11.12.2018

JAVOBGARLIKNI KUCHAYTIRISH ZARURATI

Ayrim qonun loyihalari aynan shu jihatdan bir-biriga o‘xshaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi navbatdagi yig‘ilishi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining muhokamasi bilan boshlandi. Loyihada yer osti tabiiy resurslarini o‘zboshimchalik bilan qazib olish holatlariga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.

 

Aksauli TUMISHOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Yer osti boyliklar qayta tiklanmaydi, juda uzoq yillar davomida tabiiy ravishda shakllanadi. Demak, ulardan foydalanishda tartib-qoidaga amal qilish talab etiladi. Bu borada me’yorlar belgilangan bo‘lishiga qaramay, qonunbuzarlik kuzatilmoqda. Masalan, jismoniy shaxslar tomonidan tarkibida oltin mavjud ma’danlarni ruxsatsiz qazish, konchilik ishlarini bexatar olib borish qoidalariga rioya etmaslik holatlari uchramoqda. Oqibati o‘lim bilan tugashiga, metalning noqonuniy aylanishiga va foydali qazilmalarni o‘zboshimchalik bilan qazib olishga qarshi javobgarlikni kuchaytirish zarurati yuzaga keldi.

Ayniqsa, suvdan oqilona foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik doimiy diqqat markazida bo‘lgan masalalardan hisoblanadi. Zotan, yer yuzida chuchuk suvlar kamayib, taqchillik kuzatilmoqda. Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar esa bu boradagi hushyorlikni oshirib, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltiradi, deb o‘ylayman. Loyihada mineral va termal suvlargina emas, umumiy yer osti suvlaridan samarali, oqilona foydalanish nazarda tutilmoqda.

O‘ylaymizki, ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalardan so‘ng yer osti boyliklarini ruxsatsiz qazib olish holatlari kamayadi.

«O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ham deputatlar diqqat markazida bo‘ldi. Ta’kidlandiki, qonun loyihasi Prezidentning tegishli qarorlari asosida ishlab chiqilgan.

 

Bunyod ESHONQULOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Tahlillar voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilmaslik kabi huquqbuzarliklar soni oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Loyiha ayrim huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.

Masalan, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik va g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, ya’ni jarima miqdorini eng kam oylik ish haqining 50 dan 100 baravarigacha yoki ozodlikdan mahrum etish muddatini 3 yildan 5 yilgacha etib belgilash nazarda tutilmoqda. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlash uchun ham jarima miqdorini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonuni loyihasida ham ancha dolzarb masalalar o‘rin olgan. Xususan, intellektual mulk ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, sohadagi milliy qonun hujjatlarini xalqaro hujjatlarga muvofiqlashtirish rejalashtirilgan.

 

Shuhrat MAMAJANOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Joriy yil 30 noyabr kuni intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida O‘zbekistonning bir qator xalqaro hujjatlarga qo‘shilishini ko‘zda tutuvchi qonunlar qabul qilingan edi. Bular «Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi konvensiya, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Mualliflik huquqi bo‘yicha shartnomasi va Ijrolar va fonogrammalar bo‘yicha shartnomasidir. Albatta, mazkur xalqaro hujjatlar talablariga rioya etilishi qonunchiligimizga ayrim o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mualliflik va turdosh huquqlarning buzilgani bo‘yicha geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasiga 2017 yilda 140 ga yaqin, joriy yilning 11 oyida 150 ortiq murojaat bo‘lgan. Prokuratura organlari tomonidan 750 ga yaqin ana shunday holatlar aniqlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, sohaga aloqador qonun talablarini, javobgarlikni kuchaytirish talab etiladi.

Shu jihatdan mazkur qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlayman. Biroq ayrim masalalarga jiddiyroq e’tibor qaratish lozim. Qonun loyihasining tushuntirish xati va konsepsiyasida qonun ijodkorligi talab va qoidalariga rioya etilmagan. Masalan, statistika, o‘rganishlar tahlili va mavjud holat haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Vaholanki, aslida bu jihatlar inobatga olinishi, qonun loyihasining hayotiy zarurati, shaffofligi, kiritilayotgan me’yorlar va o‘zgarishlarning maqsadi aniq aks ettirilishi zarur. Xalqaro shartnomalar talablaridan kelib chiqqan holda, huquqni qo‘llash milliy amaliyotini takomillashtirish shunchaki ko‘rgazma uchun bo‘lishi kerak emas. Bu o‘rinda asosiy maqsad mualliflik va turdosh huquqlarning muhofazasini kuchaytirish bo‘lmog‘i lozim.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.