16.08.2018

NORMA IJODKORLIGI YANADA TAKOMILLASHTIRILADI

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Prezidentimizning «Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni va uning ijrosi yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar muhokamalarning asosini tashkil etdi.

Ta’kidlandiki, qonunchilik tahlili chuqur o‘rganilgan holda norma, ya’ni qonun hujjatlarini ishlab chiqish qonun ijodkorligida muhim masala hisoblanib, ushbu hujjat deputatlarning amaliy faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, qonunlar xalqimiz hayotiga, jamiyatimizning barcha soha tarmoqlariga chuqurroq kirib borib, mamlakatimiz taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti. Ammo amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida o‘tgan yillar davomida shakllangan qonunchilik bazasida mavjud kamchiliklar sohalardagi ijtimoiy munosabatlarda yaqqol ko‘zga tashlanib qolmoqda.

Fraksiya a’zolari ana shular haqida to‘xtalib, farmonning o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha so‘z yuritishdi.



Bahrom OBIDJONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

Tan olish kerakki, umumiy tusga ega qonunlar ko‘pligi, ularni amalga oshirishning muayyan mexanizmisiz ayrim qarorlarning qabul qilinishi davlat va jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy munosabatlarni asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solishga to‘g‘ri kelmoqda.

Prezidentimiz farmoni ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirishga xizmat qiladi. Unda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish maqsadi ilgari surilgan.

Farmonga muvofiq norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda. Jumladan, qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish nazarda tutilgan. Ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish va bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ham qayd qilingan. Norma ijodkorligida «aqlli tartibga solish» modeli belgilarini qo‘llash, mazkur faoliyatning institutsional asoslarini takomillashtirish ham asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.

Oliy Majlis palatalariga Hukumat bilan birgalikda uch oy muddatda me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini, ularga ilova qilinayotgan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyotini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilishi belgilab qo‘yildi. Mazkur komissiyaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri rais etib tayinlandi. Komissiya bir oy muddatda qonunchilik bazasini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi. Bunda asosiy e’tibor aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi (saylov tizimi, arxitektura va qurilish, ta’lim, investitsiyalar, tadbirkorlik faoliyati va boshqalar) me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish, idoraviy hujjatlarni imkon qadar qisqartirishga qaratiladi. Umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlari ham diqqat markazida bo‘ladi.



Bunyod ESHONQULOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

To‘g‘risini aytganda, milliy qonunchiligimizga zamonaviy usullarni joriy etish talab etiladi. Prezidentimiz farmoni esa tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishga, uni yangilashga xizmat qiladi. Unga ko‘ra, Adliya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari zimmasiga 2019 yil 1 yanvarga qadar me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini yaratish, sinov tariqasida uni ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Ushbu vazirliklar Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini yaratish asnosida, uni qayta modernizatsiya qiladi. Bunda milliy qonunchilikning mavzuli ma’lumotnomasini takomillashtirish, havolalar yoki muayyan bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatib bergan havolaki normalarga ega bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qo‘shimcha axborot sifatida ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi. Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi, xorijiy investorlar uchun muhim ahamiyatga ega hujjatlarning chet tillariga rasmiy tarjimasini ta’minlash kabi vazifalar amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, farmonda norma ijodkorligini takomillashtirish borasida yana boshqa vazirlik va idoralarga ham aniq vazifalar yuklatildi. Ular ijrosini ta’minlash esa mamlakatimizda puxta ishlangan, zamon talabiga to‘liq javob beradigan qonun ijodkorligi tizimini yaratish, shu asnoda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.



Feruza ESHMATOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

Mazkur farmonning qabul qilinishi, avvalo qonun hujjatlarining mukammal yaratilishiga, qonun ijodkorligini yangi bosqichga chiqarishga, tahlillarga tayangan holda amaliyot bilan ijodiyotni birlashtirishga xizmat qiladi. Islohotlarning samarasi ko‘p jihatdan qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga bog‘liq ekan, unda aholi manfaatlari aks ettirilishi, huquqni qo‘llashda murakkabliklar yuzaga kelmasligi lozim.

Mazkur farmonning mazmun-mohiyatini o‘rganish, farmon bilan tuzilgan norma ijodkorligi komissiyasiga yaqindan ko‘maklashish borasida fraksiyamiz a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib borishi kerak, deb o‘ylayman. Fraksiyaning qonun ijodkorligini yanada oshirish borasida hamkorlik qiluvchi tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, parlament huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikni kuchaytirish ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Farmon bilan norma ijodkorligida ilmiy-uslubiy yondashuvni, axborot-tahliliy taqdimotlarni kuchaytirish belgilanganligi qonun loyihasini tayyorlovchi sub’ektlarning hamkorligini mustahkamlaydi. Fraksiyamiz mazkur farmon o‘z vaqtida qabul qilingan, deb hisoblaydi. Uni qo‘llab-quvvatlagan holda hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etish tarafdorimiz.



Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: