Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31.07.2018

FRAKSIYA QONUN LOYIHASINI MA’QULLAMADI,

biroq parlament quyi palatasi yig‘ilishida uni ikkinchi o‘qishga qadar maromiga yetkazish ta’kidlandi...

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonuni loyihasi real hayotga mos kelmasligini qayd etmoqda. Bunday qat’iy fikr bildirilishining sababi nimada?

 

Komila KAROMOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Qonun loyihasi muhtoj shaxslarga shoshilinch yoki kechiktirib bo‘lmaydigan yordam ko‘rsatishni asossiz rad etganlik uchun tibbiyot tashkilotlarining rahbarlari va xodimlariga javobgarlik belgilanishini nazarda tutadi. To‘g‘ri, inson manfaati har narsadan ustun. Ammo o‘ylab ko‘raylik, bugun oilaviy poliklinika yoki boshqa tibbiyot muassasasidagi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi xodimning ish haqi qancha? Eng kam ish haqining uch baravari 500 ming so‘mdan ortiq. Endi savol: bu summa oddiy vrach yoki hamshira ish haqining necha foizini tashkil qiladi?..

Shu asoslarga ko‘ra, belgilanayotgan jarima miqdori yuqori, deb hisoblaymiz.

Masalaning boshqa tomoniga ham e’tibor qarataylik. Qonunchilikka kiritilayotgan me’yor, qo‘shimcha yoki o‘zgartirishlar biror-bir masalaning yechimiga xizmat qilishi kerak. Biroq loyihada bu savol ochiq qolgan. Tibbiyot xodimlari Gippokrat qasami bilan ishga kirishadi. Shuning o‘zi ham vijdonan ishlash uchun yetarli bo‘lishi kerak. Jarima belgilash vaziyat o‘zgarishini kafolatlay oladimi?..

Hamshira yoki shifokorning e’tiborsizligi oqibatida bemorning holati yomonlashsa, bu masala bo‘yicha qonunlarimizda javobgarlik belgilangan.

Bundan tashqari, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam so‘zlari kishini chalg‘itishi mumkin. Chunki ular o‘zaro sinonim hisoblanadi. Shuning uchun bu haqda ham chuqurroq o‘ylab ko‘rish, taklif etilayotgan me’yorning haqiqiy mazmunini ochib beruvchi jumlalar bilan boyitish kerak, deb o‘ylayman.

 

Aliya YUNUSOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Mazkur qonun loyihasini dastlabki muhokamasida ham qo‘llab-quvvatlamagan edik. Bunga sabab, u bugungi vaziyatga to‘g‘ri kelmaydi. Konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqilishi bo‘yicha berilgan va’dalar ham unutilgan. Qonun loyihasida Ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar bilan ziddiyatni yuzaga keltiradigan jihatlari bor. Shu kabi sabablar bilan loyihani qaytargandik.

Olmazor tumanida tibbiyot xodimlari bilan uchrashganimizda mazkur qonun loyihasi bo‘yicha savollar berishdi. Suhbat chog‘ida mutlaqo qarshi fikrlar bildirildi. Jamoatchilik fikrini ham o‘rganib, inobatga olishimiz kerak, nazarimda.

Qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro tajriba o‘rganilgan bo‘lishi mumkin. Ammo o‘zimizda ushbu masala qay darajada o‘rganildi? Joylarda bu kabi holatlar ro‘y berayotgan bo‘lsa, ularning soni, ko‘rsatkichi qanday? Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur qonun talablarini bajarishga tayyormi? Bu borada izlanish, tahlil o‘tkazilishi lozim, deb hisoblayman. Masalan, aynan rad etilgani haqida qancha murojaat yoki shikoyat bo‘lgani bo‘yicha ma’lumotlar ko‘rsatib o‘tilmagan. Ayni chog‘da boshqa mamlakatlar qonunchiligida bor narsani to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zimizga ko‘chirib bo‘lmaydi. Vaziyat, ro‘y berayotgan voqealar, haqiqiy hayot o‘rtasida katta farq ham borligini unutmasligimiz zarur.

Qonun loyihasini qaytarganimizga bir oydan ko‘p vaqt bo‘ldi. Ammo uning ijodkorlari qo‘shimcha hech qanday ma’lumot, o‘rganish kiritmagan. Tez tibbiy yordam ko‘rsatishdan bosh tortish holatlari kuzatildimi? Uning oqibatlari qanday ekani yuzasidan tahlil va xulosalar mavjudmi? Tibbiyot xodimlari aybi bilan noxush holatlar sodir etilganda jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonunchiligimizda qat’iy me’yor belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun loyihaning qo‘llab-quvvatlanishiga qarshiman.

 

Shuhrat MAMAJONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Fraksiyamiz a’zolari fikricha, loyiha «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi va «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunlar talablariga javob bermaydi. Xususan, «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi Qonunning 14-moddasida «Qonun loyihasini tayyorlash qonunchilikning holatini chuqur o‘rganishga, ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan nuqsonlar va ziddiyatlarni aniqlashga, shuningdek, amaldagi qonun hujjatlarining qo‘llanilish amaliyotini tahlil etishga asoslanishi», 15-moddada «Qonunlar loyihalarini tayyorlashda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari hisobga olinishi, shuningdek, qonun bilan tartibga solish borasida boshqa davlatlar tajribasi o‘rganilishi» belgilangan. Ammo loyihada mazkur talablarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga javobgarlik tartibini nazarda tutuvchi bir emas, ikkita modda kiritilgan. Shunday ekan, ma’muriy javobgarlikning belgilanishi ko‘p jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki aholiga xizmat ko‘rsatadigan xodimlar asosan rahbar yoki mansabdor shaxslar emas. Natijada esa o‘rta bo‘g‘indagi elektoratimiz vakillari bu talablarni bajarishga majbur bo‘lib qolishi mumkin.

Umuman olganda, loyihada chalkashliklar bor. Shu sababli men ham uning ma’qullanishi tarafdori emasman.

Loyiha yuzasidan yana qator fikr-mulohazalar bildirildi, bahs-munozaralar bo‘ldi.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA

yozib oldi.



DB query error.
Please try later.