Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
09.08.2018

IMTIYOZLI PENSIYA TAYINLANADI

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar 5 yil oldin pensiyaga chiqishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida» qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Loyihada hukumat tasdiqlaydigan ro‘yxatga muvofiq alohida toifadagi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga (erkaklarning ish staji kamida 25 yil, ayollarniki 20 yil bo‘lgan taqdirda) umumiy belgilangan pensiya yoshini 5 yilga qisqartirgan holda imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, pensioner byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining pensiyadan ortiqcha to‘langan summalarni undirish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lganda, aniqlangan qarzdorlikni sud tartibida undirish bo‘yicha qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda.



Shuhrat TURSUNBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

Qonun loyihasi mazmunan elektoratimiz vakillari manfaatlariga aloqador bo‘lgani uchun birinchi o‘qishda o‘z takliflarimizni bildirgan edik. Chunki pensiyaga doir belgilanayotgan imtiyozlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytiradi.

Loyihada alohida toifadagi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli pensiyalar tayinlash nazarda tutilmoqda. Pensiyalar to‘g‘ri tayinlangani va to‘lanishi borasida o‘tkazilayotgan tekshirishlar natijasiga ko‘ra, aniqlangan ortiqcha to‘lovlarni pensiyalardan ushlab qolish tartibini yanada takomillashtirish masalalari ham qamrab olingan. Qonun loyihasida ilgari surilayotgan takliflar va kiritilayotgan me’yorlar partiya elektorati manfaatlariga mos keladi. Shundan kelib chiqib, fraksiyamiz a’zolari uni qo‘llab-quvvatlaydi.



Shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham deputatlar diqqat markazida bo‘ldi. Ta’kidlandiki, sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar davlat boji miqdorini maqbullashtirish va sud xarajatlarini sud jarayonining barcha ishtirokchilari o‘rtasida adolatli taqsimlash masalalarini ham qamrab olgan. Taklif etilayotgan qonun loyihasi esa sohani yanada takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.



Sahobiddin ARZIQULOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

Soliq kodeksining amaldagi tahririda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar uchun boj undirish ob’ektini belgilashda turlicha yondashuvlar mavjud. Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning qarori ustidan nazorat tartibida shikoyat qilinganda boj to‘lansa, ayni shu jarayonda iqtisodiy sudga bo‘lgan murojaat uchun boj to‘lanmaydi. Shunga o‘xshash farqli holatlar hakamlik sudi bilan bog‘liq jarayonlarda ham mavjud. O‘zaro nomutanosibliklarni bartaraf etish maqsadida Soliq kodeksining bir nechta moddalariga o‘zgartirishlar kiritish taklif qilinmoqda.

Ya’ni, ayrim shaxslarga berilayotgan imtiyozlarni bekor qiluvchi o‘zgartirishlarni kiritishda notariuslarning ijro yozuvlaridan foydalanish amaliyotini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Bu o‘rinda faqat byudjetdan moliyalashtiriladigan, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand shaxslarga belgilanadigan imtiyozlar saqlanib qolinishi tarafdorimiz.

Loyiha bo‘yicha o‘z takliflarimizni bildirdik. O‘ylaymizki, ikkinchi o‘qishga qadar bizni qiziqtirgan masalalar ham qamrab olinadi. Fraksiyamiz fikricha, imtiyozlar berilishi va boj to‘lash majburiyatlarida shaffoflik bo‘lishi kerak. Muhimi, davlat bojini undirishda adolat tamoyili ta’minlanishi zarur.



Yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Prezident farmoniga muvofiq, 2018 yil 1 iyundan boshlab tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillarining ayrim turlari bekor qilingan edi. Endilikda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan korxonalar uchun bojxona hududida tovarlarni qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslarini kelishish, ushbu jarayonda tovarlarni qayta ishlashning mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar berishni nazarda tutuvchi me’yorlar olib tashlanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini ta’minlash hamda davlat organlari tomonidan asossiz ma’muriy nazoratni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Fraksiya a’zolari mazkur loyihani birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi va yana bir qator qonunlari loyihalari muhokama qilindi.

Har bir masala yuzasidan O‘zbekiston XDP fraksiyasi o‘z pozitsiyasini belgilab oldi.



Zilola ANVAROVA



DB query error.
Please try later.