAN ORTIQ UY-JOY FOYDALANISHGA TOPSHIRILMAGANI ROSTMI?..

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi «Hukumat soati»ga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan «Shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish hamda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida»gi masala kiritildi. Qurilish vaziri Abduqahhor To‘xtayev parlament a’zolari oldida mazkur masala yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.

Ma’lumki, mamlakat rahbariyati tashabbusi bilan hududlarda arzon ko‘p kvartirali uylar hamda qishloqlarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurilishi minglab muhtoj odamlarning mushkulini oson qilyapti. Shu orqali yurtimizda ko‘p yillardan beri aholini qiynab kelayotgan yirik ijtimoiy muammolardan biri jadallik bilan hal etilmoqda.

Vazir axborotida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq joriy yilda jami 13917 xonadonli 335 uy-joy qurilishi rejalashtirilgandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlariga asosan qo‘shimcha 90 ta uy qurilishi belgilangan. Shulardan 79 tasi foydalanishga topshirilgan. Qolganlarida qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.

Birgina Qashqadaryo viloyatida qurilishi ko‘zda tutilgan 5 qavatli 14 ta uy-joyning barchasi to‘liq foydalanishga topshirilgan. Toshkent shahrida esa jami 186 turar-joyning qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirish arafasida turibdi.

Joriy yilgi tegishli dastur doirasida jami 28583 ta yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, davlatimiz rahbarining shu yil 18 yanvardagi ?018 yilda uy-joy qurilishini rivojlantirish maqsadli dasturlarini samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, respublikada jami 16360 ta arzon uy qurilishi belgilangan. Shundan hozirgacha 5942 tasi (37 foizi) foydalanishga topshirilgan.

Vazirning axborotini tinglaganidan so‘ng deputatlar aholini uy-joy bilan ta’minlash, qurilish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida yakunlash masalalarida fikr-mulohazalarini bildirdi. Hududlarda bunyod etilayotgan uylar atrofida infratuzilmani yaratish masalalari, odamlarni o‘ylantirayotgan muammolar xususida vazirga savollar berishdi. Ayniqsa, Toshkent, Sirdaryo, Buxoro, Navoiy hamda Xorazm viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan 5689 ta uy-joydan bugungi kungacha birortasi ham foydalanishga topshirilmagani parlament a’zolarining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolarining aytishicha, Surxondaryo viloyati Denov tumanida 585 ta oila tuman hokimligiga arzon ko‘p kvartirali uy-joy bilan ta’minlashni so‘rab murojaat qilgan. Biroq 2017 yil yakuni bo‘yicha tumandagi 15 oila 2 sotixli bir qavatli uch xonali, 4 oila ikki qavatli 3 xonali uy-joy bilan ta’minlangan, xolos. Kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqati cheklanganlarning bor-yo‘g‘i 19 tasiga ana shunday uylar berilgan. Umuman, tumanda uy-joyga bo‘lgan talab bor-yo‘g‘i 3 foizga bajarilgan.

Deputatlar Denov tumanidagi «Binofas-Agro-Servis» MChJ, «Surxon qurilish servis» x/k, «Sanoat tex-montaj» x/k, «Rivoj» uy-joy qurilish MChJ pudrat korxonalari tomonidan foydalanishga topshirilgan 19 xonadonga borib o‘rganganda, mazkur uylarning isitish tizimi ishlamasligiga guvoh bo‘lishgan. Bundan tashqari, devor suvoqlari ko‘chib qolgani, hovli atrofida suvlarni qochirish ariqchalari yo‘qligi, qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani ma’lum bo‘lgan. Bu kabi kamchiliklar boshqa hududlarda ham uchrayotgani hamda ularni bartaraf etish borasida vazirlik tezkor va jiddiy chora ko‘rishi zarurligi ta’kidlandi.

Sergeli tumanida qurilgan 36 ko‘p qavatli uyning 11 tasi Zangiota tumani hududiga kirib qolgani hujjatlarni rasmiylashtirishda muammolarga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, shu kunga qadar qurilishi rejalashtirilgan 4 bog‘cha va 2 poliklinika uchun mablag‘lar ajratish masalasi tegishli vazirliklar tomonidan hal etilmagani, natijada amaliy ishga qo‘l urilmagani tanqid qilindi.

Sergeli tumanida rejaga ko‘ra, 128 ta 7 qavatli uy-joy qurilishi kerak edi. Ayni paytda 120 ta 7 qavatli uy-joy qad rostladi. Toshkent shahar hokimligi tomonidan tegishli mablag‘ ajratilmagani bois 7 tasi qurilmay qolgan.

Parlament quyi palatasi vakillarining xalqimiz bilan o‘tkazayotgan ochiq muloqotlari davomida aholini uy-joy bilan ta’minlashda ko‘plab muammolar borligi ko‘rinib qolmoqda. Masalan, arzon uy-joylar belgilangan muddatlarda qurib bitkazilmayapti. Ko‘p joylarda shoshma-shosharlik bilan, «mendan ketgunicha, egasiga yetgunicha» qabilida ish ko‘rilishi qurilayotgan binolar sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qurilish mahsulotlaridan me’yorlar darajasida foydalanmaslik holatlari ham ko‘zga tashlanmoqda.

Deputatlar fikricha, uy-joy qurilishi borasida topshiriqlar ijrosini muddatidan oldin bajarish, hisobotlardagi statistikaning ijobiy bo‘lishini ta’minlash ilinjida mahalliy hokimliklar tomonidan ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Chuqur o‘ylanmasdan, tegishli xulosalar asosida ish olib borilmasligi ba’zi hududlarda yangi binolarga aholini joylashtirishda qiyinchiliklarni, qattiq noroziliklarni yuzaga keltirmoqda.

Qurilish vazirligi rahbarlari deputatlarning savollariga javob qaytarar ekan, bunday holatlarga nisbatan vazirlik va tegishli inspeksiya tomonidan jiddiy nazorat olib borilayotgani, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan choralar ko‘rilayotganini qayd etdi. O‘z navbatida, nazorat qiluvchi va qurilish ob’ektlarini qabul qilib oluvchilarning mas’uliyatini oshirish yuzasidan ham mulohazalar bildirildi.

2019 yil dasturiga muvofiq, kelasi yil jami 19959 ta xonadondan iborat 555 ta uy-joy qurish rejalashtirilgan. Deputatlar mazkur uy-joylar birinchi navbatda ehtiyoji yuqori fuqarolarga adolatli tarzda taqsimlanishiga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

«Hukumat soati»dagi savol-javoblardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan vazirlik faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan sustkashlik va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohaza, takliflar bildirildi.

O‘z navbatida, qurilish vaziri ko‘tarilgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan quyi palatasiga qo‘shimcha ravishda ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qildi.



DB query error.
Please try later.