Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
28.08.2018

MUAMMOLAR YECHIMI

Davlat byudjeti mablag‘lari oqilona va maqsadli sarflanishiga bog‘liq

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Moliya vazirligining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosining 6 oylik yakunlari bo‘yicha axboroti eshitildi.

Fraksiya a’zolari Davlat byudjetining birinchi yarim yildagi ijrosida ijtimoiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash, aholining turmush darajasini oshirish va ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasidagi tadbirlar moliyalashtirilishiga alohida e’tibor qaratdilar.

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti qariyb 153 trln. so‘mni, jon boshiga nisbatan hisoblanganda 4 653 ming so‘mni tashkil etdi. YaIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,9 foizga, jon boshiga esa 3,1 foizga o‘sdi.

Hisobot davrida xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilgani saqlab qolingan bo‘lib, ijtimoiy xarajatlar Davlat byudjetining 55,7 foizini tashkil etgan. Ijtimoiy sohada ta’lim muassasalari ta’minoti va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar joylardagi muammolarni samarali hal qilayotgani ta’kidlandi.

Xususan, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sanatoriylar hamda internat uylariga 52,8 mlrd. so‘m yoki jami sog‘liqni saqlash xarajatlarining 1,3 foizi yo‘naltirilgan. Kichik yoshdagi nogiron bolalar uchun internat-uylariga 18,9 mlrd, uy sharoitida ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘linmalariga 18,1 mlrd, reabilitatsiya markazlariga 12,0 mlrd, so‘m mablag‘ ajratilgan.

Shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirishga Davlat byudjetidan 1 397,8 mlrd. so‘m sarflandi. Bu 14 yoshgacha bolasi bor oilalarga, bolasi 2 yoshga to‘lgunga qadar ishlamaydigan onalarga, kam daromadli oilalarga to‘lanadigan mablag‘larga sarflangan. Bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa, alohida toifadagi fuqarolarga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar o‘rniga kompensatsiya to‘lovlari ham shular jumlasidandir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam uchun esa qo‘shimcha ravishda 2,8 mlrd. so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan.

Shu bilan bir qatorda, fraksiya a’zolarining joylarda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarida, ayrim hududlarda byudjet sohasidagi kamchiliklar sabab, aholi tomonidan e’tirozlar bo‘layotgani, muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

 

No‘mon AKBAROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Biz hisobot odatdagidan farqli ravishda, aniq misollarga asoslangan bo‘lishini kutgan edik. Vaholanki, «2018 yil I chorak yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risida»gi hisobotda ko‘tarilgan ayrim masalalar hanuz yechimini kutmoqda. Ba’zi sohalarda davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larning yetarlicha o‘zlashtirilmayotgani natijasida aholi, partiyamiz elektorati manfaatlarini himoya qilishda muammolar kelib chiqmoqda.

Masalan, Farg‘ona viloyatidagi ayrim qishloqlar umuman toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Ba’zi hududlarda bunga ehtiyoji bo‘lmasa-da, ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi dasturga kiritilgan. Avvalgi uchrashuvimizda mana shu masalani ko‘targan edim, biroq murojaatim hanuz ochiq qolmoqda.

Bundan tashqari, iqtisodiyot tarmoqlariga ajratilayotgan mablag‘lar yildan-yilga oshirilyapti. Lekin amalda kutilgan o‘zgarishlar kuzatilmayapti. Ta’lim tizimida uzoq yillardan buyon hal etilmay qolayotgan muammolar bor. Bularning barchasi bevosita mablag‘ bilan bog‘liqligini ham unutmasligimiz kerak.

Davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish asosiy vazifalardan biri, deb hisoblayman. Agar aytilgan kamchiliklar, savollar yuzasidan aniq javob, yechim topilmas ekan, muammo muammoligicha qolaveradi. Xalqning e’tirozlari barham topmaydi.

 

Feruza ESHMATOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Yaqinda parlament vakillari joylardagi muammolarni o‘rgandik. Koson tumanidagi bir qancha mahallalarda bo‘ldik. U yerda patronaj hamshiralar kerakli anjomlar bilan to‘liq ta’minlanmagan. Masalan, tibbiyot buyumlarini solish uchun mo‘ljallangan sumkalari yo‘qligi va aksariyati o‘z hisobidan buyurtma asosida tiktirganini aytdi. Hattoki, dori vositalari uchun ham o‘z cho‘ntaklaridan pul sarflash hollari borligi ma’lum bo‘ldi. Albatta, bu aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, maktablarda rus tilidagi darsliklar yetishmasligi, borlari ham eskirib qolgani bo‘yicha murojaatlar bo‘lmoqda. To‘g‘ri, rus sinflarida ta’lim olish istagini bildirayotganlar soni rejadagidan ortib ketishi mumkin. O‘ylashimcha, o‘quv yili boshida tahlil asosida qayta hisoblash va qo‘shimcha darsliklarga buyurtma berish kerak. Ana shunda farzandlarimizning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqi yanada ortadi.

 

Shuningdek, parlament a’zolari tomonidan uyali aloqa tizimi, maktabga ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash hamda yana qator masalalarda tanqidiy-tahliliy fikrlar bildirildi. Muammolarni bartaraf etish choralari xususida takliflar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari qator qonun loyihalarini ham ko‘rib chiqishdi. «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981 va 287-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.

Ta’kidlandiki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981-moddasiga asosan qo‘llanilgan jarima sud qarorlari yoki boshqa ijro hujjatlarining talablari ixtiyoriy ravishda bajarilishining samarali chorasi hisoblanadi. Ayrim hollarda aynan ahamiyati kam summali ijro hujjatlarida bunday ma’muriy javobgarlik chorasi teskari ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Kodeksning 1981-moddasi sanksiyasida ma’muriy jarima fuqarolarga eng kam oylik ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda ko‘zda tutilgan.

Davlat ijrochisi tomonidan qo‘llanilgan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdoridagi jarima ayrim hollarda ijro hujjati bo‘yicha to‘lanmagan qarz miqdoridan 2-3 baravarga ko‘p bo‘lmoqda. Ya’ni, qo‘llanilgan ma’muriy jazo sodir etilgan huquqbuzarlikka nisbatan nomutanosib bo‘lib, fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lib, qarzdorlikni undirishda muammo tug‘dirmoqda.

 

Akmal UMARALIYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Aytish kerakki, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 78-moddasiga asosan, qarzdordan undirilgan puldan birinchi navbatda hujjatni ijro etish jarayonida qarzdorga solingan jarimalar to‘lanadi, ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari qoplanadi. Shundan ortib qolgan summa asosiy qarzdorlik summasini qoplashga qaratiladi. Davlat ijrochilari tomonidan tushunmovchiliklar tufayli kam miqdordagi qarzdorlikni undirish bo‘yicha ma’muriy javobgarlik qo‘llanilmayapti. Ba’zan esa qarzdorlikni undirish bo‘yicha mavjud amaliyot jarima qo‘llamaslik bilan bog‘liq korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etishga olib kelmoqda.

Demak, hujjatni ixtiyoriy ijro etmaganlik uchun ma’muriy jarima miqdorini qarzdorlikdan kelib chiqib belgilash talab etiladi. Huquqbuzarliklar uchun jazo muqarrarligini ta’minlash esa qarzdordan undirib olingan summalarning bir qismini asosiy qarzdorlikni qoplashga qaratish imkonini beradi. Natijada undiruvchining qonuniy manfaatlari ta’minlanadi. Fraksiyamiz a’zolari qonun barcha uchun birdek manfaatli bo‘lgan me’yorlar bilan to‘ldirilishi tarafdori. Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlaymiz.

 

Deputatlar, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 287-moddasida nazarda tutilgan ichki ishlar tomonidan ushlab turish chorasi qo‘llash mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar ro‘yxatini 474 va 475-moddalar bilan to‘ldirish taklifi bo‘yicha ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Sudlar hamda boshqa organlar hujjatlarini ijro etishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun mutanosib va muqarrar jazo belgilanishi taklifi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Fraksiya yig‘ilishida, shuningdek, «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida», «O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi va yana qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.